Bosh sahifa / WordPress / Ma'lumot / WordPress asosidagi saytingiz uchun eng yaxshi hostingni tanlash

WordPress asosidagi saytingiz uchun eng yaxshi hostingni tanlash

Hosting saytning muvaffaqiyatida birinchi o’rinda hisobga olinishi shart bo’lgan vositalardan biri hisoblanadi. Sifati yomon bo’lgan hostingda joylashtirilgan saytning o’zi har qancha kuchli bo’lmasin, uning muvaffaqiyati hosting imkoniyatlari chegarasidan chiqib keta olmaydi. Yomon hostingdagi sayt ham o’z-o’zidan yomon saytga aylanib qoladi. Saytingiz muvaffaqiyatli bo’lishini xohlasangiz eng avval yaxshi, sifatli hosting tanlab olishingiz kerak bo’ladi.

Agar hali saytingiz bo’lmasa, uni rejalashtirishdan avval kelajakdagi saytingiz uchun yaxshi hosting izlashni boshlang. Bordi-yu saytingiz bo’lsa, amma u joylashgan hosting xizmatlari sifati Sizni qoniqtirmayotgan bo’lsa, saytingizni istalgan vaqtda o’zingiz xohlagan boshqa hostga ko’chirish imkoniyatingiz borligini ham unutmasligingiz kerak.

WordPress tizimi o’ta kuchli bo’lishiga qaramasdan juda yengil va ko’p resurs talab qilmaydigan skript hisoblanadi. Hostingga qo’yiladigan talablar ham juda ko’p emas: eng kamida PHPning 5.2.4 va MySQLning 5.0 versiyasi bo’lsa kifoya. Hozirgi kunda dunyodagi barcha hostlar (hatto eng kuchsizlari ham) WordPressni hech qanday qiyinchiliklarsiz qo’llab-quvvatlay oladi.

Tan olish kerak, bugungi kunda O’zbekiston hostinglarining birortasi ham kishini qoyil qoldiradigan, a’lo darajadagi hosting xizmatini ko’rsata olmayapti. Har birining qandaydir aybi bor: qaysidadir saytlar “qotib” ishlaydi, yana boshqa birida imkoniyatlar juda cheklangan. Qachonlardir bizga ham BlueHost yoki Hostgator kabi hostinglar sifati taklif etilar, ammo ungacha o’zimizda bor hostinglarning ko’rsatayotgan “yo’qdan ko’ra bor” xizmatlariga shukr qilib ishlashimizga to’g’ri keladi.

WordPress tizimi yordamida o’zingizga yangi sayt ochmoqchi ekansiz, hosting tanlashda asosiy masala yuzasidan qaror qilishingiz kerak bo’ladi: saytingizning TAS-IX tizimida bo’lishi Siz uchun muhimmi yoki yo’qmi?

TAS-IX nima ekanligini bilmaydiganlar uchun: TAS-IX tarmog’i O’zbekistondagi ichki internet tarmog’i bo’lib, unga kiruvchi serverlar bir-birlari bilan yurtimizdagi mavjud eng yuqori tezlikda, bepul tarzda ma’lumotlar almashishi mumkin. TAS-IX tizimiga kiruvchi serverlariga ega bo’lgan hostinglardan birida saytingizni joylashtirsangiz, saytingiz (va uning ichidagi barcha video, rasm, boshqa fayl ko’rinishidagi) ma’lumotlari O’zbekiston ichidagi barcha internet servis provayderlari abonenetlari (ya’ni, internetdan foydalanuvchilar) uchun maksimal tezlikda va ishlaydi. TAS-IX tarmog’iga kirmaydigan barcha serverlar va ularning ma’lumotlari “tashqi” hisoblanib, bu “tashqi” serverlar ma’lumotlarini olganliklari/ko’rganliklari uchun O’zbekiston internet foydalanuvchilari megabayt hisobida pul to’lashadi. Tashqi serverlarda joylashgan saytlarning yuklanish tezligi ham turli provayderlarning turli tariflariga ko’ra turlicha tezlikda belgilangan. Xulosa qilib aytganda, saytingiz TAS-IX tizimida (O’zbekiston hostinglaridan birida) joylashgan bo’lsa, O’zbekistonliklar uchun saytingiz tez ochiladi va saytingizdan foydalanish ular uchun bepul to’ladi. Aksincha, saytingiz tashqi serverda joylashgan bo’lsa (TAS-IX bo’lmasa), saytingizning ochilish tezligi past bo’ladi (foydalanuvchi tarifiga bog’liq holda) va saytingizga kirishgani uchun foydalanuvchilar hisobidan megabaytlar sarflanadi.

Saytingizni qaysi tarmoqda joylashtirish saytingizning asosiy foydalanuvchilari qayerdan bo’lishiga bog’liq. Agar saytingiz o’zbek tilida bo’lsa va uning asosiy foydalanuvchilari O’zbekistondan bo’lsa, demak saytingiz TAS-IX tarmog’ida bo’lgani ma’qul. Har holda foydalanuvchilaringiz uchun bu ancha qulay bo’ladi. Aksincha, saytingiz xorijiy tilda bo’lib, uning foydalanuvchilari asosan xorijliklar bo’lsa, u holda saytingiz uchun hostingni tashqi serverlardan izlashingiz ham mumkin.

Yuqorida aytib o’tilganidek, xorijiy hosting xizmatlari O’zbekiston hostinglari taklif qilayotgan xizmatlardan bir necha barobar sifatliroq, arzonroq va ishonchliroq hisoblanadi. Agar tashqi serverdan hosting xizmatini olmoqchi bo’lsangiz Bluehost, Inmotion Hosting, Hostgator, Siteground kabi hostlarni tavsiya qilaman. Bundan tashqari boshlovchilar bepul hostinglardan foydalanishlari ham mumkin. Xorijiy hosting kompaniyalarining juda ko’pchiligi bepul hosting va subdomen xizmatlarini taklif qiladi. Ular yordamida o’z saytingizni ochib, boshlang’ich ko’nikmaga ega bo’lishingiz, bepul o’rganishingiz mumkin. Mana bu qo’llanmada shunday bepul hostinglardan biriga a’zo bo’lish, bepul hosting va subdomenga ega bo’lish bosqichma-bosqich, rasmlar bilan tushuntirib berilgan. Ammo agar saytingizning TAS-IX tarmog’ida bo’lishi Siz uchun muhim bo’lsa, tanlovingiz faqat O’zbekiston hosting provayderlari ichida bo’ladi.

O’zbekiston hostlarini tanlashda yordam beruvchi hosting-obzor.uz domenli yaxshi sayt bor. Bu saytda hosting xizmatlarini ko’rsatuvchi O’zbekistondagi barcha hostlar narxi, sifati va boshqa jihatlariga ko’ra tahlil qilingan. Ularning reytingiga ko’ra hozirgi kunda birinchi o’rinda aHost hosting provayderi turibdi. Ikkinchi o’rinda Active va uchinchi o’rinda Regname hostinglari keltirilgan. Bu sayt reytingining birinchi o’rnidan joyga olgan aHost hostingi ko’pchilik foydalanuvchilarning yaxshi baholari tufayli raqobatchilaridan o’zib ketgan. Yaxshi baho berishibdimi, demak hosting xizmati boshqalariga nisbatan ancha yaxshi, degan xulosaga kelish mumkin. Shaxsan o’zim WordPress asosida sayt ochishni reja qilganlarga aHost hostingini tavsiya qilardim, chunki bu hostingda WordPress tizimini avtomatik tarzda o’rnatish imkoniyati mavjud.

Hostingni tanlashingizda bir necha asosiy jihatlarga e’tibor qaratishingiz kerak. Ammo, afsuski, qaysi hosting yaxshi ekanligini ularning har birida joylashib, alohida ishlab ko’rishsiz bilib olishingiz juda qiyin. Boshlovchilar uchun hostingning yordam ko’rsatish xizmati a’lo darajada bo’lishi juda muhim hisoblanadi. Axir sayt bilan ilk marotaba ishlab turgan vaqtingizda savollar va muammolar tug’ilishi tabiiy. Bunday holatda hostingning yordam xizmati Sizning har bir qo’ng’irog’ingizga mamnunlik bilan javob bersa Siz uchun juda katta yordam bo’ladi.

Saytingiz ancha vaqt ishlab, o’z foydalanuvchilariga ega bo’lganidan so’ng uning yanada tez va kuchli ishlashini ta’minlash maqsadida saytingizni VPS (Virtual Private Server  – Virtual Shaxsiy Server) xizmati yordamida alohida serverga ko’chirishingiz ham mumkin. Bu usulda ishlash sayt tayyorlashni yoki yuritishni endi o’rganayotganlar uchun emas. Chunki alohida shaxsiy serverni mustaqil ravishda yuritish uchun ham ko’nikma, tajriba kerak bo’ladi. Odatiy hosting xizmatlarida Sizning saytingiz boshqa minglab saytlar bilan birgalikda bitta serverda joylashtiriladi. Sizning saytingiz bilan bir joyda turgan saytlarga qanchalik ko’p murojaatlar bo’lsa, server qanchalik bosim bilan ishlasa, saytingizning tezligi ham shunga qarab o’zgaradi. VPSda esa hammasi boshqacha – bitta serverda faqat Sizning saytingiz (yoki bir necha boshqa saytlar) bo’lishi mumkin. Bunda server bor kuchi bilan faqat Sizning saytingizga yoki o’zidagi bir necha saytlarning to’la quvvat bilan ishlashiga harakat qiladi. Albatta, odatiy hostingda joylashtirilgan sayt bilan VPSda joylashgan sayt tezligi, ishlash quvvati o’rtasida juda katta farq bo’ladi.

Saytingizni ochishdan yoki uni boshqa yangi hostga ko’chirishdan oldin yuqorida aytib o’tilgan fikrlar haqida o’ylab ko’ring. Hosting xizmatlari haqida ko’proq o’rganing, izlaning. Eng muhimi, saytingizning muvaffaqiyati hosting sifatiga juda ko’p jihatdan bog’liq ekanligini unutmang.

Abituriyentlar uchun test formulalari

13 ta fikr

  1. Salom Azamat aka sizga savolim boredi. ix.uz sayti mualliflari taklif etayotgan hosting hizmatlarga nima deysiz ? ishonsa bo’ladimi ? javob uchun oldindan rahmat !

  2. Azamat aka menga sizning saytingiz va maqolalaringiz juda yoqdi, bunday foydali sayt yaratganingiz uchun Katta Raxmat !!!

  3. Taxminan sizniki kabi saytga qncha mb baytli hosting olgan maqul.

  4. salom azamat sizdan maslahat.
    http://www.hostgator.com/shared-compare shu adress dagi business plan qanqa deb uylaysiz
    qulayliklari kuproq deb uylayman

  5. Azamat aka, qo’llanmada kursatilganidek hostingerdan ruyxatdan utish jarayonida, (bepul hosting uchun akkaunt) sms potdverjdeniya surayapti.

  6. Azamat aka menga sifatli, arzon va eng muhimi hostingni bir oyga sotib olsa bo’ladigan bir yaxshi hosting provayder kerak shunga nima deysiz

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*