Bosh sahifa / Sayt tayyorlash / Tijorat uchun sayt yaxshimi yoki ijtimoiy tarmoqdagi guruhmi?

Tijorat uchun sayt yaxshimi yoki ijtimoiy tarmoqdagi guruhmi?

Hozirgi kundagi hech bir tijorat internet orqali o’z maxsuloti yoki xizmatini ommalashtirmasdan muvaffaqiyat qozona olmaydi. Sayti yo’q tijoratning zamonaviy dunyo bozorida o’rni ham bo’lmaydi. Internet texnologiyalarining rivojlanishi bilan tijoratlar oldida o’zlarining online ommalashuvi borasida ikkita tanlov yuzaga keldi: kompaniya uchun sayt yaratish kerakmi yoki biror mashxur ijtimoiy tarmoqda guruh tashkil qilish ma’qulmi?

Har ikkalasi ham tijorat va iste’molchilar o’rtasida ko’prik vazifasini o’taydi. Bu ko’prik orqali foydalanuvchilar kompaniya maxsulotlari va xizmatlari bilan tanishadi, ularga buyurtma beradi. Sayt yaratish ko’prikni boshidan oxirigacha mustaqil qurish bilan qiyoslansa, tayyor ijtimoiy tarmoqda guruh tashkil qilish yarim tayyor bo’lgan ko’prikni rivojlantirish bilan qiyoslanishi mumkin. Ushbu maqolada aynan tijoratchilar uchun o’z kompaniyalariga sayt yaratish qulaymi, yoki Facebook, Odnoklassniki, VK kabi ijtimoiy tarmoqlarda guruh tashkil qillish yaxshimi, degan savolga javob izlaymiz. Masalani imkon qadar oydinlashtirish maqsadida har ikki usul: sayt yaratish va ijtimoiy tarmoqda guruhga ega bo’lishning ustunlik va kamchilik jihatlarini ko’rib chiqamiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda guruh ochishning ustunliklari:

  • Ijtimoiy tarmoqda guruh ochish uchun hech qanday bilim yoki tajriba talab etilmaydi. Qiziqishga ko’ra yoki jiddiy tijorat guruhini har qanday maktab o’quvchisi ham bemalol ochishi mumkin;
  • Guruh ochish uchun hech qayerga hech qancha to’lov qilish shart emas. Ijtimoiy tarmoqlarda guruh tashkil qilish, uni yuritish va rivojlantirishni to’liq bepul amalga oshirish mumkin;
  • Ijtimoiy tarmoqda doim odamlar ko’p bo’ladi. Guruhingizga sifatli ma’lumot joylasangiz Sizning do’stlaringiz ularni ko’radi, ular orqali ularning do’stlari va do’stlarning ham do’stlari ko’rishi mumkin. Shu tariqa guruhingiz ommalashadi;
  • Ijtimoiy tarmoqlarni qidiruv mashinalari yaxshi indeks qilishadi. Guruhni yuritish ham ko’p qiyinchilik talab etmaydi.
  • Qiziqarli ma’lumot klass yoki like bosish orqali, bo’lishish vositasi bilan juda tez tarqaladi. Bir necha daqiqada video yoki fotosuratni bir necha ming kishi ko’rishi mumkin.
  • Ijtimoiy tarmoqlarda saytlarga kirmasdan faqat qidiruv mashinalaridangina foydalanadigan foydalanuvchilarni topishingiz va o’z takliflaringizni maqsadli yo’naltirishingiz mumkin.

Ijtimoiy tarmoqdagi guruhning kamchiliklari:

  • Ochish va yuritish oson bo’lganligi sababli ijtimoiy tarmoqdagi guruhingizning raqiblari juda ko’p bo’lishadi. Sizdan bir necha yil avval ochilgan, ancha boy raqobatchilaringizdan o’zib ketish qiyinchilik tug’dirishi mumkin;
  • Dizayner yollab, xarajat qilmagan kishilarning guruhlari oddiy, ko’pchilik odatiy guruhlar bilan bir xil ko’rinishda bo’ladi. Bezatilmagan guruhlarda foydalanuvchilar kam vaqt sarflashadi. Bunday guruhlarning postlari ham juda sekin ommalashadi;
  • Ijtimoiy tarmoqlarning o’z qoidalari bo’ladi. Siz bu qoidalar chegarasidan chiqa olmaysiz. Har doim faoliyatingiz tarmoq qoidalari bilan cheklanganligicha qoladi;
  • Tarmoqda cheklanmagan usullar bilan pul ishlashingiz mumkin bo’lmaydi. Tashqi reklama tarmoqlari guruhlar uchun reklama berishmaydi, o’z reklamalaringizni ko’paytirib yuborsangiz guruhingiz a’zolari norozi bo’lib qolishlari mumkin. Shu tufayli har qanday daromadli reklama ijtimoiy tarmoqlarda qiyinchilik bilan rivojlanadi;
  • Ijtimoiy tarmoq boshqaruvchilari hech qanday ogohlantirishlarsiz istagan vaqtlarida guruhingizni yopib yoki o’chirib yuborishlari mumkin;
  • Tarmoqda foydalanuvchilaringizni chalg’ituvchi narsalar juda ko’p. Ular endigina Siz haqingizda o’qiyotgan vaqtida qaysidir do’sti ularga yozib qolishi yoki boshqa biror sabab ularni chalg’itishi mumkin;
  • Jiddiy hamkorlaringizga saytingiz sifatida ijtimoiy tarmoqdagi guruh manzilini berish g’alati va qo’pol tuyuladi;
  • Jiddiy mijozlar va hamkorlar Sizni ijtimoiy tarmoqdan izlashmaydi. Tijoratingizning sayti yo’qligi, u ijtimoiy tarmoqdagi guruh asosida ishlashi tijoratning qanchlar jiddiy emasligini ko’rsatadi.

Saytning ustunliklari:

  • Siz saytingizning to’liq boshqaruvchisi hisoblanasi. Unda istagan ma’lumotingizni xohlagan shaklda joylashtirib, o’zingiz istagancha o’zgartira olasiz. Hech qanday cheklov yo’q!
  • Saytingizni ommalashtirish faqatgina bir guruh odamlarni unga jalb qilish bilan cheklanmaydi. Saytga traffikni istalgan manbadan olib kirish mumkin;
  • Saytingiz traffikini istaganingizcha tadqiq etishingiz, holatga ko’ra saytingizga tashrif buyuruvchilar sonini oshirishi mumkin bo’lgan unsurlarni rivojlantirishingiz mumkin;
  • Saytingizda nafaqat reklama orqali, balki istalgan barcha boshqa usullar bilan ham daromad ko’rishingiz mumkin;
  • Saytingiz ma’lumotlari xavfsiz bo’ladi: uni hech kim o’chirmaydi, yopib qo’ymaydi yoki Sizdan olib qo’ya olmaydi.

Saytning kamchiliklari:

  • Sifatli saytni tayyorlashga ko’p xarajat yoki vaqt ketishi mumkin. Agar o’zingiz sayt yarata olsangiz, demak Sizdan ko’p mehnat va vaqt talab etiladi. Bordi-yu, buyurtma asosida kimgadir sayt tayyorlatmoqchi bo’lsangiz, sifatli sayt uchun sifatli narx to’lashga ham to’g’ri kelishi mumkin;
  • Saytni ommalashtirish va yuritish ham ko’p pul hamda vaqt talab etishi mumkin. Saytingizni kimdir Siz uchun yurtisa, unga ma’lum miqdorda to’lov qilishingiz kerak bo’ladi. Aks holda asosiy ishingizning 60-80% vaqtini saytingizni mustaqil ravishda o’zingiz yuritish uchun sarflashingizga to’g’ri keladi.

Xullas, tijoratlar uchun shaxsiy saytga ega bo’lish yaxshimi, yoki ijtimoiy tarmoqdagi guruh asosida ommalashish qulaymi? Yuqorida yozilganlarni hisobga olib bu savolga har kim o’zicha javob topishi kerak, deb o’ylayman. Har qanday holatda ham tijoratingiz internetda bo’lishi shart. Sayt yaratamizni, yoki ijtimoiy guruhlarda o’z maxsulot va xizmatlaringizni reklama qilasizmi – Sizning faoliyatingiz internet bilan bir necha barobar rivojlanadi!

Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

2 ta fikr

  1. Azamat sizning maqollaringiz juda qiziqarli. Ayniqsa internet orqali pul ishlash sahifasi, chunki men imkoniyati cheklangan odamga bu masala eng dolzarblardan biri.

  2. Azamat, sizning maqollaringiz juda qiziqarli. Ayniqsa internet orqali pul ishlash sahifasi, chunki men imkoniyati cheklangan odamga bu masala eng dolzarblardan biri. Siz bilan hamroh bo’lishni xohlagan Turaev X.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*