Bosh sahifa / Qanday qilib / Qanday qilib kitob yozishni boshlash

Qanday qilib kitob yozishni boshlash

Kitob muallifi bo’lish niyatida bo’lganlar ko’pincha o’z maqsadlariga erishish yo’lidagi eng og’ir, eng qiyin ish – bu kitob yozishni boshlash jarayoni, deb hisoblashadi. Kitob yozish kishi bajarishi mumkin bo’lgan eng qiyin va shu bilan birga eng foydali mashg’ulotlardan biri, deyish mumkin. Ochiq aytish kerak – kitob yozishga kirishmoqchi bo’lgan har bir kishi bu ishning asosini faqat mehnat tashkil qilishini yaxshi bilishi zarur. Qobiliyat? Men kitob yozish uchun kishida qandaydir qobiliyat bo’lishi kerak, deb hisoblamayman. Qaysidir yo’nalishdan qisman bo’lsa ham xabardor bo’lgan kishi shu yo’nalishga oid kitob yoza olishi mumkin. Hamma narsa muallifning mehnati va qanchalik darajada boshlagan ishini oxiriga yetkaza olishiga bog’liq.

Kitobni yozish davomidagi barcha mashaqqat uning boshlanish vaqtidagi qiyinchilik bilan taqqoslanganda arzimas holat bo’lib tuyuladi. Chunki har qanday kitobni, xoh u muallif hayolotini tasvirlovchi fantastik asar bo’lsin, xoh qaysidir ilmiy yo’nalishga oid qo’llanma bo’lsin, yozishdan avval kitobning to’liq mazmuni va rejasi haqida puxta o’ylab olish zarur bo’ladi. Ushbu maqolada qanday qilib kitob yozish haqida emas, balki kitob yozish jarayoninig boshi – qanday qilib kitob yozishni boshlab olish to’g’risida fikr yuritamiz.

Badiiy asar yozish haqida o’ylab yurganligim sababli ushbu maqolada faqat badiiy asar yozishni boshlash haqida fikr yuritmoqchiman. Albatta, ilmiy qo’llanma yozishni boshlash jarayoni quyida ta’riflangan bosqichlardan farq qiladi. Ushbu maqola va unda berilgan ko’rsatmalar professional mualliflar uchun hech narsa anglatmasa ham, kitob yozishni endi boshlayotgan yozuvchilar uchun ishni boshlab olishlarida yaxshi yo’riqnoma bo’ladi, degan umiddaman.

1. Janr tanlang

Qaysi yo’nalishda yozmoqchisiz? Yozadigan asaringiz qaysi janrga mansub bo’ladi? Agar tanlovda qiynalsangiz, kitob javoningizga qarang. Shu vaqtgacha o’qigan asarlaringizni birma-bir yodga olishingiz ham foyda berishi mumkin.

Janr tanlashda hozirgi kunda qaysi janrlardagi kitoblar yaxshi sotilayapti, yoki odamlar qaysi janrlarni ko’proq o’qishayapti, degan hayollardan yiroq bo’ling. Kitobni boshqalar uchun emas, faqat va faqat o’zingiz uchun yozing. Eng muhimi – Sizga qaysi janrda yozish yoki o’qish yoqishi. O’zingiz qaysi janrni sevib mutoala qilsangiz, qaysi janrda asar yozishdan zavqlansangiz – shu janrda yozishni boshlang!

2. Oxiridan boshlang

Asarlarning oxiri nima bilan tugasi har bir o’quvchini qiziqtiradi. Har bir asarning oxiri mazmunli tugashi kitobning mashxur bo’lishida muhim ahamiyatga ega. Kitobning asosini tashkil etuvchi hikoyaning oxiri bema’ni bo’lsa, uni o’qigan har qanday kitobxon sarflagan vaqtiga achinishi mumkin. Siz yozgan kitobning xulosaviy mazmuni kishiga ma’naviy ozuqa bera oladigan darajadagi kuchli ma’noga ega bo’lishi kerak.

Har doim ham kitob oxiri yaxshilik bilan tugashi shart emas. Har doim hikoya oxiri yaxshilikning g’alabasi, yomonlikning mag’lubiyati bilan tugashiga o’rganib olganmiz. Ammo Sizning yozadigan asaringiz oxiri butunlay boshqacha bo’lishi ham mumkin. Yangilik yaratishdan qo’rqmang. O’z dunyoqarashingiz, fikrlashingiz va tasavvuringizni ishga solgan holda o’z yo’nalishingizdagi yakunni yasang.

3. Qahramonlar yarating

Asar davomida bir necha toifadagi kishilarni tasvirlashingizga to’g’ri keladi. Albatta, bu qahramonlar ichida asarning bosh obrazlari sifatida alohida o’rin egallaydigan qahramonlar ham bo’lishadi. Bosh obrazdagi shaxslarni alohida tasvirlashingiz, ularni o’quvchiga yaxshilab tanishtirishingiz kerak.

Asar davomida har bir asosiy qahramonni turli jihatlari bo’yicha yorita borasiz. Bu jarayonda uning tarjimai holi, hayotdagi o’y-hayollari, armonlari, quvonchlari, maqsadlari va qiyinchiliklari o’quvchiga chiroyli usulda yetkazilishi kerak. Obrazlar qiyofasi va ular o’rtasidagi munosabatlar qanchalik yorqin va jonli tasvirlansa, asar kitobxon uchun shu qadar sevimli bo’ladi.

4. Reja tuzing

Asaringizning barcha yuqorilash va pastlash nuqtalarini aniqlab oling. Voqealar rivojini eng hayajonli qismlaridan boshlab eng arzimas jihatlarigacha rejalashtiring. Ko’z o’ngingizda asarning yaxlit xaritasi gavdalansin. Asaringiz rejasi qanchalik mukammal tuzilsa, keyinchalik uni yozish davomida jarayon shunchalik oson kechadi.

5. Ilk qoralamani yozing

Asaringizning birinchi harfini yoza boshlaganingizdan, uni yozish kundalik odatingizga aylanib qolguniga qadar bir necha marta yozuvlaringizni o’zgartirishingizga to’g’ri keladi. Ba’zan ortga qaytib qaysidir gapni o’zgartirasiz. Ba’zan esa yozgan bir necha sahifalaringizni butunlay yirtib tashlaysiz. Bu – tabiiy hol. Har bir buyuk asar eng avval qoralamalardan boshlanadi. Siz ham asaringizning ilk qoralamalarini yozishda sabrli bo’ling. Eng muhimi shunchaki o’tish va yozish kerakligini unutmang.

6. Tanaffus qiling

Ba’zan dam olmasdan yozish ham kishini qilayotgan ishidan bezdirishi mumkin. Asaringizni yozishni boshlab oldingiz va ilk qoralamani yozib katta qadamlardan birini qo’ydingiz. Tanaffus qilishga, bir oz dam olishga haqlisiz. Birinchi martasiga barcha o’ylaganlaringizni yozib bo’lsangiz, albatta vaqt ajratib dam oling. Do’stlaringiz bilan uchrashishingiz, sevimli musiqangizni tinglashingiz yoki sayrga chiqishingiz mumkin. Hordiq olish vaqtidagi jarayonlar keyingi yoziladigan qismlarda o’z aksini topishi mumkin.

7. Qayta yozing

Birinchi yozilgan qoralama asosida davom etish juda yaxshi, ammo hordiq yoki tanaffusdan so’ng asarning muhim chizgilari Siz uchun o’zgargan bo’lsa, avval yozganlaringizdan butunlay voz kechishdan qo’rqmang. Ko’pchilik yozuvchilar aynan mana shu jarayonda muvaffaqiyatsizlikka uchrashadi. Yozuvchidagi yozganlarining barchasidan voz kechib, qayta yozishga erinish asarning o’rtacha, balki quyi darajadagi bir kitob bo’lib shakllanishiga olib kelishi mumkin.

8. Tahrirlang

Yozganlaringizni bir necha bor qayta o’qib chiqishingiz va tahrirlashingiz kerak bo’ladi. Hech kim birinchi martadan mukammal yoza olmaydi. Bir marta qayta o’qishdan esa yozilganlarning kamchiliklari tezda ko’zga tashlanmasligi mumkin. Shuning uchun vaqt ajratib avval yozganlaringizni qayta o’qib, kerakli joylarini tahrirlab turishingiz talab etiladi. Tahrirlashlar soni asaringizning mukammalroq bo’la borishini bildiradi.

Tahrirlash jarayonida nafaqat gaplarning shakli yoki yozilishiga, balki mazmunga ham alohida e’tibor bering. Fikrlaringizda jo’shqin xissiyot bo’lishini ta’minlang. Har bir gapda ko’proq ma’no ifodalashga harakat qiling. Sinonimlardan unumli foydalaning. Gapingiz mazmuni faqat fe’llarga bog’lanib qolmasligiga harakat qiling.

9. Nishonlang!

Kitobni yoza boshlaganingiz uni chop etish sari qo’yilgan ilk qadamingiz hisoblanadi. Bunday g’alabani nishonlashga to’liq haqlisiz. Hali kitobingiz to’liq yozib tugatilmagan, chop etilmagan bo’lsa ham, qoralamalarda aks etayotgan, kelajakda buyuk asar bo’ladigan kitobingizning muallifi o’zingiz ekanligingizni his qiling. Bundagi xursandchilik, fahr va mamnuniyat kelajakdagi yozishingizda ilhom bag’ishlaydi.

Qafasdan chiqishga harakat qiling, chegaralardan tashqarida fikrlang. Tasavvuringiz va ijodingiz hech bir qoida bilan cheklanmasin. O’zingizning asaringiz qanday bo’lishi kerakligini faqat o’zingiz belgilaysiz. Shijoatli bo’ling va hali dunyo tanimagan nodir asarni yozing!

Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

3 ta fikr

  1. Manga bu maqola juda yoqdi xattoki manda asar yozishga bolgan ishtiyoq xam uygondi agar vaqtim bolganda sinab korardim man oylimanki bu maqola kitob yozishni boshlamoqchi bolganlarga qandaydir turtki boladi

  2. Bu maqolani o’qib juda xursand b6ldim.Anchadan buyon menda ktob yozish istagi bor edi, ammo nimadan boshlash kerakligini bilmayotgandim.Katta raxmat.. Endi yozishni boshlasam ham b6ladi

  3. Salom Azamat aka va o’quvchilar. Shu maqolangizni o’qiganimdan so’ng bir idea tug’ildi, shu saytizi ichida bo’lim ochsezda, hox pdf formatda xoh to’g’ridan-to’g’ri yozish shaklida joylashtirissh imkoni bo’sin, shundayki, o’quvchi bir vaqtning ichida kuzatib borsin. Ma’lum vaqtdan keyin ko’p o’qilgan manba(hikoya ,she’r) bo’yicha tanlov e’lon qiling. Bu saytizga tashrif buyurgan o’quvchiga ham ma’naviy ham ilmiy ozuqa beradi. O’zingizni asarlaringizni ham yoritib borasiz va o’quvchilarga bu narsa kerak. Yaxshilik niyatida boshlagan hamma ishlarizga omad va kottakon rahmat

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*