Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Dasturchi uchun ingliz tili nega kerak?

Dasturchi uchun ingliz tili nega kerak?

Dasturchi bo’lishni istagan har bir kishi ingliz tilini bilishi shart. Bu haqida avval ham yozganman. Bugun bu mavzuga yana bir bor to’xtalishga qaror qildim. Chunki so’nggi vaqtlarda dasturchilar uchun mo’ljallangan guruhlarimizda dasturlashga oid materiallarning o’zbek tilidagi tarjimasini so’rovchilar ko’payib ketdi. Ozmi-ko’pmi tajribali dasturchi sifatida ingliz tilining ahamiyati dasturlash kasbida qanchalik muhim ekanligini eslatib qo’ymoqchiman. Albatta, ushbu maqolada web dasturlash yo’nalishiga ko’proq urg’u beriladi. Dasturchi uchun ingliz tili quyidagi sabablarga ko’ra o’ta ahamiyatli hisoblanadi.

Dasturlash to’liq ingliz tilida

Bugungi kunda har qaysi zamonaviy dasturlash tiliga e’tibor bersangiz, uning asosida ingliz tili borligini ko’rasiz. Barcha kodlar ingliz tilida, atamalar ingliz tilidan olingan, dasturlashda yordam beruvchi har qanday ma’lumotlarning eng mukammali ingliz tilida yozilgan. Siz qaysidir dasturlash tilida birinchi o’ringa chiqishni istasangiz, professionallikka intilsangiz albatta ingliz tilini o’rganishingiz shart.

Muloqot doirangiz kengayadi

Dasturlashning katta qismi savollarga javob topish bilan bog’liq. Faqat o’zbek tilini bilsangiz, savolingizni faqat o’zbeklardan so’rashingiz mumkin. Rus tilini ham bilsangiz, muloqot doirangiz bir oz kengayishi mumkin. Ammo ingliz tilini yaxshi bilsangiz, butun dunyo dasturchilari bilan fikr almashish, ulardan yordam olish imkoniyatiga ega bo’lasiz. Bu esa savollaringizga javob topish, jumboqlaringizning yechimini optimal hal qilishingizda yordam beradi.

Zamon bilan hamnafas bo’lasiz

Har qaysi dasturlash tili, yoki dasturga aloqador mukammal yo’riqnoma albatta birinchi bo’lib ingliz tilida chop etiladi. Uni ma’lum bir vaqtdan so’ng boshqa tillarga tarjima qilishlari mumkin, ammo eng birinchi chiqadigan, tez-tez yangilanadigan va eng ishonchli manbaa faqat ingliz tilida bo’lib qoladi. Bu tilni mukammal o’rgansangiz, o’qiganingizni tushuna olish darajasida egallasangiz, taqdim etilgan eng yangi yo’riqnomalarni, maqola va yangiliklarni birinchilardan bo’lib o’qish imkoniyatiga ega bo’lasiz. Ingliz tilini bilgan dasturchilar tarjimonlarni kutib yashamaydi.

Dasturchi uchun ingliz tili

Sizga bu til dasturlash uchun kerak. Shunday ekan, tilning faqat dasturchilar uchun kerakli tomonlarini o’rgansangiz kifoya. ESP (English for Specific Purposes) yordamida aynan dasturlashga yo’naltirilgan, dasturchilar uchun mo’ljallangan ingliz tilini tez va osonlik bilan o’rganib olishingiz mumkin. Shifokorlar uchun, iqtisodchilar uchun, huquqshunoslar uchun alohida ingliz tili metodologiyasi bo’lgani kabi, dasturchilar uchun ingliz tilini o’rgatishning alohida usullari mavjud. O’zingizga eng kerakli kurs bilan tilni oson egallashingiz mumkin.

Xorijda ishlash imkoniyati

Hindistonliklar ikkinchi tili ingliz tili bo’lganligi sababli aynan dasturlash sohasida dunyo bo’ylab xorijda eng ko’p ishlayotgan xalq hisoblanishadi. Ularni ingliz tilidagi bilimlari xorijga olib chiqa olgan. Juda zo’r dasturchi bo’lsangiz-u ingliz tilini bilmasangiz, xorijda ishlash imkoniyatlaringiz yarmidan ko’piga kamayadi. Ingliz tilida yaxshi muloqot qila olgan boshlovchi dasturchilar esa aksincha – kam tajribasi bilan ham xorijda ish topish imkoniyatini ko’proq qo’lga kiritishi mumkin.

Tilni o’rganish qiyinchiliklari sizni to’xtatib qolmasin. Dasturlash kasbini tanlagan ekansiz, ingliz tilini o’rganish uchun alohida vaqt ajrating. Tilni aynan dasturlash uchun maxsus o’rganish haqida ham o’ylab ko’ring.

Dasturchi uchun ingliz tili nega kerak?” maqolasida 4 fikr

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan