Bosh sahifa / Qanday qilib / Qanday qilib SMSni tez yozish

Qanday qilib SMSni tez yozish

Hammada qo’l telefoni bor. Deyarli har birimiz uyali telefonlardan foydalanamiz. Hozirgi vaqtga kelib Telegram, Viber, WhatsApp va boshqa dasturlarning rivojlanganligiga qaramasdan oddiy SMS xizmatidan foydalanuvchilar soni kam emas. Zamonaviy dunyo odamlari, hatto Viber, Telegram va WhatsApp dasturlaridan foydalanish imkoniyati borlari ham, kunida hech bo’lmaganda bitta SMS jo’natishadi. SMS qisqa xabarlarining hayotimizda bu qadar muhim o’rin tutishi haqida o’ylasak, xabarlarni SMSda tez va oson yoza olish ko’nikmasiga ega bo’lish hech kim uchun zarar qilmasligini anglab olishimiz mumkin. Ushbu maqola qanday qilib qo’l telefonlarida SMS xabar matnlarini tez va oson yo’l bilan yozish haqida. Tez yozishni qanday qilib amalga oshirish mumkinligi haqida aytishdan oldin shuni ta’kidlamoqchimanki, quyida biz ko’rib o’tadigan SMS matnlarini tez yozish usuli faqat ingliz, rus (va boshqa xalqaro) tillarida yoziladigan matnlarni yozishdagina qo’l kelishi mumkin. Afsuski, hozircha, o’zbek tilidagi SMS matnlarini tez yozish qulayligi tashkil etilmagan. Demak, quyida fikr yuritadiganlarimiz ingliz tilidagi SMS matnlarini tez yozish haqida bo’ladi.

Zamonaviy uyali aloqa vositalarining ko’pchiligida bugungi kunga kelib QWERTY harflar joylashuvidan foydalanilmoqda. Bu joylashuv kompyuter klaviaturasidagi harflar joylashuvi bilan bir xil. U quyidagi ko’rinishga ega:

 Biz ko’rib o’tmoqchi bo’layotgan SMS xabarlarini tez yozish usuli yuqorida ko’rsatilgan QWERTY harflar joylashuvi asosida ishlaydigan telefonlarga ta’luqli emas. Bu telefonlarda barcha harflar foydalanuvchiga alohida tartibda ko’rinib turadi va unda tez yozish uchun oddiy kompyuter klaviaturasida tez yozish ko’nikmasini yaxshi o’zlashtirish kifoya. Biz tez yozishni eski usuldagi harflar joylashuvi (ABC) asosida ishlaydigan telefonlarda SMS matnlarini tez yozish uchun o’rganamiz. Bunday eski usuldagi harflar joylashuvi quyidagi ko’rinishda bo’ladi:

 Ishonamanki, hozirgi vaqtdagi texnika taraqqiyoti va uyali aloqa vositalaridagi rivojlanishga qaramasdan, QWERTY foydalanuvchilariga nisbatan eski usuldagi ABC joylashuvidan foydalanuvchilar soni ancha ko’proq. Bundan tashqari ko’pchiligimiz uchun eski usuldagi ABC harflar joylashuvidan foydalangan holda SMS matnlarini yozish ancha qulay.

Sizga ma’lumki, ABC harflar joylashuvi asosida ishlaydigan klaviaturali telefonda matn yozish uchun har bir harfni kiritishda telefon tugmasini bir necha marta bosish talab etiladi. Har bir tugmada kamida 3 tadan harf joylashtirilganligini hisobga olsak, bizga kerakli harflarni terish uchun ba’zi tugmalarni 3 martadan bosishimiz kerak bo’ladi. Misol uchun, «Osmon» so’zini yozishimiz uchun birinchi navbatda «O» harfini yozishimiz kerak. Bu harfni yozish uchun esa klaviaturadagi 6 tugmasini 3 marta bosishimiz kerak. Shunda «M» va «N» harflaridan keyin «O» harfi yoziladi. Xullas, «Osmon» so’zini yozish uchun biz 6 tugmasini 3 marta, 7 tugmasini 4 marta, yana 6 tugmasini bir marta, yana shu 6 tugmasining o’zini 3 marta va yana bir bora huddi shu 6 tugmasini 2 marta bosamiz. 🙂 Natijada bizga kerak bo’lgan «Osmon» so’zi SMSda yoziladi.

Agar biz ingliz tilida SMS yozayotgan bo’lsakchi? Keling, «Tower» so’zini SMSda yozib ko’ramiz. Buning uchun, huddi yuqoridagi «Osmon» so’zida yozilganidek, tugmalarni bir necha marta bosishimiz talab etiladi. «Tower» so’zini yozishimiz uchun 8 tugmasini 1 marta, 6 tugmasini 3 marta, 9 tugmasini 1 marta, 3 tugmasini 2 marta va nihoyat 7 tugmasini 3 marta bosish kerak bo’ladi. Ko’rib turganingizdek, ingliz tilida birgina «tower» so’zini yozish uchun biz tugmalarni 10 marta bosdik. Bu esa jami 5 harfdan iborat bo’lgan ingliz tilidagi so’zni 10 marta tugma bosish orqali yozganligimizni anglatadi. Endi biz barcha qo’l telefonlarida mavjud bo’lgan, ammo juda ko’pchilik foydalanuvchilar hatto biror marta ham ishlatib ko’rmagan T9 funksiya yordamida 5 harfli so’zni 5 marta tugma bosish orqali yozishni o’rganamiz.

 T9 atamasi «Text on 9 keys» («9 tugmada matn terish») atamasining qisqartirilgan shakli hisoblanib, qo’l telefonidagi raqam tugmalarida 3-4 tadan joylashtirilgan, ingliz alifbosi asosida tartiblangan harflardan foydalangan holda tez matn yozish qulayligiga nisbatan ishlatiladi. Bu funksiya ilk bor Tegic Communications tomonidan tashkil etilgan bo’lib, qo’l telefonlarida SMS mantlarini osonlik bilan kiritishni amalga oshirish maqsadida kashf etilgan.

Uyali telefoningizda T9 (predictive text) funksiyasini faollashtirish uchun SMS yozish bandiga kirib, yangi SMS yozish sozlanmalarida T9 (predictive text) bo’limini yoqasiz. Ko’pchilik telefonlarda bu funksiyani yoqish panjara (#) belgisini ikki marta ketma-ket bosish orqali amalga oshiriladi.

T9 yoqilgan holda SMS yozganingizda, har bir tugmadagi harflarni ketma-ketlik asosda emas, balki bir tugmadagi yagona harf sifatida qabul qilishingiz kerak bo’ladi. Buni qanday amalga oshirish mumkin? Keling, misollarda ko’rib o’tamiz.

Yuqorida aytib o’tilganidek, T9 funksiyasi hozircha o’zbek tilidagi matnlar uchun ish bermaydi. Shuning uchun ingliz tilidagi biror so’zni yozishga urinib ko’ramiz. Misol uchun, ingliz tilidagi IMPORTANT so’zini yozishimiz kerak. Agar biz odatiy, yuqorida misol keltirilganidek bitta tugmani bir necha marta bosish orqali IMPORTANT so’zini yozsak, tugmalarni juda ko’p marta bosishimizga to’g’ri keladi. T9 funksiyasi bilan esa, ingliz tilidagi so’z nechta harfdan iborat bo’lsa, huddi shuncha marta tugma bosishimiz kifoya. Quyidagi rasmda harflarning tugmalarga nisbatan joylashuvini ko’ring va IMPORTANT so’zini yozish uchun qaysi tugmalarni bosishimiz kerakligini aniqlang:

Bizga IMPORTANT so’zini yozish uchun 4 tugmasida joylashgan «I» harfi, 6 tugmasida joylashgan «M» harfi, 7 tugmasida joylashgan «P» harfi, 6 tugmasida joylashgan «O» harfi va hokazolar kerak bo’ladi. Avvalroq aytib o’tilganidek, biz har bir tugmadagi harflarni ketma-ketlik asosda emas, balki bitta tugmada bitta harf turganidek yozishimiz kerak. Ya’ni, bizga «R» harfi kerak bo’lsa, 7 tugmasini odatdagidek 3 marta emas, 1 marta bosish orqali yozishimiz kerak. T9 funksiyasi telefoningizda yoqilgan holda IMPORTANT so’zini yozish uchun 4-6-7-6-7-8-2-6-8 raqamlarini ketma-ket, bir martadan bosing.  Ushbu mashg’ulotni o’zingiz amalga oshirib ko’rgan bo’lsangiz, T9 funsiyasining qanchalik foydali ekanligini tushunib yetasiz.

Xo’sh, bunday tez yozish nimaga asosan amalga oshiriladi? Hamma gap shundaki, telefon xotirasiga avvaldan barcha ingliz tilidagi so’zlar kiritilgan. Siz harflar ketma-ketligini bosishingiz bilan telefon o’z xotirasidagi siz kiritayotgan harflar yoki harfiy birikmalar bilan boshlanuvchi so’zlarni avtomatik tarzda yozadi. Bu matnning kiritilish jarayonini ancha tezlashtiradi va natijada SMS matnining kamroq tugmalarning bosilishi orqali tez yozilishini ta’minlaydi. Siz bitta tugmani bosganingizda telefon xotirasidagi shu tugmada joylashgan har uchta harfga mos so’zlar ko’rsatiladi. Yana boshqa tugma bosilganda esa keyingi so’rov bo’yicha eng mos bo’lgan so’zlar avtomatik tarzda yoziladi.

Qachondir Odnoklassniki orqali kimdir bir kishidan raqamlar bilan bog’liq jumboqni yechishni so’ragandi. U kishiga 636 74964 7382626 faqamlari yuborilgandi. Bu raqamlarni kim qanday qayta kodlashini bilmadim, ammo T9 haqida tushunchaga ega bo’lgan kishi bu raqamlarning har biri shu raqam tugmasidagi harflardan birini anglatishini bilib olishi qiyin emas. Agar o’zbek tilidagi so’zlar ham T9 yordamida yozilganida edi, yuqoridagi raqamlar bosilganda MEN SIZNI SEVAMAN so’zi hosil bo’lgan bo’lardi. Albatta, bu misolning T9 funksiyasiga hech qanday aloqasi yo’q, chunki o’zbek tilidagi matnlar T9 yordamida kiritilmaydi. Ammo bu funksiyaning asl mohiyatini yaxshiroq tushunib olishingiz mumkin ushbu misolning keltirilishini joiz deb topdim.

Yana bir bor eslatib o’tmoqchiman, T9 qulayligi faqat ingliz tili emas, balki boshqa ko’plab xalqaro tilllar (rus, arab, ispan, fransuz va h.k.)ni ham qo’llab-quvvatlaydi. Ishonamanki, kelajakda T9 funsiyasiga o’zbek tilini joylashtira oladigan iqtidorli dasturchilarimiz ham bo’ladi. Agar Siz dasturchi bo’lsangiz, yoki dasturchilikni o’rganayotgan bo’lsangiz va qandaydir yangilik tashkil etishni xohlasangiz, T9 funsiyasining o’zbek tilidagi qulayligini tayyorlashingiz Siz uchun juda katta loyiha bo’lishi mumkin. Kelajakda aynan Siz tayyorlagan o’zbek tilining T9 qulayligidan dunyo bo’yicha uyali telefonlar ishlab chiqaruvchi barcha yirik kompaniyalar foydalanishi mumkin.

Mana, SMS matnlarini tez va oson kiritishni o’rganib oldingiz (agar rus yoki ingliz tilida SMS yozsangiz, albatta). Bundan keyin telefon orqali kiritiladigan matnlaringizni (SMS, internetdagi barcha yozishmalar va h.k.) T9 qulayligidan foydalangan holda yozasiz, degan umiddaman.

Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

2 ta fikr

  1. maqolangiz juda katta, to’g’risi))
    iloji boricha qisqa va londa maqola yozsangiz yaxshi bo’lar edi

  2. Heisenberg agar sizga oxirigacha o’qish yoqmasa o’qimang. Bu maqolada hech qanday ortiqcha gap yoki ortiqcha fikr aytilmagan. Agar siz bu maqolani juda katta deb o’ylayotgan bo’lsangiz siz bu saytga biror narsani o’rganish uchun emas aksincha vaqtingizni bekorga sarflash uchun kirar ekansiz:-(

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*