Bosh sahifa / Internetda pul ishlash / 4 rasm 1 so’z o’yini g’oyasi

4 rasm 1 so’z o’yini g’oyasi

So’nggi vaqtlarda «4 pics 1 word» o’yinini ko’p o’ynayapman. Bu o’yin nafaqat ingliz tili bo’yicha so’z boyligimni oshirish, mustahkamlashga yordam berayapti, balki bo’sh vaqtimning mazmunli o’tishiga hissa qo’shayapti. Ushbu foydali o’yinni ochganimda har doim «Shu o’yin o’zbek tilida huddi shu holat va imkoniyat bilan yaratilsa juda zo’r bo’lar edi», degan hayol o’tadi. Hozircha 4 pics 1 word o’yini imkoniyatlarini taqdim eta oladigan o’yin o’zbek tilida mavjud emas.

Google Playda to’rtta rasm va bitta so’z asosida yaratilgan, o’zbek tilidagi bir nechta o’yinlarni topdim. Ularning bazasi juda kichik, so’zlar sodda va g’alaba qilish juda oson. O’zbek tilidagi bunday o’yinlarga bir necha soat sarflansa, butun o’yinni o’ynab tugatish mumkin. Interaktivlik va qo’shimcha imkoniyatlarning yo’qligi esa foydalanuvchini tez zeriktirib qo’yadi.

To’rt rasm bir so’z o’yinini o’zbek tilida yaratish istagida bo’lganlar uchun o’yinning ashaddiy muxlisi sifatida o’zimning bir nechta tavsiyalarimni bermoqchiman. Albatta, bu tavsiyalarning barchasi ingliz tilidagi o’yin imkoniyatlari, holati va tuzilishidan olingan.

Bazaning so’z boyligi

Menimcha bu jihat o’yindagi eng asosiy qism hisoblanadi. O’yin tizimi faqat to’rtta rasmni bitta so’zga biriktirish bilan cheklanib qolmasligi kerak. Har bitta rasmga mos keluvchi maksimal miqdordagi so’zlar jamlanib, keyin rasmlar tasodifiy tartibda tanlanishi va shundan keyin ularga mos so’z avtomatik tarzda tanlab ko’rsatilishi kerak. Bunda kombinatsiyalar soni ham, bazadagi so’zlar soni ham ko’p bo’ladi.

Yorliqlar taqdim etish

Asosiy so’z topish o’yinidan tashqari turli bayramlar munosabati bilan qo’shimcha yorliqlar olish imkoniyatini beruvchi kichik o’yinlar tashkillashtirish mumkin. Qancha ko’p mavzulashtirilgan so’zlarni topsangiz, shu mavzuga oid shuncha ko’p yorliqqa ega bo’lasiz. Yorliqlar foydalanuvchilarni qiziqtiradi, ularni ko’proq so’z topishga undaydi.

Hisob, pul va daraja

O’yinda darajani hisoblash yaxshi yo’lga qo’yilishi kerak. Qancha ko’p so’z topsangiz, hisobingiz shuncha ko’payishi kerak. Hisobning ko’pligi esa darajaning yuqori bo’lishini ta’minlashi kerak. Foydalanuvchi puli esa har bir topilgan so’z bilan ma’lum miqdorga ko’payitirib borilishi kerak. Pullar harflar ochish, keraksiz harflarni yashirish va boshqa, o’yin ichidagi imkoniyatlarni ochish uchun sarflanishi mumkin.

Ko’p foydalanuvchili o’yin

Bir vaqtning o’zida internet orqali ikki yoki undan ortiq kishi bitta o’yinni o’ynashi o’yinga o’zgacha ma’no bag’ishlaydi. Musobaqa asnosida foydalanuvchilar zerikib qolmaydi. Ijtimoiy imkoniyatlarni taqdim etuvchi ko’p foydalanuvchili o’yin imkoniyati o’yinni juda mashxur qilib yuborishi mumkin.

Reklamalar va ularni o’chirish

Dasturda albatta reklamalar bo’lishi kerak. Dastur ijodkorlari ular orqali daromad olishlari, bajargan ishlaridan manfaatlanishlari mumkin. Istovchilar qo’shimcha to’lov evaziga reklamalarni o’chirib qo’yishlari mumkin bo’ladi.

Pulni ko’paytirish

Yuqorida aytilganidek, o’yin ichidagi tilla pul harflarni ochish, ishlatilmaydigan harflarni yashirish uchun sarflanishi mumkin. Foydalanuvchilar so’zlarni topish davomida bunday pullarni yig’ib borishadi. Ammo istovchilar uchun qo’shimcha to’lov evaziga pullarini ko’paytirib olish imkoniyati ham yaratilishi kerak. Yana bir bor, bu imkoniyat foydalanuvchiga navbatdagi so’zlarni osonroq topishga imkon bersa, dastur muallifiga yaxshigina davomad keltirishi mumkin.

Do’stlardan yordam so’rash

Topa olmayotgan so’zingizni do’stlaringizga Facebook, Telegram, SMS yoki boshqa usul orqali yuborishingiz mumkin bo’lsa, ular Sizga so’zni topishda yordam berishsa, o’yin har doimgidan ham qiziqroq kechadi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali do’stlardan yordam so’rash imkoniyati albatta bo’lishi shart!

Vaqtbay yordam

Foydalanuvchi qaysidir so’zni topa olmay qolsa, ma’lum vaqt o’tgandan so’ng (masalan, 24 soatdan keyin) so’zning bitta harfi ochilishi kerak. Bunday vaqtbay yordam harflarni ochishga puli qolmagan, so’zni topa olmayotgan foydalanuvchilar uchun yordam bo’ladi. Bu imkoniyat foydalanuvchini o’yindan bezib qolishidan saqlaydi.

Eslatmalar

Ma’lum muddat o’yinga kirmay qolgan foydalanuvchilarga turli usullarda eslatmalar yuborish, o’yinga jalb qilish usullari ko’rib chiqilishi kerak.

Yuqoridagilardan tashqari o’yinni ommalashtirishga yordam beruvchi, uni qiziqarli qiluvchi yana boshqa imkoniyatlar qo’shilishi mumkin.

O’yinni Android va iOS uchun yaratish maqsadga muvofiq. O’zim bu texnologiyalar borasida bilimsiz bo’lganligimni hisobga olgan holda huddi shu o’yinni webda yashga urinib ko’rmoqchiman 🙂 Barcha imkoniyat va qulayliklarni mobil platformadagidek taqdim eta olmasam ham, o’ziga xos, kompyuterdan, mobil qurilmadan o’ynash mumkin bo’lgan, internet asosida ishlaydigan biror tizim yarata olaman, degan umiddaman.

Abituriyentlar uchun test formulalari

5 ta fikr

  1. Shunaqa ruscha o’rgatadigani yomi ! iloji bulsa +99891 982 49 49 raqamga yozib yuboring nomlarimi yoki silkasimi : iltimos hop

  2. Salom. Hormang. O’zingiz yaratadigan bo’ldingizmi bu o’yinni, sayt shaklida

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*