Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Bepul – eng yaxshi narx!

Bepul – eng yaxshi narx!

Internetda hamma narsa pulli bo’lgan 2000-yillar esimda. Internet orqali pul ishlash, tijorat yuritish albatta to’lovni talab qiluvchi xizmatlar hamda saytlar orqali amalga oshirilishi odatiy biznes model hisoblanardi. Dasturchilar o’zlari yaratgan mahsulotlar uchun ba’zan qimmat narx talab qilishlari hozirgi kunda keng ommalashgan bepul modelning to’liq aksi edi. Bugungi kunga kelib eng arzon narx ham bepulning oldida qimmatlik qilib qoldi.

Hamma narsa bepul!

Kishi xizmatiga yarasha haq olishi kerak. Har qanday xizmat yoki mahsulot uchun albatta haq to’lanishi shart. Hozirda internet orqali yuritilayotgan bizneslar orasida bepullik epidemiyasi tarqalgandek tuyuladi. Pulli xizmatlar va mahsulotlar orasida har doim aynan shu yo’nalishning bepul ko’rinishini taqdim etayotganlar topilayapti.

WhatsApp o’z xizmatlarini pulli asosda taklif qilganda Telegram bepul bo’lish orqali undan o’zib ketdi. Pul to’lagandan keyin o’qish/o’rganish mumkin bo’lgan platformalarning to’liq tekin ta’lim beradigan muqobillari yaratildi. Qaysidir elektron-raqamli mahsulotning pulli ko’rinishini topsangiz, uning tekin muqobili ham albatta topiladigan bo’lib qoldi.

Boshqalar pulga taklif qilayotgan xizmatlarni tekin bajarishning kimga foydasi bor? Oylab, yillab mehnat qilish orqali yaratilgan mahsulotlarini tekinga taqdim etishdan kimga qanday foyda bo’lishi mumkin?

Biznes modellar xilma-xilligi

Biz nimanidir bilmasligimiz shu narsaning mavjud emasligidan dalolat bermaydi. Bizga ko’rinmaydigan, ammo aslida biz tasavvur qila olmaydigan darajada aks ta’sirga ega narsalar bor. Masalan, to’gridan-to’g’ri pul to’lovisiz taqdim etiladigan mahsulot yoki xizmatlardan foyda olish modeli mavjud. Biznes modellar arsenalida o’zining haridorlar va iste’molchilarni jalb qilishi bilan alohida ajralib turadigan, kuchli ta’sirga ega bu model bugungi kunda ko’plab yirik kompaniyalar tomonidan samarali foydalanib kelinmoqda.

Bepul narsa har doim o’z xaridorini topadi. Pul yoki boshqa nomoddiy to’lovni (ish-harakatni) talab qilmaydigan mahsulot har qanday kishiga rad etilishsiz taklif qilinishi mumkin. Tekin xizmat yoki mahsulotning iste’molchilari har doim ko’p bo’ladi. Qanchalik ko’p odam xizmatdan foydalansa, yoki mahsulotni iste’mol qilsa – demak u maksimal darajada ommalashishi mumkin.

Bepul mahsulot qanday foyda keltiradi?

Oy va yillar davomida mehnat qilib qaysidir mahsulotni yaratsangiz, yoki xizmat turini tashkil etsangiz – hech ikkilanmay uni bepul taqdim etishga shoshiling. Shunda maksimal foyda olishingiz mumkin!

Mahsulotingizga bevosita iste’molchidan emas, uning ommalashuvi ortidan ochilishi mumkin bo’lgan boshqa yo’llar orqali haq olishga harakat qiling. Tekin bo’lganligi sababli juda ommalashib ketgan, millionlab iste’molchisiga ega xizmat/mahsulot ko’plab usullar orqali daromad olishlari mumkin. Ulardan ba’zilari:

  • reklama orqali;
  • o’xshash mahsulotlarni tavsiya qilish orqali;
  • qo’shimcha xizmat yoki mahsulotlar sotish orqali;
  • o’ziga moslash xizmatlari orqali.

Tasavvur qilaylik, siz yangi mobil aloqa xizmatini ko’rsatish kompaniyasi ochdingiz. XYZ deb nomlangan kompaniyangiz endi Beeling, Ucell, MTS, Uzmobile, Perfectum bilan raqobatlashib, o’z mijozlariga ega bo’lishi kerak. Navbatdagi yana bitta mobil aloqa operatori bo’lmasdan, siz hammani lol qoldirib xizmatlaringizni bepul taqdim etish haqida e’lon qildingiz!

Istagan kishi XYZ kompaniyasidan bepul nomer / sim karta olishi, istalgancha SMSni bepul jo’natishi, istalgancha daqiqa tekin suhbatlashishi va o’zi xohlagancha internetdan bepul foydalanishi mumkin. O’zbekistonda nechi million aholi Beeling, Ucell yoki boshqa operatorlarini unutib, sizning XYZ kompaniyangizga o’tishadi, deb o’ylaysiz? Menimcha, mavjud mobil aloqadan foydalanuvchi aholining 90% qismi sizning mijozingizga aylanadi.

Endi asosiy savol: qanday qilib foyda ko’ramiz? XYZ kompaniyasi o’zi taqdim qiladigan bepul xizmatlarning shartlari bo’ladi. Har bir sim karta oluvchi mijoz, bu shartlarga rozilik bildirgan holda kompaniyaga a’zo bo’lishadi. Aynan shu xizmatlar orqali kompaniya foyda ko’radi. Quyida bu xizmatlar bo’yicha ba’zi g’oyalarni aytib o’tmoqchiman.

Foyda ko’rish usullari

XYZ abonentlari yuboradigan har bir SMS matni oxirida reklama satrlari bo’ladi. O’zbekiston bo’yicha SMS qabul qiluvchi millionlab abonentlar har kuni bu reklamalarni o’qishadi. Bu reklama beruvchilarni o’ziga jalb qiladi. Bozorning 90% qismini qamrab olgan operatorda reklama qilish uchun juda katta pul kiritishga rozi kompaniyalar ko’plab topiladi.

Har bir qo’ng’iroq qiluvchi sherigi javob berguncha gudok o’rnida reklama eshitadi. Suhbat o’rtasida (huddi YouTube yoki AllPlay mobil TVda bo’lgani kabi) qisqa reklama har ikki tomonga ham eshittiriladi. Yaqin insoningiz bilan suhbatlashib turganingizda to’satdan 30 sekundli, kir yuvish vositasini reklama qiluvchi audioni eshitib turish, albatta g’alati tuyulishi mumkin. Ammo, bepul xizmat evaziga mijozlar bu kichik noqulaylikni to’g’ri qabul qilishadi.

Bepul mobil internetdan foydalanishda ham aynan shunday yo’l tutiladi – saytlar va mobil ilovalar faolligi davomida qisqa reklama roliklari ko’rsatiladi.

Qaysidir mijoz reklamalarni ko’rishni/eshitishni/yuborishni xohlamasa, XYZ kompaniyasi bu holat uchun qo’chimcha xizmatlar joriy etadi. Pul to’lovi evaziga reklamalarni o’chirib qo’yib, bepul xizmatdan foydalanishni davom ettirish mumkin bo’ladi. Albatta, bunda kompaniya xizmat haqini qoplaydigan narxni joriy etadi. Masalan, Beeling yoki Ucellda bir oyda 90 ming so’m to’lab ma’lum cheklangan daqiqa davomida gaplasha olsangiz, XYZ kompaniyasiga huddi shu 90 ming so’mni to’lab, reklamalarni o’chiritirib, cheksiz suhbatlashishingiz mumkin bo’ladi. Marketologlar bunday qoidalarni joriy qilishni juda yaxshi uddalashadi.

Aholining juda katta qismini qamrab olgan kompaniya uchun foyda ko’rishning yuqorida aytib o’tilgan usullaridan boshqa yana ko’plab yo’llari topiladi.

Yuqorida mobil operator xizmatini misol qildim. Uning o’rniga har qanday boshqa xizmat yoki mahsulotni qo’yib ko’rish mumkin. Natija va xulosa esa o’zgarishsiz qoladi: bepul – eng yaxshi narx!

Bepul – eng yaxshi narx!” maqolasida 2 fikr

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan