Bosh sahifa / WordPress / Yuritish / WordPress tizimining matn muharriri

WordPress tizimining matn muharriri

Saytingiz WordPress asosida ishlasa, ehtimol uning admin paneli bilan ancha yaqindan tanishgan bo’lishingiz kerak. Saytning asosi hisoblangan ma’lumotlarni kiritishda biz matn muharriri (editor)dan foydalanamiz. WordPressda huddi Microsoft Word dasturida bo’lgani kabi juda tushunarli va oson foydalaniladigan matn muharriri interfeysi mavjud. Hozir ushbu muharrirning eng asosiy qismlarini tahlil qilamiz.

WordPressda yangi ma’lumot (maqola) kiritish uchun asosiy admin panelining chap qismidagi menyudan Maqolalar (Posts) -> Yangi qo’shish (Add new) bandini tanlashimiz kerak. Bu amaliyot mana bu video darsda ham ko’rsatilgan.

Yangi maqola kiritish bandiga kirganingizdan so’ng Sizga matn muharriri ko’rsatiladi. Uning ko’rinishi quyidagiga o’xshash bo’ladi:

Muharrirning eng asosiy foydalaniladigan qismlarini ko’rib o’tamiz. Quyidagi rasmda matn muharririning qismlari qatorlar bo’yicha raqamlangan va bundan keyin ushbu raqamlar asosida muharrirning har bir qatoridagi elementlar xususida birma-bir to’xtalamiz:

1-qismda yozilayotgan maqola, yoki kiritilayotgan ma’lumotning sarlavhasi yoziladi. Maqola sarlavhasini 55 ta belgidan oshirmaganingiz ma’qul. Chunki saytingiz ma’lumotlari qidiruv mashinalari natijalarida ko’rsatilganda 55 ta belgidan ortiq bo’lgan yozuvlarning ortiqchasi kesib tashlanadi va qidiruv natijalarida maqolangiz sarlavhasi to’liq bo’lmay, tushunarsiz holatga kelib qoladi. Bu haqida yaxshiroq tasavvurga ega bo’lish uchun Google qidiruvining mana bu natijalariga qarang:

Ko’rib turganingizdek, birinchi ikki natijaning sarlavhasi 55 belgidan oshib ketganligi sababli oxirida … bilan kesib tashlangan (ular qizil chiziq bilan ko’rsatilgan). 55 ta belgidan kam bo’lgan sarlavhalar esa natijalar ro’yxatida to’liqligicha ko’rsatilgan (yashil bilan belgilangan).

2-qismda tepada yoziladigan sarlavhaning brauzerlar manzil qatorida ko’rsatiladigan, maqolangiz sahifasiga yo’l boshlovchi link sifatida ishlatiladigan ekvivalenti yoziladi. Boshqa so’zlar bilan aytganda, maqolangiz sarlavhasini yozsangiz, WordPress avtomatik tarzda maqolangiz sarlavhasini o’ziga ‘permalink’ yoki ‘slug’ deb ataluvchi maqola linki sifatida nusxalab oladi. Permalink yoki slug deb ataluvchi bu link qidiruvda maqolangiz natijalari yaxshiroq chiqishida muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari premalinklar bizga maqola linkini ochmasdanoq uning nima haqida ekanligini bilib olishimizda yordam beradi. Tushunarsiz belgili permalinklarga nisbatan odamlar o’qiy oladigan, yozuvli permalinklar chiroyli va tartibli hisoblanadi. Mana solishtirib ko’ring: 1) http://azamat.uz/yangi-maqola-linki-haqida/ va 2) http://azamat.uz/5156/p=532 . Bu ikki link ham bir xil ishlab, bir xil sahifani ochishiga qaramasdan, birinchi yaxshiroq ko’rinadi, yaxshiroq o’qiladi va qidiruvda kimdir “Maqola linki haqida” deb qidirsa, natijalar ichida chiqishiga imkoniyat ko’proq bo’ladi. Permalinklar mana shuning uchun kerak.

3-qism yordamida biz maqolaga rasm, video, audio, PDF yoki istalgan boshqa bir turdagi faylni biriktirishimiz mumkin. Ushbu tugma bizga WordPressning fayllar kutubxonasini ochib beradi. Unga fayl yuklash, undagi fayllarni ko’rish, maqolaga kiritish mumkin. Bu tugma faqat saytning o’z fayllarini ko’rishga yordam beradi. Ya’ni, bu tugmani bosish orqali Siz kompyuteringizdagi rasm, audio kabi fayllarni o’zingizning saytingiz fayllar kutubxonasiga yuklashingiz yoki kutubxonada mavjud bo’lgan fayllardan tanlab maqolaga qo’yishingiz mumkin. Ammo boshqa saytlardagi rasm yoki boshqa fayllarni maqolangizga joylash uchun bu tugmadan foydalana olmaysiz. Buning uchun ‘hotlink’ qilishingiz yoki Sizga kerak bo’lgan faylga to’g’ridan-to’g’ri bog’lanishingiz kerak bo’ladi (bu haqida keyingi maqolalarda batafsil yozaman).

4-qismdagi deyarli barcha narsalarning ko’rinishi Sizga har qanday boshqa matn muharrirlari orqali juda tanish bo’lib qolganligi tabiiy. Microsoft Word dasturida ushbu belgilar qanday vazifani bajarsa, bu yerda ham huddi shu vazifada ishlatiladi. Qismdagi har bir yorliqni tartib bilan ta’riflaymiz:

B belgisi belgilab olingan yozuvni qalin qilsa, I belgisi ajratib olingan yozuvni egri shaklda yozadi. Ustidan chizilgan ABC tugmasining vazifasi ko’rinib turibdi – u belgilangan yozuvning ustidan chizib qo’yadi. Undan so’ng tartiblanmagan ro’yxat va keyin tartiblangan ro’yxat yorliqlari bor. Ulardan foydalangan holda har bir qatorda tartiblangan yoki tartiblanmagan ro’yxatlarni tuzishingiz mumkin. Qo’shtirnoq belgisi iqtibosni bildirib, belgilab olingan gap yoki paragrafni ko’chirma gap sifatida alohida belgilaydi. Gorizontal chiziq belgilangan joyda gorizontal oddiy chiziq chizadi va maqolani chiziq bilan qismlarga ajratadi. Keyingi uchta yorliq belgilangan matnni chapga, o’rtaga yoki o’ngga tartiblaydi. Zanjir yorlig’i belgilangan so’z yoki gapni linkka aylantiradi. Biror so’zni belgilab olib, keyin shu zanjirni bossangiz alohida oynada link xossalari: link bosilganda qayerga yo’naltirish, yangi oynada ochish, link ustiga olib borilganda qanday yozuv ko’rsatish va h.k.lar ko’rsatiladi. Zanjir yonidagi uzilgan zanjir yorlig’i esa birinchi yorliq yordamida vujudga keltirilgan linkni yo’qqa chiqaradi. Natijada matn link emas, oddiy matn ko’rinishiga qaytadi. Keyingi yorliq “Read more…” (“Davomi…“) hisoblanib, u orqali biz maqolani ikki qismga bo’lamiz. “Read more…”gacha bo’lgan qism maqola haqida umumiy tasavvur beruvchi anons matn bo’lib qolib, undan keyin saytda “Davomini o’qing…” mazmunidagi link yoki tugma ko’rsatiladi. Bu qismning oxirida joylashgan yorliq orqali matn muharririning boshqa pastki yorliqlarini vaqtincha yashirishimiz yoki ko’rsatishimiz mumkin.

5-qismning birinchi bandida belgilangan matnni turli formatda ko’rsatish imkoni berilgan. Keyin belgilangan matnning ostiga chizilgan holdagi ko’rinishini tuzish mumkin. Undan keyingi yorliq matnning har ikkala tomonini ham bir tekista taxlaydi (huddi mana shu o’qib turgan maqolangiz tomonlaridek). Keyingi yorliq yordamida matn harflari rangini o’zgartirish mumkin. Undan keyin kopiya qilib olingan matnni faqat matn ko’rinishida qo’yish imkonini beruvchi yorliq bor. Bunda, masalan buferga matn, rasm va jadval ko’rinishidagi ma’lumotlar olingan bo’lsa, faqat buferning matn ma’lumotlari maqolaga qo’yiladi. Undan keyingi o’chirg’ich ko’rinishidagi yorliq matn formatini tozalab, asl holatiga keltiradi. Taqa shaklidagi yorliq esa ba’zi maxsus belgilarni maqolaga kiritishda ishlatiladi. Keyingi ikki yorliq matn abzatsini chapga yoki o’ngga surishda ishlatiladi. Keyingi strelkalar oxirgi amalga oshirilgan amaliyotni bitta-bittadan ortga qaytaradi (Undo) yoki ortga qaytarilganlarini oldinga suradi (Redo). Qator oxiridagi so’roq belgisi bor yorli matn muharririning klaviatura orqali boshqarilishida yordam ko’rsatadi.

6-qismda ko’rsatilgan qator yorliqlari turli shablonlarda turli xil bo’ladi. Masalan, hozirgi rasmda ko’rsatilgan yorliqlar Jarida shablonini o’rnatish orqali ko’rsatilgan. Bunda Jarida uchun xos bo’lgan funksiyalar yorliqlari berilgan. Ular turli shablonlarda turlicha bo’lganligi sababli yorliqlar vazifalarini aytib o’tishni lozim topmadim.

Matn muharriri va unga aloqador boshqa qismlar ham bor. Ularni keyingi maqolalarda tanishtirib o’taman. WordPress tizimini o’rganishdan charchamang!

Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

3 ta fikr

  1. 6-qism ni qanday qilib WordPress ga qo’shish mumkin? Oldindan Raxmat Xurmatli admin.

    • Ular shablon xususiyatidan kelib chiqib qo’shiladi. Rasmda Jarida shabloni paneli ko’rsatilgan. Boshqa shablonlar panelida bu narsalar bo’lmasligi mumkin, yoki aksincha, boshqa imkoniyatlar ko’rsatilishi mumkin.

  2. Read more haqida to’liqroq ma’lumot bering Azamat aka

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*