Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Superodam bo’lishingizda yordam beruvchi 7 resurs

Superodam bo’lishingizda yordam beruvchi 7 resurs

Siz o’zingiz o’ylaganingizga nisbatan ko’proq kuchga egasiz. O’z ustingizda to’g’ri ishlashingiz va aniq maqsadga yo’naltirilgan tartibli harakat orqali har qanday narsani, hatto uchishni ham o’rganib olishini uddalashingiz mumkin. Har holda, men shunday deb hisoblayman.

Shaxsiy fikrimga ko’ra hayotda hamma narsani uddalay oladigan superodam – oddiy odamlar uchun imkonsiz bo’lgan holat va maqsadlarga erisha oluvchi kishi darajasiga to’g’ri tanlangan resurslardan to’la foydalana olish orqali osonlik bilan erishish mumkin. Albatta, “osonlik bilan” deganda bu holatga bir necha soniyada hech qanday mehnatsiz erishasiz, demoqchi emasman. Ammo bu darajaga yetishish imkonsiz, deb hisoblangan o’lchov oldida juda oson hisoblanadi.

Superodamning qanday sifatlarga ega bo’lishi haqida hammamiz turlicha tasavvurga egamiz. Kim uchundir superodam tengsiz jismoniy kuchga ega bo’lsa, boshqa bir kishi uchun u aqliy faoliyat jihatidan barchani dog’da qoldiradigan mutafakkir sifatida tushuniladi. Albatta, juda ko’pchiligimiz uchun superodam sifatlari ham aqliy, ham jismoniy kuchni o’z ichiga oladi.

Yaqinda o’qigan kitoblarim ichida Tim Ferrissning “4 hour body” (“4 soatlik tana”) kitobi menda alohida taasurot qoldirdi. Ushbu maqolani ham aynan shu kitobning ayrim qismlaridan ilxomlanish natijasida yozayapman. Menga bu kitobdagi eng asosiy mazmun juda yoqdi: kishi o’z tanasida o’zi istagan, har qanday rivojlanishni maqsadga yo’naltirilgan e’tibor va mehnat orqali yuzaga keltira oladi. Istalgan kishi, agar o’zi xohlasa, superodam bo’lishi mumkin. Bu maqolani yozishga ikkinchi turtki sifatida “Birinchi qasoskor” (“Captain America: The First Avenger”) filmini ham aytib o’tishim kerak.

Quyida o’zim superodam qiyofasida ko’radigan, insonda shakllanishi mumkin bo’lgan supersifatlarni keltirib o’tmoqchiman. Mening fikrimchi, superodam…

  • Bir sutkada 4-5 soat uxlaydi va kun davomida o’zini tetik his qiladi;
  • Qo’rquv, jahl, nafrat, hayajon kabi hissiyotlarini o’zi istagancha boshqara oladi;
  • Eng kuchli hisoblangan 2 ta o’z tengdoshining kuchidan ortiq quvvatga ega;
  • Ozuqa maxsulotlarini faqat tanasining to’la kuch bilan faoliyat ko’rsatishiga yetarli bo’lgan miqdorda iste’mol qiladi;
  • O’z mutaxassisligi va qiziqqan sohasi/fanini hisobga olmagan holda har qanday soha bo’yicha bakalavr darajasidagi bilimga ega;
  • Moddiy manfaatga hech qanday ehtiyoji yo’q, kasbi yoki shug’ullanayotgan ishini o’zligining ifodasi deb biladi;
  • Ona tili va yashayotgan hududida ikkinchi til sifatida gapiriladigan tilni hisobga olmaganda 4 ta xorijiy tilda muloqot qila oladi;
  • Hayotdan mamnun, tarixida barcha maqsadlariga erishgan va kelajagida barcha maqsadlariga erishishiga ishonadi;

Shaxsan o’zim yuqoridagi superodam sifatlarining hech bo’lmaganda 3 tasini o’zimda shakllantirish ustida ishlayapman va hayotda muvaffaqiyatga erishishni xohlovchi har qanday kishiga ham hech bo’lmaganda shunday qilishni tavsiya etaman.

Agar Siz ham superodam bo’lishni orzu qilsangiz, qalbingizda o’zingizning ochilmagan qirralaringizni shakllantirishga ishonch paydo bo’lgan bo’lsa, bu yo’lda Sizdan mehnat va unumli foydalanishingiz kerak bo’ladigan resurslar talab etilishini unutmasligingiz kerak. Mehnat qilishga shaxsiy odatlaringizni to’g’ri tarbiyalash orqali erishishingiz mumkin. Resurslar masalasi esa bir oz qo’shimcha izlanishni talab etadi.

Superodam bo’lish uchun harakat qilishingizda (mening fikrimcha) eng kerakli bo’lgan resurslarning ba’zilari avvaldan Sizda bo’lishi mumkin. Shunday bo’lsa, boshqalarini o’zlashtirishingiz oson kechadi. Aks holda esa har bir resursdan to’g’ri foydalanishga o’tishdan oldin shu resursdan hech bo’lmaganda oddiy darajada foydalanishni o’rganishingiz kerak bo’ladi. Vaqt o’tgan sari keraklicha tajribaga ega bo’lasiz va osonlik bilan maqsadingizning keyingi, yuqoriroq pog’onasiga chiqib olasiz.

O’zingizda tasavvur qilishingiz mumkin bo’lgan har qanday supersifatlarni shakllantira olishingiz uchun quyidagi 7 ta resursni to’liq egallashingiz va ulardan unumli foydalana olishingiz talab etiladi:

1. INGLIZ TILI. Dunyoning deyarli uchdan bir aholisi muloqot qilayotgan bu tilni mukammal bilmasdan mukammallikka erishish haqida o’ylashga urinmang. Siz superodam bo’lish uchun yetarlicha bilimga, avval Sizda bo’lmagan ilmga erishishingiz kerak bo’ladi. Bu ilmlarni esa ingliz tilini mukammal bilish orqali egallash juda oson kechadi. Ingliz tilini to’liq bilmasangiz, hatto umuman bilmasangiz ham tashvishlanishingizga hojat yo’q. Vaqtingiz bor, o’rganish uchun yetarli mehnatni ayamasangiz millionlab odamlar yarim yilda mukammal o’rganayotgan tilni Siz ham tez orada o’zlashtirib olasiz.

2. WIKIPEDIA. Menimcha internetda Wikipedia onlayn universitetida topishingiz mumkin bo’lgan ma’lumotdan ortiqroq manbani topa olmaysiz. Wikipedia bir necha yillardan beri mening shaxsiy rivojlanish yo’lidagi bilimlarim manbayi bo’lib kelayapti. Bu bepul onlayn resurs yordamida o’zingizni qiziqtirgan har qanday soha bo’yicha deyarli barcha ma’lumotlarni olishingiz mumkin. 1-resursimizni qo’llab-quvvatlagan holda aytishim kerakki, Wikipedia onlayn ensiklopediayasidagi eng ko’p ma’lumotlar ingliz tilida yozilgan. Saytning boshqa tillardagi sahifalari ham yo’q emas. Ammo eng asosiy ma’lumotlar, o’rganishingiz talab etiladigan sohalar aynan ingliz tilida mukammal yoritilgan.

3. SPORT. Jismoniy quvvatsiz aql o’tkirligiga erishish qiyin. Tanangizni qaysidir faol sport turi bilan shug’ullanish orqali rivojlantiring. Bugungi kunda O’zbekistonda sportning deyarli barcha turi bilan shug’ullanish uchun imkoniyat mavjud. O’zingizga eng qulay bo’lgan sport turini tanlang va har hafta o’zingiz uchun yangi bo’lgan rekordni o’rnating. Hatto shu sport turi bo’yicha chempion bo’lishni maqsad qilib olishingiz ham mumkin. Eng muhimi, jismoniy quvvatingizni o’zingiz istagan darajaga yetkazish yo’lida sportdan unumli foydalaning.

4. IJTIMOIY HAYOT. Ko’cha chiqib haqiqiy odamlar bilan muloqot qilganingizda uyda o’tirib kompyuter orqali olgan bilimlaringizga nisbatan ko’proq narsani o’rganib olishingiz mumkin. Hayotning o’zi qadimiy, katta va eng dono ustozlarga boy maktab hisoblanadi. Siz ilgari ham ko’chaga chiqqansiz, ijtimoiy munosabatga juda ko’p kirishgansiz. Balki kasbingiz ko’proq ko’chada bo’lishingizni taqazo etar, odamlar bilan ko’proq munosabatda bo’larsiz, yoki kuningizning asosiy qismi ijtimoiy hayot qurshovida o’tar. Superodam sifatidagi shaxsiy rivojlanishingiz sari qadam tashlayotgan ekansiz, bundan keyin ijtimoiy hayotdagi bu mavjudligingizga boshqacha ko’z bilan qarashingizga to’g’ri keladi. Odamlar orasida bo’lganingizda o’zingizning rivojlanishingiz uchun foydali bo’lishi mumkin bo’lgan hamma narsani o’rganish harakatida bo’ling. Kishilar bilan muloqot qilishda, ularni kuzatishda, atrovda bo’layotgan voqea-hodisalar rivojida o’z rivojlanishingizga turtki beruvchi foydali bilimni izlashga urining.

5. TO’G’RI OVQATLANISH. Oddiygina aytilgan bu ovqatlanishning to’g’riligida juda ko’p gap bor. Birinchi navbatda to’g’ri ovqatlanish orqali Siz shunchaki ortiqcha vazndan halos bo’lish yoki shunchaki kamroq ovqat yeyishni emas, balki faqat tanangizning to’g’ri ishlashi uchun yetarli darajada ozuqa iste’mol qilish ko’nikmasini o’zingizda hosil qilish haqida o’ylashingiz kerak. Chekish, ichish kabi zararli odatlari bor kishilar bu illatlarni butunlay yo’qotmasdan turib superodam bo’lish haqida orzu qilishmasa ham bo’ladi. Xullas, og’zingiz orqali iste’mol qiladigan nar bir moddaning asosiy maqsadi tanangizni rivojlantirish uchun hissa qo’shishdan boshqa narsa bo’lsa, demak u Siz uchun ortiqcha hisoblanishini anglab yetishingiz zarur.

6. IYMON. Iymon barcha kuchga ega bo’lingandan keyin kishini yovuzlikdan to’sib qoluvchi eng katta devor, deb o’ylayman. Nafaqat kinolarda yoki asarlarda, balki real hayotda ham juda ko’p ilmga ega bo’lib olib o’zini xudo deb atashgacha borganlarni, yoki katta boylik, kuch yig’ib olib insonligini unutib qo’yganlarni kuzatganmiz. Vaqti kelib o’zingizni rivojlantirishingiz shu darajaga yetadiki, odatiy insonlardan qaysidir jihatdan, yoki bir necha jihatdan ustun bo’lasiz. Bunday vaqtda Siz uchun insof, rahm-shavqat, kamtarlik, diyonat kabi eng oliy tuyg’uylarning yo’qolmasligi juda muhim hisoblanadi. Fikrimcha bu hislatlarni faqat iymoni mustahkam bo’lgan odamgina yaxshi saqlay oladi.

7. MOLIYAVIY MUSTAQILLIK. Siz to’liq rivojlana olishingiz uchun moliyaviy jihatdan hech kimga, yoki hech narsaga qaram bo’lmasligingiz kerak. Fikr-hayolingiz pul topishda bo’lsa shaxsiy rivojlanishingiz o’z-o’zidan ikkinchi darajaga tushib qoladi. Albatta, to’liq moliyaviy mustaqillikka erishish oson bo’lmaydi. Birinchi navbatda joriy kasbingizda to’liq mahoratli bo’lishingiz va yetarlicha moliyaviy daromad olishingiz kerak bo’ladi. Keyinchalik ishingizni kattarog’iga almashtirib moliyaviy mustaqillik sari bosqichma-bosqich ko’tarilishingizga to’g’ri keladi. Bu masala biznesga oid, butunlay boshqa mavzu bo’lsa ham, shaxsiy rivojlanish borasida, ayniqsa superodam bo’lishda fikringizni pul uchun chalg’itmaslikda muhim ahamiyatga ega.

Insonning o’zini-o’zi rivojlantirishi yo’lida foydalanishi mumkin bo’lgan resurslar juda ko’p. Balki yuqorida sanab o’tilgan yetti resurs Siz uchun juda kam bo’lib tuyular. Eng boshlang’ich darajadagi kishi uchun tuzilgan yuqoridagi ro’yxatda keltirib o’tilganlardan unumli foydalana olsangiz hayotingizga o’zgacha mazmun berishi mumkin bo’lgan superodam bo’lish maqsadi sari eng katta qadimni qo’ygan bo’lasiz. Maqola boshida aytib o’tganimdek, o’zim ham shu yo’nalishda harakat qilishga ahd qilganman. Yuqoridagilarni shaxsiy rivojlanish yo’lidagi boshlovchilar uchun manba sifatida yozishdan tashqari o’zim uchun ham bir eslatma, yoki turtki sifatida qabul qildim.

Yuqorida qayd etilgan masala – shaxsning o’zini-o’zi rivojlantirishi, mukammal inson bo’lishga intilishi yuzasidan ko’proq, chuqurroq bilimga ega bo’lishni xohlasangiz tibbiyotning “Neyroplastiklik” deb nomlangan (o’zbek tilidagi tibbiyotda boshqacha atalishi ham mumkin, mutaxassis emasman) sohasi ko’rib chiqing. Men bu sohadan juda ko’p narsani o’rgandim.

Maqsadingiz qaysi yo’nalishda bo’lishiga qaramasdan hech qachon rivojlanishdan to’xtamang. Hech qachon o’z ustingizda ishlashni kanda qilmang. O’rganing, kurashing, mehnat qiling. Kelajak Sizni kutayapti.

Iltimos, ommalashtirishga yordam bering: Share on FacebookShare on Google+Tweet about this on TwitterShare on VKEmail this to someone
Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

Bitta fikr

  1. Rahmat, Azamat aka. Maqolangiz haqiqiy psixolog maruzasidek ekan. Barcha uchun kerakli maslahat. Sizga va saytingiz rivojiga OMAD!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*