Bosh sahifa / Internetda pul ishlash / O’zbekistonda freelancing orqali pul ishlash uchun eng yaxshi 10 ta sayt

O’zbekistonda freelancing orqali pul ishlash uchun eng yaxshi 10 ta sayt

Freelancing internet orqali pul ishlashni boshlashingiz uchun eng qulay yo’l. Bir jihatdan uni boshlash uchun hech qanday boshlang’ich daromad talab etilmasa, boshqa tomondan har qanday freelance xizmat uchun dunyo bo’ylab doim talab bo’lishi bu sohani boshqa internet orqali daromad keltiradigan ishlar ro’yxatida birinchi o’ringa chiqaradi. Bu yo’nalishdagi imkoniyatlarni sanab o’tishdan avval freelancing va freelancer tushunchalari haqida aytib o’tmoqchiman.

FREELANCING (talaffuzi: «frilansing») sohasiga zamonaviy elektron mehnat bozorida «mardikorlik» deya ta’rif berishimiz mumkin. Chunki freelancing va mardikorlik o’rtasida umumiylik bor: buyurtmachi soatbay yoki ishbay haq to’laydi, freelancer (freelancing bilan shug’ullanuvchi kishi) esa haq evaziga kelishilgan ishni bajaradi. Odatda freelancer va ish beruvchi munosabatlari ma’lum bir sayt (elektron mehnat bozori) orqali boshqariladi va tartibga solinadi. Ammo mustaqil freelancerlar o’z saytlari orqali ish beruvchilarni to’g’ridan-to’g’ri jalb qilishlari ham mumkin.

Internet orqali freelancing bilan shug’ullanish uchun nimalarni bilish kerak? Bunda hech qanday chegara yo’q. Freelancing sohasi shu qadar keng qamrovliki, o’zingizdagi deyarli har qanday qobiliyatni ishga solgan holda internet orqali pul ishlashingiz mumkin. Kompyuterda oddiy Microsoft Word dasturini ochib, unda matn yoza olasizmi? Demak Siz matn yozish xizmatini taklif qilib, freelancing bilan shug’ulanishingiz mumkin! Ijtimoiy tarmoqlarda ko’p vaqt sarflaysiz va ularda mashxur profil/sahifalaringiz bormi? Demak Siz ma’lum xizmat yoki mahsulotni reklama qilish bo’yicha freelancing xizmatini taklif qilsangiz bo’ladi! Sizdagi har qanday boshqa qobiliyat va imkoniyatni ham huddi shu tarzda internet orqali pulga aylantirish mumkin.

Internet orqali bugungi kunda qaysi ishlarni bajara oladigan freelancerlarga talab eng yuqori darajada? Hozirgi kunda, mening shaxsiy kuzatishlarim asosidagi fikrimcha, quyidagi 6 yo’nalishda bo’lgan xizmatlar uchun freelancing bozorida talab juda katta. Ulardan birortasiga mos keladigan ishni qila olsangiz, demak Siz internet orqali freelancing bilan hech qanday qiyinchiliksiz pul ishlashingiz mumkin! Faqat birgina sharti – Siz ingliz (yoki rus) tilini mukammal bilishingiz shart.

1. YOZISH. Freelancing bozorlarida yozishga bo’lgan talab juda yuqori. Yozish mahoratingizni maqolalar, yangiliklar, e’lonlar, elektron kitoblar, tarqatma materiallar, bukletlar, maxsus xisobotlar, arizalar va hokazo o’zingiz uddalay oladigan turdagi ijodiy ishlarda ko’rsata olsangiz, Sizning yozganingiz uchun pul to’lashga tayyor bo’lgan minglab ish beruvchilarni topishingiz mumkin. Bugungi kunda g’arb davlatlarida millionlab odamlar yozishni umrining asosiy kasbi qilib olib, asosiy daromadni faqat yozish orqali olishadi.

2. GRAFIK DIZAYN. Fotoshop (yoki Illustrator) dasturida qoyilmaqom suratlar chiza olasizmi? Agar shunday bo’lsa, grafik dizayn yo’nalishi bo’yicha juda ko’p ishlarni amalga oshirishingiz mumkin. Buyurtma asosida chizish orqali ishlashdan tashqari ilhomingiz kelgan vaqtda chizgan ijodiy ishlaringizni tayyor mahsulot sifatida sotishingiz ham mumkin. Bunday sotilishi mumkin bo’lgan dizaynlarga kitob muqovalari, vizit kartochkalar, afishalar, sahifa dizaynlari, infografiklar, logolar va web saytlar dizayni kabi o’nlab ishlar misol bo’lishi mumkin.

Shu o’rinda grafik dizayn bo’yicha freelancing bilan shug’ullanayotgan o’zbekistonlik do’stimiz ishlaridan menda mavjud ba’zi namunalarni ko’rsatmoqchiman.

 

Agar «Men Fotoshopda (yoki Illustratorda) bulardan ancha yaxshiroq chiza olaman», deb hisoblasangiz, freelancing bilan shug’ullanishni boshlashga tayyorsiz!

3. DASTURLASH. Kod yozishni bilasizmi? Agar shunday bo’lsa, dasturchi sifatida yaxshigina pul ishlashingiz mumkin. Dasturlash tillaridan HTML, CSS, Java, JavaScript, Ruby, C va hokazo, yoki tizimlardan Android, WordPress, Joomla, iOS va boshqalarini, yoki ma’lumotlar bazasi, axborot xavfsizligi, tarmoqlar kabi yo’nalishlardan birini mukammal bilsangiz, freelancing orqali pul ishlashingiz oson kechadi. Bunda yuqorida sanab o’tilganlarning faqat bittasini mukammal bilishingiz ham ish beradi. Misol uchun faqat CSSni to’liq o’zlashtira olsangiz, boshqa dasturlash tillarini bilmagan holda ham pul ishlashingiz mumkin!

4. MIJOZLARNI QO’LLAB-QUVVATLASH. Bu soha nafaqat xorijiy bozorda rivojlangan, balki O’zbekistonda ham jadal sur’atlar bilan yuksalmoqda. Kimgadir qaysidir sohani erinmasdan o’rgata olsangiz, injiq mijozlarning minglab savollariga javob topib berishingizga ko’zingiz yetsa – bu ish Siz uchun! Mijozlarni qo’llab-quvvatlash (customer service) sohasiga xorijda talab juda katta. Email orqali, telefon yoki jonli chat orqali ma’lum bir kompaniya mijozlari uchun yordam xizmatini ko’rsatganingiz uchun Sizga haq to’lanishi mumkin.

5. INTERNET MARKETING. Internet orqali reklama qilish oson ish emas. Shuni hisobga olgan holda freelancing sohasida internet marketingga juda katta talab bor. Mahsulot va xizmatlarni ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilish, saytlarda mahsulot yoki xizmatlar haqida PR maqolalar yozish, YouTube kanallarida video roliklar tayyorlab ommalashtirish – bularning barchasi internet marketingning eng ko’p foydalaniladigan usullaridan hisoblanadi. Ularni hammadan yaxshiroq uddalay olsangiz, internet orqali pul ishlash sohasida omadingiz keladi!

6. TARJIMA. Bir tildan ikkinchi tilga har qanaqa shaklda (og’zaki, yozma, sinxron) tarjima qila olsangiz, tarjima bo’yicha freelancerlik qilishingiz mumkin. Bugungi kunda tarjima eng ko’p talab etilayotgan tillar Xitoy, Ispan, Portugan va Yapon tillari hisoblanadi. Bu tillarning birortasiga(dan) tarjima qila olsangiz, juda ko’p buyurtmalar olishingiz mumkin. Albatta tarjima qilinayotgan tilning ikkinchisi ingliz tili bo’ladi. Tilni bilish qobiliyatingiz bilan uyda, kompyuteringiz qarshisida bir piyola choy ustida ishlashingiz mumkin bo’ladi 🙂

Endi freelancing uchun eng qulay bo’lgan saytlar ro’yxatiga o’tamiz. Yuqorida sanab o’tilgan qobiliyatlardan birortasi Sizda bo’lsa, yoki freelancing uchun taklif qilishingiz mumkin bo’lgan har qanday boshqa xizmatni bajara olsangiz, quyida keltiriladigan saytlar orqali o’zingizga mos buyurtmani izlashingiz mumkin. «Yuqoridagi ishlarning birortasini bajara olmayman, hech qanday qobiliyatim yo’q. Qanday xizmatni taklif qilib freelancing bilan shug’ullansam ekan?», deb hayron bo’lmang. O’zingizni hech narsada cheklamang. Nimani yaxshiroq uddalasangiz, shu ishni xizmat turi sifatida taklif qiling!

1. ELANCE.COM – Freelancerlar orasida alohida xurmatga ega bo’lgan tarmoq. Ushbu tarmoqda dunyoning ko’zga ko’ringan freelancerlari o’z xizmatlarini taklif etishadi. Agar juda qobiliyatli bo’lmasangiz, bu tarmoqda Siz uchun imkoniyat kamroq bo’ladi. Ammo omadingiz kelsa, bir oyda 5000 dollar miqdoridagi foydani o’rtacha qiyinchilik bilan topishingiz mumkin.

2. PEOPLEPERHOUR.COM – Bir soatga yollanadigan odamlar tarmog’i. Bunda freelancerlar o’z xizmatlarini bir soatlik vaqt me’zoni asosida baholab taklif qilishadi. Albatta, ish bir soatdan ko’p bo’lishi mumkin. Asosiy jihat – ushbu tarmoqda barcha xizmatlar bir soatiga necha dollar bo’lishiga qarab baholanadi. Dunyo bo’ylab mingga yaqin buyurtmalar ushbu tarmoq orqali har kuni bajariladi.

3. TEXTBROKER.COM – Faqat va faqat yozuvchilar uchun. Bu saytda turli mavzu yoki yo’nalishlar bo’yicha yozma ishlar savdosi, yozish bo’yicha ishlarga buyurtmalar topilishi mumkin. Yozuvchilar juda ko’p, raqobat ham o’ziga yarasha. Tarmoqning yaxshi tomoni shuki, unda buyurtma juda ko’p. Menga yoqmagan jihatlaridan biri – ish uchun kam pul to’lashadi.

4. FREELANCESWITCH.COM – Juda mashxur tarmoq emas. Boshqalariga nisbatan buyurtma olish ehtimoli kamroq. Shunchaki, boshqa joylardan omadlari kelmaganlar bu tarmoqni ham sinab ko’rishlari mumkin.

5. BEHANCE.NET – Iqidorli dizaynerlar uchun yaxshigina pul ishlab olish imkonini beruvchi tarmoq. Adobe korporatsiyasiga qarashli bo’lgan ushbu tizimda Fotoshop va Illustratorga o’xshash suratlar chizish dasturlarida ishlaydigan kishilar yollanadi. Raqobat juda kuchli. Ammo qilgan ishlaringiz, chizgan rasmlaringiz arzirli bo’lsa, albatta katta miqdorda to’lanadigan ishlarga buyurtma olishingiz mumkin.

6. 99DESIGNS.COM – Mening fikrimcha buyurtma beruvchilar uchun juda yaxshi tarmoq. Lekin dizaynerlar ham bu yerda yaxshigina imkoniyatga ega. Tarmoqda dizayn bo’yicha ishlar taklif qilinadi. Fotoshop yoki Illustratorda yaxshi ishlay oladiganlar bu tarmoq orqali pul ishlashlari mumkin. Tarmoqdagi holat quyidagicha: buyurtma beruvchi o’ziga nima kerakligi haqida to’liq yozadi, kerak bo’lsa tahminiy rasmini ham chizib ko’rsatadi. Misol uchun, bir kompaniya «Bizga logo kerak. Unda A harfi tasvirlangan bo’lsin, yashil rang ko’proq ishlatilsin, daryo va tog’larning rasmi ham bo’lsin», deb buyurtma beradi. Shundan so’ng tarmoqdagi dizaynerlarning hammasi o’zicha ijod qilib, logo variatlarini chizib taklif qilishadi. Kompaniyaga qaysi dizayner ishi yoqsa, pul ham shu dizaynerniki bo’ladi! Menimcha juda adolatli va haqiqatdan iqtidorlilar uchun qulay tizim!

7. UPWORK.COM – Elance tizimining raqobatdoshi. Freelancerlar uchun juda qulay imkoniyatlar tarmog’i. Turli daraja va yo’nalishlar bo’yicha ko’plab buyurtmalar beriladi. Iqtidorli, bilimli bo’lib o’z ishingizni ko’rsata olsangiz bo’lgani – internet orqali pul ishlashda hech qanday muammo bo’lmaydi.

8. GURU.COM – Freelancerlar uchun ish topishga qulay tarmoq. Buyurtma beruvchilar ham boshqa tarmoqlarga nisbatan ancha faolroq.

9. FIVERR.COM – Bu tarmoqda hamma xizmatning narxi bir xil – 5 dollar! Yuqorida sanab o’tilgan tarmoqlardagidek kuchli talablar yo’q. Imkoningiz yetgan xizmatni taklif qilasiz, kimga kerak bo’lsa bu xizmatga 5 dollar to’lab buyurtma beradi! Men bu tarmoqda juda aqlli freelance takliflar bilan birga o’ta axmoqona ximat turlarini ham uchratganman. Masalan, kimdir 5 dollarga o’rtangizga sovuqchilik tushgan sobiq tanishingizga qo’ng’iroq qilib u bilan Sizni yarashtirib qo’yaman, degan. Yana bir kishi 5 dollar evaziga Siz yoki Sizning kompaniyaniz haqida YouTubeda bitta video tayyorlab chiqaraman degan. Yana boshqa bittasi esa 5 dollar evaziga uyga vazifangizni bajarib beraman, deb taklif kiritgan. Umuman olganda, har qanday xizmat turini taklif qilishingiz mumkin. O’zbekistonlik bir nechta tanishlarim huddi shu tarmoqda pul ishlayapti, shaxsan o’zim ham bu tarmoq ro’yxatida borman.

10. FREELANCER.COM – Elance yoki Upwork tarmoqlariga o’xshash, ammo dizayn bilan birga dasturchilikka ham alohida (ba’zan bir-biriga bog’liq holda) e’tibor beradigan tarmoq. Ham dizayn, ham dasturchilik bo’yicha qobiliyat, bilimga ega kishilar uchun ajoyib tarmoq!

Internet orqali pul ishlash uchun birinchi navbatda iqtidorli bo’lishingiz VA yaxshi ta’lim olgan (bilimli) bo’lishingiz kerak. Bu haqida «Internet orqali pul ishlashda ta’limning ahamiyati» maqolamda alohida ta’kidlaganman. O’rganish, bilim va ta’limsiz uzoqqa borib bo’lmaydi. Mana shuning uchun ham yoshlarning maktab davridanoq yaxshi bilim olishlariga katta e’tibor qaratish kerak.

Internet orqali pul ishlash istagi ingliz tili bilimisiz qanotsiz qushga aylanib qoladi. Ingliz tilini yaxshi bilgan kishiga esa internet orqali pul ishlashning barcha yo’llari ochiladi! Hozirdan vaqtingizni boy bermasdan, yaxshi o’qituvchi topib ingliz tilini o’rganishni boshlang. Kelajakda nafaqat internet biznesingiz uchun, balki kasbiy faoliyatingiz uchun ham uning o’rni beqiyos bo’ladi.

Ehtimol ushbu maqolamni o’qiganlar «Internet orqali tushgan pulni qayerdan olaman?» degan savol bilan menga murojaat qilmoqchi bo’lishar. Bu haqida alohida maqola yozganman: Internet orqali ishlangan pullarni qayerdan olish mumkin? Boshqa tarmoqqa oid bo’lsa ham, xorijda ishlangan pulning olinish jarayoni qisman AdSense pulini olish haqidagi maqolamda yoritilgan. Qo’shimcha sifatida shuni aytishim mumkinki, izlangan doim imkon topadi. Siz birinchi navbatda iqtidoringizni namoyish etib yuqoridagi tarmoqlardan buyurtma olishni uddalang. Shundan so’ng ular beradigan pulni olish uchun joy izlaysiz. Eng oxirgi imkoniyat sifatida pulni online konvertatsiya qilib WebMoney tizimiga tushurib olish, yoki har qanday PayPal tizimini ishlatuvchi odamni saytlardagi e’lon orqali topib, ularga tushurtirish orqali olishingiz mumkinligini unutman. Imkon doim topiladi. Ammo ishni oxiridan boshlamang: avval buyurtma oling, ishni qiling! Hali yo’q pulni olish haqida o’ylab vaqtingizni bekorga o’tkazmang!

O’z bilimi va orzulariga ishonuvchi kishilarga doim omad kulib boqadi. Kun davomida uyingizdan turib, internet orqali, oilangiz davrasini tark etmagan holda yaxshigina daromad keltiradigan ish bilan mashg’ul bo’lishingiz mumkin. Bunday erkinlikka esa mehnatsiz erishib bo’lmaydi. Omadingizni bersin!

Abituriyentlar uchun test formulalari

9 ta fikr

  1. Oka siz O’zbekistondagi freelancing da pul ishlash sayti deb statya yozibsiz. Hamma yerdan o’g’irlab saytni tanlov uchun to’ldirish bo’lmaydida ))) Ahir qani bu yerda ozbek saytlari, bizdagilar u yerda ishlashi qiyin. Siz boshqa saytlardan ma’lumot olib (o’g’irlab) saytingizni MIT.UZ tanovi ichun to’ldirgansiz. Siz o’rgatayotgan narsalarni yosh bola ham o’rnidan turib aytib bera oladi. siz shunchalik zor bolsangiz yaxshisi PHP Coding, HTML5, Muse dan o’rgating (albatta o’zingiz yossangiz yaxshi bo’lardi). Va shuni so’raymanki Kommentariyalarni sahifalardan o’chirmang. E’tiboringiz uchin raxmat.

  2. Azamat ishlaringiz yaxshimi? qaysi freelance saytlarida webmoney bor?

  3. Menimcha maqolaning sarlavhasida «O’zbekistonda» so’zi ortiqcha.

  4. Mening fikrimcha hamma narsa insonning o’ziga bog’liq! Odam qilgan ishni odam qiladi. O’zbeklar ham frelancing saytlarida ishlay oladi. Faqat buning uchun yuqorida aytilganidek yetarlicha bilimga ega bo’lish lozim.

  5. Azamat aka. Jiddiy savolim bor. Kelajakda Dasturchilik sohasida ish yuritmoqchiman. Algebra fanini chuqur o’rganishim zarurmi??

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*