Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Cookielar

Cookielar

Ko’pchilik web brauzerlar, saytlar va serverlar HTTP protokolidan foydalanishadi. Bu protokol faqat bitta server-brauzer bog’lanishi davomidagina muntazam hisoblanib, foydalanuvchi saytning boshqa sahifasiga o’tganida u o’zining beqarorligini namoyish etib qo’yadi: avvalgi bog’lanishdan asar ham qolmasdan, butunlay yangi bog’lanish yasaladi. Ammo ba’zi saytlar, sahifalar borki, ularda server-brauzer bog’liqligi foydalanuvchi bir necha sahifalarni almashtirganida ham muntazam turishi shart. Masalan, bir necha bosqichli, bir necha sahifaga cho’ziluvchi ro’yxatdan o’tish, buyurtma berish formalaridan iborat saytlar bor. Bunda foydalanuvchi birinchi sahifada o’z ma’lumotlarini kiritib, ro’yxatdan o’tishning “Davomi…” sifatida keyingi sahifada to’lov ma’lumotlarini, undan keyingi sahifada esa maxsulotni yetkazib berish ma’lumotlarini kiritishi kerak bo’ladi. Shu o’rinda HTTPning o’zi ojizlik qilib qoladi, chunki foydalanuvchi bir necha sahifalar, bir necha bog’lanishlar bilan ish ko’rayapti. Server esa har bir ulanish sodir bo’lganda brauzerni “tanib” olishi kerak bo’ladi. Bunday holatlarda cookielar juda qulay vosita hisoblanadi. Chunki aynan cookielar sababli server yuborayotgan har bir ma’lumotni brauzer tanib oladi va aksincha brauzer yuborayotgan har bir ma’lumotni server tanib olishi mumkin bo’ladi.

Cookie [kukki] so’zi ingliz tilida “pishiriq” degan ma’noni anglatadi. Mana haqiqiy cookielarning ko’rinishi:

Cookielar quyidagi tartibda ishlaydi:

Foydalanuvchi biror saytga birinchi marta kirganida server uning brauzeriga cookie jo’natadi. Agar brauzerda cookielarni qabul qilishga ruxsat bo’lsa (odatda ruxsat berilgan bo’ladi, ta’qiqlash ham mumkin), serverdan kelgan cookie foydalanuvchi kompyuterida matnli ma’lumot sifatida saqlab qo’yiladi. Brauzer shu serverga qandaydir ma’lumotni jo’natayotganda avvalroq qabul qilingan cookieni qo’shib jo’natadi. Shunda server bu cookie orqali qaysi foydalanuvchi bilan aloqa qilayotganini “eslaydi”, “tanib oladi”.

Aytaylik, bir saytda ob-havoni ko’rsatuvchi vidjet bor. Men bu saytga birinchi marta kirib, vidjet sozlanmasida Termiz shahri uchun ob-havo ma’lumoti ko’rsatiladigan qilib sozladim. Shu zahoti server mening brauzerim uchun cookie jo’natadi. Bir haftadan so’ng men shu brauzer orqali shu saytning o’ziga kirganimda brauzerim serverga ob-havo ma’lumotini so’rab xabar jo’natadi va albatta xabarga bir hafta oldin qabul qilingan cookie ham ilova qilinadi. Shunda server bir hafta avvalgi cookieni tanib oladi va mening sozlanmalarim bo’yicha Termiz shahri uchun ob-havo ma’lumotlarini jo’natadi. Mening sahifamda esa avvalgidek ko’rsatilgan sozlanma bo’yicha ob-havo ma’lumotlari aks ettiriladi.

Cookielarda quyidagi 5 turdagi ma’lumotlar o’zgaruvchi-qiymat ko’rinishida o’z aksini topadi:

  • Expires – serverdan jo’natilayotgan cookie qachon eskirishi (ishdan chiqishi) ko’rsatiladi. Agar eskirish vaqti ko’rsatilmasa, demak cookie foydalanuvchi brauzerni yopgan zahoti avtomatik tarzda o’chib ketadi.
  • Domain – saytning domen nomi.
  • Path – saytning qaysi sahifasidan yuborilganligini bildiruvchi, shu sahifaning to’liq linki. Agar bu o’zgaruvchi qiymatsiz (bo’sh) bo’lsa, demak cookie saytning istalgan, har qanday sahifasi uchun yuborilgan bo’ladi.
  • Secure – cookiening secure protokol orqali kelganligini anglatadi. Bu cookie faqat secure (xavfsiz) protokol orqaligina serverga qayta jo’natilishi mumkin. Agar bu o’zgaruvchi qiymatsiz bo’lsa, demak protokol turi cheklovi mavjud bo’lmaydi.
  • Ism=Qiymat – har bir cookie ma’lumoti ism=qiymat asosda, oddiy matn shaklida almashiladi.

Ba’zan brauzerlarda saytlarga tashrif buyurish, ulardan foydalanish jarayonida kichik xatoliklar yuz berganligini ko’rishimiz mumkin. Bu ko’pincha eski ma’lumotlarning yig’ilib qolganligi, ma’lum sababga ko’ra brauzer eski cookielarni o’chirmaganligi sababli kelib chiqishi mumkin. Bunday holatlarda brauzerimiz cookielarini to’liq tozalash orqali saytlarga to’liq yangidan kirishimiz va avvalgi muammolarni bartaraf etishimiz mumkin.

Brauzeringizdan cookielarni o’chirishning hech qanday xavfli joyi yo’q – har qanday cookie ishlatadigan saytga bir marta tashrif buyursangiz, o’zingiz bilmagan holda kompyuteringizga ularning cookiesini qabul qilgan bo’lasiz.

Zarur holatlarda brauzeringizning cookielarni qabul qilish imkoniyatini to’liq cheklab qo’yishingiz ham mumkin. Bunda hech bir sayt kompyuteringizga cookie joylay olmaydi. Cookie joylash majburiy bo’lgan saytlar esa Sizning brauzeringizda ishlamaydi va “cookielarni yoqishingiz kerak” ma’nosidagi xatolikka duch kelasiz.

Deyarli har doim cookielarni qabul qilish 100% xavfsiz bo’lganligi sababli brauzeringizda cookielarni qabul qilishni doim yoqib qo’yishingiz tavsiya etiladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan