Bosh sahifa / TOEFL va IELTS / Tinglab tushunish testi

Tinglab tushunish testi

Nutqni tinglab tushunishni baholash testi to’rt qismdan iborat: dastlabki ikki qism testlari ancha oson, imtihon topshiruvchilarning notanish muhit bilan tanishishlari va moslashishlariga asoslangan. Uchinchi va to’rtinchi qism testlari esa o’ziga hos murakkab hisoblanib, ko’proq monolog va dialoglardan iborat bo’ladi. Testda jami 38 tadan 42 tagacha, o’rtacha 40 ta topshiriq beriladi. Iqtisodiy yo’nalishdagi oliy o’quv yurtlariga kirish uchun talab etiladigan 6 ballni to’plash uchun kamida 25 ta topshiriqni to’g’ri bajarish talab etiladi. Yuridik yo’nalishdagi oliy o’quv yurtlariga kirish uchun talab etiladigan 7 ballni to’plash uchun esa 30-32 ta topshiriqni to’g’ri bajarish kerak bo’ladi.

Ma’lumki, nutqiy muloqotning ajralmas qismi bo’lgan tinglab tushunish ko’nikmasi imtihon topshiruvchilardan bir necha asosiy psixologik mexanizmlarga asoslangan qobiliyatlarga ega bo’lishni talab etadi:

  • qisqa muddatli (operativ) xotira va uzoq muddatli xotira;
  • fikrlash;
  • voqealar rivojini oldindan ko’ra olish.

Nuqt so’zlanayotgan vaqtda tinglovchining qisqa muddatli xotirasi aytilayotgan gapning shakliy ma’nosini saqlab turishga yordam beradi va odatda biz eshitayotgan gapimizning ilk uchinchi yoki to’rtinchi so’zidanoq gap nima haqida ekanligini anglab yetamiz hamda gapning tugash qismini tahmin qila olamiz. Gap to’liq aytib bo’lingan zahoti ongimizda eshitilgan nutq ma’lumotlarining nutqiy shakldan inson aqliy shakliga (tasvirlar, belgilar, tushunchalar) o’tkazilish jarayoni boshlanadi. Bu jarayon qisqa muddatli xotirada saqlab turilgan nutqiy shakl birligining “tashlab yuborilishi” va undan ajratib olingan ma’noning uzoq muddatli xotiraga muhrlanishi orqali amalga oshiriladi. Mana shuning uchun ham talabalar bir vaqtning o’zida ham ma’ruzani tinglash, ham yozib olish amaliyotlarini bir vaqtning o’zida bajarishga qiynalishadi. Talabalardan tinglangan ma’zurani muallif tilidan qayta aytib berishni talab qilishdan avval ularning diqqatini so’zlanayotgan nutq tarkibiga qaratish kerak. Mazmunni so’zlab berishlaridan oldin esa nutqni yana bir bor qayta tinglashlarini taklif etish lozim.

Balki, aynan shu sababga ko’ra IELTS tinglab tushunish ko’nikmasini baholash testlari har doim ko’rgazmali: rasmli yoki chizmali javoblarga asoslanadi. Bunday turdagi javoblarning berilishi, bizning fikrimizga ko’ra, ko’rgazmali javoblar qisqa muddatli xotiraga oid nutq mazmunining juda kichik qismini tashkil etishi hamda tinglanayotgan nutqdan olinayotgan ma’lumotlarning ko’rish orqali olinayotgan ma’lumotlar bilan bog’lanishi sabablidir.

Mazmunni tushunib yetish juda murakkab jarayon hisoblanib, analiz, sintez, qiyoslash, ma’no anglatuvchi birliklarni ajratib olish, asosiy va ikkinchi darajali o’rtasidagi farqni topish, fikrlardan faktlarni ajratish, shu faktlar asosida bildirilayotgan fikrni tasdiqlsh yoki rad etish, nutq so’zlovchining nuqtai nazarini tushuna olish, hikoya qilinayotgan qahramonlar hatti-harakatlarini baholay olish kabi bir qator ongli amaliyotlar orqali amalga oshiriladi. IELTS imtihonlariga diqqat bilan nazar solsak, ular intihon topshiruvchilarda aynan shu turdagi amalyotlarning qay darajada rivojlanganligini tekshirishga asoslanganligini ko’rishimiz mumkin.

Tinglab tushunishni baholash testlarining yana bir o’ziga hos xususiyati shundaki, tinglovchi nutqni tinglash davomida, undan olayotgan ma’lumotlari asosida, ichida gapiradi. Bu odatda yashirin tarzda amalga oshiriladi. Tinglash jarayonida imtihon topshiruvchi ichida o’ziga-o’zi gapirayotganligini, tinglanayotgan ma’lumotlarni o’ziga-o’zi qayta hikoya qilib berayotganligini sezmasligi ham mumkin. Tinglovchi qanchalik yaxshi tayyorlangan bo’lsa, o’ziga-o’zi ichida gapirish tezligi ham shunchalik yuqori bo’ladi. Ichida gapirish insonning o’qish, yozish kabi amaliyotlarni bajarishi davomida ham kuzatiladi. Ammo tinglab tushunishga kelganda esa, ichida gapirish tezligi katta ahamiyatga ega. Ichki nutq tezligining yetarli darajada emasligi tinglovchining so’zlanayotgan nutq mazmunini to’liq tinglashga ulgurmay qolishiga olib kelishi mumkin.

Tinglab tushunish ko’nikmasini baholash testlarida voqealar rivojini oldindan aytib bera olish qobiliyati testlarni muvaffaqiyatli bajarishda eng asosiy ahamiyatga ega, desak xato bo’lmaydi. Bunday psixologik ko’nikma yordamida birgina sarlavhani o’qish orqali butun matnning mazmunini tahmin qilib topish, so’zlanayotgan nutqdagi gap oxiriga yetmay turib uning qanday mazmun bilan yakun topishini anglab olish, hikoya qilinayotgan voqealar qay yo’sinda rivoj topishini oldindan ayta olish mumkin.

IELTS imtihonini topshiruvchilarga shuni ta’kidlab uqtirish lozimki, IELTS imtihonining birinchi bo’limi bo’lmish tinglab tushunish ko’nikmasini baholash testlarini muvaffaqiyatli topshirishlari imtihon topshiruvchilarning tinglanayotgan nutqdagi to’xtalishlar, pauzalar vaqtidagi faol harakatlariga bog’liq. Gap shundaki, pauzalar vaqtida, ko’p holatlarda, javobni tahmin qilish, gapning oxirida nima deyilishi mumkinligini oldindan tushuna olish mumkin. Nutqni tinglashda davom etish davrida esa tahmin qilingan mazmun xotimasining to’g’ri yoki noto’g’ri tahmin qilinganligini tekshirish qoladi, xolos. Boshqa topshiriqlarda esa javob variantlarini guruhlash mumkin.

Ma’lumki, xorijiy tildagi nutqni tinglab tushunish ko’nikmasini shakllantirish jarayonida alohida e’tibor qaratilishi zarur bo’lgan bir qator tushunchalar mavjud. Tinglab tushunishni o’rganish jarayonida asosan uchta muhim tushunchalar guruhiga e’tibor beriladi:

A) tinglab tushunish holati va sharoitiga bog’liq bo’lgan tushunchalar;

B) tinglanayotgan nutq tarkibiy qismini qabul qilish bilan bog’liq tushunchalar;

Yuqoridagi A va B tushunchalar har qanday tilda, ona tili yoki xorijiy tilda, tinglab tushunishning asosini tashkil etuvchi umumiy tushunchalar hisoblanadi.

C) tinglanayotgan nutq shakli, ya’ni nutq so’zlanayotgan til bilan bog’liq tushunchalar.

Bu tushunchalarni IELTS imtihonlariga tayyorlanishda qo’llanilishiga bog’liq holda ko’rib chiqamiz.

Tinglab tushunish sharoiti

      Topshiriqlarni o’qish. IELTS testlarida imtihon topshiruvchilar uchun juda aniq va sodda ko’rinishdagi topshiriqlar berilgan bo’ladi. Imtihon topshiruvchilarning asosiy vazifalaridan biri tinglab tushunish topshiriqlari davomidagi pauzalardan unumli foydalanib, test topshiriqlari va javob variantlarini imkon qadar mukammal darajada o’qib chiqishga harakat qilishlari hisoblanadi. Ko’pincha muammo shunda bo’ladiki, imtihon topshiruvchilar tinglab tushunish testlari davomidagi pauzalarni dam olish uchun berilgan vaqt sifatida qabul qilib katta xatoga yo’l qo’yishadi.

Esingizda bo’lsin! Pauza – bu test jarayonining eng faol qismi, undan foydalanib test topshiriqlarini diqqat bilan o’qib olish kerak!

Yana shunga ahamiyat berish zarurki, IELTS testlari topshiriq matnidagi mazmun nutq shakliga emas, nutqning ma’noviy qismiga qaratilgan bo’ladi. Faqat imtihon topshiruvchilarning ingliz tilidagi harflar, yoki sonlarning to’g’ri tinglab tushunishlarini tekshirishga yo’naltirilgan matnlargina bundan mustasno bo’lishi mumkin. Bunday topshiriqlarga kishilarning ism-shariflari, manzillari, telefon raqamlari, ko’cha nomlari va uy raqamlari (uy raqami har doim ko’cha nomidan oldin yozilishi kerak, ko’cha nomi va undan keyin yoziladigan “Street” so’zlari esa har doim katta harflar bilan yozilishi kerak) aytib o’tiladigan testlar misol bo’lishi mumkin.

Bir qarashda oddiy bo’lib ko’ringan tinglab tushunish ko’nikmasini baholash imtihoni kuchli tayyorgarlikni talab etadi. Chunki test topshiriqlari faqat bir marta va ancha tez sur’atda eshittiriladi.

O’rganishning boshlang’ich davrida biz o’rganuvchilarda raqamlar, harflar, manzillar, telefon va uy raqamlari, ko’cha nomlarini yozishga oid mashqlarni baajrish orqali shunday ma’lumotlarni gapirilayotgan nutq tarkibidan ajratib olishga o’rgatamiz. IELTS imtihonlari tarkibiga kiruvchi tinglab tushunish ko’nikmasini sinovdan o’tkazishga mo’ljallangan audio ovozli nutqlar yetarli darajada tiniq, sifatli va har qanday tasodifiy, ortiqcha shovqinlardan holi tarzda taqdim etiladi. Ammo ba’zan imtihon topshiruvchilardan shovqinli muhitda so’zlanayotgan nutq tarkibidagi muhim ma’lumotlarni ajratib olish talab etilishi mumkin. Masalan, shovqinli vokzal yoki aeroport muhitida zo’rg’a eshitilayotgan dispetcher nutqidan poyezd yoki platforma raqamini, kerakli parvoz yoki terminal raqamini eshitib olish muhim hisoblangan ovozli audio nutq eshittirilishi mumkin. Bu turdagi tinglab tushunish mashqlari zamonaviy IELTS imtihonlariga tayyorlanish qo’llanmalarida, xususan, Headway  turkumidagi IELTS qo’llanmalarida ko’plab berilgan.

So’z, harf, yoki raqamlarni tinglanayotgan nutq tarkibidan ajratib olishni o’rganish mashqlari talabalarga yakka, yoki guruh holida o’rgatilishi mumkin. Guruh asosida o’rgatilganda talabalar yakka holda yoki juftliklar tarzida ma’lum audio nutqni tinglab ko’rishlari va unda keltirilgan harfli, raqamli ma’lumotlarni ajratib olishlari talab etilishi mumkin. Mashg’ulotlarning ilk bosqichlarida, hatto yuqori darajali bilimga ega bo’lgan talalabalardan iborat guruhlarda ham, nutqlardagi diqqat qaratilishi talab etiladigan raqamli yoki harfli ma’lumotlarni ajratish jarayonida cho’ziqroq to’xtalishlar, sekinlashishlar talab etiladi. Ammo mashg’ulotlar davomida talabalar ingliz tilidagi nutqni tinglab tushunishga ko’nikib qolishadi va vaqt o’tishi bilan ularning nutqni tinglab tushuna olish darajalari haqiqiy IELTS imtihonlarida tinglash uchun taqdim etiladigan audio nutq tezligini tushunish talablariga to’liq javob bera oladigan mukammallikka erishadi.

Xorijiy tilni o’rganish jarayonida biz nafaqat tilning lingvistik jihatlarini o’zlashtiramiz, balki qaysidir jihatdan biz uchun begona bo’lgan madaniyat tizimini ham o’rganamiz. Shuning uchun tili o’rganilayotgan mamlakat madaniyati, urf-odatlarini yaxshi bilmaslik tinglab tushunishni baholash imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirishda katta to’siq bo’lishi mumkin. Shunday ekan, tinglab tushunishni o’rgatish jarayonida tilning madaniy jihatlariga ham e’tibor berilishi zarur.

Xulosa qilib aytganda, tinglab tushunishni o’rgatish keng qamrovli mashg’ulot bo’lishi kerak. Uning xorijiy tildagi imkon qadar kengroq yo’nalishdagi tushunchalarni qamrab olishi o’rganuvchilarning yaxshiroq natijalarga erishishlarida muhim omil bo’lib xizmat qiladi.

Iltimos, ommalashtirishga yordam bering: Share on FacebookShare on Google+Tweet about this on TwitterShare on VKEmail this to someone
Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

3 ta fikr

  1. So’zlar mp3 xolda bulsa va uni eshitib urgansak

  2. assalamu alaykum
    qanday ailing ingliz tolib darsligini mp4 formatini roping kuchirib Oldsmobile buladi

  3. salom hammaga maktab kitoblarini elektron shaklini qaysi saytdan yuklab olsam bo’ladi

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*