Bosh sahifa / Qanday qilib / Qanday qilib yaxshi savol so’rash

Qanday qilib yaxshi savol so’rash

Saytimning Savol-Javob bo’limi orqali mendan (va saytimning boshqa foydalanuvchilaridan) so’ralayotgan savollar ichidagi eng ma’nosiz va o’ylamay berilgan savollarni kelajakda cheklash maqsadida ushbu o’ziga xos yo’riqnomani yozishga qaror qildim. Qanday qilib yaxshi savol so’rashni o’rganib olgan sayt foydalanuvchilari nafaqat mening saytimda, balki boshqa saytlar va forumlarda ham to’g’ri savol berishni o’zlashtirib olishadi hamda savollari javobsiz qolayotganligining asl sababini yaxshiroq tushunib olishadi, degan umiddaman.

Internetda juda ko’pchilik tajribali kishilar boshqalarga o’z maslahatlari va javoblari bilan yordam berishga tayyor. Shu jumladan, o’zim yaxshi bilgan sohalarda, kamina ham. Ammo savol o’ylamay berilsachi? Bunday holatda har bir kishi qanday savol bergan bo’lsa, shunday javob oladi. Hech bir kishi bema’ni savolga javob berish uchun vaqtini bekor o’tkazishni xohlamaydi. Sifatli javob yoki maslahat olishni istasangiz, savolingizni ham sifatli tarzda berishingiz kerak bo’ladi. Aks holda savolingiz javobsiz qolishi yoki o’ziga aynan o’xshash bo’lgan javob olishi mumkin.

Qanday qilib yaxshi, sifatli va to’g’ri savol so’rash mumkin? Savol berishning ham o’ziga xos madaniyati va qoidasi bor. O’z bilganlarimga asoslanib, savol berishda quyidagi qoidalarga amal qilishingizni tavsiya etaman:

Qidiring va izlaning

Biror muammoga duch kelganingizda albatta birinchi o’rinda uni hal qilish uchun qidiruvdan foydalaning va izlaning. Sizda bo’layotgan muammoni Google orqali izlab ko’ring. Bu muammo ingliz tili grammatikasiga ta’luqlimi, sayt tayyorlash bo’yichami yoki internetda pul ishlashga oidmi – farqi yo’q! 99% holatda Siz Google orqali o’z muammolaringizga javob topasiz. Faqat to’g’ri qidirish va aqlli yondoshuv bilangina Google orqali savolingizga javob olishingiz mumkinligini ham unutmang. Agar qidiruvingiz o’zbek tilida natija bermagan bo’lsa, rus yoki ingliz tilida qidirib ko’ring. Agar rus yoki ingliz tilini bilmasangiz, boshqalarni bema’ni savol bilan bezovta qilishdan ko’ra chet tilini o’rganishga harakat qiling.

Ba’zan, qidiruvning o’zi yetarli bo’lmaydi. Ba’zi muammolar alohida izlanishni talab qiladi. Savol berishdan avval shu muammo bo’yicha izlaning. Izlanishlaringiz samara bermagandan keyingina boshqalarga savol bilan yuzlaning.

Savol berishdan oldin nimalarni qayerdan qidirganingiz, qanday natijalar olganingiz va nima uchun ular Sizning holatingizda yechim bo’la olmaganligi haqida yozing. Shundan so’ng qanday qilib alohida izlanganingizni yoritib bering. Nimalarni sinab ko’ridingiz? Qanday natija berdi? Muammoni bartaraf etish uchun yana qanday muqobil usullardan foydalandingiz? Bu masalalarni to’liq yoritganingizdan so’ng savolingizni yozishingiz mumkin. Kelajakda Sizning savolingizni o’qigan kishi masala yechimi uchun bosim o’tgan yo’lingizdagi tajribalaringizni ham bilib olishi kerak. Yaxshi yoritilgan savol Sizning dangasa emasligingizni, shunchaki bekorchilikdan savol so’ramayotganingizni ko’rsatadi va javob olish imkoniyatingizni ko’paytiradi.

Savolni to’g’ri yo’naltiring

Kimdan qanday savol so’rash kerakligini va qaysi savolni kimdan so’rash kerakligini bilish ham katta iqtidor hisoblanadi. Saytim orqali ko’pincha menga «Websum saytida registratsiya ishlamayapti, nima qilishim kerak?», «Uzinfocom hostingida xatolik bo’layapti, nima qilay?», «Webmoneydagi pulni qayerdan olsam bo’ladi?», «Saytimdagi pulni olish uchun bankdan qanday xisob raqam ochaman?» degan savollar bilan murojaat qilishadi. Agar men yuqorida aytib o’tilgan savol sohalariga hech qanday tegishliligim yo’qligini hisobga olsak, bu savollarni mendan so’rashning hech qanday ma’nosi qolmaydi.

Iltimos, savolni to’g’ri yo’naltiring. Websum saytida nosozlik bormi? Marhamat, Websum saytiga kirib, telefon raqamini topib, ularga telefon qiling va savolingizni so’rang! Mening Websum saytiga hech qanday aloqam yo’q! Bankdan xisob raqam ochmoqhimisiz? Bankka borib hamma savolingizga javob oling! Uzinfocom hostingida muammo chiqayaptimi? Marhamat, kompaniyaga telefon qilib muammolaringizni hal qiling!

Albatta, ba’zan birinchi bo’limda yozganimdek qidirib, izlanib yozilgan savollar bu bo’limda mustasno bo’lishi mumkin. Masalan, quyidagicha savol berilsa: «Mening Uzinfocomdagi hostingimda muammo bo’layapti. Men kompaniyaga telefon qildim. Ular menga [muammo]ni tuzatishim kerakligini aytishdi. Uni qanday qilib tuzatishni Google orqali izladim. [sayt linki]da [muammo]ni shunday qilib tuzatish mumkinligi ko’rsatilgan ekan. Ko’rsatma bo’yicha harakat qilganimda shunday natija chiqayapti. Uzinfocom hostingi bilan bog’liq menda bo’layotgan bu muammoni qanday qilib bartaraf etsam bo’ladi?». Mana bu savol barcha tomonidan to’g’ri, o’rinli va joiz deb qabul qilinishi mumkin. Bunday savollarga albatta javob qaytariladi.

Mavzudan chetlashmang

Saytimda Savol-Javob bo’limi mavjud bo’lib, barcha savol-javoblarni aynan shu bo’limda yig’ishga harakat qilishimga qaramasdan ba’zilar duch kelgan maqolaga sharh sifatida savollarini yozib qoldirishadi. Maqola so’nggida faqat shu maqola mavzusiga oid savol berilishi mumkin. Boshqa umumiy savollar faqat Savol-Javob bo’limida so’raladi. Aks holda savolingiz javobsiz qoldirilishi, o’chirilishi yoki shunchaki javob sifatida ushbu yo’riqnomaga link olishingiz mumkin.

Takrorlamang

Birinchi bo’limda aytib o’tilganidek, savol berishdan avval yaxshi izlaning, qidiruvdan foydalaning. Saytim takroriy savollarga to’lib ketayapti. O’n nechi bor ham bitta savolga bir xil javob berilaverishiga qaramasdan aynan bir xil mazmundagi savollar to’xtamayapti. Saytimdagi barcha savol-javoblar Google tomonidan indeks qilinadi. Savol berishdan avval Google orqali savolingizda bo’lgan ba’zi iboralarni izlab ko’rishga harakat qiling.

Savolingizni aniqlashtiring

Aniq javob olishni istasangiz savolingizni imkon qadar aniqlashtiring. Savol qanchalik umumiy bo’lsa, unga javob yozish ham shuncha qiyinlashishi mumkin. Masalan, «Saytda registratsiya ochish uchun nima qilish kerak?» degan savol juda umumiy hisoblanadi. Sayt qaysi tizimda ishlaydi? Hamma tizimda ham registratsiya bir xil ishlamaydi. Qaysi sayt? Balki saytni ko’rganda hammasi oydinlashar, link berish foydali bo’ladi. «Registratsiyani ochish» deganda nima nazarda tutilayapti? Avvaldan bor registratsiya tizimini faollashtirishmi yoki yangi registratsiya tizimini joriy qilishmi? Aniqlashtirilmagan savollarga javob qaytarilmaydi yoki ular javobni ushbu sahifaga link ko’rinishida olishadi.

O’zingiz o’ylang

Mustaqil ravishda o’zingiz ijod qilib topishingiz zarur bo’lgan, yaratuvchanligingiz bilan ish ko’rishingiz kerak bo’lgan masalalarni savol qilib yozmang. Siz uchun kimdir o’ylamaydi. Masalan, «Men sayt ochdim deylik, undan qanday qilib pul ishlasam bo’ladi?» degan savolni juda ko’pchilik qayta-qayta so’raydi. Sayt orqali pul ishlash o’z tadbirkorligingizga, yaratuvchanligingizga bog’liq. Sayt orqali pul ishlash haqidagi o’zbek tilidagi maqolalarni saytimda ko’plab topish mumkin. Rus yoki ingliz tilida Google orqali izlasangiz bu masalada minglab natijalarga ega bo’lasiz. Ammo bular tavsiya, maslahat va fikr berish maqsadida yozilgan. Qarorni esa o’zingiz o’ylab qilasiz. Hech kim Siz uchun sayt orqali pul ishlash rejasini boshidan oxirigacha yozib, sinovdan o’tkazib, tayyor qilib bermaydi. O’qing, o’rganing, fikr qiling. Agar o’zingiz sayt orqali pul ishlash usulini o’ylab topa olmasangiz, boshqa ish bilan shug’ullanganingiz yaxshiroq.

Kengroq fikrlang

Bu saytda ham, boshqa saytlarda ham hech kim Sizning savolingizga javob berishga majbur emas. Saytda nima qilinayotgan bo’lsa, qanday ma’lumot berilayotgan bo’lsa hammasi ko’ngilli tarzda, hech qanday qo’lovlarsiz amalga oshirilayapti. Shunday ekan, savolingizga berilgan har qanday javobni Sizga berilgan kichik bir yordam sifatida xursand bo’lib qabul qiling. Javob berilmagan savollaringiz uchun esa hafa bo’lmang. Aksincha, keyingi marta savolingizni sifatliroq ko’rinishda taqdim etishga harakat qiling.

Javob bering

Siz so’ragan savolga qanday javob qaytarilmasin, muammo hal bo’lgandan keyin savolingizga ilova tarzida shu muammoni qanday qilib hal qilganingiz to’g’risida bir-ikki qator gap yozishni unutmang. Balki Sizdan keyin kelajakda kimgadir aynan shu yechim kerak bo’lib qolar. Hali so’ralmagan, ammo kelajakda so’ralishi mumkin bo’lgan savollarga oldindan javob berib qo’yish orqali boshqalarga ham yordamlashing.

Savol-javoblarimiz bilimlarimizning oshishiga xizmat qilsin.

Iltimos, ommalashtirishga yordam bering: Share on FacebookShare on Google+Tweet about this on TwitterShare on VKEmail this to someone
Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*