Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Shaxsiy samaradorlikni samarali nazorat qilish

Shaxsiy samaradorlikni samarali nazorat qilish

So’nggi vaqtlarda kasbiy faoliyatim jihatidan o’z ustimdan nazorat o’rnatish ancha qiyinlashib ketdi. Bajarilishi kerak bo’lgan ishlar, o’rganilishi shart bo’lgan yangi texnologiyalar shu qadar ko’paydiki, qaysi ishni qayeridan boshlashni ham bilmay qoldim. Bunday vaziyatda samaradorlikni kuchli nazoratga olish nafaqat shunchaki «bajarilishi yaxshi bo’lgan ish», balki bajarishdan o’zga hech qanday imkon yo’q bo’lgan ish darajasiga yetar ekan. Chunki shaxsan men uchun ish bilan o’rganish bir xil tezlikda davom etishi kerak. O’rganish bilan mashg’ul bo’lib qolgan vaqtimda ish samaradorligim oqsab qolishi, ishga o’ralashib qolganimda esa o’rganishim, yangiiliklarni o’zlashtirishim to’xtab qolishi mumkin emas.
O’z samaradorligimni nazorat qilishda ishlarimni oldindan rejalashtirish katta yordam berishini tushunib yetdim. Odatda navbatdagi kunim ish rejalarini yarim tunga yaqin vaqtda tuzaman. Bir necha oydan buyon rejalashtirishni eski maktab usulidagi qog’oz va qalamdan Todoist (To Do – bajarilishi kerak bo’lgan ishlar) platformasiga ko’chirganman. Todoistni o’z samaradorligi ustidan nazorat o’rnatishni xohlagan har bir kishiga tavsiya etaman.
Todoist shaxsiy rivojlanishingizga yordam beruvchi rejalashtirish, nazorat va eslatmalar tizimi bo’lib, u orqali guruh ishlarini ham, shaxsiy ishlaringizni ham rejalashtirib, nazorat qilishingiz mumkin. Men bu tizimdan hozirgi kunda har soatda, ba’zan har daqiqada foydalanaman. Agar Siz ham shaxsiy samaradorligingiz ustidan nazoratni yo’lga qo’yib, shaxsiy rivojlanishingizni yangi bosqichga olib chiqmoqchi bo’lsangiz, bu tizimni bugundanoq o’rganishga, undan foydalanishga kirishing!
Todoistdan foydalanishni boshlash uchun www.todoist.com saytiga kiring. U yerda ro’yxatdan o’tish juda oson. Istagingizga ko’ra a’zolik Google yoki Facebook akkauntingiz orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Todoistga bir marta a’zo bo’lsangiz, tizimning web va mobil dasturlariga o’z login parolingiz bilan kirishingiz mumkin bo’ladi.
Todoistning foydalanuvchi interfeysi juda sodda va tushunarli. U yerda barcha e’tibor ishlarni rejalashtirish, bajarilishi kerak bo’lgan ishlar haqida eslatma berish va samaradorlikni nazorat qilishga qartilgan. Interfeysning chap tomonida rejalar, vazifalar yozish uchun bo’limlar ko’rsatilgan. Boshlanishiga «Shaxsiy», «Ish», «O’qilishi kerak bo’lgan kitoblar», «Tomosha qilinishi kerak bo’lgan filmlar», «Harid qilinishi kerak bo’lgan narsalar» kabi bo’limlar ko’rsatiladi. Ularni istaganingizcha o’zgartirib, yangi bo’limlar qo’shishingiz mumkin.
Asosiy ko’rinishda rejalar tuzasiz, vazifalar belgilaysiz. Rejalarni bir martalik qilib yoki takrorlanib turuvchi davriylik asosida tuzishingiz mumkin. Masalan, televizoringiz uchun yangi pult harid qilishni bir martalik vazifa sifatida, haftaning har seshanba va juma kunlari ingliz tilidan qo’shimcha darslarga borishni esa davriy takrorlanib turuvchi vazifa sifatida kiritishingiz mumkin. Vazifalarni nafaqat kun, hafta yoki oy aniqligida belgilashingiz, balki soat va daqiqa aniqligigacha tayinlashingiz mumkin. Todoist esa vazifani bajarish kerak bo’lgan vaqt yetganda Sizga xabar beradi, rejangizni eslatadi.
Todoistning web va mobil dasturi bir xil tizim asosida ishlaydi. Sayt orqali qanday reja tuzsangiz, qaysi fazifani belgilasangiz, Android yoki iOS asosida ishlovchi mobil qurilmangizda ham shu reja, vazifalar ko’rinadi. Tizim sinxronizatsiyasi rejalaringizni hamma joyda, har qanday qurilma orqali nazorat qilib turishingiz imkonini yaratadi.
Todoist tizimi orqali nafaqat shaxsan o’zingiz uchun reja tuzishingiz, vazifa tayinlashingiz mumkin, balki jamoangiz a’zolari bilan birgalikda rejalar tuzishingiz ham mumkin. Biz jamoamiz bilan WordPress shablonlarini yaratishda, studiyamiz ishlarini jamoa sifatida amalga oshirishda, ko’pchilik bo’lib bir masala ustida ishlaganimizda Todoistdan ko’p foydalanamiz. Bu uchun bitta bo’lim ochib, kerakli a’zolarning email manzillarini yozish orqali ularni tizimga taklif qilish kifoya. Bo’limda har bir a’zo o’ziga yoki boshqalarga vazifa tayinlashi, muddat belgilashi va bajarilishni nazorat qilishi mumkin.
Tizimning menga eng yoqadigan jihati – tizimga kirgan zahotingiz bugungi bajarilishi kerak bo’lgan ishlar alohida ko’rsatilishidir. Todoistdagi mening a’zoligim bir necha o’nlab vazifa va rejalar bilan to’lib-toshgan. Agar ularning har birini ko’rib chiqsam, ish kunimning chorak qismi behuda o’tib ketishi hech gap emas. Bugungi bajarilishi kerak bo’lgan vazifalarning alohida ko’rsatilishi esa men uchun ayni muddao. Har kuni ertalab ofisimga borganimda Todoist menga joriy kunda «Bitta yangi maqola o’qish«, «Shablon ustida 1 soat ishlash«, «Bitta do’stga qo’ng’iroq qilib xabar olish«, «Sayt rivojiga 30 daqiqa sarflash«, «Bitta yangi dars o’rganish» va hokazo ishlarni bajarishim kerakligini eslatib turadi. Har bir ishni bajarganimda vazifa yoki reja to’g’risidagi «Bajarildi!» bo’limiga belgi qo’yaman. Tizim esa, agar bajarilgan ish bir martalik bo’lsa uni o’chiradi, davriy takrorlanuvchi vazifa bo’lsa, keyingi kunga qadar uni yashirib turadi. Shu tartibda joriy kundagi vazifalarimni bajarib bo’lganimda «Bugunga rejalashtirilgan barcha vazifalar tugadi. Kuningiz (tongingiz, oqshomingiz, yoki tuningiz) xayrli o’tsin!» degan yozuv ko’rsatiladi. Bu yozuvni ko’rish uchun harakat qilish mening kundalik odatimga aylanib qolgan 🙂
Vazifalarning bajarilishiga qarab tizim Sizning samaradorligingizni baholab, o’lchab boradi. Qaysidir vazifalarni bajarmasdan qoldirsangiz, u keyingi kunga qo’shimcha vazifa sifatida yuklatiladi. Vazifalarni qanchalik o’z vaqtida yoki kechikib bajarishingizga qarab tizim ishlash samaradorligingizni o’lchab boradi. Shu tarzda qanchalik foydali ishlashingiz yoki aksincha, qanchalik vaqtni ishlamasdan o’tkazishingizga guvoh bo’lishingiz mumkin.
Shaxsiy rivojlanish yo’lida izlanayotgan har bir zamonaviy talaba, tadbirkor va har qanday shaxs Todoist kabi rejalashtirish tizimidan samarali foydalanishi shart. Tizimni sinab ko’ring.

Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

3 ta fikr

  1. Benihoya foydali maqola uchun katta rahmat.

  2. Бу сайтга тасодифан келиб колганимдан жуда хурсандман.Айнан мен кидирган нарсалар шу ерда экан.сиз билан хамкорликда ишласам дейман.

  3. SALOM. Men BEKZOD Yoshim 18da. Azamat aka Angliyadami yoki Avstralyadimi o’qishni xoxliman! Chet el unversitetiga topshirishim uchun qanaqa yo’nalish bera olasiz?

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*