Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Davlat tashkilotlariga sayt yaratish xususiyatlari

Davlat tashkilotlariga sayt yaratish xususiyatlari

Mansabdor shaxs davlat tashkilotlarining axborot xizmatini tanqid qildi. Shu qatorda, davlat tashkilotlarining saytlari ham talabga javob bermasligini ta’kidlab o’tdi. Natijada davlat tashkilotlariga sayt yaratish masalasi o’z saytiga ega bo’lmagan tashkilotlar uchun birinchi masalaga aylandi.

Ularga sayt nega kerak?

Ko’pchilik davlat tashkilotlari o’z saytiga ega bo’lish masalasiga yengil qarashadi. Ba’zan, ularning tashkiloti uchun sayt ortiqcha narsadek tuyuladi. Ammo aslida sayt har bir tashkilotning yuzi, xalq bilan muloqot vosiyasi bo’lishi kerak. Deyarli hammada internetga ulangan mobil qurilmalar borligini hisobga olsak, bugun har bir fuqaro o’ziga kerak bo’lgan davlat tashkiloti haqida ma’lumotni birinchi bo’lib internetdan izlaydi. Tashkilotlar uchun sayt o’zlari haqidagi ma’lumotni fuqarolarga taqdim etish, ular bilan bog’lanish usullarini odamlarga osonlashtirish uchun kerak.

Davlat tashkilotlariga sayt yaratish

Agar siz dasturchi bo’lsangiz va O’zbekistonda davlat tashkilotlariga sayt yaratish borasida o’ylanib qolsangiz, ushbu maqola orqali bu masaladagi ba’zi tushuncha va tavsiyalarni olishingiz mumkin. Davlat tashkilotlari uchun sayt yaratish sohasida mening tajribam yetarli. Shu vaqtgacha bir nechta davlat tashkilotlariga sayt tayyorlab berganman. Men sayt yaratgan tashkilotlar nafaqat Toshkentda, markaziy apparat sifatida, balki viloyatlarda, filial sifatida ham faoliyat yuritishgan. Shunday ekan, ma’lumotlarni kengroq miqyosdagi holatlar uchun taqdim etishga harakat qilaman. Demak, davlat tashkilotlariga sayt yaratish uchun quyidagilarga e’tibor qaratishingiz kerak.

Rasmiylik

Tashkilotlarga sayt yaratish xizmatini taklif qilmoqchi bo’lgan dasturchi albatta yuridik shaxs sifatida harakat qilishi kerak. Agar oddiy fuqarolar bilan og’zaki kelishuv asosida shartlashib, naqd pul asosidagi to’lovlar bilan sayt yaratib bergan bo’lsangiz, davlat tashkilotlari bilan ishlashda bu bir oz boshqacha amalga oshiriladi.

Avval tashkilotga tijorat taklifi yuborishingiz kerak. Ba’zi tashkilotlar bir nechta tijorat taklifini ko’rib chiqib, ichki tender asosida kimga buyurtma berishni hal qilishadi. Tenderda g’olib chiqsangiz, ya’ni sayt yaratish mas’uliyati aynan sizga topshirilsa, shartnoma imzolash bosqichiga yetib kelinadi.

Shartnomadan so’ng ma’lum miqdordagi (yoki to’liq) summa oldindan to’lab beriladi. Shartnomaga texnik shart (ko’pincha TZ, deb ham yuritiladi) ilova qilinadi. Siz TZda ko’rsatilgan talablarni to’liq bajargan saytni tashkilotga taqdim etish majburiyatini olasiz. Tashkilot esa faqat shu TZdagi talablarnigina so’rash bilan chegaralanadi. Umuman olganda, TZ dasturchi uchun ham, tashkilot uchun ham foydali, shartnomaning ajralmas qismi bo’lishi kerak.

Bayroq ranglari va Uzinfocom uslubi

Ko’pincha davlat tashkilotlari sayt dizayni bo’yicha o’zaro uzoq maslahatlashishadi. Oxirgi natija deyarli har doim bir xil bo’ladi: sayt dizaynida bayroq ranglaridan foydalanish kerak, sayt elementlarining joylashuvi Uzinfocom tayyorlagan saytlar uslubida bo’lishi tavsiya etiladi.

Saytlaringizda ochiq ko’k rangdan ko’proq foydalaning. Bu davlat tashkilotlari hodimlariga yoqadi. Saytning yuqori qismida bayroq va gerb tasviri bo’lishi yaxshi, ammo ba’zi tashkilotlar buni ma’qullamaydi (ular bilan maslahatlashishingiz to’g’riroq bo’ladi). Saytning header qismida imkon boricha ko’proq asboblar to’lib-toshib, tiqilib turgani ularga yaxshiroq ko’rinadi. Saytning eng tepa qismida ko’proq narsani ko’rishlari bilan saytga baho berib yuborishadi. Saytning dizayni va ko’rinishi bo’yicha davlat tashkilotlariga nima ko’proq yoqishini bilish uchun Uzinfocom portfoliosini ko’zdan keshirib chiqing. Uzinfocom tayyorlagan saytlar deyarli barcha davlat tashkilotlari rahbarlari va mas’ul hodimlariga yoqqan.

355-son qaror

Davlat tashkiloti saytlarida nimalar bo’lishi kerakligi, qanday imkoniyatlar yaratilishi kerakligi Vazirlar mahkamasining 355-son qarori bilan xujjatlashtirilgan. Qaror ilovasiga ko’ra saytlarda zaif ko’ruvchilar uchun yozuvlarni katta-kichiklashtirish, sayt ranglari va kontrastini o’zgartirish, matnlarning ovozli talqini kabi bir nechta talablar qo’yilgan. Davlat tashkilotiga sayt qilmoqchi bo’lsangiz, qaror bilan tanishib chiqing. Uning saytlarga qo’yilgan talablarni o’z ichiga olgan ilovasi siz uchun dastur bo’lishi kerak.

Platforma masalasi

Odatda davlat tashkilotida ishlovchi oddiy hodimlar web dasturlashni yaxshi tushunishmaydi. Ular uchun sayt platformasi afsonadan boshqa narsa emas – kim nima desa, ishonishlari mumkin. Aynan ularga tashkilot saytiga talab qo’yish, saytni qabul qilib olish va sayt qanday yaratilishi kerakligini hal qilish topshirilsa, dasturchi ancha qiynalib qolishi mumkin.

Davlat tashkilotlari hodimlari «sayt qo’lda yozilsa, xavfsiz va sifatli bo’ladi», deb ishonishadi. Bundan tashqari, qo’lda yozilishi kerak bo’lgan sayt tarafdorlari birorta ham tayyor narsadan foydalanishingizni xohlashmaydi. WordPress, Drupal, Joomla, yoki boshqa tayyor CMSlardan foydalanish masalasi esa ba’zan muhokama qilinmasdan rad etiladi.

Uzinfocom asosan Yiidan foydalanadi. Shuning uchun saytni aynan Yii bilan yozishingiz kerakligi uqtirilishi hech gap emas. Ammo Laravel bilan sayt yaratishingizga ham ijobiy qarashlari ehtimoli katta.

Dasturchi sifatida eng to’g’ri platforma va eng to’g’ri, oson, qisqa yo’l qaysi ekanligini o’zingiz hal qilishingiz maqsadga muvofiq. Tashkilot uchun sayt xavfsizligi va sifati muhim. Siz aynan shu ikki jihatni mustahkam tarzda ta’minlab bersangiz bo’ldi.

Qaror qiluvchi mas’ul

Ish boshlanishidan oldin butun tashkilot nomidan sayt masalasida muhim qarorlar qabul qiluvchi shaxsni tanlab oling va faqat shu kishi ko’rsatmasi bo’yicha ishlang. Odatda tashkilot butun jamoa bo’lib qaror qilishni xohlaydi. Kimgadir u rang yoqadi, kimgadir bu shakl yoqmaydi, yana kimdir ishning oyog’ini osmondan qilib qo’yishga harakat qiladi. Bunday vaziyatda faqat bitta hodim qaror qilishi dasturchi uchun juda muhim. Ish qayta-qayta o’zgartirilaverishini, avval berilgan topshiriq keyin bekor qilinaverishini xohlamasangiz, tashkilotdan faqat bir kishini mas’ul qilishni so’rang. Shunda siz bir kishidan topshiriq va tavsiyalarni olib tinch ishlaysiz.

Bir marta bitta davlat tashkiloti bilan ishlasangiz, deyarli boshqa barcha tashkilotlarga mos keladigan tajribaga ega bo’lasiz. Jismoniy shaxlar, oddiy fuqarolar bilan ishlashdan bir oz murakkabroq bo’lishiga qaramasdan, davlat tashkilotlariga sayt yaratish jarayoni ancha qiziqarli va foydali bo’lishi mumkin.

Tashkilot uchun sayt tayyorlash narxlarini hisoblab ko’rishingiz mumkin.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan