Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

2016-yilning 16 ta eng qaynoq sayt g’oyalari

2016-yilning 16 ta eng qaynoq sayt g’oyalari

Bundan bir yil ilgari «2015-yilning 15 ta eng qaynoq sayt g’oyalari» nomli maqolamda kirib kelayotgan yangi 2015-yilda asos solinishi mening fikrimga ko’ra muvaffaqiyatli bo’lishi mumkin bo’lgan sayt g’oyalari haqida yozgan edim. Bu maqola kim uchundir yangi sayt tayyorlash uchun o’ziga xos ilhom manbai bo’lgan bo’lsa, demak uni yozishdan ko’zlangan maqsadga erishibman. Ushbu yilning so’nggi oylarini ham kuzatish vaqti kelgan bir payda keyingi – 2016-yil uchun yangi sayt rejalarini tuzish ayni muddao bo’ladi.

Bir oydan so’ng 2016-yilni kutib olamiz. Kelayotgan bu yil Siz uchun yangi saytingizni tashkil etish, uni rivojlantirish va O’zbekistondagi eng katta, eng mashxur, eng zo’r web-loyihaga asos solish uchun yangi bir imkoniyat hisoblanadi. Ishonamanki, 2016-yilda Siz hammamiz uchun yangi bo’lgan saytni millionlab o’zbekistonliklar e’tiboriga havola etasiz va foydalanuvchilar o’zbek tilidagi saytlar ichida aynan Sizning saytingizni birinchi raqamli, deb baholashadi!

Qanday sayt tayyorlasangiz 2016-yilda to’liq muvaffaqiyatli, yangi web-loyihaga aylanishi mumkin? Bu savol, menimcha, barcha yangi sayt ochishni rejalashtirgan yurtdoshlarimizni birdek o’ylantiradi. Ba’zan saytni tayyorlashdan ham uning g’oyasini mukammal tanlash qiyinroqdek tuyuladi. Ushbu maqolada mening fikrimga ko’ra 2016-yilda asos solinishi muvaffaqiyatli bo’lishi mumkin bo’lgan 16 ta eng yangi, eng qaynoq va hali O’zbekistonda asos solinmagan sayt g’oyalarini e’tiboringizga havola etmoqchiman. Umid qilamanki, 2017-yilga kelib quyida keltirilgan g’oyalarning hech bo’lmaganda bittasi O’zbekistonning eng muvaffaqiyatli saytlaridan biriga asos bo’ladi.

1. KIM OSHDI SAVDOSI SAYTI. Bu turdagi saytning eng mukammalini eBay.com sayti timsolida ko’rganman. Hozircha O’zbekistonda bu yo’nalishda birorta ham sayt yo’q. Tayyorlanishi, tashkil etilishi jihatida boshqa loyihalarga nisbatan ancha qiyin bo’lgan bu sayt g’oyasi amalga oshirilgandan so’ng o’z ta’sischisiga misli ko’rilmagan daromadlar imkoniyatini ochishi mumkin. Agar Siz kelasi yilda kim oshdi savdosi saytini tashkil etishga erisha olsangiz, nafaqat O’zbekiston saytlari ichida yangi bir yo’nalishni boshlab bergan bo’lasiz, balki millionlab o’zbekistonlik foydalanuvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratasiz, elektron savdo rivojiga hissa qo’shasiz va shu bilan birga o’zingiz ham internet orqali katta daromad olishga muvaffaq bo’lasiz.

Kim oshdi savdosi saytining ishlash imkoniyati quyidagicha: istalgan foydalanuvchi (sotuvchi) saytga a’zo bo’ladi va o’zi sotmoqchi bo’lgan maxsulot haqida to’liq ma’lumotlarni kiritadi. Bunda maxsulotning yaxshi ko’ringan 2-3 fotosuratini yuklash, maxsulot hajmi, rangi va o’ziga xos boshqa jihatlari haqida ma’lumotlarni to’liq aniq yozish majburiy bo’ladi. Sotuvchi maxsulotning boshlang’ich narxini belgilaydi. Maxsulot sotuv uchun chop etilgandan boshlab saytda shu maxsulot savdosining tugash vaqtini soniyasigacha aniqlikda ko’rsatib turuvchi taymer ishga tushadi. Boshqa foydalanuvchilar (haridorlar) ushbu maxsulotni sotib olish uchun belgilangan narxdan yuqoriroq bo’lgan miqdordagi pulni taklif etishadi. Bunday takliflar juda ko’p bo’lishi mumkin. Maxsulot sotilishi vaqtini ko’rsatuvchi taymerdagi vaqt tugaganda u maxsulot uchun eng baland narx taklif etgan foydalanuvchiga sotilganligi avtomatik e’lon qilinadi. Shu zahoti saytdagi haridor hisobida bo’lgan mablag’ sotuvchi hisobiga o’tkazilishi va sotuvchiga pochta orqali belgilangan maxsulotni haridorga yuborish majburiyati qo’yilishi kerak.

Kim oshdi savdosining amaldagi misolini quyidagi sahifada ko’rishingiz mumkin: eBay kompyuterlar savdosi. Bu sahifada maxsulot rasmi, narxi, necha kishi harid qilishga da’vogarlik qilayotgani va kim oshdi savdosi tugashigacha necha soat, daqiqa va soniya qolganligi ma’lumotlarni ko’rishingiz mumkin.

Foydalanuvchilar o’z hisoblarini Click, Paynet kabi tizimlar orqali to’ldirishlari imkoni yaratilishi kerak. Bu elektron savdo sayti albatta tegishli tartibda davlat ro’yxatidan o’tkazilishi shart. Bunday faoliyat turi uchun qanday soliqlar to’lanishi, qanday xujjatlar kerak bo’lishi haqida hududingizdagi hokimiyat, soliq boshqarmasi hamda aloqa va axborotlashtirish agentligi filialiga murojaat qilib bilib olishingiz mumkin.

2. INTERNET ORQALI ISH TOPISH VA ISHGA YOLLASH. Bu sayt odamlarga uylaridan turib, internet orqali ishlash imkoniyatini beradi. Shu bilan birga tashkilotlar uchun ham respublika bo’ylab o’zlari uchun eng iqtidorli, eng kerkali ishchilarni tez, oson topib olishlariga yo’l ochib beradi. Eslatib o’tmoqchiman, bu sayt oddiy «ish izlayapman» va «ishga taklif qilaman» degan e’lonlar sayti bo’lmaydi. Bu sayt foydalanuvchilarga ish topib beradi, ishni boshidan oxirigacha nazorat qiladi va ishchi uchun kelishilgan pulning to’lanishiga kafillik beradi. Saytning ishlash tartibini ko’rib chiqamiz.

Ish beruvchi: ABC kompaniyasi 12 sahifali xujjatni xitoy tilidan o’zbek tiliga tarjima qilmoqchi. Ular uchun tez va ishonchli tarjima kerak. Kompaniya saytga izlayotgan ishchisining jihatlari haqida ma’lumot kiritadi: xitoy tilini mukammal bilishi kerak, tarjima ko’nikmasiga ega bo’lishi kerak, rasmiy xujjatlar bilan ishlay olishi kerak va h.k. Shu bilan birga taklif etilayotgan ish va unga to’lanadigan pul haqida ham ma’lumot kiritiladi: 12 sahifali xujjatni xitoy tilidan o’zbek tiliga tarjima qilish, jami 500 000 so’m to’lanadi. Bu orqali ABC kompaniyasi saytingiz bilan elektron shartnoma imzolaydi. Bu shartnomaga ko’ra agar kimdir saytingiz orqali ushbu kompaniya ishini qilib bersa, kompaniya u kishiga va’da qilingan summani to’lash majburiyatini oladi va o’z navbatida sayt ham yollanayotgan ishchining ishni 100% kompaniya talablariga ko’ra sifatli bajarib berishini kafolatlaydi. Shu orqali saytda ishchi va ish beruvchi o’rtasidagi ishonch mustahkamlanadi.

Ish izlovchi: Bir kishi internet orqali ishlamoqchi. U saytingizga kirib o’z ma’lumotlarini profiliga kiritadi. Sayt foydalanuvchilarni tasdiqlash uchun ularning haqiqiy rasmlari, telefon raqamlari va hatto pasport ma’lumotlarini majburiy talab qilishni joriy qilishi ham mumkin. Ish izlovchi saytda o’z bilim va ko’nikmalarini yozadi: xitoy tilini mukammal bilaman, tarjima bo’yicha 5 yillik tajribam bor, internet orqali kuniga 5 soat ishlash imkoniyatiga egaman va h.k.

Ish beruvchi va ish izlovchi saytning qidiruv tizimi orqali bir-birlarini topishadi va ikki tomon tasdiqlashi asosida ishni bajarish uchun buyurtma hosil bo’ladi. Saytning vazifasi ishni sifatli bajarib, ish beruvchiga yetkazish va ish izlovchiga bajarilgan ish uchun to’lovni kafolatli yetkazib berish hisoblanadi. Ish beruvchi xitoy tilidagi matnni sayt orqali buyurtma bo’limiga yuklaydi. Tarjimon uni yuklab olib, tarjima qilib, yana qayta buyurtma bo’limiga yuklaydi. Ish beruvchi tarjimani qabul qilib oladi va buyurtmani «bajarildi», deb belgilaydi. Aks holda, tarjimada xatoliklar bo’lsa, yoki tarjima kompaniya xohlaganday bo’lmasa, xujjat qayta tarjima uchun yuboriladi. Sayt buyurtma to’liq bajarilmaguncha pulni ish beruvchining xisobidan ish bajaruvchi xisobiga o’tkazmaydi.

Bu turdagi saytni tashkil etish uchun tegishli tartibda davlat ro’yxatidan o’tish shart. Qonuniy jihatdan yuridik kuchga ega bo’lgan sayt tashkil etilsa, ish beruvchilar ham ish izlovchilar ham o’zaro ishonch asosida hamkorlik qilisha oladi. Sayt foydalanuvchilari o’rtasida qandaydir nizo kelib chiqsa, ular qonuniy yo’l bilan hal qilinadi. Buning uchun sayt avvaldan barcha qoidalar aniq ko’rsatilgan, mukammal foydalanuvchi shartnomasiga ega bo’lishi kerak.

3. DEMOTIVATORLAR SAYTI. Demotivatorlar nima ekanligini bilmasangiz, ularni ingliz tilida yoki rus tilida ko’rib chiqishingiz mumkin. Bizda Troll.uz sayti bor – juda ajoyib, aqlli va qiziq loyiha. Ammo to’liq demotivatorlarga bag’ishlangan, istalgan kishi telefonidan, kompyuteridan istalgan rasmni serverga chiqarib, oson interfeysda demotivator yasay oladigan sayt hozircha yo’q. Kimdir bu loyihani amalga oshirsa juda ko’p sonli foydalanuvchilarga ega bo’lgan, tashrif buyuruvchilari soni katta bo’lgan saytga asos solgan bo’ladi.

4. VIDEO KONFERENSIYA XIZMATI SAYTI. UzOnline internetida so’nggi vaqtlarda juda ko’p muammolar yuz berayotganligiga qaramasdan o’zbekistonlik internet foydalanuvchilarning TAS-IX doirasida imkoniyati juda keng. Hozirgi kunda nafaqat poytaxtda, balki O’zbekistonning barcha viloyatlarida TAS-IX tarmog’iga ulanish tezligi yuqori. Deyarli har bir kishining uyida 2 mbit tezlikdagi TAS-IX internet bor. Foydalanuvchilar uchun TAS-IX traffiki to’liq bepul taqdim etiladi va bu narsa video konferensiya xizmatini taklif qiluvchi milliy sayt uchun juda katta qulaylik hisoblanadi. Afsuski hozirgacha bunaqa xizmat taklif etuvchi o’zbek sayti yo’q. Bu turdagi saytning eng yaxshi misolini AppearIn timsolida ko’rishimiz mumkin. Bu saytda istalgan kishi bepul video konferensiyalar xonasini tashkil etishi mumkin. Sinab ko’ring.

Video konferensiya xizmati saytidan online dars o’tish istagida bo’lgan kishilar, internet orqali bir-birini ko’rib gaplashishni xohlovchilar foydalanishlari mumkin. Sifat yaxshi bo’lsa va kerakli darajada reklama qilinsa, kompaniyalar ham bu xizmatdan foydalanishlari mumkin. Xizmat albatta pul evaziga taqdim etiladi. Ammo foydalanish boshlanishiga arzon bo’lishi kerak.

Bu turdagi saytni tashkil etish uchun alohida server talab etiladi. Joy emas tezlik va aloqa sifati birinchi o’rinda bo’lgan bu loyiha uchun boshlanishida qancha mablag’ sarflasangiz ham kelajakda u albatta o’zini oqlaydi.

5. INTERAKTIV O’RGANISH PORTALI. Bu turdagi saytda nima o’rgatilishi muhim emas. Eng muhimi, internet orqali o’rgatish Codecademy.com saytidagidek foydalanuvchilarning faol amaliyoti asosida avtomatik o’tkazilishi kerak. Darsni amalga ko’rish uchun mana bu sahifaga o’ting va «Continue» tugmasini bosing.

Albatta, bu turdagi saytni tayyorlash uchun malakali dasturchini yollashingizga to’g’ri keladi. Ammo loyihani amalga oshirish uchun sarflagan pulingiz albatta o’zini oqlaydi. Chunki hozirgi kunda O’zbekistonda internet orqali foydali ma’lumot o’rganishga bo’lgan talab juda katta. Bu loyiha chet tillari, maktabda o’tiladigan fanlar va boshqa yo’nalishdagi bilimlarni o’rgatishga yo’naltirilishi mumkin.

6. BEPUL VA PULLI REKLAMA ALMASHISH SAYTI.  Bir necha yil oldin O’zbekiston internetida Sir.uz sayti sezilarli darajada muvaffaqiyatga erishgan edi. Sababi haqida hech narsa bilmayman, ammo shunday ommalashgan, mashxur va eng muhimi kerakli bo’lgan bir xizmat o’z-o’zidan to’xtab qoldi. O’zbekiston internetida saytlarning oydan-oyga ko’payib borayotganligini hisobga olsak, hozirgi vaqtda Sir.uz kabi bepul va pulli reklama almashinuvi xizmatini taklif qiluvchi saytga ehtiyoj juda katta.

Bu turdagi saytning ishlash tartibi quyidagicha bo’ladi: o’z saytiga ega bo’lgan foydalanuvchi saytga a’zo bo’ladi va saytining ma’lum belgilangan hajmdagi reklama bannerini yuklaydi. Shundan so’ng tizim foydalanuvchiga o’z saytida joylashtirish uchun reklama kodlarini beradi. Bu kodlar butun tizimdagi reyting bo’yicha bannerlarni ko’rsatishga ixtisoslashgan bo’ladi. Siz saytingizda qanchalik ko’p bannerlarni ko’rsatsangiz, Sizning tizimdagi bannerlaringiz ham boshqa saytlarda shunchalik ko’p ko’rinadi. Butun tizimdagi hamkor saytlarda reklamangiz ko’proq ko’rinishi uchun o’zingizning saytingizda tizim bannerlarini ko’proq ko’rsatishingiz kerak bo’ladi.

7. «MENING SHAHRIM» LOYIHASI. Toshkent shahri uchun tayyorlangan «Moy Gorod» («Mening shahrim») loyihasi to’liq muvaffaqiyatli chiqqanligini hammamiz bilamiz. Shaxsan o’zim Toshkentda yashay boshlaganimdan buyon loyihaning Android dasturidan deyarli har kuni foydalanaman. Bu loyihani O’zbekistonimizning barcha shaharlari uchun tashkil etish mumkinligi haqida o’ylab ko’rganmisiz?

2016-yilning boshidan Termiz shahri uchun Termizda.uz loyihasini amalga oshirish ustida Anvar Ulug’ov va bir necha boshqa tashabbuskor yoshlar bilan birgalikda ish olib borayapmiz. Ushbu loyiha bu yo’nalishdagi barcha g’oylarimning amaldagi ifodasi bo’lishi kutilayotganligi va unga qarab hammasini tushunib olish mumkinligiga qaramasdan, «Mening shahrim» loyihasi haqida bir oz ma’lumot bermoqchiman:

Loyiha uchun bir shahar tanlanadi. Albatta, Siz bu shaharda doimiy istiqomat qilishingiz, bolaligingiz ushbu shaharda o’tgan bo’lishi va shaharni juda yaxshi bilishingiz shart. Sayt shunday tayyorlanishi kerakki, unda shaharning barcha jihatlari elektron tarzda aks etgan bo’lishi kerak. Masalan, shahardagi barcha davlat idoralarining manzillari, ta’lim dargohlarining joylashuvlari, dorixonalar va shunga o’xshash boshqa joylarning rasmi bilan manzili ko’rsatilgan ma’lumotlari kiritiladi. Shaharga kelgan mehmon hech qanday qiyinchiliklarsiz shaharning qayerida nima borligini topib olish imkoniyatiga ega bo’lishi kerak. Sayt bepul e’lonlar, bo’sh ish o’rinlari haqida ma’lumotlar va shaharga ta’luqli boshqa foydali ma’lumotlar bilan boyitilishi mumkin.

8. INNOVATSION G’OYALAR GENERATORI. Stiv Jobs men uchun har doim yangi g’oyalarga ochiq nazar bilan qarovchi kishilarning eng mukammali hisoblanib kelgan. U o’z kompaniyasiga har doim boshqalarga nisbatan boshqacharoq fikrlaydigan kishilarni ishga olishga harakat qilgan. Bu esa, o’z navbatida, yangi iste’dodlar va kashfiyotlarni yetishtirib bergan. Shaxsan o’zim boshqalarga nisbatan boshqacharoq, ijodkorroq va yaratuvchanroq fikrlaydigan kishilarni juda xurmat qilaman hamda qadrlayman. Bir sayt tashkil etilsa-yu, unda butun O’zbekiston bo’yicha yangicha fikrlaydigan, kashfiyotlar qila oladigan, yangiliklar yarata oladigan yoshlar birlashtirilsa. Bu sayt nafaqat fan-texnika sohasidagi yangi kayfiyotlardan ilhomlanish manbayi, balki har bir oddiy foydalanuvchining ham o’z g’oyasini hamma bilan bo’lishish, fikr almashish imkoniyatini beruvchi bir manzil bo’lar edi.

9. BIR FANGA QAT’IY YO’NALTIRILGAN SAYT. Bu g’oyani faqat muayyan bir fanga ixtisoslashgan mutaxassis amalga oshirishi mumkin. Agar Siz qaysidir akademik fan bo’yicha mutaxassis bo’lsangiz, hech ikkilanmasdan o’z faningiz bo’yicha mukammal sayt tashkil etishga hozirdanoq kirishishingizni maslahat beraman. Hozirgi kunda O’zbekiston saytlari ichida muayyan bir fanga 100% yo’naltirilgan mukammal sayt yo’q. Bundan tashqari bir necha fanlarga oid saytlar umuman tashkil etilmagan. Misol uchun, chizmachilik, musiqa, avtomobilni boshqarishni o’rgatish, mikrobiologiya, jismoniy tarbiya, fizika, kimyo va shu kabi boshqa ba’zi fanlar bo’yicha mukammal saytni topa olganimcha yo’q. Ayniqsa musiqani o’rganish yo’nalishidagi sayt tashkil etilsa juda ajoyib bo’lardi. Shaxsan o’zim notalarni o’qishni shu saytdan birinchilardan bo’lib o’rganardim 🙂

10. O’ZBEK TILSHUNOSLARI TARMOG’I SAYTI. Litseyda o’qib yurgan vaqtlarimdan e’tiboran qattiq «X» va yumshoq «X»ni farqlashda juda qiynalaman. Ba’zan ingliz tilidan biror narsani tarjima qilishda muayyan bir so’zning o’zbek tilidagi aynan adabiy ma’nodoshini topishga qiynalaman. Bundan tashqari, o’zbek tiliga rus tilidan o’zlashgan «samolyot» so’zining nega va qanday asos bilan avval «tayyora» deb, keyinchalik esa «uchoq» deb o’zbekchalashtirishganiga hech tushunmaganman. Shunday bir sayt bo’lsa-yu, unda O’zbekistonimizning eng ko’zga ko’ringan tilshunoslari, o’zbek tili mutaxassislari birlashtirilsa. Menga o’xshash «X»larning farqini to’liq bilmaydigan, ba’zi so’zlarni o’zbek tilida chiroyli ifoda etib bera olmaydigan va «uchoq»larni «samolyot» deb noto’g’ri ataydigan kishilar bu saytdan juda katta foyda olishga bo’lardi. Albatta, arzirli reja bilan O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga murojaat qilinsa, ular ham bu loyihani qo’llab-quvvatlashadi (fikrimcha). Tilshunoslik bilan shug’ullanayotgan, ilmiy ish qilayotgan yoshlarimiz uchun esa bu juda katta bir ilmiy loyiha bo’lib xizmat qilishi ham mumkin. Umid qilamanki, aynan mana shu 10-banddagi g’oyam tilshunoslik yo’lidagi kimnidir albatta ilhomlantiradi.

11. BIR KASALLIKKA BAG’ISHLANGAN SAYT. Tibbiyot sohasida ishlovchi, tahsil oluvchi yoki shu yo’nalishga qiziquvchi kishilar tashkil etishi mumkin bo’lgan sayt. Albatta, kasallik inson hayoti davomida bo’lishi mumin bo’lgan eng yomon holatlardan biri. Buni saytning mavzusi qilib olish kimlar uchundir yoqimsiz tuyulishi mumkin. Ammo, bu turdagi sayt necha minglab insonlar uchun foydali bo’lishi mumkinligini ham unutmaslik kerak. Misol tariqasida qandli diabet kasalligini olaylik. Agar shu kasallikkar bag’ishlangan o’zbek tilidagi sayt ochilsa, unga kasallikni oldini olish, davolash hamda kasallikka bog’liq barcha boshqa ma’lumotlar kiritilishi mumkin. Ularni o’qib shu hastalikka chalinganlar va o’zlarini bu kasallikdan himoya qilishni xohlovchilar juda manfaatdor bo’lishlari mumkin.

12. O’ZBEKCHA BOSHQOTIRMALAR SAYTI. Bolaligimda «Sug’diyona» va «Erudit» gazetalarini olishga juda qiziqardim. Chunki ularda eng zo’r krossvordlar bo’lardi. Qish kunlarini uydan chiqmasdan kun bo’yi krossvordlar ishlab o’tkazganim hozirgacha yodimda 🙂

Internet, planshetlar va telefonlar har qancha ommalashgani bilan, baribir gazetaning o’rnini bosa olmaydi. Hozirgacha ham krossvord va skanvordlar ishlashga qiziquvchilar topiladi. Tez kunlarda kamina muharrirligida chop etilishi kutilayotgan jurnal uchun krossvord generatori izladik. Discovery Education Krossvord Generatori bizning barcha talablarimizga to’liq javob bera oldi. Bu generatordan nashr uchun krossvord tayyorlashda foydalanar ekanman, o’zbek tilida krossvord va skanvordlar saytini tashkil etish g’oyasi haqida o’ylay boshladim. Bunday sayt tashkil etilsa, u internetdagi ilm ahli o’rtasida juda ommalashishi mumkin. Odatiy gazetadagi singari latifalar, munajjim bashorati va e’lonlar saytga kiritilsa, unga yanada tiriklik bag’ishlangan bo’ladi. Boshqotirmalarning turli-tumani joylashtiriladi: aralash boshqotirmalar, skanvordlar, pazllar, bir yo’nalishga bag’ishlangan boshqotirmalar (masalan, faqat poytaxtlarni topish, yoki faqat futbolchilar nomini topish). Boshqotirmalarning barchasi avtomatik generatsiya qilinadi va sayt ijodkorlarida juda ko’p mehnat talab qilinmaydi. Aytgancha, bunday saytga reklamalar joylashtirish orqali yaxshigina pul ishlab olish ham mumkin 😉

TAHRIR: Ushbu g’oya asosida bitta sayt tashkil etildi va rivojlanish bosqichida davom etmoqda: Boshqotirma.uz

13. G’OYALAR SAYTI. Bu bandning yuqoridagi 8-banddan farqi bor. Innovatsion g’oyalar generatorida barcha turli yo’nalishlar bo’yicha cheklanmagan g’oyalarni taklif etib, muhokama qilsa, ushbu g’oyalar saytida esa ma’lum bir kichik soha bo’yicha foydalanuvchilarga g’oya beriladi. Masalan, kimdir yangi tijorat boshlamoqchi va o’z kompaniyasi uchun nom izlayapti. Bu kishi g’oyalar saytiga kirib o’z kompaniyasi uchun mos bo’lgan nom g’oyasini o’qib olishi mumkin bo’ladi. Yangi sayt ochmoqchi bo’lganlar esa o’zlari uchun .uz domen zonasida bo’sh bo’lgan sayt nomlari g’oyalarini ko’rib chiqishlari mumkin. Saytida qanday mavzudagi maqola yozishni bilmay turganlar ham aynan shu saytdan ilhomlanishlari mumkin bo’ladi.

14. O’RGANGANINGIZNI O’RGATISH SAYTI. Kishi boshqalarga o’rgatsa, o’rgatilayotgan sohani yanada mukammalroq o’rganib olish imkoniyatiga ega bo’ladi. Qaysidir sohani o’rganmoqchimisiz? Shu sohaga haddan ortiq qiziqasizmi? Internet Siz uchun juda katta bir kutubxona! Bilimingizni rus va ingliz tilidagi sohaga oid saytlarni o’qish bilan boyiting, shu bilan birga bitta sayt ochib, har kunlik o’rganganlaringizni o’zbek tilida boshqalarga ham o’rgata boring. Hamma ham Sizdek rus yoki ingliz tilida o’qishni bilmaydi. O’zbek tilida yozadigan maqolalaringiz, hatto ular oddiy tarjima bo’lsa ham, kimlar uchundir sohani o’rganishda yagona manba bo’lib xizmat qilishi mumkin. Ishoning, bu amaliyot qiziq va o’rganishingiz uchun foydali bo’lishi bilan bir qatorda O’zbekiston va jahon bo’yicha o’zingiz tanimagan millionlab odamlar uchun juda foydali bo’ladi.

15. RO’YXATLAR SAYTI. Siz o’qib turgan ushbu maqola ham ro’yxat hisoblanadi. Shunday bir sayt ochishingiz mumkinki, unda faqat ro’yxatli maqolalar joylashtiriladi. Har bir mavzu yoki soha bo’yicha nechtadir usul yoki ma’lumotni yozib chiqishingiz mumkin. Masalan, «Kutubxonalarda qilmaslik kerak bo’lgan 10 ta ish«, «Ustozlardan so’ralmaydigan 20 ta savol«, yoki «Sportchilar haqida 15 ta haqiqat» va hokazo. Bu sayt deyarli barcha mavjud yo’nalishlarni qamrab olganligi sababli ko’p sonli muxlislariga ega bo’lishi mumkin. Bundan tashqari, ro’yxatlar mavzusi har doim o’quvchilarni o’ziga tortadi. Tasavvur qiling, Siz o’qituvchisiz va «O’qituvchilar eng ko’p yo’l qo’yadigan 20 ta xato» sarlavhasini ko’rib qoldingiz. Bu maqolani o’qimay saytni tark etarmidingiz?

16. OILAVIY SHAJARANGIZ SAYTI. Saytning asosiy mavzusi bir kishi yoki sulolaga bag’ishlanishi uchun o’sha kishi yoki sulola mashxur, tarixda alohida iz qoldirgan bo’lishi shart emas. O’z oilangiz tarixi haqida sayt oching. Unda ota-bobolaringiz, ularning qilgan ishlari, qiziqishlari haqida yozishingiz mumkin. Ishonamanki, tarixiy shaxslarga nisbatan tarixiy davrlarda yashagan oddiy kishilar tarixiga qiziqish ko’proq bo’ladi. Bundan tashqari, ushbu saytni tuzish orqali o’z oilangizning yaqin hamda uzoq tarixini bilib olishingiz, o’rganishingiz mumkin. Arxivlarga boring, keksa yoshli qarindoshlaringizning suhbatlarini yozib boring, tarixni o’rganing, mahalliy hududingiz tarixini qayta ko’rib chiqing. Balki izlanishlar davomida ota-bobolaringiz qaysidir mashxur shaxsning yaqin qarindoshi bo’lganligi aniqlanib qolar?

Qanday sayt tayyorlashga ahd qilishingizdan qat’iy nazar, u kelajakda O’zbekiston ahliga ma’naviy va moddiy foyda keltirishi kerakligini unutmang. Sayt asosiy mavzusiga bo’lgan qiziqishingizni saytingizdan kelishi mumkin bo’lgan moddiy foydaga nisbatan yuqoriroq o’ringa qo’ying.

Hech qanday ikkilanishlarsiz o’zingiz istagan, rejalashtirgan mavzudagi saytni bugundanoq oching! Xohishingiz bo’lsa, sayt tayyorlashni o’rganing – bu juda oson! Loyihangizni tezroq boshlashni istasangiz va saytingiz tarkibi haqida ko’proq o’ylayotgan bo’lsangiz, nisbatan arzon narxlarda sayt tayyorlash uchun buyurtma berishingiz ham mumkin.

Ishonaman, aynan Sizning saytingiz kirib kelayotgan yangi, 2016-yilning oxiriga kelib O’zbekistondagi birinchi raqamli loyihalardan biriga aylanadi! Sizning super-ajoyib loyihalaringizni butun O’zbekiston kutayapti!

2016-yilning 16 ta eng qaynoq sayt g’oyalari” maqolasida 34 fikr

  1. o'ktam

    To’gri lekin bu fikrni qilishga uringanman ammo moliyaviy jihat halaqit qilgandida….
    Lekin yaxshi fikr shu ishni qilsa bo’ladiki lekin faqat uz bilan cheklanmasda keng qamrovda qilgan yaxshiroq.

    Javob berish

  2. o'ktam

    Nimagadir borgan sari pluginlar yoqmay qolmoqda chunki baribir har qanday pluginda o’zimiz istagan narsani 100% qila olmaymiz baribir kamchilik bordek tuyulaveradi!

    Javob berish

  3. Mansur Urazbaev

    «BIR KASALLIKKA BAG’ISHLANGAN SAYT» yaratish uchun hali O’zNet’da vaqt bor. Avvalo, tibbiyotga oid sayt yaratuvchilar umumiy ma’lumotlardan boshlasa maqul!

    Javob berish

  4. Shoxa

    salom azamat aka sogliqlariz yaxshimi. men KIM OSHDI SAVDOSI saytini yaratmoqchidim shunga siz qaysi hosting va qaysi dasturda (word press ,joomla) ishlashni maslaxat berasiz.

    Javob berish

    1. murod

      salom! suhbatga aralashmoqchi emasman! ammo Ehtiyotkor bo’ling! kim oshdi savdosining sayti yaxshigina xafsizlikka ega bo’lishi kerak! buni noldan tayyorlagan maqul! va maslahat bergan bo’lardim! bundan boshqasini topganiz maqul! buning uchun juda ko’p vaqt sarflaysiz! va mablag’ ham!

      Javob berish

  5. Izzatbek

    Azamat aka nega maqolalar kamayib ketyabdi? 30kunlik faol blogging xisoboti maqolasidan so’ng keskin kamayb ketdi Maqolangizdagi fikrlaringizdan sezish mumkin ishtiyoq s….

    Javob berish

    1. Azamat Xodjakov

      Bo’ladi. Qo’shimcha funksionallikni tayyorlatishga ehtiyoj sezsangiz, buyurtma berishingiz mumkin: +998937982200

      Javob berish

      1. Aktam

        Salom Azamat aka saytlani chat digan bolimi boru usha joyga qanaqa kodla quysa uzgarib ketadi masalan harflarni kotta kotta korsatadigan kodlar bomi?

        Javob berish

        1. Azamat Xodjakov

          U haqida bilmadim, lekin saytimda Savol-Javob bo’limi bor. Duch kelgan maqolada savol yozib ketadiganlar uchun eslatma sifatida tasdiqlayapman bu savolingizni.

          Javob berish

  6. Elbek

    Assalomu alaykum saytdagilar manda ajoyib
    Ixtroga oid g’oya bor ham o’zbekiston ham xalqim uchun xo’jaligi uchun foydali bu ixtroyimni ishlab chiqarish uchun moddiy mablag yetmayapti manga sponsorlik qilishni istagan inson yoki ferma yoki kompaniyalar bo’lsa iltimos xabar beringlar foydam tegadi degan umiddaman
    +99890 347 – 64 – 25 shu nomerga qo’ng’iroq qilinglar Man hozir Toshkentda sponsor izlab yurimman Manda talant bor ammo uni ishlab chiqarish uchun moddiy mablag yo’q iltimos shu xabarni Internetga tarqatishga ham yordam beringlar oldindan raxmat

    Javob berish

  7. Isroil

    Boshqotirma.uz sayti faoliyati yakunlanibdi adashmasam. Sayt yaxshi yurgizdirilmadi yoki hali bunday sayyga bizda qiziqsh kam

    Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan