Bosh sahifa / Internetda pul ishlash / «Ehson» atamasining dasturchilikdagi zamonaviy ma’nosi

«Ehson» atamasining dasturchilikdagi zamonaviy ma’nosi

Ushbu maqolada «ehson» («donation») atamasining O’zbekistondagi bugungi kunga qadar xalqimiz ongida saqlanib kelgan ma’nosi hamda bundan keyingi, zamonaviy tavsiri haqida yozmoqchiman. «Bugungacha» va «bundan keyin», deya ishonch bilan aytayotganligimga hayron bo’lmang. Bu so’zlar bilan bugungacha shunday bo’lgan edi, bundan keyin boshqacha bo’ladi, deb bashorat qilmoqchi emasman. Shunchaki kuzatishlarim asosidagi mening nazdimda bo’lishi muqarrar hisoblangan holat haqidagi xulosalarimni shu ko’rinishda Siz bilan o’rtoqlashmoqchiman.

Jamiyatimizdagi juda ko’pchilikda, shu jumladan Sizda va menda ham «ehson» atamasiga nisbatan «nochor va muxtojlargagina beriladigan, berilishi kerak bo’lgan narsa», degan ma’no tushunchasi shakllangan. Go’yoki ehson qilayotgan kishi o’zidagi biror mulkni faqat o’ta nochor, muxtoj kishiga berayotgandek. Yoki aksincha, ehson olishga rozi kishi albatta o’ta nochor yoki muxtoj bo’lishi kerakdek tuyulishi bizga odat bo’lib qolgan.

Bugungi zamonaviy dunyoda ehsonning nafaqat nochor yoki muxtojlarga, balki o’ziga to’q, ma’lum bir yo’nalishda o’z so’zi va o’rniga ega, hatto boshqalarga nisbatan ancha yuqoriga ko’tarila olgan kishilarga ham hadiya sifatida beriladigan narsa ma’nosi shakllanib ulgurgan. Hozirgi kunda rivojlangan g’arb davlatlarida «donation», ya’ni ehson so’zini ijtimoiy darajasidan qat’iy nazar har qanday kishiga hadya yoki moddiy yordam berish ma’nosida ishlatishadi. Shaxsan o’zim g’arb davlatlarida bir necha bor turli maqsadlarga ko’ra o’tkazilgan ehson tadbirlarida qatnashganman. Bunday ehsonlarni qabul qilib olgan odamlar esa atrofdagilardan moddiy jihatdan deyarli hech qanday farq qilmasdi.

Shundan kelib chiqqan holda, ehson qilish jamiyatdagi odamlarning bir-birlariga yordam ko’rsatishlari, rag’batlantirishlari va hadya ulashishlarining o’ziga xos bir ko’rinishi, deb hisoblash to’g’ri bo’ladi. Demak, ehson qilish nafaqat muxtoj kishiga moddiy qiymatga ega narsa berish, balki o’ziga to’q, kimningdir yordamiga suyanib qolmagan kishilarning jamiyatdagi qilayotgan ishlari, xizmatlari uchun o’ziga xos tashakkur tarzidagi hadya berish ma’nosida bo’lishi ham mumkin ekan.

Endi ehsonning elektron ko’rinishi – zamonaviy axborot texnologiyalari yo’nalishida ishlatilishiga e’tibor qaratamiz. Xorij saytlaridan ko’p foydaluvchi yurtdoshlarimiz bilishadiki, hozirda xorijiy saytlarning ko’pchiligida «donate» (ehson qiling) yoki «donation» (ehson) kabi maxsus bo’limlari bor. Bu saytlar ma’lum bir yo’nalishdagi ma’lumot yoki xizmatni o’z foydalanuvchilariga tekin taqdim etishadi. Agar kimdir saytning bu beminnat xizmatidan mamnun bo’lsa, o’z ixtiyoriga ko’ra sayt ijodkorlariga, xizmatdagi kishilarga o’zi ma’qul ko’rgan miqdordagi pulni bu bo’lim orqali ehson qilib berishi mumkin. Bu saytning nochorligini emas, balki undan foydalanayotgan kishilarning saxiyligini, yordamga nisbatan munosib tashakkur bildira olishga qodirligini anglatadi.

O’zbek saytlarida ehson qabul qilish tizimi deyarli rivojlanmagan. Men, adashmasam, bir-ikki saytda «Ehson qilish» degan bo’limning borligini ko’rganman. Ammo o’zbekistonlik foydalanuvchilar ichida «Muxtoj bo’lib qolib sayti orqali ehson so’rayaptimi?» degan ma’nodagi noto’g’ri tushunchali kishilar toifasi ko’pchilikni tashkil etganligi sababli bo’lsa kerak, bunday bo’limli saytlar nihoyatda kam. Borlari ham, menimcha, tor fikrlovchi kishilarning kalta ma’noli savollaridan uyalib yoki bunday bo’limlarini o’chirib yuborishgan, yoki ehson qilish imkoniyatini berish haqiqatdan ham faqat muxtojlarga xos, degan xulosani o’zlariga hayotiy dars sifatida o’zlashtirib ulgurishgan.

Biz texnologik olamimizdagi bu xatolikni darxol tuzatishimiz shart. O’zbekistondagi barcha saytda ehson qabul qilish bo’lishi bo’lishini xohlayman. Qani edi Kun.uz saytida shunday bo’lim bo’lsa-yu, men o’z plastik kartochkam yordamida menga kundalik yangiliklarni beminnat yetkazib berayotgan sevimli yangiliklar saytimga o’z tashakkurimni bildirsam. Yoki Qanday-Qilib.uz saytida shunday bo’lim bo’lsa-da, yurtdoshlarimizning ko’plab savollariga internet orqali javob olishda beminnat yordam berib kelayotgan sayt ijodkorlariga hadya ulashsak. Balki bizga ziyo ulashayotgan Islom.uz portalini moddiy rag’batlantirgan bo’larmidik? Balki O’zbekistonning minglab o’qituvchilariga bepul sayt yaratish imkoniyatini taqdim etib kelayotgan Ziyonet.uz portali hodimlariga munosib minnatdorchilik bildirarmidik?

Sayti orqali ehson olgan kishilar pulni qay tarzda ishlatishadi? Uni nimalarga sarflashadi? Ba’zilarimizning fikrimizga qarama-qarshi ravishda ular tushgan pullardan boy bo’lib ketishib, eng so’nggi rusumdagi xorij avtomobilini harid qilishmaydi, albatta. Ehson qilinadigan pul midqori kichik va arzimasligini hisobga olsak, bir necha oy davomida saytda yig’ilgan ehson pullari ko’p narsaga yetmasligi mumkin. Ammo bu pullar saytning bir necha yillik domen to’lovini qilishga yetishi mumkin. Balki tushgan pullar saytning hosting xarajatlarini qoplab ketar. Ehtimol sayt administratori tushgan pullarni kimgadir evaz qilib berib o’z saytini rivojlantirishda, yaxshiroq yuritishda ko’mak olar. Bu rivojlanishlarning barchasi o’zimizga yanada yaxshiroq, sifatliroq va foydaliroq sayt ko’rinishida qaytib keladi – qilgan ehsonimiz o’zimizning saytdagi qulayligimizni rivojlantiradi.

Maqolam boshida ta’kidlaganimdek, bundan keyin sayt orqali ehson olishni muxtojlarga beriladigan sadaqadan farqlashni o’rganamiz. Chunki bu dunyo standarti, saytlarni rivojlantirishning yaxshi usuli, foydali loyihalarni qo’llab-quvvatlashning ajoyib imkoni, zamonaviy dunyoqarashning o’ziga xos ifodasidir. Jamiyat uchun foydali, ammo o’z xarajatini qoplay olmay yopilib, yo’qolib ketayotgan qimmatbaho loyihalarimizni asrashni o’rganaylik. O’zimiz uchun foydali deb bilgan loyihalarimiz, saytlarimizga yordam beraylik. Yoshlarimiz ma’lumotni xorijiy saytlardan emas, o’zimizning milliy, ma’lumotlarga boy va yorqin saytlarimizdan izlasin. Saytlarimiz shu talabga yarasha rivojlana olsin. Balki biz ehson qilayotgan 1000 so’m yoki 10 000 so’m Siz uchun arzimas puldir. Ammo bunday ehsonlar yig’ilib sevimli saytingizning bir necha yillik xarajatlarini qoplashga yetarli mablag’ bo’lishi mumkinligini unutmang.

Zamonaviy texnologiyalar yo’nalishidagi ehsonga oid tushunchamiz asosi bo’lgan madaniyatimizni yangi bosqichga ko’taraylik. Ehson haqidagi tasavvurlarimizga sayqal beraylik. Bu bizning internetimiz. Bular bizning saytlarimiz. Bu bizning milliy elektron boyligimiz!

Abituriyentlar uchun test formulalari

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*