Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Qani edi 18 yoshligimda shu 5 ta haqiqatni bilganimda

Qani edi 18 yoshligimda shu 5 ta haqiqatni bilganimda

Hozirgi darajamdan hech qachon nolimasam ham ba’zan 18 yoshligimda hozir men biladigan ba’zi haqiqatlarni hozirgidek aniq bilganimda bugungi kundagi darajam bundan bir necha barobar yuqorida bo’larmidi, deb o’ylab qolaman. Men uchun kelajakda erishishim mumkin bo’lgan muvaffaqiyatlar sari barcha yo’llarim ochiq, ammo hech qachon o’n yil avvalgi davrga qaytib, 18 yoshimdan muvaffaqiyatlar sari harakatimni boshlay olmayman. Men hozirga qadar, o’n yil davomida qancha muvaffaqiyatlarga erishgan bo’lsam, ulardan bir necha barobar ko’p bo’lgan xatolar va muvaffaqiyatsizliklarga uchradim. O’tmishda qolgan bu xatolar bugunim va kelajagim uchun juda zaruriy tajribani bera oldi. Ammo bugungi kunning ko’pchilik yoshlariga qarab o’zim yo’l qo’ygan xatolarning takrorlanayotganligini ko’raman va ularning qanchalik noto’g’ri yo’lda, noto’g’ri fikrda ekanliklarini o’zlariga tushuntirib aytgim keladi. Afsuski, hayotiy tajriba yig’ish uchun har kim o’zining shaxsiy xatolarini qilishi kerak bo’ladi. Hayot qonuni shu.

Ushbu maqolani bugungi kunda hayotining 18 bahorini ko’rib turgan uka-singillarim o’qir, degan maqsadda yozayapman. Mening xatolarim kim uchundir o’rnak bo’lsa va men o’n yil avval bilmagan haqiqatlarni hozirgi yoshlar bilib qo’ysa, o’z shaxsiy rivojlanishlarida qo’llashsa, bu xatolarning menda qachonlardir bo’lgani men uchun eng katta mukofot hisoblanadi!

Siz bir necha soniyada o’qib chiqadigan quyidagi haqiqatlarni to’liq tushunib yetishga o’n yil vaqt sarflaganman:

1. ILM OLISH HAMMASIDAN BIRINCHI O’RINDA. Bilaman, bu gaplarni maktabda o’qituvchilarimizdan juda ko’p eshitganmiz, litsey-kollejdagi ustozlarimiz ham deyarli har soatda takrorlashadi, kelajakda universitetlarda ham bu gaplarni juda ko’p marotaba eshitamiz. Har qancha siyqasi chiqqan bo’lmasin, bu haqiqat kishining butun hayoti qanday o’tishini belgilab berar ekan. Hozir Sizda ilm olish uchun imkoniyat bor, vaqt bor, sharoit bor. Vaqt juda tez o’tib ketadi va ertaga Sizda bu imkoniyat bo’lmaydi, vaqt yetmaydi, sharoitingiz to’g’ri kelmaydi. Atrofingizdan barcha o’tkinchi, chalg’ituvchi narsalarni uzoqlashtiring va ilm olishga jiddiy kirishing. Katta hayotda Sizning qaysi darajada turishingiz qancha ilmingiz borligi bilan o’lchanadi. Ilmingiz ertangi kuningizda Siz uchun kerak bo’lgan barcha narsani beradi: o’zingiz xohlaganingizcha boylik, quvonch, baxt, imkoniyat va hatto sevgini ham.

2. VAQTNI QADRLASH KERAK. Vaqtni hech qachon bekorga o’tkazmang. Bugun internetda bekorchilik bilan o’tkazib yuborayotgan soatlab vaqtingizning bir soniyasini ham ertaga topa olmaysiz. Hozir darslar tugashini soatga intiqlik bilan qarab kutayapsiz. Vaqt tezroq o’tsa, soat millari tezroq harakat qilsa, deysiz. Ammo kelajakda aynan mana shu vaziyatga qaytib qolishni orzu qilasiz. Ortga qaytib, vaqtdan unumli foydalanishni va kelajakda Siz uchun juda zarur bo’lgan ishlarni aynan shu vaqtda, hozir Siz bekorchilik bilan o’tkazayotgan vaqtda bajarishni xohlab qolasiz. O’tgan vaqtni hech qachon ortga qaytarib bo’lmaydi. Hozir Sizda imkoniyat bor. Hozir vaqt Sizning qo’lingizda. Uni o’z foydangizga ishlating. Hozir Siz sahnadasiz, barcha chiroqlar Sizga qaratilgan, butun e’tibor Sizda, vaqtni qanday o’tkazishni Siz belgilaysiz. Uni shunday mazmunli o’tkazingki, har bir soat kelajagingiz uchun qandaydir foydali ishni bajarish bilan o’tsin. O’qing, o’rganing, tajriba orttiring, kichik bo’lsa ham nimanidir o’rganing – bir daqiqangizni ham bekorga o’tkazmang.

3. QANCHALIK QATTIQ YIQILGAN BO’LSANGIZ HAM QAYTA TURISH MUMKIN. Ba’zan oddiy, kichik bir xato tufayli butun hayotdan ko’ngli qolayotgan, arzimas masala tufayli dunyo ko’ziga tor ko’rinib hatto o’z joniga qasd qilishgacha borayotgan yoshlar haqida eshitib kelajagi hammanikidan ham porloq bo’lishi mumkin bo’lgan kishilarning juda yosh nobud bo’layotganidan hafa bo’lib ketaman. Hayot past-balandliklardan iborat. Hozir men o’n yil avvalgi muammolarimga qarasam kulgim qistaydi. Shu ham muammo bo’libdimi? Men o’n yil avval shu muammo tufayli ota-onam bilan janjallashdimmi? Shu tufayli meni yashagim kelmaganmi? Qanchalik yomon yiqilishingizga qaramasdan qayta turish imkoni har doim borligini o’n yil avval hozirgidek anglaganimda edi, men yomon kayfiyatda, tushkunlikda o’tkazgan qimmatli vaqtimni mazmunliroq, foydaliroq o’tkazgan bo’lardim. Siz mening bu xatolarimni takrorlamang. Balki hozir Sizga qiyindir, balki Sizdagi muammo haqiqatdan ham juda katta bo’lib tuyulayotgandir. Ishoning, bu masala albatta hal bo’ladi. Siz ham o’n yildan so’ng shunday muammolaringiz bo’lganligini eslab o’z ustingizdan kulasiz. Muammolarga e’tibor qilmay faqat oldinga – nurli kelajakka qarab qadam tashlang!

4. QIMMATLIKLARNI QADRI BO’YICHA TO’G’RI DARAJALASH KERAK. Ba’zan o’n yil avval men uchun juda katta qimmatlikka ega bo’lgan narsalar hozirgi kunga kelib uch pulga qimmat narsaga aylanib qolganligini ko’raman. O’sha qadim-qadim zamonlarda aslida qadrsiz bo’lgan narsalarni ortiqcha darajada qadrlab, yuksak qadrga munosib bo’lganlarini esa e’tiborsiz qoldirganman. Siz nima demoqchiligimni juda yaxshi tushunayapsiz. Hozir deyarli bir xil narsalar haqida o’yladik. Men Sizning tanlovlaringizni muhokama qilmoqchi emasman. Siz uchun hammasi qadrli ekan – juda yaxshi! Ammo bu qimmatlarni to’g’ri tartbida: eng qadrlisidan boshlab eng kam qadrlisigacha darajalab chiqishingiz kerak. Qachondir ikkita Siz uchun qadrli bo’lgan narsalar o’rtasida tanlov haqida gap ketsa, hech qachon qadri kamroq narsani (Siz uchun har qancha qadrli, har qancha sevimli bo’lmasin) aslida qadri yuqoriroq narsadan ustun qo’ymang. Bunday qilishingiz vaqti kelganda o’tmishdagi tanlovlaringizni eslab achinishingizning oldini oladi. Bundan tashqari katta hayotda qimmatliklarni qadri bo’yicha to’g’ri darajalash ko’nikmasini o’zingizda shakllantira borgan bo’lasiz.

5. SIZ FAQAT O’ZINGIZGA ISHONISHINGIZ MUMKIN. Hech kimga suyanmang, hech kimdan yordam kutmang, hech kimdan nimadir umid qilmang. Siz hammasiga o’zingiz erishishingiz kerak. Do’stingiz bilan emas, ota-onangiz yordami bilan emas, hatto Siz uchun eng yaqin bo’lishi mumkin bo’lgan boshqa kimdir bilan ham emas – Sizga kerak bo’lgan darajaga faqat o’zingiz erishishingiz kerak. Hayot haqiqati shunday: Siz har qanday holatda ham yog’izsiz. Hech kim biror kishi uchun doimiy tirgak bo’la olmaydi. Bunga ko’niking va hozirdan harakatingizni boshlang. Katta hayot Siz kutganingizga nisbatan ancha shavqatsiz, tan olish kerak. Agar hozirda ota-onangizning yordamiga suyanib qolsangiz, ustozlaringizning kechirishlariga, Sizga yana bitta imkoniyat berishlariga, bajarilmagan ishlaringizni “ertaga qilaman” deyishingiz tayanib qolsangiz kelajakda juda katta hisobda yutqizib qo’yishingiz mumkin. Ota-onangiz va yaqinlaringizning hozirgi yordamlarini rivojlanishingiz uchun juda qulay imkoniyat, katta yordam sifatida qabul qiling va o’zingizning kelajakdagi shaxsiy hayotingizni qurishni hozirdan boshlang: ilm o’rganing, hunarli bo’ling, kelajakda ishlatishingiz mumkin bo’lgan qandaydir ma’naviy boylik orttiring. Hech qachon Sizning muammolaringizni kimdir kelib hal qilib bermasligini tushuning. Hayotingiz uchun faqat Siz javobgarsiz: mehnatni ham o’zingiz qilib, rohatini ham o’zingiz ko’rasiz. Afsuski, o’zingizning xatolaringiz uchun o’zingiz jazo olishingizga ham to’g’ri keladi. Xushyor bo’ling.

Eng muhimi – yoshlik davringizdan unumli foydalaning. Siz nafaqat o’zingizning, balki oilangiz va Vataningizning kelajagi uchun ham mas’ulsiz!

Abituriyentlar uchun test formulalari

4 ta fikr

  1. Albatta amal qilaman!

  2. Azamat aka sz juda tog’ri aytiz mani yoshim 18 da sizning 2 ta haqiqatni bilar edim yani vaqt va Ilm olishni man xozirgacha shunga amal qilar edim lekin manga yana bir nima yetishmayotganini sezar edim shu larni bizga o’z hayotizdan Ko’rsatib yozib berganiz uchun Raxmat! Mani Orzuyim yoq Maqsadim esa Cheksiz!

  3. Bu beshta haqiqatni
    o’qib o’tkazgan ba’zi besamar umrim ko’z oldimga keldi. Men juda xursan bo’ldim ba’zi narsalarni tushunganligimdan va kelajagim uchun o’zimga qatiy reja qo’yib oldim. Raxmat!

  4. Rahmat! Juda ham ajoyib fikr ekan.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*