Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Bloggingda maqolalarni uzun va qisqa yozish

Bloggingda maqolalarni uzun va qisqa yozish

Odamlar erinchoq bo’lib ketayapti. Uzun matnni ko’pchilik o’qishni xohlamaydi. Bloggerlar esa ko’pincha uzun maqolalar yozishdan ko’ra qisqa parchalarni chop etishni afzal, deb bilishadi. Bloggingda uzun va qisqa yozish masalasi o’ylab ko’rishingizga arzirli mavzu hisoblanadi. Chunki yuritayotgan blogingizning internetdagi obro’si aynan mana shunga bog’liq!

Uzun va qisqa yozish

Men maqolalar yozishni yoqtiraman. Yozish menga fikrimni erkin ifodalash imkonini beradi. Kimdir o’qishi, yoki hech kim o’qimasligi haqida deyarli o’ylamayman. Maqolalarni o’zim uchun yozaman. Men uchun notanish bo’lgan qaysidir ilmni o’rgansam – uni maqola shaklida saytimda yozib qoldirish orqali bilimimni mustahkamlashga harakat qilaman. Har qalay kimdir yozganlarimni o’qishini inobatga olganimizda esa, yozganlarimning o’quvchi uchun foydali bo’lishiga umid qilaman.

Batafsil ma’lumotlarni o’z ichiga olgan sifatli maqola har doim o’rtachadan uzunroq hajmga ega bo’lishi kerak, deb hisoblayman. Chunki ma’lumot sifati to’rt qatorli latifa yoki qisqa xabar shaklidagi maqolalardan farq qilishi kerak.

Uzun va qisqa yozuvchi bloggerlarning fikrlari turli xil bo’lishi tabiiy. Har kimning o’z uslubi bor. Qolaversa, yozilayotgan ma’lumot qay turga ta’luqli ekanligi ham katta ahamiyatga ega. Shu sababli u yoki bu uslub xato/to’g’ri ekanligi yuzasidan xulosa chiqarishga shoshilmasdan, har ikki uslubning qulayliklarini ko’rib chiqaylik.

Qisqa yozish afzalliklari

Qisqa va tez. Bu turdagi maqola/ma’lumot tez yoziladi, tez o’qiladi va har jihatdan vaqtni tejaydi. Tezlikni yoqtiruvchilar uchun qisqa yozish eng yaxshi yechim bo’lishi mumkin. Ammo ma’lumot qisqa va tezlik ketidan quvib o’z mazmunini yo’qotib qo’ymasligi kerak.

Tushunish oson. Qisqa yozilgan yaqolada ma’lumot kam bo’ladi. Shu sababli o’quvchi maqolani osonlik bilan tushunib olishi mumkin. Qisqa shakldagi muhim ma’lumotlarni o’quvchilaringiz oson yodda saqlab qolishlarini xohlasangiz, qisqa yozish Siz uchun!

Maqsadni ifodalaydi. Qisqa yozilgan matnda ortiqchalik bo’lmaydi. Asosiy mazmun tezlik bilan ifoda etiladi. Matnni o’qishdan asosiy maqsad qisqa mazmunni bilish bo’lsa – qisqa yozilgan matnlardan foydalanish eng to’g’ri yechim bo’lishi mumkin.

Uzun yozish afzalliklari

Ko’proq bo’lishish va murojaatlar. Uzun yozilgan maqolalar ma’lumotga boyroq, deb hisoblanadi. Shu sababli o’quvchilar bunday maqolalarni qisqalariga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda ko’proq bo’lishishadi. Albatta, qimmatli ma’lumot sanalga bunday maqolalarga boshqa bloglarda murojaatlar ham ko’proq kelib tushadi.

O’quvchini saytda ushlab turadi. Saytingizga kirgan foydalanuvchi qancha ko’p vaqt sahifada qolsa, qidiruv mashinalari uchun saytingiz qimmati shuncha oshadi. Sahifadan-sahifaga sakrayverish (bounce rate) saytingiz bahosiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Uzun yozilgan maqolalar foydalanuvchini saytda band qilib turadi.

Masalani chuqur o’rganadi. Ko’proq yozish orqali muhokama ostidagi masalani ko’proq o’rganamiz. Uning turli jihatlariga ko’proq e’tibor qarata olamiz. Shu sababli uzun yozilgan maqolalar masalaga kengroq va chuqurroq yondosha oladi.

Google yaxshi ko’radi. Qidiruv mashinalari, xususan Google eng kamida 300 ta so’zdan yuqori bo’lgan hajmdagi maqolalarni yaxshi baholaydi. Bunday maqola hajmiga ega saytlar qidiruv natijalarida yuqoriroq o’rinni egallashadi. Qaysidir kalit so’z bo’yicha qidiruv natijalarining yuqorisini egallash harakatida bo’lsangiz, maqolalaringizni uzunroq shaklda yozishingiz kerak.

Hajm ahamiyatga ega emas

Yuqoridagilarni hisobga olmagan holda aytmoqchiman, ko’pincha hajm umuman ahamiyatga ega bo’lmaydi. Shunday mavzular, shunday maqolalar borki, ulardagi mazmun hajmdan oldingi safga o’tib oladi. Bunday holatlarda Siz hajmga ega, maqolaning mazmuniga e’tibor qaratishingiz kerak.

O’ziga xoslik va foydalilikka e’tibor qarating. Maqolangiz boshqa joylarda chop etilmagan bo’lishi kerak. Hech bir maqolani o’g’irlamang. Tarjima qilish, albatta, bundan mustasno. Maqolalaringiz nishondagi foydalanuvchilar uchun qiziqarli bo’lishi va albatta foydali ma’lumotlarga boy bo’lishi shart.

Aniq ma’lumotlardan foydalaning. Gapni olib qochmang. Ba’zan uzun ammo tushunarsiz yozuvga nisbatan qisqa, ammo ko’proq ma’noni o’z ichiga olgan jumla yaxshiroq natija olib keladi.

Maqolangizni boshqalar ko’rishi uchun uni yetkazib berishga ham e’tibor qiling. Haftalab, balki oylab vaqt sarflagan holda uzundan-uzoq maqola yozishingiz mumkin, ammo uni hech kim o’qimasa – bunday matndan nima naf? Yozgan maqolalaringizni ijtimoiy tarmoqlarda bo’lishing, o’quvchilarga tafsiya qiling, yaxshi maqolalarni saytingizning ko’rinarli joyiga chiqarib qo’ying.

Bloggingda eng asosiy mahsulot maqola hisoblanadi. Saytingizdagi maqolalarni hajm va mazmun jihatidan sifatli darajaga olib chiqishga alohida e’tibor qarating.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan