Bosh sahifa / WordPress / Ma'lumot / WordPress tizimi anatomiyasi

WordPress tizimi anatomiyasi

WordPress tizimi web hostga o’rnatiladi. U asosida saytingiz ishlaydi. WordPress tizimi bepul bo’lib, uni tizimning rasmiy sayti – www.WordPress.org saytidan yuklab olishingiz mumkin. WordPressning o’zbek tilidagi loyihasi ham ishlab turibdi. Loyihani uz.wordpress.org saytida kuzatishingiz, tizim rivojiga o’z hissangizni qo’shishingiz va u haqida o’rganishingiz mumkin.

WordPress tizimi rasmiy saytdan .zip fayl ko’rinishida yuklab olinishi mumkin. Tizimning jami hajmi tahminan 8 megabaytni tashkil etadi. Bu yengil tizim hajm ko’rsatkichiga qarama-qarshi ravishda juda kuchli hisoblanadi. WordPress bilan deyarli har qanday turdagi saytni tayyorlash mumkin.

Tizimni yuklab olganingizdan so’ng uni .zip fayldan chiqarib, hostingizga yuklab, o’rnatishingiz kerak bo’ladi. Ushbu maqolada WordPress tizimining anatomiyasi – ichida qanday fayllar borligi, ichki tuzilishi nimalardan iboratligi va qaysi qism nimaga javob berishi haqida o’rganamiz. WordPressni rasmiy saytidan yuklab olib, arxivlangan faylni ochganingizda quyidagi fayllar va papkalar ro’yxatini ko’rishingiz mumkin:

wp-admin papkasida WordPress tizimining administrator (boshqaruv) qismiga javob beruvchi barcha fayllari joylashgan. Bu papka va uning ichidagi barcha fayllar hamma bir xil versiyadagi WordPress asosida ishlovchi saytlarda bir xilda bo’ladi. Agar bu papkani bexosdan o’chirib yuborsangiz, aslo qo’rqmang! Shunchaki WordPress tizimini rasmiy saytdan yuklab olib, bu papkani ichidagi fayllari bilan birga o’z joyiga tiklab qo’ysangiz, saytingiz avvalgidek ishlashda davom etadi. Ushbu papka tizimning ishlashi uchun o’ta zarur bo’lishi bilan birga saytning rivojlanishi davomida uning ichidagi fayllarga hech qanday o’zgartirish kiritilmaydi.

wp-content papkasi va uning ichidagi fayllar saytingizning yuragi (yoki miyasi 🙂 ) hisoblanadi. Bu papkada saytingiz shabloni, fayllari, plaginlari va boshqa barcha hayotiy zarur fayllari saqlanadi. Uni o’chirib yuborishingiz saytingizdan ayrilib qolishingizni anglatadi (agar zahira nusxa bo’lmasa, albatta). wp-content papkasi va uning ichidagi fayllar bilan ishlaganda o’ta ehtiyotkor bo’ling! Imkon qadar saytingizning bu papkasini ichidagi barcha fayllari bilan birga alohida zahira nusxaga olib qo’yishingiz tavsiya etiladi.

wp-includes papkasida tizimning ishlashi uchun zarur bo’lgan barcha qo’shimcha fayllar joylashtirilgan. wp-admin papkasi singari bu papkaning o’chib ketishi ham qo’rqinchli emas: uni yangi yuklab olingan tizim papkasi asosida tiklab qo’yishingiz mumkin. Saytingiz rivojlanishi mobaynida wp-includes papkasi fayllariga hech qanday o’zgartirishlar kiritilmaydi.

Papkalar haqida bilib oldik, endi alohida fayllarni sharhlashga o’taman. Bu fayllarning nomlariga qarab ular nima vazifani bajarishini tahminan bilib olish qiyin emas. Fayllarning barchasi haqida yozmoqchi emasman. Faqat ularning eng muhimlarinigina aytib o’taman.

index.php fayli saytingizning bosh fayli hisoblanadi. Saytingiz domeniga muroaat kelganda hostingiz birinchi bo’lib ushbu faylni chaqiradi.

wp-config.php (tizimni o’rnatishgacha wp-config-sample.php ko’rinishida bo’ladi) fayli saytingizning o’ta muhim fayllaridan biri hisoblanadi. Unda ma’lumotlar bazasiga ulanish ma’lumotlari, tizim tili va multisayt sozlanmalari joylashgan bo’ladi. Yuqoridagi rasmda ko’rib turganingiz wp-config-sample.php fayli WordPress o’rnatilgandan so’ng avtomatik tarzda yangi wp-config.php fayli ko’rinishida nusxalanadi.

wp-login.php fayli tizimga foydalanuvchilarning login va parol yordamida kirishini ta’minlaydi.

wp-settings.php fayli o’z nomi bilan ham aytib turibdiki, bu fayl tizimning sozlanmalariga javobgar hisoblanadi. WordPress tizimining sozlanmalari aynan shu fayl orqali amalga oshiriladi.

Agar tizimda yangi a’zolarni ro’yxatga olish sozlanmasi yoqilgan bo’lsa, wp-signup.php fayli a’zolarni ro’yxatga olish bilan shug’ullanadi.

WordPress tizimining qisqacha anatomiyasi shundan iborat. Kelajakda alohida papkalar va ularning ichidagi fayllarni ham sharhlashga harakat qilaman.

WordPress tizimi bugungi kunda internetdagi jami saytlarning sal kam 30% qismini boshqaradi. Internet texnologiyalari har qancha taraqqiy etmasin, yaqin kelajakda WordPress o’z o’rnini hech bir boshqa tizimga bo’shatib bermaydi. Bu tizimni mukammal o’rganib, u orqali yaxshigina pul ishlab olishingiz ham mumkin. Shunday ekan, WordPressni o’rganing!

Iltimos, ommalashtirishga yordam bering: Share on FacebookShare on Google+Tweet about this on TwitterShare on VKEmail this to someone
Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

5 ta fikr

  1. Avvalombor assalomu aleykum. Sizga bitta savolim bor edi.

    Men, .uz domenida ko’p tilli sayt qilmoqchiman.

    1) Ko’p tilli saytlar uchun qaysi CMS dan foydalanay?
    WordPressdan foydalanish niyatim yo’q. Shunga qaysi tekin CMS ni taklif qilasiz?

    Keyin men .uz da qilsam, saytimning ingliz tili yoki rus tili ko’rinishlarini adsense qabul qiladimi? Misol uchun sayt.uz/eng ???

    Javoblaringiz uchun oldindan raxmat!

    • WordPressdan tashqari Joomla, Drupal CMSlaridani foydalanishingiz mumkin. Ma’lumotlari rus yoki ingliz tilida bo’lsa har qanday manzildagi saytingiz AdSense tomonidan qabul qilinadi. Boshlayotgan ishlaringizda omad tilayman!

  2. Assalomu aleykum yaxshimisiz?
    Sayt dizaynini yaratib bo’lgach, uni WordPressga kiritish kerakmi?
    Hozir sayt dizaynini tayyorlab bo’lganman, endi domen, hosting ishlari b-n shug’ullanishim kerak. Bu birinchi saytim bo’lgani uchun biroz qiynalvomman. Shunga yordam berib yuborishingizni so’ramoqchiydim. Agar imkoningiz bo’lsa, e-mail adressimga tel. raqamingizni yozib yuborsangiz, telegram i.t. orqali o’zingiz kerakli ko’rsatmalar berib tursangiz. Oldindan rahmat!

    • Agar dizayn HTML ko’rinishida bo’lsa uni WordPress shablonga aylantirishingiz faqat WordPressdan foydalanishga qaror qilganingizda zarur bo’ladi. Boshqa tizim ishlatmoqchi bo’lsangiz, boshqa tizimga moslang. Oddiy HTML saytdan foydalanishga qaror qilishingiz ham mumkin (ammo hozirgi vaqtda juda kamdan-kam holatlarda bunday qilishadi).

  3. WP hook haqida ma’lumot bersansiz

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*