Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Darslarni online rejimga ko’chirish uchun 8 ta sabab

Darslarni online rejimga ko’chirish uchun 8 ta sabab

Turli fanlarni chuqurlashtirib o’rgatishni maqsad qilib olgan o’quv markazlari, xususiy ta’lim dargohlarini har qadamda uchratishga odatlanganmiz. Ularning ko’pligi, yoshlarga ilm ulashayotganligi juda yaxshi. Ammo menga hozirgi vaqtda o’quv kursi yoki o’quv markazi ochib faoliyat ko’rsatish XX asr usulida ishlashga o’xshab tuyuladi. Biz yangi asrda yashayapmiz! Darslarni online rejimga ko’chirish, zamonaviy texnologiyalarni ilm olishimizni yanada osonlashtirish uchun ishlatish vaqti keldi.

Darslarni online rejimga ko’chirish qanday amalga oshiriladi?

Odatiy dars jarayonini tasavvur qiling: bir guruh talabalar bir xonaga yig’ilishadi, hamma jim o’tirib o’qituvchining berayotgan saboqlarini tinglaydi, dars davomida o’qituvchi doskadan foydalanadi. Kerakli vaqtlarda talabalar o’rtasida o’zaro bahs-munozarali muhokamalar o’tkaziladi. Biz odatlangan darslarning deyarli barchasida aynan shu amaliyotlar bajariladi. Online rejimdagi darslarda ham huddi shu, biz odatlangan darslardagi amaliyotlarni bajarish uchun muhitni yaratish mumkin. Hammasi biz odatlanganimizdek bo’ladi: talabalar bir virtual xonaga yig’ilishadi, o’qituvchi virtual doska va oshqa qulayliklardan foydalanib dars o’tadi, hamma istaganicha bir-biri bilan muloqotga kirisha oladi!

Odatiy dars jarayonini online rejimga ko’chirishning qanday afzalliklari bor? Quyida darslarni online tarzda o’tishning yaqqol ustunliklarini ko’rsatib beradigan 8 ta sababni keltirib o’tmoqchiman.

1. Tejamkorlik

Darslar online tarzda o’tkazilsa juda ko’p narsa tejaladi. O’quv markazlari internet orqali faoliyat olib borishni boshlashsa qanday o’zgarishlar bo’lishini tasavvur qilib ko’ring. Ular qaysidir binoni ijaraga olib ishlatmaydi. O’z-o’zidan moddiy mulklardan foydalanish bo’yicha xarajatlar tejab qolinadi. O’qituvchi va talabalar darsga kelish uchun yo’l yurib vaqt sarflashmaydi. Darsga qatnashchilarning kechikib kelish holatlari bartaraf etiladi. Vaqt va asablar tejaladi.

Eng muhimi – online o’tkaziladigan darslarda qatnashish tan narxning pastligi natijasida ancha arzonga tushadi. Odatiy o’quv kurslariga qaraganda online o’quv kurslarida o’qib chiqish talabalar uchun tejamkorona qaror bo’lib qoladi.

2. Qulaylik

Ilm olish uchun qayergadir borish, buning uchun alohida sharoit yaratish zarurati qisqaradi. Darslarga uyingizdan turib qatnashishingiz mumkin bo’ladi. O’zlashtirmoqchi bo’lgan ilmingizni uyingiz qulayligida, o’zingiz istagan holatda qabul qilishga nima yetsin?

3. Tezkorlik

Internet orqali o’tiladigan darslarda juda ko’p amaliyotlarni avtomatlashtirish mumkin. Odatiy darslarda kishining diqqatini, vaqtini sezilmas tarzda o’g’irlab qo’yadigan uyga vazifa berish, vazifalarni tekshirish, ko’p so’raladigan savollarga qayta-qayta javob berish, zarurat yuzasidan darslarning bo’linishiga sabab bo’ladigan holatlarga e’tibor qaratish kabi amaliyotlar avtomatlashtiriladi.

4. O’zlashtirish

Online darslar yozib olinadi. Qatnashchilar istalgan vaqtda darslarni qayta ko’rib olishlari, muhokamalarni qayta kuzatishlari mumkin bo’ladi. Hech qanday konspekt yozish, darsda o’rgatilgan ma’lumotlarni unutib qo’yish holatlari bo’lmaydi. Talabalar takrorlashni ham o’qituvchini bezovta qilmagan holda, o’zlariga qulay vaqtda amalga oshira olishadi. Bu imkoniyatlar, albatta, o’zlashtirishning yuqori darajada bo’lishini ta’minlaydi.

5. Sifat

Odatiy darslarga, odatiy o’quv markazlarining faoliyatiga istagan kishi har doim ham guvoh bo’lib baho berish imkoniyatiga ega emas. Ma’lum bir o’quv markazida darslar qanday olib boriladi? O’qituvchi qanday dars o’tadi? Darslari qiziqarli bo’ladimi, yoki zerikarlimi? O’qituvchi fanni qanchalik mahorat bilan tushuntirib bera oladi? Online rejimda o’tkaziladigan darslarda sinov (trial) imkoniyati odatiy sinov darslariga qaraganda ko’proq natija bera oladi. Xohlagan kishi o’ziga qulay joyda turib sinov darslarida qatnashishi / darslarni qayta ko’rib baholashi mumkin.

O’z-o’zidan omma uchun ochiq bo’lgan darslar o’qituvchiga yanada ko’proq mas’uliyat yuklaydi. Darslarning imkon qadar sifatli o’tishiga turtki bo’ladigan tabiiy muhit yaratiladi.

6. Reklama

O’quv markazlari o’z kurslarini reklama qilish uchun katta miqdorda pul ajratishadi. Billboardlarda, ko’chalarda tarqatilayotgan flyerlarda, jurnallardagi e’lonlarda bunga juda ko’p guvoh bo’lganmiz. Internet orqali reklama qilish oson. Nafaqat reklamangizni ko’proq kishiga ko’rsatishingiz mumkin, balki reklamani tanlangan auditoriyaga yo’naltirish imkoniyati ham bor.

O’quv markazlari online rejimda ish boshlasa, xizmatlarni reklama qilish borasida odatiy reklamaga nisbatan ancha samarali usullardan foydalanishlari mumkin.

7. Qo’shimcha mashg’ulotlar

Ilm o’rganishda takrorlandan keyin qo’shimcha mashg’ulotlarning ahamiyati juda katta. Qaysidir fanni o’zlashtirishda turli usullardagi qo’shimcha mashg’ulotlarda qatnashish o’rganuvchi uchun ijobiy natijalar beradi. Qo’shimcha mashg’ulotlarni avtomatlashtirsak talabalar uchun qulaylik yaratgan bo’lamiz. Har kim o’zi xohlagan vaqtda qo’shimcha mashg’ulot bilan shug’ullansa, uning qo’shimcha ilm olishi kimgadir yoki nimagadir bog’liq bo’lmasa mashg’ulotlar soni va davomiyligi ham ortadi.

8. Zamonaviylik

Qadim zamonlarda liftlarni boshqarish uchun maxsus ishchi tayinlangan. Liftga kirib qaysi qavatga chiqmoqchi ekanligingizni aytsangiz, u kishi sizni kerakli qavatga olib chiqib qo’ygan. Hozir zamon taraqqiyoti bilan bu kasb yo’qolib ketdi. Xohlaymizmiz, yo’qmi texnologiyalar rivojlanayapti. Maktab va universitetlardagi darslar joyida qolishi mumkin, ammo o’quv kurslari va o’quv markazlari baribir online rejimga o’tib ketadi. Siz kurslaringizni yoki o’quv markazlaringizni hozir internetga ko’chirishingiz mumkin, yoki raqobatdoshlaringiz boshlab berishlarini kutishingiz mumkin. O’rganuvchi sifatida hozir mavjud online kurslardan dars olishingiz mumkin, yoki boshqalarning internet orqali ilm olayotgani haqida xabarlarni kuzatib borishingiz mumkin. Har qanday holatda ham texnologiyalar ta’limga kirib keladi.

Agar Siz o’quv markaziga ega bo’lsangiz, bugundan e’tiboran online rejimga o’tish uchun harakat qilishingizni tavsiya etaman. To’liq bo’lmasa ham qisman mashg’ulotlarni ko’chirsangiz, kelajakda online rejimga o’tish uchun harakatni boshlasangiz boshqa o’quv markazlaridan bir qadam oldinda bo’lishingiz mumkin.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan