Bosh sahifa / Sayt tayyorlash / WordPress yoki HTML sayt – qaysi biri yaxshiroq?

WordPress yoki HTML sayt – qaysi biri yaxshiroq?

Siz yangi sayt ochmoqchisiz, lekin saytingiz asosi uchun nimani tanlashni bilmay turibsizmi? Kimdir Sizga WordPressni taklif qilayapti, kimdir esa saytni to’liq HTMLda yozish to’g’ri ekanligini aytayapti. Har ikkala holatda ham ustunlik yoki kamchilik bor. Birinchi navbatda WordPress asosida ishlaydigan sayt va HTML asosida tayyorlangan saytlar haqidagi tushunchamizni bir oz kengaytirib olsak.

WordPress nima? WordPress – bu mukammal, boshqarilishi oson bo’lgan ma’lumotlarni boshqarish tizimidir. Saytingiz asosini WordPress bilan tashkil etsangiz, saytingizni oson boshqara olasiz, yangilashingiz ham muammosiz bo’ladi, saytni o’rnatish esa Sizdan hech qanday dasturchilik bilimlarini talab etmaydi. WordPress sayt administratori tomonidan vizual boshqarilishi mumkin bo’lgan tizim hisoblanadi.

Shaxsan o’zim boshqa ko’plab WordPress ustalari qatorida ushbu tizimni rivojlantirishga bel bog’laganman. Bugungi kunda WordPress tizimining O’zbekiston tomoni ancha rivojlanayapti: tizim o’zbek tiliga tarjima qilinayapti, WordPress tizimi o’zbek tilida avvalgiga nisbatan ancha yaxshi o’rgatilayapti, saytimda WordPress tizimiga oid tushunchalar lug’ati tashkil etilgan. Umuman olganda, WordPressning O’zbekistondagi kelajagi porloq. U Drupal, Joomla, DataLife Engine kabi o’ziga xos tizimlar ustidan hukmronlikni o’z qo’liga olishga ulgurgan.

HTML sayt nima? Bu turdagi sayt to’liq HTML kod asosida yozilgan, statik ko’rinishda bo’ladi. HTML saytning ham o’ziga xos qulayliklari bor. Masalan, HTML saytlar tez ishlashi hamda 100% xavfsizligi bilan ajralib turadi. HTML saytlarning yana bir o’ziga xosligi shundaki, uni boshqarish faqat kod orqali bo’ladi. Ya’ni, saytingizning qaysidir qismini o’zgartirmoqchi bo’lsangiz, HTML kodni tahrirlashingiz kerak bo’ladi. Bu esa, o’z navbatida, Sizdan boshlang’ich dasturchilik bilimlarini talab etadi.

O’zingiz uchun yuqoridagi har ikkala tanlovga asoslanib sayt tayyorlashingiz mumkin. Har ikki usulning ham kamchilik va ustuliklari borligi haqida avvalroq aytgandik. Keling, har bir tanlovning qulaylik va kamchiliklarini ko’rib chiqamiz.

WordPress tizimi asosida saytingizni tashkil etsangiz, quyidagicha qulayliklar yoki kamchiliklarga ega bo’lishingiz mumkinligini ko’zda tuting:

WordPress tizimining qulayliklari

YANGILASH OSON. WordPress tizimi avto-yangilash funksiyasi bilan ta’minlangan. Tizimdagi har qanday plagin, shablon yoki tizimning asosi o’zini-o’zi avtomatik tarzda yangilashi mumkin. Qo’lda yangilash esa hech qanday qiyinchilik tug’dirmaydi: dasturchilikdan hech qanday xabari yo’q foydalanuvchi ham WordPressni vizual boshqaruv orqali soniyalar ichida yangilab olishi mumkin.

PROFESSIONAL SHABLONLAR. WordPress tizimini tanlasangiz, saytingizning ko’rinishini o’zingiz istagan shablon bilan o’zgartirishingiz mumkin. WordPress uchun minglab bepul va pulli shablonlar yaratib qo’yilgan. Ular ichidan o’zingizga eng yoqqani, eng mosini qo’yib, saytingiz ko’rinishini tubdan o’zgartira olasiz.

JUDA KUCHLI. Tizimning imkoniyatini, uning kuchini sinab ko’rsangiz, WordPressning naqadar mukammalligiga guvoh bo’lasiz. WordPress tizimi bilan tasavvuringizga kelgan har qanday saytni osonlik bilan tayyorlashingiz, yuritishingiz va o’zgartirishingiz mumkin. Sizga yangiliklar sayti kerakmi? WordPress ajoyib tanlov bo’lishi mumkin! Balki Sizga online savdo sayti kerakdir? WordPressni tanlang! Video, musiqa yoki boshqa yuklamalar portali yaratmoqchidirsiz? WordPress barcha talablaringizga javob beradi.

TO’LIQ BOSHQARUV. Saytingiz WordPress asosida ishlasa, uning istalgan joyini vizual tarzda (hech qanday dasturchilik bilimlarisiz) o’zingiz xohlagandek o’zgartirishingiz mumkin bo’ladi. Saytingizning foydalanuvchilari, bo’limlari, fayllari, ma’lumotlari ham osonlik bilan boshqarilishi mumkin. Qisqa tarzda aytganda, Siz saytingizning qudratli imperatori bo’lasiz!

WordPress tizimining noqulayliklari

O’RGANISH KERAK. WordPress tizimi boshqarish uchun oson va qulay, shu bilan birga oson o’rganiladigan bo’lishiga qaramasdan biror marta ham tizimda ishlamagan foydalanuvchi ishni boshlashdan avval uni o’rganishi kerak bo’ladi. O’rganish uchun ingliz va rus tillarida ma’lumotlar, video darslar keragidan ortiqcha topiladi. O’zbek tilida ham talaygina bepul o’rganish manbalari bor. Xususan, Azamat.uz saytida ham WordPress tizimini foydalanuvchi yoki dasturchi sifatida o’rganishingiz mumkin.

TEXNIK XIZMAT KO’RSATISH. Saytingiz alohida e’tibor talab etadigan go’dak singari Sizning parvarishingizga muxtoj bo’ladi. WordPress tizimida avtomatik yangilanish tizimi bor. Undan foydalangan holda saytingizni eng oxirigi versiyagacha yangilab turishingiz talab etiladi. Agar yangilash yoki saytingizga texnik xizmatini ko’rsatishni o’zingiz bajara olmasangiz, shartnoma asosida WordPress saytingizni doimiy rivojlantirib turishingiz mumkin.

Agar saytingizni to’liq HTML asosida tashkil etmoqchi bo’lsangiz, quyidagicha qulayliklarga yoki noqulayliklarga ega bo’lishingizni ko’zda tuting:

HTML sayt qulayliklari

TEXNIK XIZMAT YO’Q YOKI KAM. To’liq HTML asosida ishlaydigan sayt o’ziga nisbatan juda kam e’tibor talab qiladi. U xavfsiz va ishonchli, tez ishlaydi. Shuning uchun uni doimiy rivojlantirib turish talab etilmaydi. Yangilab turishlarga esa sayt umuman muxtoj bo’lmaydi.

TALABLARNING KAMLIGI. Sayt to’liq HTML asosida ishlasa, uning hostingga bo’lgan talablari juda kam bo’ladi: u kam joy egallaydi, minimal muhitda ham to’liq ish faoliyatini davom ettira oladi.

SAYT TEZLIGI. Statik HTML sayt o’zining tez yuklanishi bilan ajralib turadi. Chunki saytda hech qanday dinamik jihatlar bo’lmaydi. Nimani ko’rib tursangiz, saytning bor asosi ham huddi shu narsalarning o’zi bo’ladi. Sayt ma’lumotlar bazasi bilan ishlamaydi, demak unga murojaat qilinadigan vaqt tejaladi.

HTML sayt noqulayliklari

O’ZGARMASLIK. Sayt tez-tez o’zgartirilmaydi. Dinamik bo’lmagan saytda deyarli yangilik bo’lmaydi. Sayt doimiy bir xilda turaveradi. Oddiy «tashrif qog’ozi» vazifasini o’tovchi sayt uchun bu ayni muddao bo’lishi mumkin, ammo bunday sayt dinamik saytlar singari o’ziga ko’plab foydalanuvchilarni jalb qilmaydi.

IMKONIYATLARNING QO’SHILMASLIGI. HTML saytga deyarli hech qanday qo’shimcha imkoniyat qo’shilmaydi chunki unda dinamiklik va o’zgaruvchanlik xususiyati yo’q. Bunday sayt ba’zan zerikarli tuyulib qolishi ham mumkin.

NARXLARNING QIMMATLIGI. Agar dasturchi bo’lmasangiz, HTML asosida ishlaydigan saytingizga qandaydir o’zgartirish kiritish uchun dasturchini yollashingiz kerak bo’ladi. Ish qiyin bo’lganligi sababli, tabiiy ravishda, saytingizga kiritiladigan o’zgartirish ham qimmatga tushishi mumkin.

WordPress yoki HTML sayt?

Qaysi biri yaxshiroq? Qaysini tanlashimiz yuqoridagi qulaylik va kamchiliklarni hisobga olgan holda aqlli qaror bo’lishi mumkin?

Javob saytingizning maqsadi va kelajagiga bog’liq. Agar Sizga bir marta tayyorlanib, keyingi yillar davomida o’zgarmas bo’lib turadigan sayt kerak bo’lsa, HTML sayt Sizning tanlovingiz bo’lishga eng munosibi. Saytingizning kejalakda rivojlanishi, yangilanib turishi va o’sishi kerakligini hisobga olsangiz, WordPress tizimi ayni muddao!

Kim uchundir o’z tijorati haqida qisqacha ma’lumot beradigan, kerakli vaqtda sayt manzilini aytib yuborsa, kerakli kishi kompaniyaning telefon raqamlari, manzili va xizmatlari haqida o’zgarmas ma’lumotlarni bilib olishi mumkin bo’lgan sayt kerakdir. Bunday holatda HTML sayt bir marta tayyorlanadi va sayt ega uni yillar davomida o’zgartirmasdan ishlataveradi.

Yana kim uchundir saytning rivojlanishi, kelajakda yangi imkoniyatlar qo’shilishi, yangilab turilishi muhim. Bunda sayt egasi kerakli vaqtda yangi maqola qo’shadi, saytdagi bo’limlarni, menyularni o’zgartiradi. Ba’zan sayt dizayni to’liq o’zgartirilishi mumkin. Sayt dinamik bo’lib, boshqa foydalanuvchilar ham saytda a’zo sifatida ishtirok etishi, o’zgartirishlar kiritishi mumkin. Saytga kelajakda yangi funksiyalar hech qanday qiyinchiliksiz qo’shilishi mumkin.

Agar saytingizni tijorat maqsadida ishlatmoqchi bo’lsangiz, saytingiz orqali pul topishni rejalashtirayotgan bo’lsangiz, yoki saytingiz tijorat faoliyatingizning asoslarida biri bo’lsa, WordPress tizimidan foydalanishingiz maqsadga muvofiq.

Bugungi kunda sayt tayyorlash bilan shug’ullanuvchi shaxslar, studiyalar yoki jamoalar juda ko’p. Ularga saytingizni tayyorlash uchun buyurtma berishdan oldin ustalarning muayyan yo’nalishdagi tajribalari, bilimi va qilgan ishlariga alohida e’tibor qaratishingiz muhim ahamiyatga ega. WordPress tizimi keng qamrovli bo’lganligi sababli uning ustalariga qo’yilgan talablarni ham yaxshi tushunib olish zarur.

Saytingizni har doim ishining haqiqiy ustalari orqali tayyorlatishga harakat qiling. Jiddiy loyihalaringizni sayt tayyorlashni endigina o’rganayotgan, boshlang’ich bosqichdagi ustalarga ishonmaganingiz ma’qul. Sayt tayyorlash ham o’ziga xos san’at va kod yozish – she’riyat ekanligini unutmang.

Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

20 ta fikr

  1. Sizningcha Facebook yaratilish asosida qanday bilimlar yotadi? Bir kishi Facebookdek saytni tayyorlab, boshqara oladimi va undan qanday bilimlar talab etiladi?

  2. Xayrli kech Azamat aka! Demoqchiydimki, dasturlash tillari orqalimi yoki cms orqalimi? Agar dasturlash tillari asosida bo’lsa ular qaysilar? Agar CMSda bo’lsa u qaysi? Shular borasida biroz bilimingizni ayamasangiz minnatdor bo’lardim!

  3. Html css dan maket tayyorlab o’zingiz istagan korinishga keltirib worpressga ulab qo’sa bo’ladi bunga 1 2 soat vaqt ketadi

  4. worpress yaratilgan kun.uz daryo.uz sayitlari ham manimcha xuddi shunday qilishgan oldin html css dan yaratgan maketdi keyin wordpressga ulagan

  5. Html, css…etc kodlar asosida(notepad’da) terilgan shablonni qanday qilib wordpressga moslasam bo’ladi?

    • Qanday shablon? Buning uchun ozgina PHP ni bilish talab qilinadi. Shablonni moslashtira olasiz. Agar shabloningiz ustida ozgina ishlashingiz kerak…
      Uni bir og’iz bilan tushuntirish qiyin…

  6. Bizda negadir hamma, dasturchilar va o’rganmoqchi bo’lganlar WEB dizaynerlik, WEB dasturlash bilan shug’ullanadi. Quyiroq darajadagi tillar, masalan, C, C++, Delphi va h.k. bilan kamchilik shug’ullanadi. WEB oson bo’lgani uchunmi?

    • Yo’q . Bu dunyoda oson narsani o’zi yo’q. Meni bilishimcha ko’pchilik o’zi web dasturlashga qiziqadi, sababi xozir hamma narsa internet orqali bo’layabdi va veb dasturlar ko’p foyda keltiradi va hokazo uchundir. Men o’zim 15-16oydan beri dasturlash bilan shug’ullanaman. Ya’ni Delphi, Object Pascal, DB va boshqalar. Xech narsa oson emas. Veb dasturchi bir kun kelib, kompyuter dasturlashni o’rganishga to’g’ri keladi. Kompyuter dasturchisi esa bir kun kelib veb dasturlashni o’rganishi kerak bo’ladi. Masalan o’zim, faqat kompyuter dasturlash bilan shug’ullanaman degan fikrda edim, lekin vaqt o’tib HTML, JavaScriptni o’rganishga to’g’ri keldi va hozir o’zimga yetarlicha bilaman.

      Bu hammasi mening fikrim. Yana bilmadim!?

  7. Men aytmoqchiman, HTML, JavaScript, CSS, PHP lar C, C++, Delphi va h.k. larga nisbatan ancha oson demoqchiman.

    • HTML o’rganishga juda oson!
      JS, PHP oson deb kim aytdi??? Agar PHP va JS larni professional o’rganingcha?!! Qolgan tillarni agar phpni ucg oyda o’rgansangiz uni bir oyda o’rganinb olasiz.
      Chunki dasturlash tillarining deyarli barchasida ishlash bir xil, Operatorlar, sikllar, o’zgaruvchilar va b…
      Faqatgina ozgina farq qiladi. Biroq asos deyarli bir xil…
      Bizda saytlar ko’pligiga kelsak, Bularning ko’pi tayyor skriptlar, va CMS larda qilingan.
      Agar faqat dasturlashni o’rgansangiz unda baribir web dasturlashga ishingiz tushadi. Ja bo’lmaganda html ga…

      • HTML va CSS hatto dasturlash tili ham emas. C, C++ da ishlab yurgan odam JS va PHP ni juda tez o’rganib oladi. Lekin, JS va PHP dan boshlagan va ularda ishlab yurgan odam C/C++ ni o’rganishi juda qiyin kechadi. JS va PHP interpretatorlari C/C++ da yozilgan. Shu gaplarga qo’shilasizmi?

        • Ho’p shu o’rinda sizga bir savol? Agar dasturlash tilini bilsangiz aqalli php va C/C++/C#/ Hech server bilan ishlovchi sayt yaratib ko’rdingizmi? yoki qiziqib ko’rdingizmi? Men boshida HTML va CSS ni ham bilmasdim… Ular juda qiyindek edi! Ammo ularni o’rgandim, keyin unda yaratgan saytlarimdan ko’nglim to’lmadi va php va MB ni o’rganishga kirishdim.. O’rgandim ham keyin bundanda qiyinrog’i server bilan ishlovchi sayt yaratish niyati tug’ildi.
          Bunda esa hech bir web til qila olmaydi! Endilikda savol tug’iladi? buni qaysi til qila oladi?
          Qiziqsam bularni asosan C/ Java kabi tillarda qilinar ekan. Keyin Javani o’rganishga kirishdim. Java to’liq til bo’lmaganligi sababli ko’p hollarda C++ ga murojaat qiladi. Java bilan birgalikda C++ ga o’tdim Oxiri o’rgandim! Barchasi bir oddiy server bilan ishlovchi sayt yaratish uchun! Eshitgan odam kuladi! )
          Lekin shularni (HTML, CSS, JS, PHP, MYSQL, JAVA, C++ va oracleni (ozma oz)) O’rganishim uchun naqt ikki yulim ketdi! Iloji boricha ichiga kirishga harakat qildim! Boshida qiyn biroq o’zlashtirilsa oddiy 2×2 !
          Barcha gap qiziqishda!!! Agar o’z xoxishingiz bo’lmasdan bir biriga sakrab yuraversangiz u holda har bir dasturlash tili qiyin bo’laveradi!
          Oldin birini yaxshilab o’rganib keyin ikkinchisiga qadam qo’yish kerak!
          Axir ikki karani yodlamasdan 9 kara jadvaliga o’tish mumkin emasku to’g’rimi????

  8. Shu o’rinda oxirgi savolingizga javob yozmapman!
    Ho’sh, Dasturlash tilini qanchalik darajada bilasiz?
    Qani biror dasturlash tilini oling va uni tegini surushtiring, chiqqanini ham…
    Borib borib hozir muomiladan chiqib ketgan bir tilga borib qoladi. Ularni ham tagini surushtiringchi?
    oxiri hozirgi buyuk so’z! ALGARITMGA borib qoladi! Ya’ni 0 va 1! Shunday emasmi? Dasturlash tillarining ko’payishi esa taraqqiyot omili, ishlashni osonlashtirish va qulaylik imkoniyatni oshirish… Agar internet yo’qolib ketsa HTML, JS, CSS, PHP, kabilar hech kimga kerak bo’lmay qoladi. Qolganlari ham shunday…
    Xullas shunday gaplar!
    Bu albatta meni fikrim! Har kim har xil fikr yurutadi…

    • Qiziq savol. Dasturchi albatta sayt bilan shug’ullanish kerakmi?

      Siz ham sayt haqida gapiryapsiz. Savol o’sha-o’sha. Nega bizda ko’pchilik, o’zini dasturchiman deydigan odam faqat saytlar yaratish haqida gapiradi. Sayt yaratish desktop uchun dastur yaratishdan oson bo’lsa kerakda? Yoki bunga (desktopga) qiziqish yo’qmi? Yoki talab yo’qmi? Juda ko’p IT firmalar bor. Barchasida «Разработка веб сайтов, Веб дизайн…». Masalan, men uchun desktop qiziq. 12 yildan beri dastur yozaman. Pascal/Delphi, C, C++ (C++ ni yaxshiroq bilaman) da. Lekin web dasturlashga hech qiziqolmadim.

      • Desktop dasturlar yaratishga qiziqaman albatta. Shuncha tilni oddiy saytlar yaratib o’tirishga sarflamaymankua???
        Biroq oldin aytganimdek har kimga har xil.
        Desktop dastur yaratish sayt yaratishga qaraganda osonroq men uchun. Dastur yozishga qiziqaman biroq talabga qarab. faoliyat yurutish kerak. Desktop dastur yozib ko’rgandim MAC va Linux uchun. Saytni buglarini to’girlash juda oson. Dasturda esa anchagina bosh og’riq kelib chiqadi. Dasturchi bo’lish oson emas…
        Undan tashqari bizda intellekt yaratuvchilarga kam oylik to’lanishini hisobga olsak bunda faqat soch oqargani qoladi. Dastur yaratsak g’aroyib g’oyani oldiga surub dastur yaratish kerak. Shunda dasturingiz mashhur bo’ladi va siz rivojlanasiz. Unday g’oyani bir necha odam qilsa yaxshi natijaga erishiladi. Oldingi javobimdagi kabi bizda bundaylarni topish …….!
        Sayt yaratuvchilarni 90% i bilan qiziqib ko’ringchi? Barchasi tayyorga ayyor!
        Yaxshi dasturchilar bo’lsa birga ishlardim biroq topish ancha qiyin. Bori ham tavakkal qilmaydi.

      • agar 12 yildan beri dastur tuzsangiz demak siz mukammal dasturchisiz. Web bo’lsin deskop bo’lsin barnir dastur tuzasiz.Webda ham xar xil dastur yozsa bo’ladi faqat sayt emas

  9. Ziyonetdagi WordPress bilan Tas-IX da ishlaydigan WordPress ning farqi bormi? Men ham Muzrabot.zn.uz saytini ishlatib turibman.Lekin HTML da ham birinchi darajali sayt yaratmoqchi edim. Buning uchun HTML ni yuqori darajada bilib olishim kerak. C++ bo`lsa juda ham yaxshi bo`lardi. Yordam bera olasizlarmi?

  10. Web programming oson emas faqat tayyor dvijoklar bor wordpress joomla va hakazolar. HTML,CSS,PHP larni mukammal bilaman deganlar xozir ham sanoqli. Lekin wordpresschilar negadir ko’p. Aslida wordpress nimada tayyorlangan? HTML qatnashmasdan ham sayt tayyorlash mumkin ekanmi?

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*