Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Abituriyent uchun test formulalari

Abituriyent uchun test formulalari

Ingliz tili grammatikasi asosidagi oliy o’quv yurtlariga kirish imtihonlarini sabrsizlik va hayajon bilan kutayotgan abiturientlar talablarini hisobga olgan holda ingliz tilidan 36 talik kirish imtihoni test savollarida eng ko’p uchraydigan grammatik mavzularni oson o’rganish qoidalarini o’ziga hos formula ko’rinishiga keltirishga harakat qildim. Bu kichik gap formulalarini men taklif qilayotgan usulda o’rganishingiz foydadan holi bo’lmaydi.

Ingliz tili grammatikasiga oid testlarning ko’pchiligida u yoki bu grammatika mavzu asosida tuzilgan gap beriladi. Bu gapning qaysidir qismi bo’sh qoldirilib, uning o’rnini berilgan javob variantlariga asosan to’ldirish talab etiladi. Masalan, quyidagicha gap berilishi mumkin:

She is feeling sick. She’s eaten too much chocolate. If she ……, she ……. sick now.

Yuqoridagi misolda «IF»li gaplar mavzusiga oid gap berilgan. Nuqtalar o’rnini to’ldirish uchun esa albatta javob variantlari beriladi. Ammo agar Siz yuqoridagi gapda ishlatilayotgan grammatika mavzuni bilsangiz, to’g’rirog’i, ushbu maqolamiz davomida beriladigan formulalarni to’liq yodlab olsangiz, yuqoridagiga o’xshash testlarni yechish Siz uchun umuman qiyinchilik tug’dirmaydi. Ishoning, agar formulalarni yaxshi yodlab, ularning qaysi ma’noda ishlatilishini o’rganib olsangiz gaplarni to’liq tarjima qilishingiz, hattoki grammatikaning qaysi mavzusi haqida gap ketayotganligiga ahamiyat bermasangiz ham testning to’g’ri javobini topishingiz mumkin.

Formulalarni o’ziga hos qolib shaklida o’rganamiz. Biz bu formulalarda asosiy fe’l sifatida «DO» – bajarmoq, fe’lidan foydalanamiz. Esingizda bo’lsin, formulalardagi «DO» (bajarmoq) fe’li o’rnida testlarda har qanday fe’l bo’lishi mumkin. Asosiysi, Siz formulaning ma’nosini yaxshi o’rganib olishingiz kerak. Formulalar gap va tarjima-izoh shaklida beriladi. Quyida berilgan formulalarni o’zingizga qulay har qanday shaklda o’zgartirib yodlab olishingiz mumkin. Bu muhim va juda foydali formulalar quyidagilar.

  1. IF I DO, I WILL DO – AGAR BAJARSAM, SHUNDA BAJARAMAN. Bu formulaning birinchi qismida, ya’ni IF qatnashga qismida hech qachon WILL (kelasi zamon) ishlatilmaydi. Bu shart ergash gap formulasi. Masalan: If I go to London, I’ll let you know – Agar men Londonga borsam, Sizga habar beraman.
  2. WHEN I DO, I WILL DO – QACHONKI BAJARSAM, SHUNDA BAJARAMAN. Bu formula tepadagi formulaning shakl jihatidan huddi o’zi, ammo bitta farqi – bu payt ergash gap. Masalan: When I go to the shop, I’ll buy a paper – Qachonki men do’konga borsam, shunda gazeta sotib olaman.
  3. IF I DID, I WOULD DO – AGAR BAJARGANIMDA EDI, HOZIR BAJARGAN BO’LARDIM. Noreal gap formulasi. Bu gapda aytilayotgan fikr aslida mavjud bo’lmaydi, yoki bajarilmaydi. Masalan: If I had a car, I would drive it to work – Agar mashinam bo’lganda edi, hozir uni ishga haydab borardim (aslida hozir mashinam yo’q).
  4. IF I HAD DONE, I WOULD HAVE DONE – AGAR BAJARGANIMDA EDI, BAJARA OLGAN BO’LARDIM. Bu gap o’tib ketgan, bajarilmagan ish-harakatlarga nisbatan ishlatiladi. Bunday ish-harakatlarni takrorlash, ortga qaytarish yoki qaytarishning iloji bo’lmaydi. Masalan: If I had met you in London, I would have given you my address – Agar Sizni Londonda uchratganimda edi (o’sha vaqti, o’tgan zamonda), Sizga manzilimni bergan bo’lar edim (o’sha vaqti, o’tgan zamonda) (lekin afsuski Sizni u yerda uchratmadim va hozir Londondan qaytib kelganman. Endi vaqtni orqaga qaytarib Londonga o’sha vaziyatda qaytib borishning imkoni yo’q.).
  5. IF I HAD DONE, I WOULD DO – AGAR BAJARGANIMDA EDI, HOZIR BAJARA OLGAN BO’LAR EDIM. Endi bu formulaning ikki qismi bor: birinchi qismi (had done) o’tgan zamondagi o’tib ketgan, ortga qaytarib bo’lsam ish-harakatni ifodalaydi; gapning ikkinchi qismi esa hozirgi zamonda sodir etiladigan yoki sodir etilishi kutilgan ish-harakatni ifodalaydi. Masalan: If I had learned to swim in my childhood, I would go to the lake with you – Agar bolaligimda suzishni o’rganganimda edi, hozir Siz bilan ko’lga borgan bo’lar edim.
  6. I WISH I HAD DONE – QANI EDI BAJARGANIMDA EDI. Bu formula yuqoridagi 3-formula ma’nosini berib, formulaning faqat birinchi qismini ifodalaydi, ya’ni o’tib ketgan ish harakatni afsus bilan eslashni nazarda tutadi. Masalan: I’m exhausted. I wish I had stayed at home – Men juda charchaganman. Qani edi uyda qolgan bo’lganimda edi (lekin aslida hozir uyda emasman va menda tanlov bo’lgan vaqtida afsuski uyda qolishni tanlamagan edim).
  7. I WISH IT WOULD DO – QANI EDI U BAJARSA EDI. Bunda so’zlovchi yuqoridagi formulalarda farqli ravishda o’zining emas, balki boshqa biror kishining, kimningdir biror ishni bajarishini xohlaydi. Masalan: The music next door is very loud I wish they would turn it down – Keyingi xonadagi musiqa juda baland. Qani edi ular uni pastroq qilsa edi.
  8. IF I WERE YOU I WOULD DO – AGAR MEN SIZNING O’RNINGIZDA BO’LGANIMDA EDI MEN BAJARGAN BO’LARDIM. Bunda so’zlovchi kimningdir o’rnida bo’lganida, yoki shunday holatda bo’lganida nima ish-harakatni bajargan bo’lishi haqida gapiradi. Masalan: If I were you, I would go home – Agar Sizning o’rningizda bo’lganimda, men uyga ketgan bo’lardim.
  9. SEE SOMEBODY DO – KIMNINGDIR NIMADIR QILGANINI KO’RISH. Bunda kimdir boshqa biror kishining biror ishni qilganini ko’radi. Bu formulada bajarilgan ish-harakatni boshidan oxirigacha ko’rganlik nazarda tutiladi. Masalan: I saw her get into the car – Men uning mashinaga o’tirganligini ko’rdim (ishni boshidan oxirigacha, ya’ni, u mashinaga yaqin kelgandan boshlab uning mashinaga to’liq o’tirib eshikni yopganigacha ko’rdim).
  10. SEE SOMEBODY DOING – KIMNINGDIR NIMADIR QILAYOTGANLIGINI KO’RISH. Yuqoridagi formula mazmunini o’zi, faqat bunda bajarilgan ish harakatni boshidan oxirigacha emas, balki o’rtasida, ish-harakat bajarilayotgan vaqtda ko’rish nazarda tutiladi. Masalan: I saw her waiting for the bus – Men uning avtobus kutayotganini ko’rdim (qachon kutib boshlaganini ko’rmadim, qachongacha kutib avtobusga o’tirib ketganini ko’rmadim, ammo uning avtobusni kutayotganini ko’rdim, ish-harakatning o’rtasida, davom etib turgan vaqtida ko’rdim).
  11. HAVE SOMETHING DONE – BIROR ISHNI QILDIRISH. Bu formuladagi gaplarda biror ishni o’zi bajarmasdan kimgadir bajartirish nazarda tutiladi. Masalan: I had my shoes cleaned – Men tuflimni tozalattirdim (o’zim tozalamadim, kimnidir yollab, unga tozalatdim).
  12. THE MORE… THE BETTER… – QANCHALIK … BO’LSA, SHUNCHALIK … BO’LADI. Qo’sh-qiyos. Bunda aniq artikl bilan ikkita qiyosiy darajadagi fe’l ishlatiladi. Masalan: The more you read, the better you understand the matter – Qanchalik ko’p o’qisang, masalani shunchalik yaxshiroq tushunasan.
  13. GET/HAVE SOMEBODY TO DO SOMETHING – KIMNIDIR BIROR ISHNI QILISHGA MAJBUR QILISH. Bu yuqoridagi 11-formulamiz ma’nosini beradi, faqat bu formulada ish-harakatni kimga qildirganligi alohida ta’kidlanib, muhim hisoblanadi. Formuladan ko’rinib turibdiki, GET yoki HAVE yordamchi fe’llari bir hil ishlatilishi mumkin. Masalan: I got Tom to clean my shoes – Men Tomni tuflimni tozalashga majbur qildim.

Testlarni oson yechish bo’yicha ko’proq tavsiyalarni boshqa maqolalarimizdan topishingiz mumkin. Yuqoridagi formulalarimizga qo’shimcha qilmoqchi bo’lgan tushunchalaringiz mavjud bo’lsa, ularni biz bilan o’rtoqlashing. Yuqoridagi mavzuni birgalikda mukammallashtiraylik!

Abituriyent uchun test formulalari” maqolasida 119 fikr

  1. Furqat

    I shall have been helping for a month when you come
    shu gapni *passive* da korsating.yani passive zamonda shakli qanday boladi

    Javob berish

  2. muhayyo

    iltimos test masterdagi ushbu matnli testda yordam bersangiz. javoblari orqasidagidan farq qilyabti:

    concorde, the world’s fastest passenger plane, …1.. by france and britain together. in the 1950s, both countries dreamed of having a supersonic plane, and the project..2.. in 1962. 1.5 billion..3.. on developing the concorde, and it ….4…. for over 5000 hours , which makes it the most tested plane in history. the first passenger plane..5… by british airways and air france in 1967. the concorde holds many world records, including the fastest crossing of the atlantic ocean from new york to london, which …..6… in 2 hours 45 seconds. flying at twice the speed of sound means that flying time..7.. by half, which is i why the concorde flight between london and new york..8… a lot by business people and film stars- you can live britain at 10.30 and arrive in new york an hour earlier.

    1 a)developed b) have been developed c) was developed
    2 a) was started b) started c) have been started
    3 a)spent b) was spent c) haVE been spent
    4 a) tested b) has tested c) have been tested d) was tested
    5 a) introduce b) was introduced c) has been introduced
    6 a)achieved b) have been achieved c) was achieved
    7 a) is reduced b) has reduced c) was reduced d) will be reduced
    8 a) used b) had been used c) is used

    2) – jane told me you have a place at university.
    – that’s right. i … math at st. Andrews in Scotland.
    a) studied b) will study c) study d) am going to study

    3) … you are the first person up in the morning make me up a cup of coffe.
    a) when b) while c) if d)as soon as

    Javob berish

    1. Azamat Xodjakov

      1-C, 2-A, 3-B, 4-D, 5-B, 6-C, 7-C, 8-D.
      Keyingi yozilgan ikkita test javoblari:
      2-D, 3-C
      Ba’zi xatolarni yozilishda noto’g’ri yozilgan, deb hisoblab e’tiborga olmadim.

      Javob berish

  3. muhayyo

    englishclubpro.com saytida ushbu testga tushunmadim. ushbu gapni tarjimasi qanday bo’ladi.
    What I like more than anything else ___________________ on Sunday mornings.

    waking up late

    to wake up late

    is waking up late

    is wake up late

    Javob berish

    1. Azamat Xodjakov

      What I like more than anything else is waking up late on Sunday mornings – Hamma narsadan ham eng ko’proq yoqtirganim yakshanba kunlari ertalab kech uyg’onishdir. 😀

      Javob berish

  4. timur

    iltimos quyidagi testlarda yordam bersangiz:
    1)… will tell you that two and 2 is four.
    a) someone b) anyone c) no one d) nothing

    2)what is that smell ? can you smell …. burning?
    a) something b)anything c) nothing d) everything
    fikrimcha 2-sida so’roq gap bo’lgani u-n b javob bo’lishi kerak. kitob orqasida esa a ni bergan.

    Javob berish

    1. Azamat Xodjakov

      1-b, 2-a. Ikkinchi savolda javobning «something» bo’lishiga sabab, gapdagi so’zlovchi nimadir kuyayotganiga to’liq ishonch hosil qilgan holda gapirayapti va «something» so’zi o’sha kuyayotgan «nimadir» ma’nosini anglatayapti. Asosiy e’tibor «Can you smell?» qismida, agar «Nima kuyayapti?» demoqchi bo’lishganda edi, unda Siz aytganingizdek, qoida asosida so’roq gap bo’lishiga qarab «anything» javobi to’g’ri bo’lardi.

      Javob berish

  5. Nina

    1 – avgust kuni imtihondan chiqib sizdan surashmaganmi aniqlik kiritish uchun bazi savollarga javob ? javobiz uchun oldindan rahmat

    Javob berish

    1. Azamat Xodjakov

      Bunday holat ko’p bo’lgan, misol uchun o’zim tayyorlagan o’quvchilarim imtihondan chiqishganidan so’ng o’zlari uchun qiyin tuyulgan va eslab qolishgan ba’zi savollarni mendan so’rashgan. Ba’zi testlar juda chalkash tuyuladi, hatto testdagi savolning to’g’ri javobi keltirilmagandek bo’lib ko’rinadi. Bunday holat ko’pchilik abituriyentlarda bo’lgan, menimcha.

      Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan