Bosh sahifa / Sayt tayyorlash / 2018-yilning 18 ta yangi sayt g’oyalari

2018-yilning 18 ta yangi sayt g’oyalari

Boshlanish arafasida bo’lgan yangi 2018-yilda yangi saytga asos solmoqchimisiz? Ko’pchilik uchun foydali, o’zingiz uchun daromadli va eng muhimi boshqalarnikiga o’xshamaydigan sayt yaratmoqchimisiz? Bunday sayt yaratish bilan bog’liq texnik ishlarni hisobga olmaganda saytning g’oyasini to’g’ri tanlash, ishlab chiqish har tomonlama mas’uliyatli ish hisoblanadi. Chunki bajariladigan barcha ishning oxirini o’ylab qilish xayrli bo’ladi, aks holda tadbirsiz ish bilan vaqtni bekorga o’tkazgan bo’lib qolish hech gap emas.

Sayt yaratish haqida o’ylayapsizmi?

Ushbu maqolada 2018-yilda .uz domeni bilan ishga tushirish mumkin bo’lgan eng yangi sayt g’oyalarini taqdim etmoqchiman. 18 ta sayt g’oyasi ichida o’zingizga ma’qulini tanlab olib, lozim topsangiz O’zbekistondagi eng muvaffaqiyatli onlayn loyihalardan biriga asos solishingiz mumkin. Bu kabi sayt g’oyalarini o’tgan 2016-yilda «2016-yilning 16 ta eng qaynoq sayt g’oyalari» va 2015-yilda «2015-yilning 15 ta eng qaynoq sayt g’oyalari» maqolalarida ham ulashganman. 2018-yilda esa butunlay yangi sayt g’oyalarini ko’rib chiqamiz:

1. EKSPORTBOP MILLIY MAHSULOTLAR KATALOGI

O’zbekistonda ishlab chiqaruvchilar ko’p. Tadbirkorlikka ochilayotgan yangi-yangi yo’llar, yaratilayotgan imkoniyatlar asosida mahsulot ishlab chiqarish kelasi yaqin yillarda hozirgidan bir necha barobar ko’payishi kutilmoqda. Mahsulotlarimizni eksport qilishimiz kerak. Bizda sifatli, tabiiy toza mahsulotlar juda ko’p. Ammo bu mahsulotlar internetda xorijliklar uchun yaxshi yo’naltirilgan holda reklama qilinmaydi.

Shunday bir sayt ochish kerakki, u Alibaba.com sayti uslubida mahsulotlarni reklama qilsin. Bu sayt mahsulot sotishi shart emas, shunchaki yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni katalog tarzida yig’ib, ingliz va rus tillarida (menimcha o’zbek tilining bo’lishi kerak emas) xorijliklarga taqdim etsin. Saytga kirgan xorijlik bizda ishlab chiqariladigan mahsulotlarni ko’rishi, ishlab chiqaruvchi bilan bog’lana olishi, eksport uchun kerak bo’ladigan xujjatlardan boshlab eng kichik ma’lumotlargacha o’rganishi mumkin bo’lsin. Saytda quyidagi qulayliklar yaratilsa maqsadga muvofiq bo’ladi:

  • Onlayn chat: buyurtmachi istagan vaqtda ishlab chiqaruvchi bilan yozisha olsin;
  • Tahminiy buyurtma yuborish (keyinchalik ishlab chiqaruvchi bilan kelishishdan oldin);
  • Mahsulotlarni yetkazib berishga oid eng yangi, aniq va tushunarli ma’lumot;
  • Har bir mahsulot yoki ishlab chiqaruvchiga oid rasmlar/videolar joylash imkoniyati;
  • Saytning mobil ilovasi;
  • 24/7 ishlaydigan dispetcherlar (TopContact usulida).

O’ylaymanki, bunday platformaga yana bir talay qo’shimcha imkoniyatlar kiritish mumkin. Shu yo’nalishda ochilgan sayt ishlab chiqaruvchilarimiz uchun ayni muddao bo’lar edi. Qo’shimcha imkoniyat va xizmatlar orqali esa sayt asoschisi juda yaxshi daromad olishi mumkin.

2. ONLAYN MAKTAB (YOKI O’QUV KURSI)

Xususiy bog’cha va maktablar ochish uchun amalda ruxsat berildi. Nega maktab yoki o’quv kurslarini onlayn tarzda, internet orqali ishlaydigan qilmaymiz? Bu g’oya oddiy maktab yoki o’quv kursining saytini tashkil qilish bilan bog’liq emas. Aynan dars jarayoni, o’qish va o’qitish internet orqali amalga oshiriladigan katta platforma haqida aytmoqchiman. Kishi uydan chiqmagan holda, o’zi uchun qulay vaqtda (yoki belgilangan bir vaqtda) internet orqali ta’lim olsa, u yoki bu sohaga oid bilimlarini oshirsa juda zo’r bo’lar edi! O’ziga xos o’quv-ta’limiy platforma bo’lishi rejalashtirilgan ushbu saytda quyidagi imkoniyatlar yaratilishi kerak:

  • Guruhlar asosida va yakkama-yakka video/audio muloqot;
  • Baholash, uyga vazifa tekshirish, fayl almashish va boshqa ichki tizimlar;
  • Xususiy repetitorlarga virtual dars xonalarni ijaraga berish;
  • Istalgan vaqtda ko’rish uchun video darslar va jonli darslar arxiv videolari;
  • Codecademy.com usulidagi interaktiv darslar tizimi;
  • Birituvchilarga sertifikatlar berish va bu sertifikatlarni imkon qadar imtiyozli qilish.

Kimda-kim shu g’oyani qoyilmaqom qarzda amalga oshira olsa O’zbekiston tarixidagi birinchi to’liq onlayn maktab/o’quv kursiga asos solgan bo’ladi. Saytdan olinadigan daromad, odamlarga loyiha keltiradigan ma’naviy foyda va yana bir qancha ijobiy sifatlar bu loyihada mujassam. O’ylaymanki, bu loyiha haqida nafaqat oddiy tadbirkorlar, balki ta’lim sohasida ishlab yurgan tadbirkorlar, o’quv kurslari mutasaddilari, xususiy maktab/bog’cha tashkilotchilari jiddiy o’ylab ko’rishlari zarur. Chunki taraqqiyot endi ortga qaytmaydi, hech qachon patqalam va qog’oz ishlatishga qaytmaymiz. Bugun bu loyihani hozir sohada ishlab turganlar amalga oshirmasa, ertaga boshqa kimdir albatta amalga oshiradi. Internet orqali ta’lim albatta yuzaga keladi. Shunchaki Siz ushbu loyihaning asoschisi sifatida O’zbekiston ta’limi tarixida qolishingiz mumkin.

3. ONLAYN YORDAMCHI XIZMATI

TopContact O’zbekistonda xizmati bor. Ular bizneslarga telefon orqali yordam xizmatini ko’rsatishni osonlashtiradi. Shunga o’xshash yordam xizmatini telefon orqali emas, sayt orqali chat ko’rinishida amalga oshirish mumkin. Ko’pchilik saytlar bu talabni JivoChat orqali qanoatlantirishadi. Vaholangki, milliy saytlar va xorijiy saytlar uchun o’zimizdan shunday xizmat turini taklif qiluvchi tizim yaratish mumkin. Bizda rus tilida yaxshi gapiruvchi mutaxassislar yetarli (ular yordamida Rossiya va MDH davlatlariga chiqish mumkin), o’zbek tilidagi mutaxassislar esa o’zimizning saytlarimizning ko’pchiligi uchun yordamchi bo’lishi mumkin.

Mening sotuvga chiqarilgan kitobim bor. Bu kitob internet orqali reklama qilinib, pochta orqali yoki kitob do’konlarida sotiladi. Sayt orqali kitobni harid qilish, uni qayerdan topish bo’yicha ko’p savollar kelib tushadi. Afsuski, ba’zan savollarga kech javob yozaman. Haridorlar javobni kutib qolishadi, ba’zan ular uchun berilgan kech javobning ahamiyati qolmaydi. Qani edi shunday xizmat bo’lsa-yu, 24/7 tarzida haridorlar savollariga javob yozsa, ular bilan chat asosida suhbatlashib, savdolar ko’rsatkichini oshirsa. Tizimda quyidagi imkoniyatlar bo’lishi shart:

  • Chatbay/suhbatbay hisob-kitob tizimi;
  • Buyurtmachining chat tarixini istalgan vaqt o’qish imkoniyati;
  • Chatni Telegram orqali amalga oshirish imkoniyati;
  • Qo’chimcha xizmat sifatida qo’ng’iroq buyurtma qilish imkoniyatini taqdim etish;
  • Dispetcherlarni masofadan yollash, uydan turib ishlash imkoniyati.

4. KITOB IJTIMOIY TARMOG’I

Prezidentimizning dekabr oyidagi ma’ruzalaridan birida prezident uchun qo’shiq aytib mukofot oladiganlarga nisbatan kitob o’qib mukofotlanadigan yoshlar ma’qulroq ekanligi ta’kidlangandan so’ng nihoyat qo’shiqchi-yu qiziqchilarga emas, olimlar-u adiblarga, akademiklar-u ixtirochilarga taqlid qiluvchi yoshlar qatlami shakllanishiga menda umid paydo bo’ldi. Kitob o’qish ko’pchilik uchun bir tiyinga qimmat mashg’ulot ekanligi haqiqat. Ammo kitobga qiziquvchilar ham kam emas. O’zbek tilidagi saytlar orasida kitobxonlar ijtimoiy tarmog’i yo’q. Ma’naviyati bizdan rivojlanganroq davlatlarda bunday tarmoqlarni ko’plab uchratishingiz mumkin. O’zim bir necha yillardan buyon Goodreads a’zosiman. Bu tarmoqda kitobxonlar bir-biriga o’zi o’qigan kitoblarni tavsiya qilishadi, yozayotgan kitoblari haqida fikrlashishadi. Agar rus tilidagi shunday tarmoqqa misol kerak bo’lsa LiveLib saytiga kiring.

Bizda ham shunday tarmoqlar, saytlar ochilishi shart. Sohaga hissa qo’shishni o’zingizdan boshlashingiz mumkin. Siz qaysi yo’nalishda ishlaysiz yoki o’qiysiz? Arxitektor bo’lsangiz arxitekturaga oid kitoblarga bag’ishlangan sayt oching. Tibbiyot sohasida o’qiyotgan bo’lsangiz tabbiyotga oid, o’zingizga o’qishingizda kerak bo’layotgan kitoblarga bag’ishlangan sayt oching. Umuman, kitobga qiziqqan kishi bu yo’nalishda har qancha kichik sayt tayyorlamasin, jamiyat uchun juda katta foyda keltirgan bo’ladi.

5. YORDAM VA MOLIYAVIY KO’MAK SAYTI

Buni ro’yxatga kiritmasam ham bo’lar edi, chunki o’zim YordamBer.uz domeni ostida yangi, shu yo’nalishdagi loyihani boshlab qo’yganman. Ammo mendan boshqa yana kimdir bu yo’nalishdagi saytni menga nisbatan yaxshiroq, mukammalroq qilib tayyorlashi mumkin, degan umid bilan uni ro’yxatga kiritdim. Sayt haqida avvalroq ham maqola yozganman.

Xullas bu saytda Kun.uz, Facebook guruhlari va boshqa joylarda yordamga muxtoj kishilar uchun moliyaviy yordam so’rab yoziladigan maqolalar jamlanadi. Bu saytdan daromad olish imkonsiz (fikrimcha, to’g’ri ham emas). Lekin shu mavzuda alohida sayt yaratilsa yordam oluvchilarga ham, yordam beruvchilarga ham qulay bo’lar edi.

6. INTERNET REKLAMA TIZIMI

Ko’pchilik .uz saytlarda kattalashtiradigan, sochni o’stiradigan, ozdiradigan yoki semirtiradigan dorilar tizer reklamasi ko’rsatiladi. Asosan AdNow orqali olinayotgan bu reklamalarni o’zimizda tashkil etish ham mumkin. Reklama qiluvchi saytlar ko’p, reklama beruvchilar yetarli. Faqat keraklicha ishonchli bo’lgan, imkoniyati keng va mustahkam ishlaydigan sayt tashkil etilishi qolgan, xolos.

7. TED TALK SAYTI

Agar TED talk nima ekanligini bilmasangiz va hech qachon shunday nutqlardan ilhomlanmagan bo’lsangiz, keyingi g’oyaga o’tib ketishingiz mumkin. TED talk Sizga yoqsa, ted.com saytini ko’rgan bo’lishingiz kerak. Sizning saytingiz, Siz tashkil qilishingiz mumkin bo’lgan yig’ilishlar millionlab odamlarni ruhlantirishi mumkin.

8. AQLLI O’YINLAR SAYTI

Meduza saytidagi o’yinlar menga yoqadi. Boshqa o’yinlar singari faqat barmoqlar emas, balki aql ham ishlashi talab etiladi. O’yinlardan biriga misol:

Tasavvur qiling, Siz Rossiya prezidentisiz. Davlatda bir turdagi muammo paydo bo’ldi. Siz qanday yo’l tutasiz? Variantlarda birinchi, ikkinchi, uchinchi va to’rtinchi turdagi ish-harakatlar berilgan. To’g’ri topsangiz keyingi savolga o’tasiz, xato bo’lsa nega xatoligi tushuntiriladi. O’yin so’nggida (mening holatimda) «Siz prezident bo’la olmadingiz. Ana ko’rdingizmi, Rossiya prezidenti bo’lish qanchalar qiyin ekanligini?», degan xabar ko’rsatildi. Balki o’yinda yutganimda boshqacha yozuv chiqardi.

Bunday sayt ko’p yo’nalishli bo’lishi kerak. Tasavvur qiling, turli yo’nalishda tahsil olayotgan talabalar o’yinlar asosida bilimlarini oshirishsa! Tibbiyot talabalari o’z yo’nalishi bo’yicha o’yinlar o’ynasa, huquq sohasi talabalari o’zlariga oid masalalarni o’yinlar orqali o’rganishsa. Xulosa qilish Sizdan.

9. «MEHR KO’ZDA» SAYTI

Televideniye orqali «Mehr ko’zda» ko’rsatuvini ko’rmaganlar uchun: uzoq vaqt davomida bir-birini yo’qotib qo’ygan, topa olmayotgan qadrdonlarni topib, uchrashtiradigan ko’rsatuv bor (edi, yoki hozir ham bormi? TV ko’rmay qo’yganimga ancha bo’ldi). Shu yo’nalishda ishlaydigan o’zbek tilidagi sayt yo’q. Agar yaratilsa, bunday sayt orqali ko’pchilik bir-birini izlar, topar va saytdan unumli foydalanar edi.

10. «90-YILLAR» SAYTI

Yaqinda tasodifan mana bu dizaynni topib oldim. Saytning bunaqa ko’rinishi menga 90-yillarni eslatib yubordi. Yodingizdami bolaligimizda hozirgidan butkul farqli bo’lgan qancha narsalarimiz bo’lgan? «Shiribom», «Otokit», «Nu pogodi» saqichi, nima uchun ishlatilishi tushunarsiz temirli E harfi, gugurt uchidagi ezib to’ldirilgan boltlar, gazetadan yasalgan bosh kiyim, yigitlarning ahmoqona soch turmagi… Xullas, hozirgi o’smirlar umuman ko’rmagan, tushunmaydigan va ba’zilarini ko’rganda kuladigan ko’p narsalar bor. Ularni bitta saytga jamlash mumkin. Bolaligini eslatadigan bu saytga yoshi katta ko’plab foydalanuvchilar tashrif buyurishi mumkin.

11. KROSSVORD YORDAMCHISI

Ko’p vaqtimni 4 ta rasm 1 ta so’z o’yinini o’ynashga sarflayapman. Ba’zan topa olmagan so’zlarimni o’rtadagi, boshidagi yoki ohiridagi harflariga ko’ra CrosswordSolver yoki WordPlays orqali izlab topaman. Bu saytlarda (misol uchun) «9 harfdan iborat so’z, uchinchi va to’rtinchi harflari MA», deb belgilasangiz ingliz tilidagi barcha 9 harfli, uchinchi va to’rtinchi harflari MA bo’lgan so’zlarni ko’rsatadi. O’zbek tilida bunday sayt (xizmat) yo’q. Tilshunoslarimiz, ayniqsa ilmiy ish qilayotgan filologlarimiz shunday sayt yaratishsa maqsadga muvofiq bo’lar edi. Chunki o’zbek tilidagi bunday krossvord yordamchisi nafaqat krossvord bilan qiziquvchilarga, balki boshqa maqsadlarda o’zbek tilini o’rganayotgan, tildan foydalanayotganlar uchun ham foydali bo’ladi.

12. ONLAYN SAVDO BOSHQARUVI

Bulut texnologiyasi asosida ishlaydigan Moy Sklad saytiga ko’p bora havas qilganman. Bu shunchaki sayt emas, butun bir tizim. Moy Skladda savdo jarayonini boshqarish, omborda qancha mahsulot qolgani, yana qancha olib kelish kerakligi, bugungi savdodan tushgan pul, bugungi savdoning bir hafta oldingi yoki bir oy ilgarigi ko’rsatkich bilan solishtirilgan farqi… umuman, savdo nuqtasi uchun kerakli barcha statistika imkoniyatlari mavjud. Moy Sklad sayti shunday imkoniyatlarni cheksiz foydalanuvchilarga taqdim etishga qodir. Undan nafaqat bir nechta savdo nuqtalari bor kishi, balki bittagina kichik do’koni bor kishi ham unumli foydalanishi mumkin. Mobil ilovalar bilan esa do’koningizdagi savdo ahvoli real vaqtdagi o’zgarib turuvchi statistika bilan qulay usulda tanishib borish imkonini beradi.

Bizda savdo nuqtalari ko’p. Adashmasam bir yil ilgari chiqqan qaysidir qarorga asosan ko’pchilik savdo nuqtalariga maxsus barkod skanerlar, POS printerlar va kompyuterlar o’rnatildi. Bilishimcha bunday qurilma va dasturiy ta’minotlarni o’rnatish ming dollar atrofidagi summani talab qilar ekan. Agar Moy Sklad tizimiga o’xshash tizim O’zbekistonda tashkil etilsa va savdo nuqtalari undan foydalansa, oylik arzimagan miqdordagi abonent to’lovi asosida do’konlar/supermarketlar o’z savdo jarayonlarini hozirgiga nisbatan ancha kuchliroq nazorat qila olgan bo’lar edilar. Bundan tashqari bu xizmat savdo nuqtalari uchun juda juda arzonga tushadi. Chunki bitta kichik do’kon qurilma o’rnatish uchun ming dollar bera olmasligi mumkin, ammo ishlagan oyiga 20-30 ming so’mdan abonent to’lovini qiynalmasdan to’lay oladi.

Tizimni tashkil etgan kishi katta foyda ko’rishi mumkin. 30 ming so’mlik abonent to’lovi asosida xizmatdan O’zbekiston bo’yicha yuz mingta savdo nuqtasi (yoki kassa) foydalansa, tizimga har oyda uch milliard so’m pul tushumi bo’lar ekan. Shaxsan men uchun bu katta pul keltiradigan biznes, degani 🙂

13. FERMERLIKNING BIR YO’NALISHIGA OID SAYT

O’zingiz qiziqqan yoki shug’ullanadigan fermerlik yo’nalishlaridan biriga ta’luqli mukammal sayt yaratishingiz mumkin. Masalan, baliqchilikka bag’ishlangan sayt. U yerda ba’liqlar turlari haqidagi ma’lumotdan boshlab qanday qilib baliqchilik tijorati bilan shug’ullanish, baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish, baliqqa ta’luqli turli mahsulotlar va boshqa narsalar haqida yozish mumkin. Buni nafaqat qaysidir hayvon yoki parrandani boqib ko’paytirish, balki ekin yetishtirish, mevani qayta ishlash kabi sohalarda ham qo’llash mumkin. Qaysi fermerlik tarmog’ini saytning asosiy mavzusiga aylantirishni o’zingiz qaror qilasiz.

14. YOSH TADBIRKORLAR ONLAYN MAKTABI

Xorijlik qanchadan-qancha notiqlar kelib biznes, shaxsiy rivojlanish va boshqa yo’nalishlarda pulli ma’ruzalar o’qib, konferensiyalar uyushtirib ketishgani haqida hammamiz eshitganmiz. Balki Siz ham bunday konferensiya va yig’inlarda shaxsan ishtirok etgandirsiz. Bunday treninglar, majlislar aslida yangilik emas. Internetda biznes va tadbirkolikka tayyorlash bo’yicha ko’plab pulli onlayn kurslar mavjud. Ammo O’zbekiston sharoitidagi tadbirkorlik, milliy tamoyillarimizga mos tushadigan biznes bilan shug’ullanishga tayyorlovchi onlayn kurslar mavjud emas. Agar Siz biznes va tadbirkorlik bo’yicha yetarlicha bilimga ega bo’lsangiz, boshqalarga o’rgatish Sizga yoqsa va o’zingizga yoqqan mashg’ulot orqali daromad olishni xohlasangiz, Sizga faqat bitta sayt kerakligini, bitta sayt bilan o’z faoliyatingizni bugundan boshlashingiz mumkinligini unutmang. Kelajakda o’zbek tilidagi eng zo’r tadbirkorlar uchun onlayn maktab aynan Sizniki bo’lishi mumkin!

15. SAYTLARGA TEXNIK XIZMAT KO’RSATISH

Rus va ingliz tilidagi saytlar orasida yanan WordPress asosida ishlaydigan, yoki aynan Laravel asosida ishlaydigan saytlar uchun maxsus texnik xizmat ko’rsatish portallari bor. U yerda tajribali mutaxassislardan sifatli pulli yordam olish bilan bir qatorda ko’p sonli tajribali a’zolarga ega forumda o’z savollaringizga bepul javob olish imkoniyatingiz ham bo’ladi. Afsuski hozircha o’zbek tilidagi saytlar orasida saytlarga texnik xizmat ko’rsatishga yo’naltirilgan mukammal xizmat tashkil etilmagan. Yangi sayt tayyorlash, saytlarni buyurtma asosida yaratib berish xizmatini taklif qiluvchi studiyalar ko’p. Ammo bir yo’nalishda (frontend, dizayn, backend, CMS) xizmat ko’rsatuvchi, avvaldan ishlab turgan saytni rivojlantirib beruvchi, nosozliklarni tuzatib berishga yo’naltirilgan xizmat mavjud emas. Dasturchilarimiz bu masalaga jiddiy e’tibor qaratishsa har tomonlama ko’pchilik uchun foydali bo’lishi mumkin.

16. SAYT AUDITI XIZMATI

O’zbek tilidagi, milliy tarmog’imizni boyitib borayotgan saytlarimiz soni yetarlicha ko’p. Ammo ularning hammasini ham sifatli deb bo’lmaydi. Saytni yaxshilash uchun nima qilish kerak? Sayt foydalanuvchilarda tezroq ochilishi uchun qanday yo’l tutish to’g’ri? Saytimiz hozirgidan yaxshiroq natijalarga erishishi uchun uning qayerlarini qanday qilib o’zgartirishimiz talab etiladi? Bu savollarga javobni sayt auditori berishi mumkin. Hozircha o’zbek tilidagi saytlar orasida saytlarni audit qiladigan, SEO va tezlik, domen tanlash va hosting tanlovi bo’yicha maslahat berishi mumkin bo’lgan audit xizmati yo’q.

Bunday xizmatni tashkil etish uchun bizda yetarlicha bilimli kadrlar topilmasligi o’rinli e’tirozni keltirib chiqarishi mumkin. Ammo hammasi birinchi kundan super sifatli bo’lishi shart emas. Audit xizmatini bilganingizcha tashkil etib, keyinchalik faoliyat davomida tajribangizni oshirib borishingiz mumkin.

17. INTERAKTIV ONLAYN RADIO

O’tib borayotgan yilning O’zbekiston internet radiosi sohasidagi (men uchun) ikkita katta o’zgarishi Oriat Dono radiosi saytining menga yoqadigan dizaynda tayyorlanishi va Azon FM radiosining tashkil etilishi bo’ldi. Ammo, afsuski, hozirgacha bizga interaktiv ishlaydigan, tinglovchilar bilan internet orqali bevosita aloqada bo’ladigan, asosan internet orqali faoliyat ko’rsatadigan radio yetishmaydi. Yevropa Plyus radiosi saytini ko’ring. Hit paradlar, chatlar, muhokamalar, onlayn efir, studiyaning video translyatsiyasi, playlistning tinglovchilar tomonidan shakllantirilishi… umuman, onlayn radio uchun kerak bo’lgan barcha interaktivlik bor. Kimdir o’zbek tilida faoliyat olib boradigan onlayn radioni qachondir tashkil etishi kerak. Menimcha, bu sohaga e’tibor asosan jurnalistlarimiz tomonidan qaratilishi kerak. Jurnalistika va dasturlashni uyg’unlashtirsak, ajoyib milliy internet-radioga ega bo’lamiz!

18. KONTENT ISHLAB CHIQARUVCHI SAYT

Jurnalist tanishlarimdan bilishimcha hozircha O’zbekistonda chetki kontentni kamdan-kam tijorat telekanallari efirga uzatishar ekan. Ammo ikki yil ichida bu soha ham Rossiya yoki xorijiy boshqa davlatlardagi kabi rivojlanar ekan. Yellow Black & White guruhi saytini ko’ring. Ular tayyorlagan mahsulotlar Rossiyaning mashxur kanallarida efir yuzini ko’radi. Hali bizda ham televideniye uchun shunday media mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar shakllanadi.

O’zbek tilidagi saytlar orasida esa kontentga bo’lgan talab allaqachon shakllanib bo’lgan. TVdan farqli ravishda saytlar uchun yaxshi, sifatli, hech kimdan ko’chirilmagan maqolalar kerak. Shunday bir sayt ochisa-yu, unda boshqa saytlar uchun kontent ishlab chiqarilsa va sotilsa. Masalan, mening sayt tayyorlash va sayt yaratishga aloqador boshqa narsalar yo’nalishidagi saytim bor. Unga har kuni maqola yozishga vaqtim bo’lmasligi mumkin. O’zim yozganda ham saytimga bir ikkita kunlik qo’shimcha maqola zarar qilmaydi. Shunday holatda saytim uchun maxsus yozilgan kontentni sotib olishim va birinchilardan bo’lib maqolani o’zimning saytimda chop etishim mumkin bo’ladi. Bunda maqolalar berilgan kalit so’z asosida yozilib, mualliflik huquqi bilan birgalikda buyurtmachiga sotiladi. Har xil saytlardan bunday kontent ishlab chiqaruvchiga turli mavzularda yozilgan sifatli maqolalar uchun buyurtmalar tushaveradi. PR maqola, ma’lumot, tarjima kabilar bilan ham shug’ullanish mumkin.

Barcha sayt ijodkorlariga boshlanayotgan yangi yilda yangicha g’oyalar va muvaffaqiyatlar tilab qolaman. Yuqorida aytib o’tilgan g’oyalarni amalga oshirish, yoki umuman har qanday boshqa turdagi sayt yaratish bo’yicha yordam kerak bo’lsa +998 93 798 22 00 raqami orqali murojaat qilishingiz mumkinligini ham eslatib qo’ymoqchiman. Eng arzon narxlardagi sifatli saytlarni buyurtma asosida tayyorlatishingiz mumkin.

Abituriyentlar uchun test formulalari

29 ta fikr

  1. Агар сир бомаса шу сайтингиздан канча пул ишлап топтингиз ?

  2. Саволим жавобсиз колди

  3. Саволим бор узбек тилида сайт очса одам коп кирадими ё рус тилида сайт очган яхшими?

    • Sayt mavzusiga bog’liq. Tilning ahamiyati kam.

    • Savolni to’g’ri tuza olmabsiz. Avval sayt qanday ochilishi, qanaqa CMS tanlash kerakligi, hech bo’lmaganda HTMl ni o’rganish kerak, mayli JS va PHP ni bilmang. Bularni bilasiz ham deylik. Keyingi o’rinda SEO degan balo bor. Buni na o’rganib bo’ladi, na o’rgatib. Hammasi tajriba bilan olinadi. Yaxshisi, vaqtni yo’qotmasdan, WordPressda lokal server (masalan XAMM) o’rnatib u yoq bu yoqni chuqalab ko’ring. Birinchi kun adashib qolmasangiz, marhamat, keyin javob berish mumkin qaysi tilda yaxshiligiga.

  4. HTML CSS JAVACRIPT jQuery PHP MYSQL ва улани библиотека ва фреймоворкларини биламан ундан кейн WORDPRESS JOOMLA DRUPAL бу CMS лани хам биламан .SEO оптимизация ва SIMM булани хам биламан ХОСТИНГ ва ДОМЕН булани хам биламан. Ман сорамокчи боганим узбек тилида сайт очсам одамла киради коп ?

    • O’zbek tilida sayt ochsangiz, saytingiz mavzusiga qarab saytingiz mashxur bo’lishi mumkin.

    • Exxeee, bunaqa narsani bilgan odamni saytga odam kirishi o’ylantirmaydi. Bunaqa universal developerlar oyiga kamiida $5000-$10000 topadi, yaxshisi yandex bilan aloqa qilib, o’sha kompaniyaga ishga kiring.

      • xaxaxa bu bilimlari bilan buncha pul topish ertakda, yandex ga kirish uchun bu bilimlari kamlik qiladi. Keyin Azamat aka zo’r g’oyalarni yozgansiz, lekin bu loyihalar uchun O’zbekiston bozori tayyor emas meni fikrimcha.

        • Boburmirzo, naqadar bilimsiz ekanligingizni oshkora qilish shart emas. Bu bilimlar yandex`ga ishga kirish uchun emas, Yandex`dan yaxshiroq tizim yaratish uchun yetib ortadi. $10000 oyiga bu shunchaki eng minimal summa. Bu summa frilans orqali ishlab topilmaydi albattta. Jiddiy saytlarda bitta SQL inject uchun yo’l topilsa, kamida $3000 pul beriladi. Agar siz uchun domain/?id=’ –+ belgisi begona bo’lsa, yaxshisi javob yozmay qo’yavering

  5. SEO оптимицазия`ni bilar ekansiz nima qilasiz so’rab, analitika qilib ko’ring.

  6. Salom Azamat aka! Menga saytni o’zi orqali qanday mo’may pul topish bo’yicha yordam bervoring! Javobingizni www mehmonxonasida kutaman aka!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*