Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / YAGNI tamoyili

YAGNI tamoyili

Dasturchilikda YAGNIYou aren’t gonna need it» yoki «You ain’t gonna need it» – «Bu senga kerak bo’lmaydi») tamoyili tushunchasi mavjud. Ekstrim dasturchilikning bu tamoyili o’ta zarur bo’lmaguniga qadar hech qanday imkoniyat yoki funksionalni yaratmaslik kerakligini ta’kidlaydi. Tamoyil ta’kidiga ko’ra qilinayotgan ish maqsadni amalga oshira oladigan eng minimal imkoniyatlarni yuzaga keltirish bilan yakunlanishi (kifoyalanishi) kerak. Hozir ishlatilmaydigan, ammo kelajakda kerak bo’lib qolishi mumkin bo’lgan har qanday funksional ustida ish olib borish, bosh qotirish YAGNI tamoyiliga zid hisoblanadi.

YAGNIni yaxshiroq tushunib olishingiz uchun soddaroq misol keltirib o’tmoqchiman: Siz oddiy blog tayyorlayapsiz va bu blogni maqolalar yozish, internetda o’z ovozingizga ega bo’lish uchun ishlatmoqchisiz. Albatta, kelajakda saytingizni yaxshi rivojlantirib, u orqali to’lovlar qabul qilishni, pul ishlashni rejalashtirgansiz. Saytingizning 20 yildan keyingi kelajagiga nazar tashlasangiz unda quyidagi imkoniyatlar, rivojlanishlar bo’lishi kerakligini orzu qilasiz:

  1. Saytga imkon qadar barcha to’lov tizimlari integratsiya qilinishi kerak;
  2. Sayt orqali mahsulotlar sotiladigan online do’kon imkoniyati mavjud bo’lishi kerak;
  3. Foydalanuvchilar qulayligi uchun ularning profillari mukammal darajada bo’lishi kerak;
  4. Saytingiz ko’rinishi eng so’nggi dizayn urflariga asoslangan bo’lishi kerak;
  5. Saytingiz barcha qidiruv mashinalari natijalarida eng yuqori o’rinni egallashi kerak;
  6. Saytingiz faoliyati uchun alohida firma ochilgan bo’lishi kerak;
  7. Saytingiz mablag’lari tushishi uchun bankda hisob raqamingiz bo’lishi kerak
  8. va hokazo.

Siz saytingizda bo’lishini istagan, ammo sayt ishga tushirilgandan so’ng bir necha oy (yoki) yil davomida kerak bo’lib qolishi dargumon bo’lgan imkoniyatlarni yaratishga harakat qilib, ular ustida bosh qotirguningizcha saytingiz internet yuzini ko’rmay yo’qolib ketadi, yoki Siz tayyorlayotgan blogga bo’lgan talab yo’qolgandan so’ng foydalanuvchilar e’tiboriga havola etiladi.

Agar YAGNI tamoyiliga amal qilsangiz hali yo’q blog uchun firma tashkil qilmaysiz, bankdan hisob raqam ochmaysiz, to’lov tizimlari yoki online do’kon haqida bosh qotirmaysiz. Aksincha, «Bu senga kerak bo’lmaydi» shiori bilan eng kerakli bo’lgan, blog ishga tushishi uchun zarur bo’lgan eng oddiy, sodda va kichik imkoniyatlarni to’liq yaratib, saytingizni ishga tushirasiz.

YAGNI mahsulotni soddalashtirib, uning mukammal bo’lishiga yo’l qo’ymaydimi? Yo’q, aslo unda emas! YAGNIning maqsadi mahsulotni funksionaldan tozalab, uni soddalashtirish emas, balki faqat eng kerakli funksionalnigina yaratib, qolganlarini keyinga qoldirish hisoblanadi. Aynan shuning uchun ham YAGNI tamoyili asosida tayyorlangan mahsulotlar tez muomalaga chiqariladi ammo doimiy, bosqichma-bosqich yangilanib turilishga ehtiyoj sezadi.

Doimiy yangilanish, takomillashtirilish YAGNIning rivojlantiruvchi asoslaridan biri hisoblanadi: blogingiz foydalanuvchisi ko’payib, internetda mashxur bo’la boshlaganda online do’konga ehtiyoj sezasiz va uni yana YAGNI tamoyili asosida eng zaruriy imkoniyatlar bilan yaratasiz. Keyinchalik do’koningizdan olayotgan foydangiz ko’paysa, ko’proq to’lov tizimlarini saytingizda mujassamlashtirasiz. Haridorlarni ko’proq jalb qilish maqsadida qidiruv mashinalari natijalaridagi o’rningiz bilan qiziqa boshlaysiz. Hammasi bosqichma-bosqich, eng zaruriy ishlar ustidagina bosh qotirish orqali rivojlantiriladi.

Ushbu tamoyilni nafaqat dasturchilikda, balki kundalik hayotimizdagi faoliyatimizda ishlatsak juda ko’p qiyinchiliklarimiz bartaraf etilgan bo’ladi, deb o’ylayman. Jamoamiz bilan dasturchilik va tijoratdagi boshqa ishlarimizda ko’pincha «Taka bo’lsin, sut bersin» (YAGNIning o’zbekcha ko’rinishi 😀 ) tamoyiliga suyanamiz. Biz tayyorlayotgan mahsulot, bajarayotgan ish o’zimiz kutgan, hozirda ahamiyatli bo’lgan vazifani bajarib bersa bo’ldi! Kelajakda qandaydir rivojlanish kerak bo’lib qolsa, uni kerak bo’lgan vaqtida amalga oshiramiz. Hozircha esa ishlatilishi aniq bo’lmagan imkoniyatlarni yaratish bilan o’zimizni band qilishdan cheklanamiz.

YAGNI haqidagi fikrlaringizni yozib qoldiring.

Abituriyentlar uchun test formulalari

3 ta fikr

  1. Assalomu alaykum Azamat aka 🙂 yaxshimisiz ? Saytingizga yangi maqolalar kunoralab tex-tex yozib,qo’shib turing.Chunki,ochig’ini aytsam qimmatli maqolalaringizni miriqib iste’mol qilishga o’rganib qoldik,huddi «narkotik» singari.Bilib qo’ying,maqolalaringizni ta’mii judayam totli,mazali !Shu asnoda sizdan ozmi-ko’pmi tarbiya olayapman.Qo’rqayotganim shuki,men ham kelajakda uznetda buyuk loyiha yaratib,unga foydali maqolalar qo’shayotsam,mualliflik huquqi yuzasidan ustimdan arz qilmasangiz bo’ldi.Chunki siz bilan fikrlarimiz bi-biriga tutashib ketmoqda…

  2. Salom!. Bu maqola juda yaxshi. Ammo dasturchilikda yana 1 muhim narsa bor. Xozirgi kunda yaratilayotgan dasturlar avalgilari qanday imkoniyatga ega bo’lsa barchasini o’z ichiga olgan xolda va unga yangi qo’shimcha qo’shilgan xolda ommaga taqdim etiladi. Sababi foydalanuvchi eskilaridan ko’ra yangisida ko’proq imkoniyat borligini xisobga olib qiziqish bildiradi. Agar sodda dastur taqdim etilsa u tez etibordan qoladi sababi oddiy. Chunki u sodda. imkoniyatlari kam, keyinchalik rivojlantirsangiz ham omma qiziqish bildirmaydi.

  3. aynan shu tamoyilda telegram messengeri ishlamoqda. har bir yangilanishni juda ko’p muhokama qilamiz. messengerga qizish esa doimiy ravishda ortib borayapti.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*