Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Shaxsiy blogning shaxsiy rivojlanishdagi ahamiyati

Shaxsiy blogning shaxsiy rivojlanishdagi ahamiyati

Sayt ochishni niyat qilgan har bir kishida sayt ochishdan ko’zlangan asosiy maqsad bo’ladi. Kimdir o’z nomi yoki brendini tanitish uchun shaxsiy blog ochadi, boshqalar internet orqali pul ishlash uchun sayt ochishi mumkin, yana kimdir esa hech qanday aniq bir maqsadsiz, shunchaki sevgan ishi bilan shug’ullanishni maqsad qilib shaxsiy saytini ishga tushirishi mumkin. Sayt ochishdan maqsad qanday bo’lishidan qat’iy nazar, sayt o’z egasiga foyda keltirishi shart. Bu foyda faqat moddiy mablag’ bilan cheklanmaydi – shaxsiy blog yuritadigan kishi o’z mashg’ulotidan uzviy ma’naviy ozuqa olib turishi kerak.

Shaxsan kamina o’z blogimni 2012-yilda o’z ustimda ishlash samaradorligimni oshirishga xizmat qiladigan asosi sifatida ochgan edim. Bugungi kunga qadar blogim domeni va hostingi bir necha bor almashdi, ammo uning tarkibiy qismi bo’lgan maqolalar, yozilgan fikrlar va ular asosida olib borilgan muhokamalar hozirgi kungacha ham menga juda ko’p narsani o’rgatib turadi. Bugun men o’z saytimdan nafaqat moddiy daromad ko’raman, balki u orqali o’zimni rivojlantiraman, o’z oldimga maqsadlar qo’yaman hamda uni yuritish davomida yangi narsalarni o’rganaman.

So’nggi vaqtlarda saytimdagi maqolalarga nisbatan bildirilayotgan fikrlardan shu narsaga amin bo’ldimki, saytimning ba’zi foydalanuvchilari maqolalarimda yoritilayotgan mavzularda, darslar maqsadini butunlay boshqacha – men istamagan tarzda tushunishar ekan. Men saytimda nimalarnidir o’rgatib maqola yozsam, ba’zi tashrif buyuruvchilarimizga o’zimni bu sohada «professionalman» deb maqtanayotgandek bo’lib ko’rinar ekanman. Kimlar uchundir foydali bo’lar, degan maqsadda eng sodda tushunchalarni yangi ma’lumot sifatida saytimda e’lon qilsam, ba’zilar uchun erish tuyulayotgan ekan. Hatto «Avval o’zing o’rganib ol, keyin bizga o’rgatasan», ma’nosidagi xabarlarni ham olib turibman. Shu kabi fikrlar, xabarlar bugun meni ushbu maqolani yozishga undadi. Bu orqali, umid qilamanki, saytimdagi maqolalar orqali aslida nima demoqchiman, saytimni yuritishimdan maqsadim nima va eng asosiysi – Azamat.uz saytiga o’xshash shaxsiy bloglarning shaxsiy rivojlanishdagi ahamiyati qanday, kabi masalalarga oydinlik kiritaman.

Shaxsiy va kasbiy faoliyatim saytimning Muallif haqida bo’limida qisman yoritilganligiga qaramasdan, o’zim haqimda bir oz kengroq tushuncha berishga ijozat bersangiz. Men rasmiy mutaxassisligim bo’yicha ingliz tili o’qituvchisiman. 6 yil davomida ingliz tili grammatikasi bo’yicha yoshlarga ta’lim berib, o’tgan yili ta’lim sohasidagi ishimdan bo’shaganman. Ingliz tili bo’yicha professionallikka da’vo qilmayman. Til bo’yicha hech qaysi bilimim ingliz tilini ona tili sifatida gapiruvchi (native speaker)lar bilimiga tenglasha olmaydi. Qiziqish natijasida yozgan IELTS imtihoniga tayyorlanish kitobim va 10 kun ichida ingliz tilida gapirishni o’rganish video darslarim o’zimga ustoz deb bilgan xurmatli kishilardan o’rganganlarimni xalqimga qaytarish ilinjida qilingan arzimas ishlarim hisoblanadi. Kitobimda ham, video darslarimda ham xato va kamchiliklarning bo’lishi tabiiy. Ingliz tili sohasini hozirga qadar ham o’rganishda davom etayapman. Umid qilamanki, kelajakda yana ko’p bilimlarni egallab, til bo’yicha yaxshiroq mutaxassis bo’lib yetishaman.

Bilmaydigan sohalarim juda ko’p. Hozirgacha birorta sohani mukammal egallaganman, deb maqtana olmayman. 99 ta kamchiligimdan tashqari ham shaxsiyatimda tuzatishim kerak bo’lgan nuqsonlarim yetarli. Shunday ekan, saytim orqali birorta maqolada ham «men boshqalardan ustunman» deb kibrlanishimga hech qanday asos yo’q.

Ingliz tilidan tashqari saytimda sayt tayyorlash, shaxsiy rivojlanish, internet orqali pul ishlash sohalari ham yoritiladi. Bu sohalarning birortasida professional emasman. Men na dasturchi, na dizayner, na online biznesmen va na gikman. Sodda qilib aytganda, men bu sohalarning hammasida «novichokman«. Saytimda bu sohalar bo’yicha maqolalar yozishimga sabab – ularni o’rganishga bo’lgan qiziqishim. Internetdagi menga nisbatan ancha yuqori darajada bo’lgan dasturchilardan o’rganganlarimni boshqalarga o’rgatish orqali bilimlarimni mustahkamlashga harakat qilaman. Saytim orqali faoliyatimdan ko’zlangan maqsadlar juda ko’p. Ularning eng oliysi – O’zbekiston yoshlariga oz bo’lsa ham nimanidir o’rgatib, xalqqa manfaat keltirish.

Shaxsiy blogning shaxsiy rivojlanishdagi ahamiyati qay darajada? To’g’ri, blog yuritmasdan, sayt ochmasdan ham o’z ustingizda ishlashingiz mumkin. Ammo blogingiz orqali o’z shaxsiyatingizni har qanday soha bo’yicha rivojlantirishingiz nisbatan ancha jonli va samarali kechadi. Buni o’z shaxsiy blogimdagi faoliyatim orqali tasvirlab berishga harakat qilaman.

Ta’lim sohasidan chiqishga qaror qilganimdan so’ng saytlar tayyorlash sohasiga qiziqib qoldim. Tabiiyki, uni o’rganish uchun izlanishni boshladim. Internet orqali o’qib va bajarib o’rganayotganlarim ancha foydali bo’ldi. Ammo o’rganganlarimni kimgadir o’rgatish orqali topgan manfaatim eng yuqori darajadagisi bo’ldi. Bir kun yangi bir texnologiya haqida o’qib o’rgansam, ertasiga shu olgan yangi bilimimni saytimda maqola ko’rinishida boshqalarga o’rgatishga, ularga ham ma’lumot berishga harakat qildim. Boshida maqolani to’g’ridan-to’g’ri tarjima qilish bilan boshlangan bu ish keyinchalik to’liq o’z bilimimga tayangan holda maqola yozishga aylandi. Shu tarzda shaxsiy blogim orqali o’z ustimda ishladim.

Saytim orqali qaysidir maqsadimga albatta erishishimni dunyoga va’da berdim. Nimanidir bajarmoqchi ekanligimni reja sifatida hammaga e’lon qildim. Shundan so’ng bu rejamni amalga oshirish, maqsadimga erishish mas’uliyati har doimgidan ham ko’proq bo’ldi. Chunki saytimni minglab kishilar ko’rishi mumkin, yozganlarimni minglab kishilar o’qishi mumkin. Ularga bergan va’damni qanday qilib bajarmasligim mumkin? Shu holatda men saytim yordamida o’zimda bo’lishi mumkin bo’lgan ba’zi dangasalik illatlarini yengishga harakat qildim.

O’zim qiziqqan sohani O’zbekistonda rivojlantirishga hissa qo’shish uchun harakat qildim. WordPress tizimiga qiziqib qolganligim sababli uning O’zbekiston uchun maxsus ajratilgan loyiha qismini tarjimalarim, o’rganuvchilarga yordam berishim va o’rgatishim bilan rivojlantirishga harakat qildim. Hozirgi kunda WordPressning rasmiy yordam forumini tashkil etish ustida izlanayapman. O’ylaymanki, bu faoliyatim kelajakda hali uzoq vaqtlar yana davom etadi.

Shaxsiy blogim orqali yuqoridagi manfaatlardan tashqari yana bir ajoyib imkoniyatni qo’lga kiritdimki, uning bahosi men uchun juda yuqori. Aynan shaxsiy blogim orqali men butun O’zbekiston bo’ylab minglab yangi do’stlar orttirdim. Hozirgi kunda O’zbekistonning turli sohalarida meni taniydigan, do’stona munosabatda bo’lgan yurtdoshlarimiz bor. Men ularni nafaqat saytimning foydalanuvchilari, balki yaqin do’stlarim sifatida qadrlayman.

Xulosa o’rnida Siz ham o’z shaxsiy blogingizni tashkil etishingiz maqsadga muvofiq bo’lishi haqida aytib o’ymoqchiman. O’ylab ko’ring, shaxsiy blog yoki sayt ochishingiz hamda uni yuritishingiz kelajakda ko’zlagan turli maqsadlaringizga osonroq erishishingiz uchun asos, ilxom manbai bo’lishi mumkin. Bundan tashqari u orqali tengdoshlaringizga yordam berishingiz, atforingizdagilarga o’z ilmingiz va bilimingiz bilan foyda keltirishingiz mumkin. Bu esa hammasidan ham ko’ra ko’proq quvonch keltiradi!

Bugundanoq o’z shaxsiy saytingizni ochishga kirishing. Sayt ochish hech qancha xarajat talab qilmaydi – bir yilga atigi 150 000 so’m to’lov evaziga o’z saytingizni internetda ishlab turishini ta’minlashingiz mumkin. Zamondan ortda qolmang, shaxsiy rivojlanishingizga zamonaviy texnologiyalar yordamida yangi kuch bag’ishlang.

Iltimos, ommalashtirishga yordam bering: Share on FacebookShare on Google+Tweet about this on TwitterShare on VKEmail this to someone
Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

8 ta fikr

  1. Sizning blogingizni ancha vaqtdan buyon kuzatib boraman. Va shuni aytishim mumkinki blogingizdagi maqolalar ajoyib ya’ni imlo xatosiz, aniq faktga ega oldi qochdi gaplar emas. Boshqa bloglardan eng yaxshisi dep aytish mumkin

  2. Sizni sayt tayyorlash va internetda pul topish borasida ustozim desam bo’ladi, saytingiz orqali ko’p narsa o’rganib boryapman, maslahatlaringizni ham olganman (kommentariya sifatida), nasib bo’lsa tez kunda kamina shogirdingiz ham o’z blogini ochadi. Sizga raxmat!

  3. Xammamiz mamnunmiz sizdan ishlarizni Olloh rivojini bersin

  4. Men ham yuqoridagi fikrlarga to’la qo’shilaman. Saytingizga kirgan kunimdan beri siznining saytingizga va siz tanlagan sohaga qiziqishim juda baland. Saytingizdagi barcha maqola va qo’llanmalarni o’qib chiqganman. Har kuni internetga kirganimda sizning saytingizni ko’zdan kechiraman, yangi maqola qo’shilgan bo’lsa har qanday holatda ham o’sha maqolani oxirigacha o’qib chiqaman. Men sizdan sizga shogird bo’lish haqida so’raganimda afsus bandligingizni aytgan edingiz. O’shanda biroz javobingizga tushunolmagan edim, endi tushundim aslida sizning saytingiz menga ustoz. Azamat aka hech qachon o’z bilganlaringizni biz yoshlarga yetkazishdan charchamang. O’zim va Barcha saytingiz foydalanuvchilari nomidan katta rahmat. Yangi maqola va qo’llanmalaringizni intizorlik bilan kutamiz.

  5. ingliz tilidagi bbilimlaringizga gap yoq sizni o’zim uchun ustoz deb bilaman blogingiz judA ZOR

  6. Azamat aka, sizga yozilgan o’sha yomon fikrlar bo’lishi tabiiy hol, bunday fikrlarga e’tibor berish kerak emas. Har qanday sayt yoki blogda albatta birorta teskari fikr qoldirilgan bo’ladi, hammaga birdek yoqish qiyin, yaxshilikni kimdir tushunadi, kimdir esa yo’q. Nima ish qilmang, odamlar baribir gapiradi, shunday ekan o’z bilganingizdan qolmang☺. Sizga omad, boshqalarga bilim ulashishdan charchamang.

  7. Yuqoridagi maqola va quyidagi fikrlarni o`qib shu to`xtamga keldim. Demak, Azamat Baxtiyorovich man hurmat qilganimdan ham ko`proq hurmatga loyiq ekan. Shu kun bildim tengdosh ekanligimizni. Ammo Sizdan ortdaligim biroz o`zimga og`ir botdi. Sizning darajangizda bo`lmasamda Sizga yetvolishga harakat qilaman. Xurmat bilan Guliza

  8. Yaxshi niyatta yaratilgan bu sayt albatta ilmni sevuvchilarga va ingliz tilini o’rganishni istaganlarga ayniqsa kerakdir. Azamat aka sizni maqolalaringiz juda purma’no va yuqorida aytilganidek imlovi xatolarsiz yozilganligi qolaversa qandaydir psixologik jihati borligi bizni o’zligimizni anglashda va ilmimizni oshirishda yordam beradi dib o’ylayman. Maqolalaringiz nafaqat ingiliz tili o’quvchilarga balki boshqa soha vakillargaham yoqadi. Siz haqiqiy uztozimsiz. Xurmat bilan Zinur

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*