Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Dorixonalar so’rovnomasi startap g’oyasi

Dorixonalar so’rovnomasi startap g’oyasi

Tibbiyot va sog’likni saqlash sohasida pul ko’p aylanadi. Aynan tibbiyot yo’nalishiga aloqador startap boshlash yaxshi daromad keltirishi mumkin. Bunda dorixonalarning o’rni alohida. Chunki O’zbekistonning deyarli barcha shaharlarida dorixonalarni ko’plab uchratish mumkin. Dorixona kam bo’lgan joyni topishning o’zi qiyin bo’lib qoldi so’nggi vaqtlarda. Holatdan kelib chiqib dorixonalar so’rovnomasi xizmati asosida biznes tashkil qilish g’oyasini taklif qilmoqchiman.

Toshkent shahrida dorixonalar so’rovnomasi xizmati mavjud. Toshkentda biror kamyob dorini izlab, 1069 raqamiga qo’ng’iroq qilish orqali o’ziga kerakli dorixonani topganlar yaxshi tushunishadi – bu xizmat juda qulay va foydali. O’zbekistonning boshqa katta shaharlari haqida bilmayman, ammo Termiz shahrida dorixonalar so’rovnomasi xizmati mavjud emas. Shu sababli aynan o’z shahrimda bu xizmatni tashkil qilish haqida o’ylab qoldim. Startap rejasi va ishlash tartibi quyidagicha.

Dorixonalar so’rovnomasi qanday ishlaydi?

Kimgadir topilishi qiyinroq bo’lgan dori kerak bo’lib qolishi mumkin. Shunda bemor o’ziga kerakli dorini 4-5 ta dorixonadan izlab ko’radi. Shahar bo’ylab boshqa barcha dorixonalarni aylanib so’rab chiqish kishini charchatishi va ko’p vaqt olishi mumkin. Mana shunday vaziyatda dorixonalar so’rovnomasi xizmati qo’l keladi. Bemor eslab qolish oson bo’lgan, uzoq muddat reklama qilinish natijasida tanilgan so’rovnoma qisqa telefon raqamiga qo’ng’iroq qiladi. Operator dori nomi va o’zining shaharda joylashgan o’rnini aytish orqali yon atrofidagi kerakli doriga ega dorixonalar telefon raqamlarini olishi mumkin bo’ladi. Dorixonalar telefon raqamlari bemorga SMS ko’rinishida yuboriladi. Dori izlab butun shaharni aylanib chiqish o’rniga bir nechta telefon raqamlarga qong’iroq qilish orqali dorilar narxlari va eng qulay dorixona joylashuvini aniqlab olish mumkin bo’ladi.

Startap uchun nimalar kerak?

Bu turdagi xizmatni kichik yoki o’rta hajmdagi shaharda joriy etish uchun juda ko’p narsa talab etilmaydi. Termiz shahrida ushbu faoliyatni boshlash uchun bizdan quyidagilar talab etildi:

  • Operator ishlatadigan, dorilarni tez topib beradigan, ma’lumotlar bazasi bilan ishlovchi maxsus dastur;
  • Qisqa telefon raqam (1069 kabi);
  • Internetga ulangan kompyuter;
  • Uzluksiz ishlaydigan operator;
  • Qulaylik uchun mobil ilova va sayt;
  • SMS xizmati;
  • YaTT yoki MCHJ ochish;
  • Shaharda samarali reklama qilish.

Yuqoridagilar bo’yicha izlanish olib bordik. Operator ishlaydigan dasturni o’zim yozadigan bo’ldim. Boshlanishiga dastur juda oddiy bo’lishi ma’lum bo’ldi. Operator internetda joylashgan maxsus ma’lumotlar bazasiga dastur orqali bog’langandan so’ng, so’rov kelganda asosan 3 ta joyga ma’lumot kiritar ekan: dori nomi, so’rovchining shaharda joylashgan o’rni (xaritada ko’rsatiladi) va so’rovchining telefon raqami. Dastur kiritilgan yoki ko’rsatilgan dori nomini xaritada belgilangan so’rovchi joylashuvining ma’lum radiusida joylashgan dorixonalardan izlaydi. Dorixonada dori topilsa, natijalarga shu dorixona telefon raqamini kiritadi. So’nggi natija SMS orqali so’rovchiga yuboriladi.

Qisqa raqamni O’ztelecom beradigan bo’ldi. Mobil raqam yoki simli telefondan qisqa raqam olish narxlari har xil ekan. Bir vaqtning o’zida bir necha kishi qo’ng’iroq qilgandan, boshqalarni navbatga qo’yib “Siz “N”chi navbatdasiz”, deb aytib turish imkoniyati ham bor.

Dastur VDSga joylashtiriladi. Alohida IP bilan SMS xizmatining ishlashi uchun sharoit yaratiladi. Tahminimcha aHost kompaniyasidan VDS olamiz.

Operator oddiy simli telefon (raqamni aniqlab ko’rsatish xizmati bilan), yoki mobil telefondan foydalanishi mumkin. Aniqlangan raqam dasturga qo’lda kiritilsa ham bo’ladi.

SMS xizmati uchun OperSMS kompaniyasiga murojaat qiladigan bo’ldik. Narxlari boshqalarniki bilan bir xil, to’lov esa yuborilgan SMSlar soniga qarab oy oxirida aniqlanishi qulay tuyuldi.

Hozirgi kunda YaTT ochish muammo emas.

Reklama uchun shahardagi bilbordlar va flayer tarqatishni ma’qul ko’rdik.

Qanday boshlash mumkin?

Reklama qilib xizmatni ishga tushirib yuborish uchun bizda baza bo’lishi kerak. Kimdir qo’ng’iroq qilsa-yu, eng oddiy dorilarni ham topa olmasa, bu biz uchun yaxshi baho olib kelmaydi. Ikkinchi tomondan dorixonalar ham natijasiz pul to’lashni istashmaydi. Oylik abonent to’lovini vaqtida to’lab yursa, ammo oy davomida bitta ham mijoz murojaat qilmasa e’tiroz kelib chiqishi tabiiy. Muammoni boshlanishiga dorixonalar uchun chegirma asosida a’zolikni joriy qilish, bir necha oy dorixonalarni tekin qo’shish bilan hal qilish mumkin.

Qanday foyda olinadi?

Foydalanuvchilar uchun xizmatga murojaat qilish va dorini topish mutqalo tekin bo’ladi. Bundan tashqari, nafaqat telefon orqali, balki sayt va mobil ilovadan ham dori topish mumkin bo’ladi. Dorixonalar so’rovnomasi xizmatiga ulangan dorixonalar oylik abonent to’lovini to’lashadi. Aynan shu to’lov daromadning asosi bo’ladi.

Boshlanishiga har bir dorixona uchun bir oyga 50 ming so’mdan abonent to’lovi joriy etish haqida o’ylayapmiz.

Tizim istiqbollari

Dasturni faqat bitta shahar uchun moslab emas, keyinchalik kengaytirish va boshqa tumanlar/shaharlar, balki viloyatlarni ham qamrab olishga mo’ljallab yozish mumkin. Aynan shu usulda startapni kelajakda kengaytirishga moyil qilib tuzayapmiz. Albatta, bizning startap Surxondaryo viloyati bo’ylab rivojlanishni boshlaydi. Boshqa viloyatlarga chiqish esa hozircha yaxshi niyat 🙂

Tizim haqida fikr-mulohazalaringi bo’lsa quyida yozib yuborishingiz mumkin. Hozirgi bosqichda har qanday maslahatga muxtojmiz.

Dorixonalar so’rovnomasi startap g’oyasi” maqolasida 3 fikr

  1. Behzod

    Tajribamdan kelib chiqib aytaman, dorixonalardan oylik to’lov olish maqsadga muvofiq emas va samarasiz usul deb xisoblayman. Mantiqan o’ylab qaralganda dorixonalar savdosi reklama va boshqa qo’shimcha marketingsiz ham yuradigan savdo.
    Subyektiv fikrim: Dorixonalar oylik to’lov to’lashdan bosh tortishadi va ularga bundan deyarli foyda tegmaydi. Ya’ni sizning xizmatingizga 50k to’lash orqasida, ularga oyiga minimal 300k so’m tushishi kerak. Tahminimcha unday bo’lmaydi (agar tizimda qo’shimcha takliflar yoki boshqa “siyosatlar” bo’lmasa.)
    Ozgina yo’nalishni almashtirishingiz mumkin: Malasan texnalogiyani ishga solib, qo’ng’iroq xizmatidan voz kechib, butkul sayt va(yoki) mobil ilovaga o’tish. Va bunda daromadni qo’shimcha reklamalar orqali olish. Foydani dorixonalardan olish amalda samarasiz qaror deb o’ylayman.
    P.s: Barchasi shaxsiy fikrim va hech qanday ta’sirga ega emas. Startup ga omad tilayman

    Javob berish

  2. Abdurahmon

    Assalomu alaykum ! Buni amalga oshirish uchun har bir ulanmoqchi bo’lgan dorixonalarda muntazam yangilanib turuvchi baza bo’lish kerak, lekin manimcha yarim dorixonalarda bunday baza yo’q.

    Javob berish

    1. Tizimda dorixonalar uchun shaxsiy kabinet qilib beriladi. O’z login/paroli bilan dorixonalar bazasidagi ma’lumotlarni yangilab turishlari mumkin bo’ladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan