Bosh sahifa / WordPress / Ma'lumot / WordPressda foydalanuvchi mansablari (rollar)

WordPressda foydalanuvchi mansablari (rollar)

WordPress birinchi marta o’rnatilganda uni o’rnatuvchi kishi saytning Administratori hisoblanadi. Administratordan boshqa yana bir necha mansab (rol)dagi foydalanuvchilar saytdan foydalanishlari mumkin. Ushbu maqolada WordPress foydalanuvchilarining mansablari, rollari to’g’risida ma’lumot beriladi.

WordPress mansablari tizim yaratilgan vaqtdan e’tiboran ingliz tilida o’rnatilganligi sababli ularni ingliz tilida ko’rib o’tamiz. WordPress tizimida quyidagi foydalanuvchi mansablari mavjud:

  1. Administrator
  2. Editor
  3. Author
  4. Contributor
  5. Subscriber

1. ADMINISTRATOR. Admin saytning egasi hisoblanib, bu mansabga ega bo’lgan har qanday foydalanuvchi sayt ustida o’zi istagan barcha amaliyotni bajarishi mumkin. Yuqorida aytib o’tilganidek, Administrator mansabi sayt o’rnatilgan vaqtda birinchilardan bo’lib ilk foydalanuvchiga beriladi. Agar Siz saytingizga boshqa foydalanuvchilarni qo’shish haqida o’ylayotgan bo’lsangiz, ularga Administrator mansabini berishda ehtiyot bo’ling. Chunki bu mansab bilan ular saytingizni istalgancha, hech qanday cheklovsiz o’zgartirishlari mumkin bo’ladi.

Umumiy aytganda, Administrator saytga maqola qo’shishi, istalgan maqolani tahrirlashi, istalgan maqolani o’chirishi mumkin. Saytga shablon o’rnatish, plagin o’rnatish yoki ularni o’chirish, o’zgartirish Administrator uchun hech qanday to’siqsiz bajariladigan ishlar hisoblanadi. Admin saytga yangi foydalanuvchilar qo’shishi, mavjud foydalanuvchilarni o’chirishi yoki tahrirlashi mumkin. Administrator saytning umumiy boshqaruvini to’liq o’zida mujassamlashtirgan foydalanuvchi hisoblanib, saytning barcha ma’lumotlarini o’zgartirishi mumkin.

2. EDITOR. O’zbek tilida «muharrir» degan ma’noni anglatuvchi nomga ega bu mansab egasi saytga yangi maqola qo’shish, mavjudlarini tahrirlash va o’chirish imkoniyatiga ega hisoblanadi. Editor nafaqat o’zi yozgan maqolalarni, balki boshqalarning maqolalarini ham tahrirlashi, o’chirishi mumkin bo’ladi. Editor saytning maqolalar kiritish jihatiga nazoratchi hisoblanib, saytga kiritilgan ma’lumotlarni to’liq boshqarish huquqiga ega. Editor saytning sozlanmalarini o’zgartira olmaydi. U saytga shablon qo’sha olmaydi yoki plagin o’rnata olmaydi.

3. AUTHOR. O’zbek tilida – «muallif». Bu mansabdagi foydalanuvchi faqat o’zi kiritgan maqolalarinigina boshqarishi mumkin bo’ladi. Author mansabidagi foydalanuvchi saytda juda katta huquqqa ega emas. U deyarli hech qanday o’zgarish kirita olmaydi. Faqat maqola qo’shishi va o’z maqolasini avvaldan mavjud bo’lgan, o’zi yangi yarata olmaydigan bo’limlardan biriga biriktirib qo’yishi mumkin, xolos. Author saytga bildirilgan fikrlarni (comment) ko’ra oladi, lekin ularni tasdiqlash, o’chirish amaliyotlarini bajara olmaydi. Author o’zi yozgan maqolalarini saytda chop etishi va o’zi yozgan maqolalarini tahrirlab, o’chirishi mumkin.

4. CONTRIBUTOR. O’zbek tilida «hissa qo’shuvchi» degan ma’noni anglatuvchi nomga ega bo’lgan bu mansab foydalanuvchilari saytga yangi maqolalar qo’sha olishi mumkin. Ular o’zlari yozgan maqolalarni saytda chop eta olishmaydi. Ular yozgan maqolalar saytda Editor yoki Administrator tomonidan tasdiqlangandan so’ng ko’rinadi. Contributor o’zi chop etgan, tasdiqlangan maqolalarni o’chirish huquqiga ham ega emas. Contributor WordPress tizimining ichki qismiga kirib, maqola kirita oladigan, ammo eng kam huquqlarga ega bo’lgan foydalanuvchi hisoblanadi.

Tabiiyki, Contributor mansabidagi foydalanuvchilar saytning hech qaysi sozlanmalarini o’zgartira olmaydi.

5. SUBSCRIBER. O’zbek tilida – «obunachi, qatnashchi». WordPress tizimining eng kam huquqlarga ega bo’lgan foydalanuvchi mansabi. Bu mansabdagi foydalanuvchilar o’z login parollari bilan saytga kira olishadi, ammo faqat o’zlarining profillaridagi ma’lumotlarni o’zgartirishlari mumkin bo’ladi. Agar xohlashsa, ular o’z parollarini yangilashlari/o’zgartirishlari mumkin. Subscriber mansabidagilarga yangi maqolalar qo’shish, qandaydir ma’lumotni tasdiqlash, sayt sozlanmalarini o’zgartirishga hech qanday ruxsat berilmaydi. Subscriber mansabi saytning qandaydir ma’lumotini o’qish uchun login/parol bilan saytga kirish talab etiladigan hollarda qo’l kelishi mumkin.

BONUS: SUPER ADMIN. Yuqoridagi standart mansablardan tashqari WordPress tizimining faqat Multisayt tarmoq ko’rinishidagi o’rnatilishida mavjud bo’ladigan Super Admin mansabi ham mavjud. Bu mansab tarmoqdagi mavjud saytlarni tahrirlashi, yangi sayt ochisi yoki saytlarni o’chirishi mumkin. Odatiy WordPress o’rnatilishlarida Super Admin mansabi bo’lmaydi. Tarmoq saytlarida Super Admin har bir saytning Administrator mansabidan ham ko’proq huquqqa ega bo’ladi.

WordPressdagi barcha foydalanuvchi mansablarining qanday ruxsatlarga ega yoki ega emasligini ko’rsatuvchi quyidagi infografik ingliz tilini bilgan ustalar uchun foydali bo’ladi, degan umiddaman:

Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*