Bosh sahifa / Sayt tayyorlash / Saytdan zahira nusxa olish (backup)

Saytdan zahira nusxa olish (backup)

Saytingizdan tez-tez zahira nusxa olib turishingiz kerak. Hosting kompaniyalar saytingiz xavfsizligini yetarlicha ta’minlashga va’da berishadi, ammo eng ishonchli zahira o’zingizning qo’lingizda bo’lgan sayt nusxasi ekanligini unutmang. Zahira nusxa olish saytingizni hackerlar xujum qilgan vaqtda qayta tiklash, hosting nosozligi tufayli sayt to’liq o’chib ketganda saytni normal holatga qaytarish uchun kerak bo’lishi mumkin.

Deyarli barcha hosting panellarida saytdan to’liq zahira nusxa olish imkoniyati mavjud. Masalan, agar saytingiz hostingi cPanel asosida boshqarilsa, saytdan nusxa olish imkoniyati panelning Fayllar bo’limida quyidagi ko’rinishda bo’ladi:

Agar panel usulida saytingizdan nusxa olsangiz, u faylingizni bitta arxiv fayl qilib, ko’chirib olishingizga tayyorlab beradi. Bu arxiv fayl ichida saytingiz fayllari, panel sozlanmalari, baza ma’lumotlari va boshqa barcha kerakli ma’lumotlar bo’ladi. Nazariy jihatdan bu arxiv fayl yordamida saytingizni istalgan vaqtda tiklashingiz mumkin. Ma’lumki, hosting kompaniyalar turli panellarning har xil versiyalarini ishlatishadi. Panellar va versiyalar o’rtasida olingan zahira nusxa qanday farq qilishi haqida bilmayman. cPanel orqali olingan zahira nusxani Plesk paneliga tiklash mumkinmi? Bu savol men uchun jumboq. Ammo cPanelda olingan zahirani cPanelning o’ziga tiklashda xatolik bo’lgani va avtomatik tiklashning imkoni bo’lmaganligiga shaxsan guvoh bo’lganman. Shuning uchun avtomatik zahira nusxa olishni maslahat bermayman.

Men uchun qo’lda mustaqil olingan zahira nusxa ishonchliroq. Bu zahirani keyinchalik o’zingiz istagan panelda ishlovchi hostingga osonlik bilan va ishonchli tarzda ko’chira olasiz. Quyida qanday qilib saytdan zahira nusxa olish haqida ma’lumot bermoqchiman. Saytim WordPress asosida ishlaganligi sababli zahira nusxani WordPress saytidan olish o’rgatilgan. Ammo ushbu qo’llanmani boshqa barcha tizimlarda ishlovchi saytlardan zahira nusxa olishga nisbatan qo’llash mumkin.

1. SAYTINGIZ FAYLLARIDAN ZAHIRA NUSXA OLING. Birinchi navbatda saytingizning fayllarini kompyuteringizga ko’chirib oling. Buni FTP orqali amalga oshirishingiz mumkin. FTP bilan qanday ishlash mana bu qo’llanmada batafsil o’rgatilgan. Agar FTP bilan ishlashni istamasangiz, hostingiz paneliga kirib, fayl menejer orqali kerakli fayllarni papkasi bilan arxivlab, brauzer orqali yuklab olishingiz mumkin. Eng muhimi, saytingizning public_html yoki htdocs papkasi ichida joylashgan barcha fayllarni kompyuteringizga yuklab olishingiz kerakligini unutmang!

Hostingizning asosiy papkasida joylashgan saytingizning barcha fayllarini saqlab olgan bo’lsangiz, zahira nusxa olishning birinchi qismini yakunlagan bo’lasiz. Endi navbat saytning ma’lumot bazasini yuklab olishga!

2. PHPMYADMIN ORQALI BAZANI YUKLAB OLING. Hostingiz paneliga kirsangiz, ma’lumotlar bazasi bilan ishlash bo’limida phpMyAdmin bo’limiga o’tish joyini ko’rasiz. Turli hostinglarda bu bo’lim har xil joylarda ko’rsatilishi mumkin. cPanel odatiy ko’rinishida bu bo’limga o’tish joyi quyidagicha ko’rinishga ega:

phpMyAdmin asosiy ko’rinishiga o’tganingizdan so’ng chap tomonda o’zingizga kerakli bo’lgan bazani tanlang.

Sizga bazangizdagi ma’lumot jadvallari ro’yxati ko’rsatiladi. Siz bularning barchasini yuklab olishingiz kerak. Bu jadvallar ichida saytingizning barcha ma’lumotlari joylashgan. Saytda ma’lumotlar qanchalik ko’p bo’lsa, ma’lumotlar bazasi hajmi ham shunchali katta bo’ladi. Bu ma’lumotlarni oynaning eng yuqorisidagi Eksport tugmasi orqali yuklab olish bo’limiga o’tamiz.

Bu yerda bitta muhim narsani bilib olishingiz zarur: odatda ma’lumotlar bazasidan yuklab olingan zahira nusxa fayli 2-3 megabaytdan katta hajmga ega bo’lsa, juda ko’p hollarda uni keyinchalik tiklashning imkoni bo’lmaydi! Siz zahira nusxani qachondir qayta tiklash maqsadida olasiz. Shunday ekan Siz uchun uni qayta tiklay olish imkoniyati juda muhim bo’lishi kerak. Shuning uchun bazadan olayotgan zahira nusxangiz fayli 2-3 megabaytdan oshmasligi kerakligini unutmang. Imkon qadar uni 2 megabaytgacha saqlashga harakat qiling. Buni quyidagicha amalga oshirasiz:

Agar saytingiz bazasi kichik bo’lsa, saytingizda ma’lumotlar hali juda ko’p bo’lmasa shunchaki OK tugmasini bosib bazani yuklab olishingiz mumkin.

Yuklab olingan fayl [faylnomi].sql ko’rinishiga ega bo’ladi. Yuklab olingan fayl hajmini tekshiring. U 2 megabaytgachami? Agar shunday bo’lsa, demak Sizdagi baza zahira nusxasi keyinchalik qayta tiklanishga yaroqli hisoblanadi. Bu SQL faylni saytingiz fayllari yoniga olib qo’yishingiz mumkin. Sizning saytdan zahira olishingiz yakunlandi. Ammo yuklab olingan SQL fayl 2 megabaytdan oshib ketsa, deylik 20-30 megabayt bo’lsa, unda quyidagicha ish tutasiz:

Yuqoridagi rasmda ko’rsatilgan eksport metodini Customga o’zgartirasiz. Shunda Sizga ma’lumotlar bazasi zahira nusxasini olish jarayonida mavjud bo’lgan barcha sozlanmalar ko’rsatiladi. Bu yerda Siz ma’lumotlar bazasi faylini siqib, keyin yuklab olish uchun berilishini belgilashingiz kerak. Shunchaki Output bo’limidagi Compression bandini gzipped tanloviga o’zgartiring. Ba’zi hostlarda bu joyda bzipped tanlovi ham ko’rsatiladi. gzip oddiy zipdan kuchliroq qisgani kabi, bzip ham gzipga nisbatan kuchliroq bosimni va shu bilan birga kichikroq fayl hajmini taklif qila oladi. gzip yoki bzip o’rtasidagi tanlov o’zingizga havola – qaysi birini tanlash katta ahamiyatga ega emas.

Siqish darajasini tanlaganingizdan so’ng sahifa to’nggidagi OK tugmasini bosasiz. Shu tarzda Sizga ma’lumotlar bazasi zahira nusxasining siqilgan ko’rinishi taqdim etiladi. 20-30 megabaytli bazalarni yuqoridagi usul yordamida 2-3 megabaytli .gzip yoki .bzip fayli ko’rinishida zahiraga olishingiz mumkin.

Saytdan zahira nusxa olish yakunlandi! Endi saytingiz asosiy papkasidan olingan fayllarni va ma’lumotlar bazasi zahira nusxasini kompyuteringizning ishonchli joyida saqlab qo’yishingiz mumkin. Zahira nusxani istalgan vaqtda o’zingiz xohlagan serverda tiklashingiz mumkin.

Zahira nusxani sayt faolligiga qarab har 1 oydan 6 oygacha bo’lgan vaqt oralig’ida olib turishingizni tavsiya qilaman.

Saytdan olingan zahira nusxani qanday qilib boshqa serverga (yoki shu serverning o’ziga) qayta tiklashni o’rganish uchun mana bu maqolani o’qing.

Abituriyentlar uchun test formulalari

4 ta fikr

  1. Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga «Sen tufayli shu narsani o’rganib olgan edim», desa, dunyoda mendan baxtli inson bo’lmaydi! Bu so’zlar sizga tegishli shekilli meni iltimosimga hatto yo’q degan javobni ham yozmasdan e’tiborsiz qoldirdinggiz!

  2. Salom, gapingizga gap bo’lishi mumkin emas.
    gzip yoki bzip o’rtasidagi tanlov o’zingizga havol – qaysi birini tanlash katta ahamiyatga ega emas.
    havol bo’lib qolibdi.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*