Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Cashback tizimi g’oyasi sizni millarderga aylantirishi mumkin!

Cashback tizimi g’oyasi sizni millarderga aylantirishi mumkin!

Har safar bolaligim o’tgan Termiz shahriga qaytganimda kursdoshlarim va sinfdoshlarim bilan uchrashishni yoqtiraman. Yozning issiq kunlariga to’g’ri kelgan navbatdagi uchrashuvimizni shaharning gavjum qismida joylashgan City Burger kafesida o’tkazdik. Kasbimdan kelib chiqib, suhbat mavzusi yana texnologiyalar, IT startuplar va innovatsion texnologiyalar asosida katta daromad olish haqida bo’ldi. Cashback tizimi haqida suhbatlashdik. Kutilmaganda kelib qolgan bu g’oya men uchun juda katta imkoniyatdek bo’lib tuyuldi. Ushbu maqolada cashback tizimiga asoslangan tijorat haqida o’zim tuzgan rejali g’oyani yozmoqchiman.

Cashback tizimi haqida

Cashback ingliz tilida «pulning qaytishi», ma’nosida ishlatiladi. Tizim sifatida bu biznes uslub haridorlarga harid uchun sarflangan summaning ma’lum foizini qaytarish va shu orqali ularni haridga qiziqtirishga asoslangan. Cashback amal qilgan do’kon/restoran/mehmonxona uchun haq to’laganingizda ma’lum miqdordagi foiz pul yoki boshqa ko’rinishda sizning foydangizga qaytib keladi. Odatda cashback tizimi hamma joyda va hamma narsa uchun amal qilavermaydi. Albatta tizimning o’ziga xos shartlari bo’ladi va ularga amal qilishingiz talab etiladi.

Men cashback tizimiga ko’proq bank kredit kartochkalarida duch kelganman. Tizimni tushunib olishingiz uchun aynan shu – kredit kartochkalaridagi cashbackni misol qilsam yaxshiroq bo’ladi. Kapital bank joriy qilgan cashback tizimini misol tariqasida ko’rib chiqamiz.

Bank turli supermarketlar, mehmonxonalar, xizmat ko’rsatish nuqtalari bilan hamkorlik shartnomasini imzolaydi. «Men sizlarga mijozlarni harid qilishga qiziqtirib jo’nataman, sizlar men orqali kelgan mijozlar sarflagan summadan menga foiz chiqarib berasizlar», degan kelishuv bilan bank tadbirkorlar bilan hamkorlik o’rnatadi. Bank maxsus cashbackli plastik kartalar chiqaradi. Siz bank mijozi bo’lasiz va oylik maoshingizni bankning cashback tizimi amal qiladigan kartalarda olasiz. Har safar bankning hamkorlaridan biriga borib harid qilganingizda, aytaylik 100 000 so’mlik harid qilsangiz, kartangizga cashback asosida 5 ming so’m qaytib keladi.

Bundan bankka nima foyda?

Misol tariqasida aytayotganimiz – Kapital bank bundan qanday foyda ko’radi? Bank har bir hamkori bilan (misol uchun) 10% shartnoma tuzadi. Shartnomaga ko’ra kimdir Kapital bankning cashbackli plastik kartasi orqali qanchadir summa to’lasa, tadbirkor bankka summaning 10% qismini to’laydi. Bank shu o’n foizning 5% qismini mijozining kartasiga cashback tizimi doirasida qaytaradi, qolgan besh foizini esa o’zining foydasi sifatida olib qoladi. Bankning foydasi ana shu besh foizda bo’ladi.

Bundan tadbirkorga nima foyda?

Tadbirkor reklamadan ham kuchliroq ishlaydigan tizim yordamida o’ziga yangi mijozlarni jalb qiladi. Tasavvur qiling, sizda cashbackli plastik karta bor va qarshingizda ikkita do’kon turibdi. Siz 500 000 so’mga harid qilishni rejalashtirgansiz. U do’konga kirsangiz huddi shu mahsulotlarni huddi shu 500 ming so’mga harid qilib chiqib ketasiz. Lekin bu do’konga kirsangiz huddi shu mahsulotlarni olasiz, huddi shu summani to’laysiz LEKIN cashback doirasida kartangizga sarflangan summadan 5% (25 000 so’m) qaytib keladi. Shunday holatda siz qaysi do’konga kirgan bo’lar edingiz?

Marketologlar sinovidan o’tgan haqiqat shu-ki, juda kichik summa bo’lsa ham haridorga qaytib kelsa, harid unga juda kichik summaga bo’lsa ham arzonroq tushsa, haridor aynan shu tomonga qarab harakatlanadi. Kichik foiz ko’proq haridorlarni do’konga jalb qiladi. Do’kon jami summadan 10% xarajat qilib ko’proq mijozga ega bo’ladi. Tadbirkorning foydasi mana shu.

Bundan haridorga nima foyda?

Haridor sarflayotgan summasidan foizlar bumerang misoli unga qaytib kelayotganidan xursand bo’ladi. Haridlari foydali bo’ladi va bankdan ham, hamkor tadbirkorlardan ham minnatdor bo’ladi.

Menimcha tushundingiz…

Hikoyaning boshiga qaytamiz. City Bugerda o’tirib, umumiy ovqatlanish nuqtalarida cashback tizimini joriy etish yaxshi foyda berishi mumkinligi haqida o’yladik. Aslida bunday tizim Toshkentda allaqachon ishlayapti. Men o’zim Jowi cashback tizimi orqali Toshkentdagi turli umumiy ovqatlanish nuqtalarida sarflangan umumiy summadan cashback asosida qaytgan summa katta miqdordagi pul bo’lishi mumkinligiga guvoh bo’lganman.

Jowi men o’ylagan narsa emas

Jowi kompaniyasi umumiy ovqatlanish nuqtalaridagi ko’p jarayonlarni avtomatlashtirishga yordam beruvchi yechimlarni taklif qiladi. Ularning asosiy ishi cashback emas, balki restoran va kafelarga hisob-kitob tizimi, ofitsiant va mijoz o’rtasidagi buyurtmalarni hisobga olishni tashkillashtirish hisoblanadi. Darvoqe, «ofitsiant» o’zbek tilida «girgitton» bo’lar ekan, ha-ha! 😀 Mijozni esa «xo’randa» desak bo’ladi. Shunchaki aytdim.

Jowi o’z uskunalarini umumiy ovqatlanish nuqtalariga taklif qilish bilan birga mijoz chaqirishi mumkin bo’lgan cashback tizimini ham bir yo’la taklif qilgan. Barcha Jowi uskunalarini ishlatadigan joylarda cachback tizimi ishlamaydi. Masalan, Oqtepa lavash Jowi tizimidan foydalansa ham, cashback dasturiga qo’shilmagan.

Milliard so’mli g’oya nimadan iborat?

Shahar bo’yicha (mening holatimda Termiz shahri bo’yicha, siz o’zingizning shahringiz haqida o’ylab ko’ring) faqat umumiy ovqatlanish nuqtalarida joriy etiladigan cashback tizimini ishlab chiqish mumkin. Adashmasam restoran, kafe, milliy taomlar, umuman ovqatlanish nuqtalari juda katta va doim gavjum bo’ladigan biznes. Bunday nuqtalarning mijozlari yetarli bo’lishiga qaramasdan, ular o’rtasidagi raqobat ham juda kuchli. Qolaversa, yanayam kengayishni, ko’proq foyda ko’rishni va yanada ko’proq mijozlarga ega bo’lishni istamaydigan restoran yoki kafe bo’lmasa kerak.

Shunday bir tizim yaratilishi kerak-ki, cashback tizimiga a’zo bo’lgan restoran yoki kafelarda harid qilgan mijozlarning hisoblariga ma’lum miqdorda foiz qo’shilib, yig’ilib turishi kerak. Odamlar foyda bilan ovqatlanishga qiziqishlari kerak. Odamlar cashback taklif qilmaydigan restorandan ko’ra cashback taklif qiladigan restoranga kirishni afzal ko’rishlari kerak.

«Iqtisodchi emasman, ammo na qilay?..»

Gap kafe va restoranlar haqida ketganda cashback tizimini «six ham kuymasin, kabob ham!», degan mazmunda qanday qilib tashkil etish mumkinligini hozircha o’ylab topganim yo’q. Bu yerda yaxshi bir iqtisodchi kerak. Asosiy hal qilinishi kerak bo’lgan masalalar bor:

  1. Cashback tizimi mijozlarga qancha foiz qaytaradi?
  2. Qancha foiz tizimning o’ziga foyda bo’lib qoladi?
  3. Restoran qancha foizdan voz kechishi kerak bo’ladi?
  4. Restoranlarni dasturga xarajatsiz jalb qilish mumkinmi?
  5. Hamma xursand bo’ladigan balans kerak!

Bizga yaxshi o’ylangan, puxta ishlab chiqilgan tizim kerak. Restoranlar «Mijozlarim sizlarsiz ham yetarli, nega men qanchadir foizdan kechishim kerak?», demasligi kerak. Ishonaman, yaxshi iqtisodchi bu masalaning chiroyli yechimini topa oladi.

Istiqbolli daromadlar

Foydani hisoblashni yoqtiraman, buni tan olishim kerak 🙂 O’zbekistonning o’rtacha bir shaharida nechta umumiy ovqatlanish nuqtasi bor, bir oyda o’rtacha necha kishi bunday joylarda necha marta ovqatlanadi va har bir ovqatlanganda o’rtacha necha so’mdan pul sarflaydi – mana shuni hisoblamoqchi edim. Restoran va kafelar ko’proq mijozlarni jalb qilishi uchun umumiy summadan 10% qismini ajrata oladi, deb hisoblaymiz. Shu foizning yarmi mijozga, yarmi cashback tizimini tashkil qilgan kishiga tegishli deb qarasak, g’oyamizning foydasi mana shu 5% miqdoricha bo’ladi.

O’zingizning shahringiz uchun o’rtacha miqdorni hisoblab ko’ring.

Qanday qilib amalga oshiriladi?

Cashback tizimida kim to’layotganini bilish juda muhim. Chunki restoran mijoz siz orqali kelayotganini bilishi kerak, siz ham qaysi a’zoga cashback foizini berishingizni bilishingiz kerak. A’zolik kartochkalari joriy qilish, ularda yozilgan ID raqamlar asosida hisob yuritish yaxshi fikrga o’xshab tuyuladi. ID kartaning uyda qolib ketishi, yo’qolishini hisobga olsak karta noqulaydek ko’rinadi. Har bir a’zoni telefon raqami bo’yicha hisobga olsakchi? Ovqatlanish uchun to’layotganda telefon raqamini aytib to’lasa. Lekin nomer almashtirganda, yangi nomer olganda yoki nomerini butunlay o’chirganda uning ishlagan cashback pullari nima bo’ladi? Nomerni boshqa kishi olsachi? Bular ham mayli, hamma restoran va kafelarda hali to’liq avtomatlashgan kompyuterli tizimlar ishlamaydi. Ular a’zolarning ID yoki telefon raqamlarini qayerga yozib hisob yuritadi? Ko’pchilik restoranlar hali ham qog’oz/ruchka tizimida ishlaydi. Buni ham o’ylab ko’rish kerak. Balki hamkor restoranlarga bittadan planshet berib chiqarmiz?

Hal qilinishi kerak bo’lgan masalalar ko’p. Ammo kimdir mana shu g’oyani bir shahar doirasida, yoki butun O’zbekiston bo’yicha amalga oshira olsa, milliardlab so’m daromad olishi mumkin. Hozircha bu bizning yurtimizda ko’p ommalashmagan. Ham innovatsion, ham yangi biznes hisoblanadi.

Texnik jihatdan cachback biznesini bitta server, PHPda yozilgan bitta tizim, internetga ulangan qurilmalar yordamida amalga oshirish mumkin. Ular ko’p xajar talab qilmaydi. Asosiy qiyinchilik ishni tashkil etish va to’g’ri tizimni tuza olish hisoblanadi.

Hammaga omad tilayman!

Cashback tizimi g’oyasi sizni millarderga aylantirishi mumkin!” maqolasida 2 fikr

  1. Закир

    Assalom alaykum goya yahsi sizni qolingizdan kelafi bu ishonaman. Bizni shaharda hechbir kafe restoranda bunaqangi kompyuterlashgan narsalar yoq kirp pulni tolap ovqatlanip chiqamiz. Ishingizda omad yangi maqolalar kutamiz

    Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan