Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Dasturchining malaka darajalari: junior, middle va senior

Dasturchining malaka darajalari: junior, middle va senior

Dasturchilar ko’p turli yoshda, rangda va hajmda bo’lishlari mumkin. Ammo ularni asosiy me’zon birlashtirib turadi – dasturchining malaka darajalari. Agar dasturchining nimalarga qodir ekanligini bilmoqchi bo’lsangiz, standartga aylangan uchta asosiy darajadan qay biriga tegishli ekanligini so’rang. Ishga qabul qilish jarayonida ko’pincha dasturchining malaka darajasi bilan qiziqishadi. Dasturchining junior (kichik), middle (o’rta) yoki senior (katta) darajada bo’lishiga qarab unga topshiriladigan vazifa murakkabligi va ish haqi miqdori oshib boradi.

Dasturchilar dunyosida bu uchta asosiy malaka darajalari ko’p e’tirof etilsa ham, ko’pchilik ularning asl ma’nosini va darajalar aynan nimalarga qarab belgilanishini bilmasligi mumkin. Ushbu maqolada dasturchining malaka darajalari haqida bilganlarimni o’rtoqlashmoqchiman.

Dasturchining malaka darajalari

Darajalar asosan uchta. Beginner (boshlovchi) darajasini malaka darajalari qatoriga qo’shmadim, chunki bu bosqichda bo’lajak dasturchi faqat sintaks o’rganadi. Kodni qanday to’g’ri yozishni bilish, kodda qaysi belgi nima vazifani bajarishini o’zlashtirish kishini dasturchi qilib qo’ymaydi. Shunday ekan, dasturchilarni baholash uchun asosan uchta darajani ishlatamiz: junior, middle va senior. Har biriga ta’rif berishdan avval dasturlash sohasiga kirib kelish shartlarini alohida eslatib o’tmoqchiman.

Qaysi tilda yozishingiz va qanday yo’nalishdagi dasturchi bo’lishingizdan qat’iy nazar, sohaga kirish uchun birinchi navbatda kompyuterdan foydalanishni bilishingiz kerak. Kompyuter orqali internetdan foydalana boshlashingiz bilan sizda dasturlash tili va yo’nalishi bo’yicha ma’lumotlarga bo’lgan ehtiyoj paydo bo’ladi. Bunda tilning alohida o’rni bor. Ingliz tilini yaxshi bilsangiz, bir dunyo ma’lumotga ega bo’lishingiz mumkin. Mobodo bilmasangiz ham, dasturchi bolib yetishish uchun imkoniyatingiz yo’q emas: rus tilida ham dasturlashning ko’plab yo’nalishi bo’yicha juda ko’p ma’lumotlar mavjud. Kompyuter savodxonligi va xorijiy tilni to’liq egallaganingizdan keyin o’zingiz tanlagan dasturlash tili bo’yicha sintaksni (kodning yozilish “imlo” qoidalarini) o’rganishingiz kerak bo’ladi. Eng boshlang’ich darajadagi dasturchi bo’lishga urinishdan avval dasturlash tili sintaksini to’liq o’zlashtirgan bo’lishingiz kerak. Men yuqorida beginner, deb atagan bosqichga mana shu ko’nikmalar kiradi.

Darajani belgilash me’zonlari

Dasturchining qanchalik malakali ekanligini baholashda bir necha yo’nalishdagi standart tushunchalar mavjud. Ba’zilar darajani baholash me’zoni dasturlash sohasida sarflangan vaqt bilan o’lchanadi, deb o’ylashadi. Bu xato fikr.

Dasturchining malakasini uning sohada o’tkazgan yillari bilan o’lchab bo’lmaydi. Kimdir juda qisqa fursatda yuqori malaka darajasiga chiqishi mumkin. Kimdir esa yillar davomida dasturlash bilan shug’ullanib eng quyi darajada qolib ketishi ham mumkin. Shunday ekan, 20 yildan buyon dasturlash bilan shug’ullanadigan juniorni uchratganimizda, yoki 10 yil avval dasturlash sohasiga kirib kelgan seniorni ko’rganimizda ajablanmasligimiz kerak. Aql yoshda emas boshda. Darvoqe, malaka va sarflangan vaqt haqida fikr yurutadigan “Qanday qilib 10 yilda dasturlashni o’rganish” nomli maqola ancha mashxur bo’lgan va ko’p tillarga tarjima qilingan.

Malaka darajasi mantiqiy fikrlash, muammoli vaziyatlarda eng optimal yechimni topa olish, muammo ustida eng qisqa vaqt sarflash, yangi asbob-uskunalarni tez o’zlashtirish, o’zida mavjud imkoniyatlardan maksimal foydalana olish kabi qobiliyatlar bilan baholanishi mumkin.

Junior dasturchi

Bu daraja eng qiyin hisoblanadi. Chunki dasturchi uchun bu bosqichda xatolardan o’rganish talab etiladi. Xato qilish va qiyinchiliklar bilan uni tuzatish orqali olingan tajriba dasturchining o’rganadigan asosiy bilimi hisoblanadi. Juniorga beginnerdagi kabi kimdir bilimni ochiq o’rgatmaydi. Har bir muammo dasturchidan mantiqiy fikrlashni talab etadi. Yiqilib qayta oyoqqa turish ehtiyoji ko’pchilikni sohani tark etib ketishga undaydi. Qiyinchiliklardan o’ta olganlar, o’z xatolaridan o’rgana olganlar esa keyingi bosqich uchun poydevor hosil qilishadi.

Juniorlarni ishga oson qabul qilishmaydi. Ba’zan kompaniyalar juniorga arzon ishchi kuchi sifatida qarashadi. Ammo juniorga korxona ishini ortga tortadigan, loyihalarni xatolarga to’ldirib tashlashi mumkin bo’lgan xavf sifatida ham qaraladi. Jamoada juniorni tortishga xohishi bo’lgan senior yoki middle bo’lmasa, juniorlar odatda bu muhitdagi ishxonalarga shunchaki ishga olinmaydi.

Junior quyidagilarni qila oladi:

  • Interfeysni yaxshi o’zlashtira oladi va kodning asosiy mazmunini qisqa fursatli o’rganishda tushunib ketadi;
  • Ko’p ishlatiladigan APIlardan foydalanishni biladi. Dokument o’qib, asbobni qanday ishlatishni tushunib oladi;
  • Bitta yoki ikkita asosiy frameworklarda bir oz ishlab ko’rgan bo’ladi. Frameworklar haqida yuzaki bilimga ega bo’ladi;
  • Ma’lumotlar bazasi haqida asosiy tushunchaga ega bo’ladi. Bazaga ma’lumot yozib, uni o’qish bilan bog’liq oddiy ishlarni bajara oladi;
  • Odatda faqat bitta dasturlash tilini biladi va bu tildan hamma muammolarni hal qilishda foydalanadi;
  • Asosan uchtagacha bo’lgan asbob-uskunaga yoki platformaga tayanib ish ko’radi. Bir marta tanlagan o’ziga qulay muhitini boshqasiga almashtirmaydi. Yangi narsalarni sinab ko’rishda sekinroq harakat qiladi;
  • Ish jarayonida odatda kichik ahamiyatga ega, oxirgi mahsulotga ko’p ta’sir o’tkazmaydigan kamtarin ishlarni topshiriq qilib olishadi.

Middle dasturchi

Har qanday jamoada middle dasturchi eng ko’p ish qiladigan, eng kam olqish oladigan va keyingi darajaga juda katta tezlikda intilayotgan shaxs sifatida ko’riladi. Middle dasturchini kod ishlarida qora ishchi, yoki qul deb ta’riflasak ham bo’ladi. Chunki u oson va qiyin topshiriqlarni aralash bajaradi, oxirgi tayyor mahsulotga uning mehnati eng ko’p singgan bo’ladi.

Middle dasturchi odatda ko’proq mustaqil harakat qiladi. Uning yo’lida deyarli har doim mantiqiy jumboqlar uchraydi va ularga tayyor yechimlar internetda juda kam bo’ladi. Ba’zan middle dasturchi senior dasturchidan maslahat olishi mumkin, ammo shunda ham faqat eng tor yo’nalishdagi juda aniq savollar tuzishiga to’g’ri keladi. Jamoada juniorlar bo’lsa, middle dasturchi ularni ham tortishga mas’ul bo’ladi.

Middle darajasi eng havas qilarli va zavqli hisoblanadi. Chunki bunday dasturchilar ko’p narsa o’rganishadi. Avval o’zida bo’lmagan malakalarni shakllantirishadi.

Middle dasturchi quyidagilarni qiladi oladi:

  • IDElardan foydalanadi, ishni tezlashtiruvchi va osonlashtiruvchi qisqa yo’llardan ko’p foydalanadi. Imkon qadar kamroq ish qilib ko’proq natija olishga yo’naltirilgan usullardan faol foydalanadi;
  • Asosiy APIlar bo’yicha chuqur tushunchaga ega, ulardan tez-tez va unumli foydalanadi;
  • Ma’lumotlar bazasidan ustalik bilan foydalanadi. Middle uchun ma’lumotlar bazasi shunchaki ma’lumotni yozish, o’chirish, o’qish, o’zgartirish vositasi emas, balki dasturning ishonchli va yengil ishlashi uchun optimallashtirish mumkin bo’lgan asos hisoblanadi. Middle ma’lumotlar bazasiga tezlik talabi bilan qaraydigan bo’ladi;
  • Middle dasturchi ikkitadan ko’p dasturlash tilini biladi va ularni kerakli joylarda qo’llay oladi. Yangi tillarni o’zlashtirishi oson bo’ladi, chunki tillarning asosiy funksional xususiyatlarini yaxshi tushunadi;
  • Asosan ishlarni CLI (command line interface) orqali bajaradi. Ko’plab package managerlardan unumli foydalanadi;
  • Jamoadagi dizayner, nazoratchi, tester, arxitektor kabi boshqa soha vakillari bilan oson til topishadi va ularning nazarida dasturning qanday ishlashi kerakligi haqidagi xulosaga oson kela oladi.

Senior dasturchi

Jamoada senior dasturchi eng katta tajribaga ega va o’z sohasi bo’yicha yetarlicha bilimga ega bo’lgan shaxs sifatida ko’riladi. Bu bosqichda dasturchilarda “qancha ko’p o’rganganim sari shuncha kam bilishimni tushunib yetayapman”, ma’nosidagi Dunning-Kurger effekti holati yuz beradi. Ular endi daturlashdagi real hayot muammolariga duch kelishadi va o’z bilimlarining ojizligini his qilishadi. Ammo shunga qaramasdan, ulardagi soha bo’yicha bilimlari avvalgiga nisbatan faqat yuqorilayotgan bo’ladi.

Senior dasturchilar oxirgi mahsulotning holatini yaqqol tasavvur eta olishlari kerak. Ular jamoani eng qisqa yo’ldan maqsad sari olib borishda asosiy rol o’ynashadi. Senior dasturchi faqat mantiqiy muammolarga duch keladi va asbob-uskunalar bilan bog’liq muammolar ular uchun ikkinchi darajali bo’lib qoladi.

Seniorning asosiy vazifasi muammoga yechim topish hisoblanadi. U butun jamoa uchun eng qisqa yo’lni topishga mas’ul. Dasturchining malaka darajalari ichida eng katta obro’ga va e’tiborga ega senior dasturchilarga eng ko’p ish haqi to’lanadi. Shu bilan birga ularning jamoadagi vazifasi ham eng qiyin va ma’suliyatlisi hisoblanadi.

Senior dasturchilar quyidagilarni qila oladi:

  • O’zi ishlatadigan IDE yoki boshqa muhit uchun o’ziga xos makroslar yoza oladi. Asbob-uskunalarini taqdim etilgan imkoniyatlar chegarasidan tashqarida o’zgartiradi va moslaydi;
  • API yaratadi va mavjud APIlarga yangi imkoniyatlar qo’sha oladi;
  • O’zlarining farameworklarini yaratish uchun yetarli bilimga ega bo’lishadi;
  • Ma’lumotlar bazasining tuzilmasi ustida bosh qotiradi. Bazalarni ikkinchi darajali bazalar bilan mutanosiblikda ishlatish haqida o’ylashadi;
  • Aynan bir dasturlash tili emas, umuman barcha tillarni OOP namunasida o’qiy oladi va ishlatadi. Ular endi dasturlash tillaridan yuqori bo’lgan darajadagi mantiqli tillar haqida bosh qotirishadi;
  • O’z yo’nalishlaridagi kamida 6 ta platforma bo’yicha chuqur bilimga ega bo’lishadi. Ular bilan bog’liq har qanday masalada maslahat bera olishadi;
  • Seniorlar middle va junior dasturchilarni oldinga tortishga harakat qilishadi.

Dunyoda hech bir ilmning oxiri yo’q. Albatta, dasturlashda ham hatto senior darajasidan keyin ham o’rganiladigan narsalar juda ko’p.

Seniordan keyingi darajalar

Senior dasturchi o’zining cho’qqisiga yetgandan keyin quyidagi daraja va lavozimlarga intilishi mumkin bo’ladi:

  • Arxitektor – dasturiy mahsulot jihatidan biznes modelni to’g’ri tuza olish darajasi. Jamoadagi middle va junior dasturchilar uchun o’ziga xos dastur ul-amal vazifasini o’taydigan yo’l xaritasini tuzib berish arxitektorlarning vazifasiga kiradi;
  • Mahsulot boshqaruvchisi – so’nggi maxsulotni mijoz xohlagan shaklda taqdim etishga mas’ul shaxs. Bu bosqichda boshqaruvchi mahsulotning har bir qismiga javobga hisoblanadi. Endi u dizaynerlar, marketologlar va o’ziga ta’luqli bo’lmagan boshqa soha vakillari bilan kengashga holda ishlaydi;
  • Senior lider – jamoada nafaqat texnik mutaxassis sifatida, balki suyansa bo’ladigan do’st, qiyin vaqtlarda ruhlantiradigan shaxs sifatida ko’riladi. U butun jamoani o’z atrofida birlashtira oladi va hammani bir xil ko’zda ko’rishga qodir bo’ladi.

Har bir darajadagi dasturchining dasturiy mahsulot ishlab chiqarish sohasida o’z o’rni bor. IT kompaniyalar o’zlarining ehtiyojiga qarab turli malaka darajasidagi dasturchilarni yollashadi. Dasturchilar esa o’z navbatida, har qanday darajada bo’lishlaridan qat’iy nazar, tinimsiz o’rganish va yuksalish jarayonida bo’lishadi.

Dasturchining malaka darajalari: junior, middle va senior” maqolasiga bitta fikr bildirilgan

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan