Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Alyumin eshik-rom sexlari uchun online hisoblagich

Alyumin eshik-rom sexlari uchun online hisoblagich

Yaxshi bir g’oya paydo bo’lib qoldi: hozirgi kunda alyumin eshik-romlar yasatish masalasiga duch kelmagan kishi yo’q va bu sohada narxlarni bilishga hamma qiziqadi. Shundan kelib chiqib alyumindan eshik-rom yasatish nechi pulga tushishi mumkinligini hisoblovchi o’ziga xos online hisoblagich yasashga qaror qildim. Hisoblagichga so’ralgan parametrlarni kiritasiz, u esa yasatmoqchi bo’lgan eshik-romlaringiz necha pulga tushishini tahminiy hisoblab ko’rsatadi.

Online hisoblagich nega kerak?

Aslida bu g’oyaning paydo bo’lishiga o’xshamay qolgan bir buyurtma turtki bo’lgandi. Akfa romlari yasovchi bir sex saytini tayyorlatmoqchi edi. Sayt ichida eshik-romlar hisoblagichi bo’lishi kerakligi aytilgandi. Ammo vaqt o’tib bu saytni yaratish imkoni bo’lmadi. Ammo unga bo’lgan talab aktualligi haqida bilib oldim.

Eshik-romlar ko’p kerak bo’layapti. Ayniqsa, qurilish va ta’mirlash ishlarining O’zbekistonda juda ko’p miqdorda amalga oshirilayotganligini hisobga olsak. Hammaga eshik-rom kerak, ularni yasaydigan sexlar ko’p. Narxlar ham har xil. Shunday bir hisoblagich bo’lsa, internet orqali istalgan foydalanuvchi kirib, o’lchamlarni kiritgan holda eshik-rom narxini tahminan bo’lsa ham aniqlay olsa. Juda foydali kichik asbob bo’ladi.

Qanday imkoniyatlari bo’ladi?

Hisoblagichning o’ziga qanday parametrlar kiritilishini hozircha aniq bilmayman. Aniqlash uchun eshik-rom yasaydigan biror sex bilan hamkorlik qilishim, o’rganib chiqishim kerak bo’ladi. Ammo quyidagi xossalar bo’lishi mumkin, degan tahminim bor:

  • Romlar qaysi turdagi alyumindan tayyorlanishi;
  • Qaysi turdagi oyna ishlatilishi;
  • Qulflar va ushlagichlar qanday bo’lishi;
  • Alyumin va oynalarning qalinligi qancha bo’lishi;
  • Romlarning shakli qanday bo’lishi;
  • Qaysi tomonga ochilishi va necha qismdan iborat bo’lishi.

Bundan tashqari, parametrlar hisoblanib, eshik-rom yasash narxi ko’rsatilganda kichik va o’rta hajmdagi sexlar haqida ma’lumot berib o’tishni ham joriy qilmoqchiman. Siz o’lchamlarni kiritasiz, hisoblagich tahminiy narxni ko’rsatadi va pastda «Mana bu sexlarga buyurtma berishingiz mumin», deb sexlar ro’yxati ko’rsatiladi. U yerda sex manzili, telefon raqami, qaysi turdagi ishlarni bajarishi haqida qisqacha ma’lumot bo’ladi. Sexlarni viloyatlar kesimida filtrlanadigan qilmoqchiman. Masalan, faqat Navoiy viloyatidagi sexlarni, yoki Samarqandning qaysidir tumanidagi sexlarnigina ko’rish mumkin bo’ladi.

Hisoblagich bilan pul ishlasa bo’ladi

Hisoblagichni kod yozishga qiziqayotganligim sababli yasayapman. Bundan tashqari hisoblagich yordamida pul ishlash niyatim ham bor. Men yasagan hisoblagich avval ko’pchilik orasida mashxur bo’ladi. Alyumin eshik-romlarni yasatish istagida bo’lgan har kim hisoblagichni ochib, narxlarni hisoblashi mumkin bo’ladi. Narxlar imkon qadar viloyatlar bo’yicha shakllantiriladi. Masalan, faqat Toshkentdagi sexlar narxlari hisoblanishi mumkin. Yoki, huddi shu parametrdagi eshik-romlar Xorazmda necha pulga tayyorlanayotganligini bilish mumkin bo’ladi. Katta miqdordagi buyurtma beruvchilar qayerga murojaat qilishlari arzonroqqa tushishini bilib olishadi.

Avvaliga hisoblash natijalaridan keyin tavsiya etiladigan sexlar ro’yxatiga kirish tekin bo’ladi. Istalgan sex o’zi haqidagi ma’lumotni kiritishi mumkin bo’ladi. Ular uchun bu tekin reklama! Mijoz hisoblaydi va tavsiya etilgan sexlar telefon raqamlarini ko’radi. Aynan ularning buyurtma olishi ehtimoli katta bo’ladi.

Keyinchalik sexlar ro’yxatida turish yillik abonent to’lovi asosida amalga oshiriladi. Ro’yxatda «top» (yuqori o’rinda turish) imkoniyati alohida to’lovga harid qilinadi. Masalan, top 10 ta joyni har xil narxlarda sotish mumkin. Har qanday hisoblovchi ham ro’yxatning eng birinchi qismini ko’radi, pastga tushish ehtimoli kam bo’ladi. Yuqoridagilarning buyurtma olish imkoniyati ko’proq bo’ladi.

Keyinchalik, xizmat yaxshi rivojlangandan so’ng sexlarga telegram orqali murojaat yuborish imoniyati ham yaratilishi mumkin.

Tender e’lon qilinishi alohida, juda katta yo’nalish. Tender haqida qisqacha tasavvur berib, keyin u orqali qanday pul ishlamoqchi ekanligimni aytaman.

Online hisoblagich tender imoniyati

Narxni hisoblab olgan mijoz, o’ziga ma’qul bo’lgan o’rtacha narxda taklif ochadi. Aytaylik, qanchadir o’lchamga ega bo’lgan 2 ta eshik va 5 ta deraza romlari uchun tender e’lon qiladi. Mana shuncha pul to’layman, deydi. Hududni belgilaydi (Masalan, Andijon shahri). Tender e’lon qilinganda Andijon shahridagi barcha sexlarga parametrlar va tavsiya narxi yuboriladi. Sexlar e’lon qilingan tenderga ko’ra mijozga yanayam arzonroq taklif berishlari mumkin bo’ladi. Narxni kamaytirish bo’yicha musobaqa boshlanadi. Sexlar o’zlarining foydalarini hisoblagan holda eng arzon narxni taklif qiladi. Buyurtmachi esa o’zi hisoblagandan ham arzonroqqa rom tayyorlatib oladi!

Tender xabarnomalarini qabul qilish boshlanishiga bepul bo’ladi. Keyinchalik sexlar tender xabarnomalarini qabul qilish uchun alohida pul to’lashadi. Xohlaganlar shunchaki ro’yxatda turadi, yanayam ko’proq imkoniyat olishni xohlagan sexlar xabarnomaga a’zo bo’lishadi. Har kuni ularga turli narxlar va o’lchamlardagi takliflar kelib turadi. O’zlari istagan mijozlar bilan bog’lanib, faoliyatlarini davom ettirishadi.

Istiqbol rejalari

Bu loyihani o’zim boshlab, oxirigacha yuritishni rejalashtirganman. Alyumin eshik-romlar xalq orasida «Akfa» nomi bilan mashxur bo’lganligi sababli bu loyihamga AkfaMeter.uz (AkfaHisoblagich) degan domenni oldim. Akfa brendi uchun bepul reklama bo’ladi, bundan tashqari kompaniyaning barcha mualliflik huquqlarini ham qonun doirasida qayd etib o’tamiz 😉

Loyiha kelajakda kattaroq e’tibor qozona olsa, yaxshi foydaga kira olsa AkfaMeterni sotish niyatim ham bor. Agar yaxshiroq taklif chiqsa, loyihani boshidanoq kimgadir buyurtma sifatida tayyorlab berishim ham mumkin. Umuman, bu g’oya qiziqqanlar uchun tayyor loyiha yoki sarmoya kiritish imkoniyati bo’lishi mumkin.

Agar bu loyihaga qiziqsangiz, bog’laning: +998 93 798 22 00

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan