Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

2015-yilning 15 ta eng qaynoq sayt g’oyalari

2015-yilning 15 ta eng qaynoq sayt g’oyalari

Tez orada yangi yilni kutib olamiz. Kimlar uchundir kelayotgan navbatdagi yil avvalgilari singari oddiy bo’lishi mumkin. Ammo Siz uchun emas! Siz yangi 2015-yilda o’z faoliyatingizda juda katta, yangi burilish yasaysiz! Yangi yilda internetdagi yangi, muvaffaqiyatli faoliyatingizning boshlanishiga sabab bo’ladigan eng yorqin g’oyaning amalga oshiruvchisi sifatida O’zbekiston internetida hali ko’rilmagan saytga asos solasiz. Sizning saytingiz O’zbekistonda yagona, birinchi raqamli bo’ladi. Balki keyinchalik Sizning muvaffaqiyatingizdan ilhomlangan holda boshqalar ham Siz ega bo’lgan saytga o’xshash saytlarni takroran tayyorlashga urinishar. Ammo bu vaqtga qadar Sizning saytingiz o’zbek internetida o’z so’zini aytib ulgurgan bo’ladi.

Quyida 2015-yilning 15 ta eng qaynoq, hali amalga oshirilmagan loyihalarini e’tiboringizga havola etmoqchiman. Ularning har biri O’zbekiston internetining yanada rivojlanishiga hissa qo’shishi, ijodkoriga katta daromad keltirishi va internetdagi eng muvaffaqiyatli loyihalar qatoridan joy olishi bilan bir qatorda amalga oshirish ancha mushkul, ko’p mehnat talab etadigan bo’lishi ham mumkin. Shuning uchun quyida havola etilgan sayt g’oyalarini amalga oshirish harakatini faqat yuragida o’ti bor, intiluvchan, o’ziga ishongan va albatta, internetda muvaffaqiyatli biznes yuritishni juda xohlovchilar boshlashi kerak, deb hisoblayman. Pessimistlar esa chetda turib tomosha qilishgani ma’qul.

2015-yil holatiga O’zbekiston internetida amalga oshirilishi mumkin bo’lgan loyiha g’oyalari:

1. KLASS YIG’ISH SAYTI. Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchi yoshlarning deyarli barchasi «klass» yig’ishga qiziqadi – rasm uchun klass, status uchun klass, «onajoningni yaxshi ko’rsang klass bosvor»… Ba’zan Odnoklassniki yoki Facebook saytlarida klass yig’ishdan boshqa hamma narsa ortiqchadek tuyiladi. Marhum so’z ustasi Xojiboy Tojiboyev «…yaxshi reklama ko’rib o’tirganimizda serial qo’yivorishadimi-ey!», deganlaridek, «…endi klass yig’amiz deganda kimdir xabar yozib qoladimi-ey! Gruppaga taklif qiladimi-ey!». Qisqasi, hozirgi kunda O’zbekiston internetida «klass» yig’ishga qiziquvchilar uchun alohida, faqat klass yig’ishga yo’naltirilgan sayt yetishmayapti. Shunday sayt tayyorlanishi kerakki, unda foydalanuvchilarning rasmlar, statuslar, videolar va hokazolarga klass yig’ishi rag’batlantirilsin. Yig’ilgan klasslar reytingiz tuzilib, saytning asosiy mazmuni shu yig’ilgan klasslar reytingiga qaratilishi kerak. Albatta, sayt ijodkorining keng doirada fikrlay olishiga qarab saytga qo’shimcha imkoniyatlar ham kiritilishi mumkin. Ammo klass yig’ish funksiyasining o’zi saytga millionlab foydalanuvchilarni boshlab keladi. Bu esa saytga reklama joylashtirish orqali ko’rilishi mumkin bo’lgan katta daromadni ham anglatadi.

2. SAYT TAYYORLASHNI O’RGATISH SAYTI. O’z shaxsiy saytida ega bo’lishni xohlovchilar qanchalik ko’p bo’lsa, o’z saytini o’zi tayyorlashni istovchilar ham shunchalik ko’p. Nega endi o’zbek internetida W3Schools kabi sayt tayyorlashni boshidan, soddalashtirib, har bir element uchun sinab ko’rish imkoniyatlari bilan o’rgatadigan sayt bo’lmasligi kerak? Menimcha, hech bo’lmaganda W3Schools saytning o’zbek tilidagi «kloni» tashkil etilsa, yoki juda erinchoq birorta web usta shu saytga hech qanday yangilik kiritmasdan o’zbek tiliga tarjima qilib qo’yganda ham bunday turdagi saytning qiymati bebaho bo’lar edi.

3. VIKTORINALAR SAYTI. Hamma ham tanlovlarda qatnashib, sovrinlarga ega bo’lishni juda xohlaydi. Shunday sayt tashkil etilishi kerakki, unda turli yo’nalishlar, turli mavzular bo’yicha tanlovlar – viktorinalar doimiy o’tkazilsin. Men bu turdagi viktorinalar saytiga eBay kabi kim oshdi savdosi saytlarida qo’llaniladigan «teskari vaqt hisoblash» funksiyasini kiritgan bo’lardim. Ya’ni, ma’lum bir tanlovning tugash muddati avtomatik tarzda, soniyasiga qadar aniqlikda teskari hisoblab borilishi kerak. Tanlovning ochiqlik muddati tugagan soniyadan e’tiboran g’olibning nomi avtomatik e’lon qilinishi va g’olib bo’lgan foydalanuvchiga elektron sovrin (darajaning ko’tarilishi, medal taqdim etilishi yoki keyingi bosqichga yo’lning ochilishi) taqdim etilishi kerak. Bunday turdagi sayt foydalanuvchilarni o’ziga jalb qilishi bilan bir qatorda ko’pchilik uchun ilm o’rganish jihatidan juda foydali bo’lishi mumkin. Savollar va viktorina topshiriqlarini esa Zakovat teleo’yinida beriladigan savollar singari taqdim etish mumkin.

4. ABITURIYENTLARNI SINOVDAN O’TKAZISH SAYTI. Hozirga qadar abituriyentlar uchun mo’ljallangan o’zbek tilidagi, yaxshi saytni uchrata olganim yo’q. Agar vaqti chegaralangan testlar bajarish, savol-javoblar, umuman abituriyentlar uchun kerakli bo’lgan barcha turdagi sinovlarni o’z ichiga olgan sayt tayyorlansa maqsadga muvofiq bo’lar edi. Bunday turdagi sayt orqali katta daromadga ega bo’lish ham mumkin. Testlar bajarish orqali o’z bilimlarini mustahkamlashga erishgan abituriyentlar uchun bunday saytning qiymati beqiyos bo’lishi tayin.

5. «QANDAY QILIB» MAVZUSIDAGI SAYT. Men bu turdagi saytlarni rus va ingliz tillarida tayyorlanganlarini juda ko’p uchratganman. Ammo O’zbekiston internetida bu mavzuga asoslangan yaxshi sayt yo’q. Bundan bir nech oy ilgari .uz domen hududida qanday-qilib.uz nomli sayt ochilganligini ko’rib juda xursand bo’ldim. Ammo saytga tashrif buyurib, uning oddiy savol-javob sayti ekanligini ko’rdim va shunday domenning savol-javob uchun ishlatilayotganligini bilib bir oz achindim. Chunki mening tasavvurimdagi «qanday qilib» sayti butunlay boshqacha – WikiHow.com saytiga o’xshash bo’limlar asosida nimanidir qanday qilib bajarishni bosqichma-bosqich tushuntiradigan maqolalardan iborat qiziqarli sayt edi. Qanday-qilib.uz sayti ijodkorlari yaxshi saytni boshlashgan, ammo bundan ham yaxshiroq bo’lishi mumkin edi. «Qanday qilib» mavzusidagi sayt ochilsa va unga har qanday kishi yangi foydalanuvchi sifatida a’zo bo’la olsa. Shundan so’ng foydalanuvchilar reytingi tuzilib, nimanidir qanday qilib bajarish haqida eng ko’p, eng qiziqarli (eng ko’p ovoz yiqqan), eng ko’p o’qilgan maqolalar yozgan foydalanuvchilar elektron tarzda taqdirlanishsa, menimcha bunday saytdan ham mashxurroq sayt bo’lmasdi.

6. BAHOLASH SAYTI. Shunday sayt ochingki, u orqali istagan narsangizni, istagan kishi yoki hodisangizni baholashingizning imkoni bo’lsin. Masalan, Siz uyali telefonlarga qiziqasiz, deylik. Sayt oching va hozirgacha ma’lum bo’lgan barcha turdagi qo’l telefonlarini birma-bir baholab chiqing. Albatta, har bir baholash ma’lum turdagi telefon haqidagi maqoladan iborat bo’ladi. Har bir telefonning alohida jihatlarini (quvvati, sifati, ko’rinishi, ishonchliligi va h.k.) birma-bir yozib chiqing. Keyinchalik uyali aloqa operatorlarini baholab chiqishingiz va uyali aloqaga oid boshqa maqolalarni ham kiritishingiz mumkin bo’ladi. Bu turdagi saytning o’zbek tilidagisini hozircha uchratmadim. Siz shunday sayt ochishda birinchi bo’lishingiz mumki va yodingizda bo’lsin: bu turdagi saytni ochish uchun qaysidir sohada mutaxassis bo’lishingiz shart emas. Shunchaki o’z qiziqish yo’nalishingizni aniqlab oling va shu yo’nalish bo’yicha baholanadiganlarni kuzatib, xulosalaringizni yozib chiqing. Bunday turdagi saytga nisbatan qiziqish juda yuqori bo’ladi.

7. TUSHLAR TA’BIRI VA G’AYRIODDIY HODISALAR SAYTI. Mistik hodisalarga nisbatan ko’pchilikning qiziqishi juda yuqori darajada. Ayniqsa tushlar ta’biri, turli qiziqarli g’ayrioddiy hodisalar bayon qilingan saytlarga ko’pchilik tashrif buyuradi. Siz bunday turdagi saytlardan birinchisining muallifi bo’lishingiz mumkin!

8. OVOZ BERISH VA SO’ROVNOMALAR SAYTI. Bitta sayt oching va unda Sizga ma’lum bo’lgan barcha narsalar, yo’nalishlar yoki shaxslar haqida so’rovnomlarni jamlang. Saytingizga tashrif buyurgan har qanday kishi so’rovnomalarga ovoz berishi, o’z fikrlarini yozib qoldirishi mumkin bo’lsin. Masalan, «Qaysi avtomobil yaxshi?» savoli ostida so’rovnoma tuzilib, «Audi», «Nissan» va «Nexia» tanlovlari berilishi mumkin. Kishilar o’z tanlagan mashinalariga bergan baholarini izohlay olishlari kerak. Bu turdagi sayt juda ko’pchilik uchun foydali bo’ladi. Agar saytda barcha turdagi narsalar so’rovnomalari o’rin olsa, kelajakda bu saytdan nafaqat shunchaki ovoz berishga qiziquvchilar, balki nimanidir harid qilishdan avval omma fikrini bilishni xohlovchilar ham unumli foydalanishlari mumkin bo’ladi.

9. «BAXTLI EKANLIGIMNING 1 MILLIONTA SABABI» SAYTI. Oddiy blog ko’rinishidagi sayt oching va unga raqamlangan mavzudagi maqolalar qo’shib boring. Har bir maqolangiz Sizning nima uchun baxtli ekanligingizni ko’rsatib turishi kerak. Masalan, 1-maqolani «Oyoqlar» deb nomlaysiz va maqolangiz «Men juda baxtliman chunki sog’lom oyoqlarim bor…» mazmunida bo’ladi. Sizda bor bo’lgan ne’mat uchun qanchalar o’zingizni baxtli his qilishingiz haqida yozganingizdan so’ng shu narsaga oid boshqa fikrlar haqida ham yozib, maqolangizni davom ettirishingiz mumkin. Masalan, oyoq kiyimlar, oyoq bilan bog’liq bo’lgan sport turlari va hatto oyoq so’zining turli tillarda aytilishi haqida ham yozishingiz mumkin. To’g’ri, bunday sayt kim uchundir g’alati tuyulishi mumkin. Ammo o’zbek tilidagi birinchi raqamli va yagona sayt sifatida juda ko’p muxlislariga ega bo’lishi aniq.

10. VIRTUAL MAMLAKAT SAYTI. Bunday sayt juda katta resurs talab qiladi, ammo ko’pchilik uchun juda foydali bo’lishi mumkin. Sayt aynan qaysi asosda bo’lishi haqida hali o’zim ham o’ylab ko’rmadim, ammo uning asosiy funksiyalariga Google Maps saytidagidek xaritalar va ma’lum shahar/qishloqlarda joylashgan manzilgohlarning aks ettirilishi kiritilgan bo’lishi zarur. Istalgan kishi bu saytga a’zo bo’lib o’zi yashab turgan mahallada joylashgan do’kon, kompaniya, davlat tashkiloti yoki shifoxona binosini virtual xaritada belgilashi va bino manzili bilan birga rasmini ham yuklay olishi kerak. Bunday sayt yaxshi rivojlansa, kelajakda undan mamlakatning virtual xaritasi sifatida foydalanish mumkin bo’ladi.

11. RUS TILINI O’RGANISH VA O’RGATISH SAYTI. Bu turdagi saytning o’zbek tilidagisini hozircha uchratmadim. Ingliz tilini o’rgatishga intilayotgan saytlar talaygina, ammo hozirgi vaqtda rus tilini o’rganishga bo’lgan yoshlar talabi ham juda ortib borayapti. Rus tilida gapirish, grammatika va tilning boshqa jihatlarini qamrab oladigan yaxshi sayt O’zbekiston interneti uchun juda zarur.

12. BLOGLAR SAYTI. To’g’ri, o’zbek tilidagi saytlar tizimida zn.uz sayti bloglar ochish imkonini beradi. Ammo u juda ko’p jihatlardan cheklangan. Bizga BlogSpot.com kabi ishlaydigan bloglar sayti kerak. Bu saytga istaga kishi a’zo bo’lib, o’z shaxsiy blogiga ega bo’la olishi kerak. Bu turdagi xizmat uchun saytga reklamalar joylashtirish orqali juda katta daromadga ega bo’lish mumkin. Balki zn.uz bloglar tizimiga haqiqiy bloglar sayti qanday bo’lishi kerakligini Siz ko’rsatib qo’ya olarsiz?

13. SARGUZASHT XOTIRALARI SAYTI. Siz bilan sodir bo’lgan eng oxirgi eng hayajonli sarguzashtni eslay olasizmi? Balki Sizda bu sarguzashtni eslatadigan fotosurat bordir? Balki sarguzasht haqida bizga gapirib bermoqchidirsiz? Ishoning, turli kishilar bilan sodir bo’lgan sarguzashtlar haqidagi hikoyalarni o’qish, fotosuratlarni ko’rishga juda ko’pchilik qiziqadi. Aks holda Odnoklassniki guruhlari yoki statuslarida yozilgan, turli kishilar hayotida yuz bergan sarguzashtlar bu qadar mashxur bo’lib ketmasdi. Shunday sayt tashkil qilingki, unda har kim o’z sarguzashtlarini yozishi, rasmlar yuklashi mumkin bo’lsin.

14. MUVAFFAQIYAT MIQDORI O’LCHAGISHI. Shunday sayt bo’lsinki, unga a’zo bo’lgan har bir kishi qandaydir maqsadni o’z oldiga qo’ysin va bu maqsadiga qachon to’liq erishishni rejalashtirayotganligini aniq belgilasin. Shundan so’ng sayt u kishining maqsadini barcha sayt a’zolariga ko’rsatadi va maqsadga erishish vaqtini soniyalar aniqligida teskari hisbolab boshlaydi. Hisoblagichni ko’rgan boshqa foydalanuvchilar u kishiga omad tilashi, ruhlantirishi mumkin. Bundan tashqari maqsad muallifi o’z natijalarini kundalik, soatlik yoki haftalik o’lchovlar asosida yozib borishi mumkin bo’lishi kerak. Ko’pchilik uchun butun dunyoga va’da berish va butun dunyo ishonchini oqlashga harakat qilish orqali muvaffaqiyatga erishish juda oson tuyuladi.

