Bosh sahifa / Sayt tayyorlash / Saytni zahira nusxadan tiklash (restore)

Saytni zahira nusxadan tiklash (restore)

Saytdan zahira nusxa olishni mana bu maqola orqali o’rgangan edik. Endi olingan zahira nusxa asosida saytni tiklashni ko’rib o’tamiz. Buning uchun bizga hosting, bo’sh ma’lumotlar bazasi va avvalroq olingan zahira nusxa (sayt fayllari + ma’lumotlar bazasi eksport fayli) kerak bo’ladi. Quyidagi ma’lumotlarda WordPress asosida ishlaydigan saytni tiklash ko’rsatilgan. Agar saytingiz boshqa tizimda ishlasa, ma’lumotlarning 3-bandi Sizga to’g’ri kelmasligi mumkin. Saytingizni zahira nusxadan tiklash uchun quyidagilarni amalga oshiring:

1. SAYT FAYLLARINI SERVERGA CHIQARING. FTP orqali saytingizning asosiy papkasiga zahira sifatida olingan fayllarni chiqaring. FTP bilan ishlashni bilmaysizmi? Mana bu qo’llanmada hammasi o’rgatilgan!

2. MA’LUMOTLAR BAZASINI TIKLANG. Buning uchun hostingizdagi phpMyAdmin paneliga kirishingiz, ma’lumot tiklanishi kerak bo’lgan yangi, bo’sh bazani tanlashingiz kerak bo’ladi (Qanday qilib? Mana buni o’qing!). Kerakli baza tanlangandan so’ng uning asosiy oynasi yuqorisida joylashgan Import tugmasini bosing.

Ochilgan oynada faylni tanlash tugmasini ko’rasiz (Viberite fayl yoki Choose file). Uni bosish orqali kompyuteringizdagi ma’lumotlar bazasi zahira nusxa faylini tanlaysiz. Bu tugmaning o’ng tomonida serverga maksimum qancha hajmdagi zahira nusxa faylini yuklash ko’rsatilgan bo’ladi (shunchaki ma’lumot tariqasida aytib o’tayapman 🙂 ). Fayl tanlangandan so’ng sahifaning oxiridagi Go tugmasini bosishingiz kerak bo’ladi. Bu bilan tizim ko’rsatilgan zahira nusxa faylini yuklaydi va joriy bazaga tiklaydi.

3. BAZAGA BOG’LANISH MA’LUMOTLARINI O’ZGARTIRING. Agar zahira nusxani yangi serverga ko’chirayotgan bo’lsangiz, tabiiyki WordPress yoki boshqa tizimingizdagi bazaga ulanish ma’lumotlari eski server ma’lumotlariga asoslangan holda bo’ladi. Agar saytingizni avvalgi joyiga qayta tiklayotgan bo’lsangiz, bu ma’lumotlar eski holatida qolsa ham bo’ladi. Holatingizga qarab ish tuting. Quyidagi ma’lumotlarni Siz yangi serverga ko’chgansiz, deb tasavvur qilgan holda yozayapman.

Serverga fayllar chiqarildi, yangi bazaga ma’lumotlar yuklandi. Endi fayllar ma’lumotlar bazasidan foydalana olishi uchun kerakli faylga ma’lumotlar bazasi ma’lumotlari kiritilishi kerak. WordPress tizimida bu fayl wp-config.php hisoblanadi. Saytingizning asosiy papkasida joylashgan wp-config.php faylini oching va baza ma’lumotlarini yozing.

Eslatma: ushbu ma’lumotlar yangi ma’lumotlar bazasi ochilayotgan vaqtda ko’rsatilgan bo’ladi.

Ko’rib turganingizdek, wp-config.php fayliga yangi ochilgan, ichiga ma’lumotlar import qilingan baza nomi, foydalanuvchisi va parolini kiritishingiz kerak bo’ladi. Ba’zi hostlarda ma’lumotlar bazasi alohida hostda joylashgan bo’ladi. Agar Sizning hostingizda shunday bo’lsa, DB_HOST qismidagi localhost o’rniga hostingiz aytgan manzilni yozib qo’ying. Ko’pincha bu qismni o’zgartirishingiz talab etilmaydi.

Saytni zahira nusxadan tiklash mana shu amaliyotlardan iborat. Yodingizda bo’lsin, saytni tiklaganingizda faqatgina saytdan zahira nusxa olishdan avval bo’lgan o’zgarishlar saytda saqlanib qoladi! Saytingiz har doim xavfsiz bo’lishini tilagan holda saytingizdan tez-tez zahira nusxa olib, saqlab qo’yishingizni tavsiya etaman.

Iltimos, ommalashtirishga yordam bering: Share on FacebookShare on Google+Tweet about this on TwitterShare on VKEmail this to someone
Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*