Bosh sahifa / WordPress / Ma'lumot / Spamga qarshi oson plagin

Spamga qarshi oson plagin

Tahminan ikki yil ilgari saytimni spam fikrlardan tozalash, reklama linklarining chop etilishini cheklash maqsadida yaxshiroq spamga qarshi plagin izlagan edim. Ungacha WordPress tarkibida keladigan Akismet plaginidan foydalanishga odatlanganligim sababli yangi plaginga o’tish uchun Akismet kamchiliklarini, yangi plagindagi Akismetdan ustun jihatlarni o’rganib chiqishga to’g’ri keldi.

WordPress yangi o’rnatilgan vaqtda Akismet plagini tizimning tarkibida bo’ladi. Shunchaki uni faollashtirishingiz kifoya. Plagin spamga qarshi yaxshi himoyani taklif eta oladi, ammo Akismetning foydalanuvchilar uchun noqulay bo’lishi mumkin bo’lgan bir jihati menga yoqmaydi: plagin to’liq ishlashi va blogingizni spam fikrlardan himoya qilishi uchun unga albatta API kalitini kiritishingiz kerak. Kalit bepul, ammo uni olish uchun Akismet saytida ro’yxatdan o’tishingiz talab qilinadi. Hozirgi davr hayoti shunchalik tig’iz va bandki, qaysidir chetki tizimda ro’yxatdan o’tib, a’zolikdan keyin beriladigan kalitni olib, saytdagi bitta plaginni ishlatish foydalanuvchilar uchun noqulaylik tug’dirishi aniq.

Bundan tashqari Akismet fikrlarni o’zining spam bazasidagilar bilan taqqoslash orqali aniqlaydi. Ingliz tilidagi fikrlar uchun yaxshi ish beruvchi bu texnologiya o’zbek tilida yozilgan fikrlarda xatoliklar keltirib chiqarishi amaliyotda kuzatilgan. Saytimda Akismet bir necha bor spam bo’lmagan fikrlarni bloklagan. Bu holat sayt administratoridan Akismet tomonidan o’chirilgan (ushlab qolingan) fikrlarni qayta ko’rib chiqish, saralash kabi ortiqcha ishlarni talab qiladi.

Akismetga muqobil tarzda Anti-spam plagini spam fikrlarga qarshi kurashning ancha samaraliroq usulini taklif qiladi. Anti-spam palgini hech bir tashqi API kalitiga muhtoj emas. Plaginni faollashtirganingiz zahoti saytingiz spam fikrlardan mustahkam tarzda himoyalanadi. Spam fikrlarni aniqlash esa juda sodda va oson usulda amalga oshiriladi. Anti-spam plaginining ishlash tizimi quyidagicha:

Bilasizki, WordPressning fikr bildirish formasida fikr bildiruvchining ismi, email manzili va fikrning to’liq matni yozilishi uchun joylar bor. Spam botlar bu joylarning nomiga qarab ism yoziladigan joyga spam ism, email yoziladigan joyga spam email va matn yoziladigan joyga reklama matnini yozib qoldirishadi. Odamlar ham (botlar birlar bir xil tarzda) aynan shu joylarga ma’lumot kiritishadi. Anti-spam plagini WordPressning standart fikr bildirish formasiga hidden (yashirilgan) qiymatli yana bitta joy qo’shadi. Tabiiyki, yashirilgan narsa odamlarga ko’rsatilmaydi va fikr bildiruvchi odam bo’lsa, bu joyni bo’sh qoldirib ketadi. Bot esa yashirilgan joyga ham ma’lumot yozib yuboradi. Natijada yashirilgan joyga ma’lumot yozilgan fikr spam deb baholanadi, yashirilgan joyi bo’sh qoldirilgan fikrlar esa haqiqiy odamlar tomonidan bildirilgan fikr sifatida qabul qilinadi.

Barcha sohada bo’lgani kabi WordPress saytlarida fikrlarni boshqarish masalasida ham oddiylik, imkon qadar osonlik va ishning asosiy qismini kompyuterga topshirish tamoyillariga asoslanish to’g’ri bo’ladi, deb hisoblayman. Anti-spam plaginini o’rnating va spam xabarlar bilan kurashni butunlay unuting! Blogingiz doim reklamalardan holi, odamlar tomonidan yozilgan fikrlarni qabul qiladigan bo’ladi.

P.S. Spam fikrlarni odam yozishi ham mumkin. Ammo hozirgi davrda bu kamdan-kam yuz beradi. Spam xabarlar odatda botlar tomonidan tarqatiladi. Mobodo Sizning saytingizga spam reklamalarni tarqatuvchi odam kirib qolsa, uning reklama xabari saytingizda odatiy fikr sifatida o’tib ketishi mumkin. Bunday holatga tayyor bo’lish uchun esa bildirilgan fikrlarni administrator tasdiqlagandan keyin chiqadigan qilib qo’yish maqsadga muvofiq. Bu nafaqat spam fikrlar, balki saytingiz mazmuniga mos kelmaydigan har qanday boshqa fikrlarni to’xtatib qolishda ham samarali hisoblanadi.

Abituriyentlar uchun test formulalari

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*