Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Arzonga ishlamaslikning dasturchi uchun foydali jihatlari

Arzonga ishlamaslikning dasturchi uchun foydali jihatlari

Har bir dasturchi tajribasida ishni buyurtmachi kutgandan qimmatroqqa baholab qo’yib, buyurtmaning bekor bo’lishidan qo’rqish hissi uchragan. Bekorchilikdan ko’ra juda arzonga bo’lsa ham buyurtma olib, band bo’lib turganingiz qaysidir jihatdan yaxshiroq bo’lishi mumkin. Ammo arzonga ishlamaslikning foydali jihatlari oldida kam pul evaziga o’zingizni band qilib qo’yishingiz vaqtni behuda o’tkazish bilan teng bo’lishi mumkin. Ishonch hosil qilmoqchimisiz? O’qishda davom eting!

Arzonga ishlamaslikning zarari

Sizga taklif qilinayotgan buyurtmaga juda arzon to’lashmoqchi. Siz bu buyurtmani rad etsangiz qanday zararga uchrashingiz mumkin? Mehnatingizga to’la munosib bo’lmagan to’lanadigan haqni hisobga olmasak, Siz uchun hech qanday zarar yo’q! Arzonchivoy va Qimmatchiboy maqolasidagi mulohazalar yodingizdami? Arzon narxga taklif etilayotgan buyurtmani rad etish bilan hech narsa yo’qotmaysiz. Aksincha, arzonga ishlamaslik orqali bir qarashda payqash qiyin bo’lgan, ammo o’ta foydali imkoniyatlarga ega bo’lishingiz mumkin.

Arzon baho taklif qilingan ishdan yuz o’girganingizdan keyin qarshingizda deyarli behuda o’tkazilishi mumkin bo’lgan bir talay vaqtni samarali sarflash imkonoiyati paydo bo’ladi. Siz endi bu holatdan maksimum foydani ajratib olishingiz mumkin. O’zingizni juda qiziqtirgan loyiha ustida bosh qotirishingiz, avvaldan qolib ketgan ishlaringizni yakunlashingiz, kelajakdagi faoliyatingizga foydasi tegadigan yangi texnologiya haqida o’rganishingiz, majvud ko’nikmalaringizni rivojlantirishga harakat qilishingiz kabi ishalar bilan shug’ullanishingiz o’zingiz uchun har qanday daromaddan foydaliroq bo’lishi mumkin. Arzonga ishlamaslik orqali erishishingiz mumkin bo’lgan eng asosiy foydalarni alohida ko’rib chiqamiz.

Bo’sh vaqtingiz ko’proq bo’ladi

Ijodkorlarda, shu jumladan dasturchilarda ham, bo’sh vaqtlarida turli loyihalar haqidagi yangi fikrlar, g’oyalar ko’proq yuzaga keladi. Kishi biror ishni tezroq bajarib tugatishi kerakligi haqida o’ylab siqilmasa, vaqtini o’zi xohlagandek erkin o’tkazayotgan bo’lsa, uning miyasi har qanday katta, olamshumul g’oyalarni ham oson qabul qilib, samarali yechimlar ishlab chiqishga tayyor bo’ladi. Siz kelajak uchun foydali rejalar tuzasiz. Kasbiy va shaxsiy rivojlanishingiz ustida ko’proq ishlaysiz. Bo’sh vaqtingizning ko’proq bo’lishi har doim ham Sizni bekorchilar qatoriga kiritib qo’ymaydi. Ba’zan aksincha, bo’sh bo’lishingiz faoliyatingiz uchun foydaliroq bo’lishi mumkin.

Yangi ko’nikmalarni egallaysiz

Taklif qilinayotgan arzon to’lov uchun ko’p vaqtingizni har doim bajarib yurgan ishlaringizni qayta-qayta bajarish bilan o’tkaganingizdan ko’ra shu vaqtning o’zida daromad keltirmasa ham o’zingiz qiziqqan, xohlagan loyiha ustida ishlab yangi ko’nikmalarni, bilimlarni o’zlashtirishingiz juda foydali. Dasturchi o’zi bilgan ishlarni qayta bajarish orqali rivojlanmaydi. Dasturchi sifatida Siz albatta yangi narsalarni o’rganishingiz, o’zingiz uchun qiyin bo’lgan ishlarda chiniqishingiz shart. Vaqtingizdan unumli foydalanib shu vaqtgacha «buni bajara olmayman», degan ishlaringizni bajarishga urinib ko’ring. Siz kirishga loyiha hech kimga kerak bo’lmasligi mumkin, uni tayyorlaganingizda hech kim Sizga pul to’lamasligi mumkin, ammo o’zingiz qiziqsangiz, bajarayotgan ishingiz o’zingizga yoqayotgan bo’lsa, Siz bu ish orqali juda katta tajribani qo’lga kiritasiz.

O’zingizga xurmatingiz oshadi

Atrofimizdagilar bizni xurmat qilishlarini istaymiz. Har doim odamlar xurmatiga sazovor bo’lishga harakat qilamiz. Ammo hayotda eng muhimi kishi o’zini xurmat qilishi ekanligini unutmang. Kam ish haqi to’lanadigan ishlarni hammamiz ham bajarib ko’rganmiz: ish juda qiyin bo’ladi, ko’p vaqtingizni oladi, o’zingiz xursand bo’lmaydigan haq evaziga Sizga yoqmaydigan topshiriqlarni qabul qilasiz va eng yomoni – bu ishlarni aynan shu holatda bajarayotganingiz uchun o’zingizdan hafa bo’lasiz. Siz dasturchi sifatida o’zingizni xurmat qilishni o’rganing! O’zingizga istaganingizcha talabchan bo’ling, har qancha qiynalish orqali bo’lsa ham o’z sohangizda tengsiz bo’lishga harakat qiling, ammo hech qachon mehnatingizni arzon baholamang. Siz xizmatiga juda qimmat haq oladigan, ammo ishini har kimdan ham sifatliroq qilib bajaradigan dasturchi bo’lishingiz kerak. Shunda o’zingizni prefessional dasturchi sifatida ko’proq xurmat qila boshlaysiz. Boshqalarning xurmati esa har doim o’zingizni o’zingiz xurmat qilishingizdan keyin keladi!

Yoqqan qorlarni tozalaysiz

«Qolgan ishga qor yog’ar» maqolini hammamiz yaxshi bilamiz. Dasturchilar odatda juda band va erinchoq kishilar bo’lishlarini hisobga olsak, dasturchilarning qolgan ishlariga qor ham yomg’ir ham yog’ib, ustidan kuzgi barglar ham to’kilgan bo’lishi hech gap emas. Arzon xizmat haqi taklif qilingan ishni rad etganingizning yana bir yaxshi tomoni – avvaldan qolib ketgan ishlaringizni yakunlab olasiz va ular oqibatida kelib chiqqan muammolarni bartaraf etasiz. Barajalishi haqida oylab o’ylab yurgan ishlaringiz hal bo’lsa o’zingizni yengil his qilishingiz mumkin. Bu hissiyot esa dasturchiga yangi kuch bag’ishlaydi, uni yangi g’oyalarni amalga oshirishga undaydi.

Dasturchilar bozorini mustahkamlaysiz

Buyurtmachi har doim arzon narxga ishlaydigan dasturchini izlaydi. Bu tabiiy holat va buyurtmachida ayb yo’q! Ammo har qanday ishga haq to’lanishi kerak va qimmatli vaqtingizni sarflab bajaradigan ishingizni dasturchi sifatida munosib belgilashingiz nafaqat Siz uchun, balki boshqa dasturchilar uchun ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, berilgan ishning asl bahosi 10 dollar bo’lsa, Sizdan avvalgi bir nechta dasturchilar ishni aynan shu narxga baholagan bo’lishsa, ammo Siz ishni 4 dollarga bajarishga rozi bo’lsangiz, buyurtmachi ongida «demak bu ishning asl bahosi shuncha ekan, avvalgi dasturchilar menga qimmat narx taklif qilishibdi», degan fikr paydo bo’lishi mumkin. Bu esa keyinchalik navbatdagi loyihalar uchun buyurtmachida dasturchilarga nisbatan behuda shubhaning paydo bo’lishiga olib keladi. O’z-o’zidan dasturchilar bozori zarar ko’radi, ish haqini asl bahosida belgilaganlar nohaq ravishda salbiy baholanadi, buyurtmachi nazdida summaga qarab ishning qadri ham pasayadi. Sizning arzonga ishlashingiz boshqa hamkasblaringizga shunday ta’sir qilishi mumkin.

Mehnatingizga mos haq olasiz

O’z ishining ustasi bo’lgan dasturchilar ancha kam. Ishning sifatini birinchi o’ringa qo’yadigan buyurtmachi esa hech qachon xizmat haqiga kelganda tortishmaydi. Agar hali tajribasiz bo’lsangiz xizmat haqingizni juda yuqori belgilash orqali o’zingizga zarar qilib qo’yishingiz mumkin. Bu holatda Siz uchun eng yaxshi yo’l faqat o’zingiz ustingizda ko’proq ishlash va tajribangizni oshirish, professional dasturchi bo’lishga harakat qilishingiz hisoblanadi. Ammo tajribangiz yetarli bo’lsa, berilgan ishni sifatli yakunlay olishingizga ishonsangiz, mehnatingizni yuqori baholashingiz kerak. Oxir oqibatda Siz buyurtmani olasiz, chunki haqiqiy sifat narxiga bog’liq bo’lmagan holda hamma uchun kerak hisoblanadi. Arzonga ishlamaslik tamoyilingizga sodiq bo’lishingiz esa har doim mehnatingizga mos haq olishingizga asos bo’ladi.

Sohada endi ish boshlayotgan dasturchilar uchun kamtarona tajribadan ba’zi ma’lumotlarni ulashishga harakat qildim. Yuqoridagi fikrlar yuzasidan o’z sharhingizni qoldiring!

Arzonga ishlamaslikning dasturchi uchun foydali jihatlari” maqolasida 3 fikr

  1. Nishonboy

    Azamat aka gaplaringiz to’gri nafaqat dasturchi balki boshqa soxa egalariham shu fikrlarni yaxshiroq bilishsa menimcha foydali

    Javob berish

  2. Husniddin Tugizov

    Avval kollejda o’qib yurgan vaqtlarimda bir narsani o’ylardim. Nega dasturchi og’ir ish qilmasdan katta xaq talab qilishi kerak. Xozirda esa buni tushunib yetdim. Ish vaqtimiz ertalab 10:00 dan kechki 18:00 gacha lekin. Shunisi borki Ish tugadi degani ishni tugatdim degani emas ekan. Kechalari hayolga biror bir narsa kelib qolsa majbur turib ketilaverar ekan.
    Ishdan qaytsam og’ir ish demagan ishimdan shunchalik charchab qolganimni his qilaman

    Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan