Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Samarali fikrlash ahamiyati

Samarali fikrlash ahamiyati

«Qila olaman, deb o’ylasangiz ham, qila olmayman,
deb o’ylasangiz ham, Siz haqsiz!»
Genri Ford

Samarali fikrlash ma’lum sharoitlardagina talab etiladigan holat bo’lib qolmasdan, muvaffaqiyatli insonlarda doimiy ravishdagi odat sifatida shakllanishi shart. Fikrlar hatti-harakatlarni boshqaradi va o’z navbatida har qanday faoliyatning natijasini belgilab beradi. To’g’ri, yaxshi natijalarga erishish uchun harakat qilish, faoliyatni amalga oshirish katta ahamiyatga ega, lekin samarali fikrlar barchasidan birinchi va eng muhim o’rinda turadi. Kimdadir samarali fikrlash yaxshi rivojlangan bo’lib, uning qaysidir ishni bajarishga qulay sharoiti, kerakli manbaalari bo’lmasa ham, oxir oqibatda u o’z oldigan qo’ygan maqsadlariga erishadi. Aksincha, samarali fikrlashdan yiroq bo’lgan kishi, har qancha kuchli texnologiyalar va manbaalarga ega bo’lmasin, o’z fikrlashi tufayli hech qanday ijobiy natijaga erisha olmaydi.

Samarali fikrlash nima uchun muhim? Birinchi navbatda samarali fikrlash ishimizning natijasiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Har qanday sohada ishlarimiz yaxshi rivojlanishini, muvaffaqiyatli bo’lishimizni xohlasak, eng avval fikrlarimizni isloh qilib olishimiz kerak. Chunki ishni ko’proq qo’llar va oyoqlar emas, miya va unda bo’layotgan fikrlar boshqaradi. Fikrlar qanchalik samarali bo’lsa, ishimizning natijasi ham shunchalik samarali bo’ladi. Oddiyroq misol bilan tushuntirganda, samarali fikrlashni mevali daraxtga o’xshatish mumkin. Daraxt ko’p meva berishi birinchi navbatda uning tomirlariga bog’liq. Biz daraxtdagi mevalar (natija)ni ko’zimiz bilan ko’ra olamiz, ammo daraxt mevalarining shu darajaga yetishida asosiy rol o’ynagan tomir (sabab)larni ko’ra olmaymiz. Ular har doim yer ostida, ko’zga ko’rinmas joyda bo’ladi. Daraxt tomirlarini har qancha inkor etsak ham, baribir uning faol ishtirokisiz daraxtda meva hosil bo’lmaydi. Huddi shunday, samarali fikrlar ham ishimiz natijasida ahamiyasizdek tuyulishiga qaramasdan, muvaffaqiyatli hayot kechirishimizda muhim o’rin tutadi.

Samarali fikrlash nima o’zi? Samarali fikrlash hamma narsada ijobiylikni ko’ra olish va mas’uliyatni o’z ichiga oladi. Atrofda sodir bo’layotgan barcha holatlarda, natijalarda ijobiylikni ko’ra olish taniqli ruhshunos Stefen Koveyning «Eng muvaffaqiyatli insonlarning 7 odati» asarida ta’kidlangan birinchi, eng samarali odat hisoblanadi. Bizning hayotimizda har qancha ayanchli, har qancha alamli hodisalar ro’y berishi mumkin, ammo bu holatni qanday qabul qilishimiz faqat o’zimizga bog’liq.

«Ishtiyoq va tushkunlik o’rtasida bo’shliq bor. Mana shu bo’shliqda bizning yoki ishtiyoq, yoki tushkunlikni tanlashga bo’lgan kuchimiz yotadi. Bu tanlovda esa shaxsiy rivojlanishimiz va ozodligimiz bor«.
Viktor Frankl

Mas’uliyatda ham ko’p gap bor. Biz bajarayotgan barcha ishlarimizga mas’ul ekanligimizni tushunib yetmagunimizcha muvaffaqiyatli bo’la olmaymiz. Biz bilan sodir bo’ladigan barcha hodislardaning asosiy sababchisi o’zimiz, bizdagi har bir kichik muvaffaqiyatsizlikka yolg’iz o’zimiz mas’ulmiz. Atrofimizdagi hodisalarni faqat ijobiy tomonga burishni xohlasak, birinchi navbatda barcha hatti-harakatlarimizga nisbatan mas’ulligimizni qabul qilishimiz kerak. Mas’ullik hissi asosida fikrlaganimizda kelajakda bo’ladigan barcha hodisalarning asosiy yurituvchi kuchi aynan o’zimiz ekanligimizni anglab yetamiz.

Inson biror muvaffaqiyatga erishsa, yutug’ining sababi yolg’iz o’zi, aksincha, muvaffaqiyatsizlikka uchrasa yoki hayotda qoqilsa, bunga atrofdagilar aybdor, degan fikrlashga juda moyil. Shu o’rinda, Xojiboy Tojiboyevning ob-havo yaxshi bo’lib, hosil yaxshi yetishtirilsa fermerlar o’zlarining mehnati, shijoati va tajribali ekanligiga urg’u berib gapirishi; aksincha, hosil yaxshi bo’lmay, yerga yaxshi ishlov bermaslik natijasida hosil yomon bo’lsa ob-havoni ayblashlari hajviyasi esimga tushdi. Rostdan ham, biz bilan sodir bo’ladigan yomon holatlarda har doim boshqalar aybdor, deb o’ylaymiz. Nega hech mas’uliyatni o’z bo’ynimizga olib, «mana shu xato-kamchiliklarning sababchisi yolg’iz o’zimman!», deya olmaymiz?

Samarali fikrlash – bu har qanday natijani sabab nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda tahlil qilishdir. Siz sabab qismida bo’lasizmi, yoki natija qismida bo’lasizmi – bu Sizning shaxsiy tanlovingiz. Muvaffaqiyatli odamlar natijaning sabablarini o’ylashadi, hech qachon uning keltirib chiqargan salbiy natijalari haqida bosh qotirishmaydi. Ular hayotlarida sodir bo’ladigan har bir hodisa ularning shaxsiy mas’uliyati ekanligini anglab yetishgan. Ular bilan qandaydir ko’ngilsiz hodisa (yomon natija) sodir bo’lsa, ular bu natijaning sabablarini qidirishadi, o’zlarini bu natijada mas’ul deb bilishadi, ammo hech qachon natija keltirib chiqargan noxush holat haqida o’ylashmaydi. Siz ham shunday qila olasizmi?

Ojiz odamlar esa har doim natijaga e’tiborlarini qaratishadi. Ular uchun ro’y bergan hodisaning keltirib chiqargan ko’ngilsizliklari – birinchi navbatda. Bunday fikrlaydigan odamlar hech qachon qaysidir natijada o’zlarini mas’ul his qilishmaydi, faqat atrofdagilarni ayblash va o’zlari guvoh bo’lib turgan salbiy holatga achinish bilan ovora bo’lishadi, xolos. Natija asosida yashaydigan kishilar hech qachon rivojlana olishmaydi.

Siz o’zingiz uchun qaror qiling: hayotning sabab uslubida yashaysizmi, yoki natija uslubidami? Hayot chizig’ining yuqori qismidamisiz, yoki pastki qismidami?

Qanday qilib samarali fikrlashni boshlash mumkin?

BILISH. Bilim juda yaxshi narsa. Men qaysidir fan yoki soha miqyosida gapirayotganim yo’q. O’z atrofida bo’layotgan hodisalarni, hayotning sodda, oddiy haqiqatlarini tushunish uchun kishi akademik bo’lishi shart emas. Hayotingizda bo’layotgan barcha hodisalarda fikrlashingiz, qaror qilishingiz, dunyoqarashingiz eng katta rol o’ynashini biling, his qiling. Taqdiringiz o’z qo’lingizda. Hayotingizni o’zgartira olasiz. Hayotingizni yaxshi tomonga o’zgartirish faqat Sizga va samarali fiklashingizga bog’liq!

MAS’ULIYATNI QABUL QILISH. O’tmishda sodir etgan xato-kamchiliklaringiz uchun tavba qiling, kelajakdagi sodir bo’ladigan ishlarning natijasi qanday bo’lishi yolg’iz Sizning mas’uliyatingiz ekanligini his qiling va shu ma’uliyat asosida olg’a yuring! Unutmang, har bir bosayotgan qadamingiz Sizga qandaydir natija olib keladi. Yaxshi natijami, yomon natijami – buni faqat Siz hal qilasiz. Bu faqat Sizning mas’uliyatingiz.

CHIZIQNING YUQORI TOMONIDA BO’LING. Natija bilan yashamang. Hayotim qanchalik qiyin, qanchalik achinarli va men qanchalik omadsizman, deb yig’lash biror foyda keltirganda edi, shaxsan men shu vaqtgacha tinmay yig’lagan bo’lar edim. Ammo natijadan afsuslanish hech qanday foyda keltirmaydi. Natijaning sababiga qarang. Bu holat qayerdan paydo bo’ldi? Uning hosil qo’lishiga qaysi mas’uliyatsizligingiz sabab bo’ldi? Natijadan xulosa chiqaring va faqat sabablarni tahlil qilgan holda olg’a yuring!

Agar Sizning oilaviy hayotingizda, shaxsiyatingizda, biznesingizda, iqtisodiy havolingiz yoki kasbingizda muvaffaqiyatsizliklar ketma-ket kelayotgan bo’lsa, quyidagi savollarga chin qildan, o’zingizni aldamasdan, rost javob bering:

  • Men hayotimdaga bircha natijaga 100% mas’uliyatni tan olamanmi?
  • Agar yo’q bo’lsa, nega yo’q? Buning sababi odatda qo’rquv (o’z kuchiga ishonmaslik) yoki rad etilish (odamlar nima deb o’ylar ekan? degan his) bo’lishi mumkin.
  • Mendagi noxush holatning paydo bo’lishiga kim aybdor?
  • Men o’zimning aybdorligimni rad etayapmanmi?
  • O’zimning farishtaday beayb ekanligim haqida o’zimga o’zim ertak aytib, o’zimni aldamayapmanmi?
  • Agar «Omad kelmadi-da!» degan bahona bo’lmaganida, nima qilgan bo’lardim?

Hayotingizda bo’layotgan barcha hodisalarning boshqaruvini o’z qo’lingizga oling! Eldrij Klever aytganidek, «Siz yoki yechimsiz, yoki muammosiz!«. Qaysi biri bo’lishni xohlaysiz? Tanlang!

Iltimos, ommalashtirishga yordam bering: Share on FacebookShare on Google+Tweet about this on TwitterShare on VKEmail this to someone
Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

4 ta fikr

  1. Bilmlariz bundanda ziyoda bulsin.

  2. Maqolala juda ajoyib

  3. Maqola ajoyib ekan (:

  4. gap yoo bular bilim shundaymi yoki hayotiy tajribadan kelib chiqib yozyapsizmi . javob uchun oldindan rahmat

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*