Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Uzluksiz dasturchilikning bir yili

Uzluksiz dasturchilikning bir yili

Bugun o’qituvchilikni tark etib o’zimni butunlay yangi soha – dasturchilik va internet tijoratiga bag’ishlaganimga bir yil to’ldi. Olti yil davomida ingliz tili fanidan dars o’tib, o’z kelajagini ta’lim sohasi bilan bog’lab kelgan kishi to’satdan kasbiy faoliyatini endi yuksalayotgan davrda butunlay to’xtatib, o’zi uchun notanish, yangi va qisman noma’lum bo’lgan sohaga o’tib ketsa nimalar bo’lishi mumkinligi haqida bilishni istaganlar uchun ushbu maqolani yozishga qaror qildim. Bir yil davomida to’plangan tajribalarim boshlang’ich darajadagi dasturchilar uchun dars bo’lishi bilan bir qatorda mening bosqichimda faoliyat yuritayotgan dasturchilar uchun men yo’l qo’ygan xatolarni takrorlamasliklari uchun qo’shimcha eslatma bo’lib xizmat qiladi, degan umiddaman.

Men har doim o’z kasbimni sevish bo’yicha yaxshi natija ko’rsata olganman. Men uchun moddiy va ma’naviy foyda keltira oladigan har qanday ishni kasb sifatida tanlamay, uni hech shubhasiz sevib qola olaman. Balki bu hislatim maktab o’quvchisi bo’lgan davrimda «Mening sevimli kasbim» mavzusida har qanday inshoni istalgan kasbga oid qilib yoza olgan vaqtlarimdayoq boshlangandir. Nima bo’lganda ham hozirgi kasbdoshlarim, yaqinlarim mendagi bu hislatni ijobiy baholashadi.

Maktabga o’qituvchi sifatida ishga qabul qilinganimda o’z kasbimni juda yoqtirib qoldim. Menga dars o’tish, o’quvchilarga ingliz tilini o’rgatish juda yoqardi. Ustoz sifatidagi faoliyatim davomida ba’zi muhit noqulayliklaridan norozi bo’lsam ham hech qachon kasbimdan nolimaganman. Qiyinchiliklarga qaramasdan darslarim sifatini oshirishga, o’z ustimda ishlashga, kitob yozishga, o’qituvchi sifatida navbatdagi yuqori bosqichga ko’tarilishga har doim harakat qilganman. Faoliyatim davomida ko’plab do’stlar ottirdim, saytim o’z sohasi doirasida mashxur bo’ldi, ma’naviy jihatdan yuksaldim, bilimim oshdi. Ammo bir necha yildan so’ng o’qituvchilik kasb sifatida mening bir necha talablarimga javob bera olmasligini tushunib yetdim. Talablarimdan biri kasbim orqali yaxshigina miqdorda pul ishlab topish va kelajakda qo’shimcha ish qilishga moddiy ehtiyoji bo’lmagan o’qituvchi bo’lib yetishish edi. Natijaviy xulosa: O’qituvchilik pul ishlab boy bo’lish maqsadida tanlanadigan kasb emas. O’qituvchilik – bu yurak amri. Ustozlik – ma’naviy boylik martabasi. Pul ishlab topmoqchi bo’lsangiz biznes, savdo kabi ajoyib sohalar bor. O’qituvchilik qilib xurmat, bilim-tajriba, shaxsiy yuksalish topa olasiz, ammo hech qachon ko’p pul yoki boylik topaman, deb umid qilmang.

O’qituvchilikdagiga nisbatan ko’proq pul ishlash ehtiyoji meni kasbimni o’zgartirishga undadi. Atrofimga tafakkur nigohi bilan qarab ingliz tilini o’rgatishdan boshqa qila olishim mumkin bo’lgan ishlar haqida o’ylay boshladim. Men tanlaydigan yangi kasb quyidagi talablarni qanoatlantira olishi kerak edi:

  • Qonuniy bo’lishi, jamiyat tomonidan ijobiy qabul qilinishi va salbiylikdan yiroq bo’lishi;
  • Shaxsiy rivojlanishga undashi, doimiy yuksalishni talab etishi;
  • O’zim bilan bir qatorda oilam, hamshaharlarim, vatandoshlarimga ham foyda keltirishi;
  • Imkon boricha yangi soha bo’lishi va soha kelajagining porloq bo’lishi;
  • Bir kun kelib butunlay yo’q bo’lib ketmaydigan soha bo’lishi;
  • Yaxshi pul keltirishi va foyda olish chegarasining bo’lmasligi;
  • O’zligimni ifodalash uchun imkon qadar ko’p imkoniyat taqdim etishi;
  • Qiziqishlarim va dunyoqarashimga mos bo’lishi;
  • Menga erkinlikni taqdim eta olishi, imkon qadar o’zim xohlaganday ishlay olishim.

Bu talablarni qaysi kasb qanoatlantira olishi haqida o’ylay boshlaganimda eng yaxshi tanlov sifatida dasturchilik va internet tijorati meni o’ziga jalb qila boshladi. Dasturchilik sohasining kelajagi va bu sohada yetuk mutaxassis bo’lish O’zbekiston uchun kelajakda qancha yangi imkoniyatlarni ochib berishi mumkinligi meni ruhlantirdi. Bir qarorga kelganimdan so’ng o’qituvchilik sohasidan butunlay chiqib, dasturchilik va internet tijorati sohasiga kirdim.

O’qituvchilikdan chiqqan kunimdan bir hafta o’tar-o’tmas o’zim uchun butunlay yangi bo’lgan muhitga, boshqa shaharga ko’chib ketdim. Jamg’arib qo’ygan oz miqdordagi pulimga turar joyni ijaraga olib, internet orqali ishlagan pullarimga kun kechira boshladim. Oyma-oy doimiy maosh olib yurgan kishi to’satdan qilgan ishi miqdorida ishbay haq olib yashashga o’tsa uning samaradorlik darajasi ham tezda ko’tarilib ketar ekan 😀 Kunduzi yangi texnologiyalarni, dasturlashni o’rganish harakatida yurdim. Tunda kundalik ehtiyojlarimni qoplash uchun internet orqali ish qilishni boshladim. Dasturchi sifatida faoliyat boshlaganimda bilimim juda kam edi: HTML/CSS va WordPressdan foydalanishdan boshqa hech narsani bilmas edim. Bu bilim bilan buyurtma olib pul ishlash qanchalik qiyin bo’lgan bo’lsa, o’z ustimda ishlab, murakkab ko’nikmalarni tezroq egallashga harakatim ham shuncha kuchaydi. O’rganish va ishni PHP dasturlash tilidan boshladim. Web developmentdan keyin Android developmentga qiziqib qoldim. Android uchun Java dasturlash tilini o’rgandim. Bugungi kungacha ham dasturlashni ish bilan bir maromda o’rganib kelayapman. Kundan-kunga yangi texnologiyalar taqdim etilayapti, ba’zi tizimlarda deyarli har haftada to’liq yangilanishlar kuzatilayapti. Bunday jiddatli o’zgarishlar davrida o’rganishim hech qachon tugamasligini, bu sohaga kirgan ekanman, endi har doim o’z ustimda ishlashni davom ettirishim kerakligini allaqachon tushunib yetganman.

Maqolam so’ngida o’zim o’zimga bir yil avval bergan savolimga javob yozmoqchiman. Bu savol javobi shaxsan kamina tomonidan sinovdan o’tkazildi va to’g’ri ekanligini o’z hayotimda ko’rdim. Bir yil avvalgi Azamatning bosqichida bo’lganlar uchun bu savolning javobi naqadar muhim ekanligini men yaxshi bilaman.

Hech qayerda ishlamasdan faqat internet orqali ishlab topilgan pulga kun kechirish mumkinmi? Bugungi kunda mening bir oylik xarajatim (dollar hisobida to’lanadigan ijara puli, kommunal to’lovlar, soliqlar va boshqa barcha xarajatlarni hisobga olgan holda) tahminan 1 200 000 – 1 700 000 so’m atrofida. Diplom bo’yicha mutaxassisligim asosida hech qayerda ishlamayman. Barcha xarajatlarim internet orqali ishlab topayotgan pulim asosida qoplanadi. Shundan kelib chiqqan holda aytishim mumkinki, bugungi kunda uydan chiqmagan holda internet orqali ishlab juda yaxshi miqdorda pul topib yashash mumkin.

Yuqoridagi javobga juda fantastik tus berib yubormang. Oddiy WordPressni o’rnatishni o’rganib olib, ba’zi HTML teglarini yodlab olganlar uchun internetda biror buyurtma olish misli ko’rilmagan ishdek tuyulishi tabiiy. Ular internet orqali ishlashni afsonaga chiqarib qo’yishlari ham mumkin. Qaysidir tizimni mukammal o’rganib, unda istalgan ishni qoyilmaqom tarzda bajara olganingizdan so’ng internet orqali yaxshi to’lanadigan ishlarga buyurtma olishni boshlashingiz mumkin. O’z ishining ustalari uchun esa internet juda yaxshi ish maydoni bo’la oladi.

Internetda dasturchilikning qaysi sohalarida yaxshi to’lashadi? Agar tajribangiz kam bo’lsa, tezroq o’rganib, tezroq pul ishlashni boshlamoqchi bo’lsangiz PHP dasturlash tiliga e’tibor qaratishingizni maslahat beraman. PHP bilan bog’liq ishlar juda ko’p. Hatto u asosida ishlaydigan Yii yoki CodeIgniter kabi freymvorklardan birini mukammal o’zlashtirsangiz ham yaxshi to’lanadigan ishlar topishingiz mumkin.

Oddiy HTML/CSS/JS sohasida katta bilim va tajribaga ega bo’lsangiz frontend development sohasida yaxshigina pul ishlashingiz mumkin. Photoshop dasturini mukammal egallagan bo’lsangiz, web dizayn sohasida huddi shunday muvaffaqiyatga erisha olasiz.

Katta miqdorda pul ishlashni xohlagan va ancha ko’p, uzoq mehnat qilishni tanlaganlar uchun esa Java va Android uchun dasturlar yaratishni o’rganishni maslahat beraman. Java kelajakda yo’q bo’lib ketmasligi aniq, chunki aynan shu til hozirgi kunda oddiy soat yoki kalkulyatorlardan boshlab sputnik qurilmalarigacha bo’lgan tizimlarni boshqarib kelmoqda. Android esa iOS yoki boshqa mobil tizimlarga nisbatan ancha ko’proq foydalanuvchiga ekanligini o’zingiz ham yaxshi bilasiz. Bundan tashqari Android nafaqat telefon va planshetlarni, balki televizor, soat, avtomobil qurilmalari va kelajakda yana boshqa bir talay qurilmalarni boshqaradi. Java va Android dasturchiligi, mening fikrimcha, hozirgi kundagi eng kuchli talabda bo’lgan kasblardan hisoblanadi.

Xullas, faqat dasturchilik asosida o’rgan bir yilimdan juda xursandman. Kelajakda dasturchi sifatidagi kasbim ko’nikmalarini yanada rivojlantirish niyatidaman. Bundan keyin boshqa kasb almashtirmasam kerak 😀 Chunki dasturchilik hozirgacha mening barcha kasbiy talablarimga to’liq javob berib kelmoqda.

Agar Siz ham kasbingizni o’zgartirmoqchi bo’lsangiz, hozirgi holatingizga nisbatan yangi kasbga o’tishingiz Siz uchun foydaliroq bo’lishini his qilsangiz hech qanday to’siqqa qaramasdan yuragingiz buyrug’iga quloq tutishingizni maslahat beraman. To’g’ri, qiyinchiliklar bo’ladi, tushkunlikka tushib qolgan paytlaringiz ham kam bo’lmaydi, avvalgi tashvishsiz ishlab yurgan kunlaringiz Sizga yaxshiroq ko’rinib qoladigan davrlar ham bo’lishi mumkin. Ammo, ishoning, o’z sevgan kasbingiz Sizga albatta baxt keltiradi!

Iltimos, ommalashtirishga yordam bering: Share on FacebookShare on Google+Tweet about this on TwitterShare on VKEmail this to someone
Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

31 ta fikr

  1. java tili dunyoda 1chi o’rinda turadi. Javada nechi xil texnologiya

  2. O`rtacha hisobda oyiga qancha pul topyapsiz. Hozirda Java da ishlaysizmi yoki Php. Menimcha eng ko`p pul Python dasturchilarga to`lansa kerak.

  3. Qanaqa saytlarda ishlaysiz , ishni boshlab olish uchun nimalar qilish kerak , buyurtma olish tartibi qanday , dasturni tuzib bergandan so`ng pulni qanday olasiz shular haqida ham yozing.

    • Yaxshi dasturchi bo’lish uchun dastlab ingliz tili o’rganinglar. Googlega inglizcha yozib ko’ringlar masalan online work for php development juda ko’p ishlarni chiqarib tashlaydi.

  4. Hurmatli Azamat!
    Sizga yana bir bora raxmat deyishga ruxsat eting «Uzluksiz dasturchilikning bir yili» nomli maqolangiz oylab yurgan ammo qaror qila olmay yurgan fikrimga kuch quvvat berdi mening fikrlarim xam sizniki bilan bir xil ekanligi meni tolqinlantirib dasturchilikni organishga kirishishimga sabab bo`lsa ajab emas.

  5. Man ham Dasturchi bulmoqchiman bu orzuyim kompyuterni juda yaxshi tuwinaman inglis tilini ham bilaman.bu maqolangiz manga juda yoqdi rahmat sizni bu gaplariz insonga turtki berarkan nasib bulsa man ham orzuyimga yetaman.))

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*