15. ANIQ YO’NALISHDAGI SAYT. Hozirgi kunda universal saytlar va universal portallar juda ko’payib ketdi. Ularning 99,9% qismi tayyor ma’lumotni bir-biridan ko’chirib saytlariga chiqarib qo’yishadi. Ammo deyarli hech qaysi biri birorta foydali resursni tayyorlamaydi. Siz shunday bir sayt tayyorlangki, uning chiqindilar to’ldirilgan idishdan farqi bo’lsin. Kerakli-keraksiz ma’lumotlarni, topilgan har qanday narsani saytga joylashdan cheklaning. Aniq bir yo’nalishni tanlab olib, aynan shu yo’nalish bo’yicha ma’lumotlar kiriting. Ma’lumotlaringiz esa original bo’lishi kerak. Boshqalarning ishini ko’chirib qo’yish yaxshi emas! O’z ko’nikma va tajribangizga suyangan holda foydalanuvchilaringiz uchun nimadir berishga harakat qiling. Universallik bilan hammaga o’xshab qolishdan ko’ra, bitta yo’nalishni rivojlantirib hammadan ajralib turish yaxshiroq. O’zbek internetida o’z so’zingizni ayting!

Bugundanoq sayt tayyorlashga kirishing. Qanday turdagi sayt tayyorlashingiz mumkinligini qaror qilib olgan bo’lsangiz, uni darhol amalga oshirishga harakat qiling. O’zingiz sayt tayyorlashni bilmasangiz, sayt tayyorlashga buyurtma berish qimmatlik qilsa, o’zingiz mustaqil ravishda sayt tayyorlashni o’rganing! Unutmang, internet biznesdagi bugungi harakatingiz – ertangi muvaffaqiyatingizning garovidir!

2015-yilning 15 ta eng qaynoq sayt g’oyalari” maqolasida 16 fikr

  1. Zilola

    Juda yaxshi maqola bo’libdi original fikrlar ekan. Ammo
    ABITURIYENTLARNI SINOVDAN O’TKAZISH SAYTI bor . Men shunaqa saytlardan ikkitani bilaman, o’zbek tilida albatta.

    Javob berish

  2. Sanjarbek

    Bu g`oyalaringizni ko`pi xom xayol, to`g`ri bunaqa saytlar ochsa bo`ladi, lekin bizdagi hozirgi internet madaniyati bunaqa saytlarga to`g`ri kelmaydi. Bu gaplarimdan meni «pessimist» ga chiqarib qo`yishiz mumkin, lekin hayotga real ko`z bilan qarash kere, quruq fantaziyani o`zi kamlik qiladi 🙂
    (Bu shunchaki meni fikrim)

    Javob berish

  3. Qanday-qilib DevTeam

    Qanday-qilib.uz sayti haqidagi fikr va mulohazalaringiz uchun minnatdormiz!
    Siz aytayotgan wikihow bizda blog sifatida yuritiladi. Manzil : Blog.Qanday-qilib.Uz
    Blog.Qanday-qilib.uz saytiga maqolalar Savol-Javob mobaynida eng dolzarb bo`lgan mavzular tanlab olinadi!

    Javob berish

  4. Azam

    Barchaga salom!
    Azamat aka men maktabga bepul sayt ochmoqchiman, zn.uz saytida ochib bo’lmayabdi maktab interneti faqat uz saytlariga kira oladi.
    Shuning uchun ham ucoz.ru dan ham ochib bo’lmayabdi. Azamat aka qanday maslahat berasiz?

    Javob berish

    1. Azamat Xodjakov

      Pullik sayt oching. Hech qancha xarajat qilmaysiz: domen va hosting bir yilga tahminan 70 ming so’m bo’ladi. Bu oyiga 6 ming so’mdan to’g’ri keldi, degan gap. Bunchalik arzon narx ortiqcha qiynalishingizga arzimaydi.

      Javob berish

  5. Azam

    Azamat akka mening internetdagi tarifim record2 edi, va men shu oy dekabrda tarifimni uzonlineLife ga o’zgartirdim. Agar men yanvar oyini pullini hozir quysam keyingi oyga pul o’tadimi ?

    Javob berish

  6. Jahon

    Azamat aka sizning W3Schools g`oyangiz ajoyib, hali bizda bunday imkoniyatli o`zbek tilidagi sayt bo`lmasa kerak. Kim birinchi yaratsa ham shu sohada internet bozorida yetakchi bo`lib olsa kerak.

    Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan