Bosh sahifa / Abituriyentga / Ovoz chiqarmay o’qishning ahamiyati

Ovoz chiqarmay o’qishning ahamiyati

Ingliz tilini o’rganishda ovoz chiqarib o’qish ko’p jihatdan foydali mashq sifatida tavsiya etilsa ham, ovoz chiqarmay o’qish, bu amaliyotni imkon qadar ko’p takrorlash tilni o’rganishda kattaroq ijobiy ahamiyatga ega. Ma’lumki, ovoz chiqarib o’qiganda o’quvchining talaffuzi, matnni ifodali o’qishi kabi ko’nikmalari rivojlanishi bilan bir qatorda, ko’p hollarda u o’zi o’qiyotgan matn mazmuniga e’tibor qarata olmay qolishi, matndan tushunib olinishi kerak bo’lgan axborotni ilg’ab olmasligi kabi maummolar ham yuzaga keladi. Shuning uchun o’rganuvchining faqat talaffuzi va ifodali o’qishiga emas, balki matn mazmunini tushunishi hamda unda berilgan axborotni o’zlashtirib olishiga e’tibor qaratilgan holatlarda ovoz chiqarmay o’qish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Ovoz chiqarmay o’qishning foydali jihatlari juda ko’p. Bu mashg’ulot orqali xorijiy tilni o’rganishda muhim ko’nikmalarni o’zlashtirish va rivojlantirish mumkin. Ovoz chiqarmasdan o’qishning ba’zi foydali tomonlariga alohida to’xtalib o’tamiz.

O’QISH TEZLIGINI OSHIRISH. Ovoz chiqarmay o’qish o’rganuvchining o’qish tezligini sezilarli darajada oshiradi. O’qish jarayonida talaffuz qilish va nutq organlarini boshqarish talab etilmaganligi sababli ko’proq e’tibor o’qishning o’zida bo’ladi, shuning uchun ham o’qish tezligi bir necha barobarga oshadi.

MATN MAZMUNINI TUSHUNISH. Faqat o’zingiz uchun o’qiyotgan matningiz mazmunini har qachongidan ham yaxshiroq tushunasiz. Ovoz chiqarmay o’qish jarayonida miyangizning deyarli to’liq kuchi faqat tushunish amaliyoti bilan band bo’ladi. Ko’proq e’tibor sifatliroq tushunchani ta’minlaydi.

TALAFFUZGA HAQIQIY E’TIBOR QARATISH. Ovoz chiqarmay o’qiyotganingizda ham talaffuzga e’tibor qaratishingiz mumkin. Matnni eshittirib o’qiganingizda talaffuzi xato bo’lgan ba’zi so’zlarni qayta o’qimasligingiz, xato aytilgan so’z xatoligacha qolib ketishi mumkin. Ammo ovoz chiqarmay o’qishda bunday bo’lmaydi. Bir so’z, ibora, yoki gapni qayta-qayta o’qiyverishingiz, to’g’ri shaklga tushirib olguningizcha ortga qaytishingiz mumkin.

KERAKSIZ SO’ZLARNI E’TIBORSIZ QOLDIRISHNI O’RGANISH. Xohlaysizmi, yo’qmi har qanday matnda bizga umuman kerak bo’lmagan ba’zi so’zlar bo’ladi. Bular, albatta, ularni tushunib olish, eslab qolish va alohida e’tibor berish yuzasidan shunday baholanadi. Masalan, biror shahar haqida o’qishimiz davomida matnda shaharga aloqasi bo’lmagan ma’lumotlar ko’plab uchrashi mumkin. Kishi ismlari, bino nomlari, joylar, kasblar haqida tushunchalar va hokazo. Ovoz chiqarmasdan o’qish davomida shu kabi matnga aloqador bo’lmagan, aloqasi kam bo’lgan so’zlarni e’tiborsiz qoldirishni, matn ichidan faqat eng kerakli ma’lumot beruvchi so’zlarni alohida e’tibor bilan o’qishni o’rganasiz.

SO’ZLARNI EMAS, BUTUN GAPLARNI O’QISHNI O’RGANISH. Biz o’qiganimizda alohida-alohida so’zlarni emas, to’liq, bir butun iboralarni, birikmalarni o’qiymiz. Shu o’rinda iboralar va birikmalardan yanada yuqoriroq bosqichga, ya’ni butun, to’liq gaplarni o’qishni o’rganish o’qish tezligini oshiradi. Ovoz chiqarmay o’qish orqali huddi shu, butun gaplarni o’qishga ko’nikishimiz osonroq kechadi.

KERAKLI MA’LUMOTGA TEZDA ERISHISH. Ovoz chiqarib o’qiganingizda, agar matnni o’qishdan maqsad faqat ma’lum bir ma’lumotni ajratib olish bo’lsa, matnda berilgan barcha gaplarni o’qish majburiyati orqali Sizga kerak bo’lgan ma’lumotga yetib kelishingiz uchun ko’p vaqt talab etiladi. Ovoz chiqarmay o’qishda esa, o’qish tezglini ortganligi va tezda kerakli ma’lumotga butun gaplarni o’qib chiqish majburiyatisiz borish mumkinligi sababli o’zingiz izlagan ma’lumotni tezda topib olishingiz mumkin.

BARCHANI BIRDEK O’QISHGA JALB QILISH. Bir necha kishidan iborat guruh bo’lib o’rganilayotganda ovoz chiqarmasdan o’qish barchaning birdek o’qishga jalb qilishda muhim ahamiyatga ega. Agar guruhda faqat bir kishi o’qisa, boshqalar eshitib tursa matnda keltirilayotgan ma’lumotlar hammaga ham aniq «yetib bormasligi» mumkin. Ovoz chiqarmay o’qishda esa hamma bir hilda o’qish bilan mashg’ul bo’ladi va guruhdagi hammaning o’zi istagan usulda matndagi ma’lumotlarni o’zlashtirish imkoniyati ko’payadi.

O’ZIGA ISHONCH HISSINI RIVOJLANTIRISH. Xorijiy tilda mantlarni mukammal darajada o’qish hatto tilni ona tili sifatida gapiradiganlar uchun ham doim oson bo’lavermaydi. Ovoz chiqarib o’qish davomida so’zlarni to’g’ri talaffuz qilish, ohangdan to’g’ri foydalanish kabi ko’nikmalarni ovoz chiqarmay o’qish mobaynida shakllantirish mumkin. Bunda kishi qanchalik ko’p mashq qilsa, ovoz chiqarib o’qish davomida uning o’qishi shunchalik mukammal bo’ladi.

Yuqoridagilardan tashqari ovoz chiqarmay o’qishning yana boshqa ko’plab foydali jihatlari bor. Ularni o’zingizda his qilish, ovoz chiqarib o’qiganingizda natijani sezish uchun imkon qadar ko’proq ovoz chiqarmay o’qish mashqlarini bajarishga harakat qiling. Har qanday holatda ham, ovoz chiqarib o’qish bo’ladimi, ovoz chiqarmasdan o’qishmi, hech qachon o’qishdan to’xtamang. Unutmang, o’qish – bu ilmimizning oshishidagi asos.

Iltimos, ommalashtirishga yordam bering: Share on FacebookShare on Google+Tweet about this on TwitterShare on VKEmail this to someone
Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

5 ta fikr

  1. Shunaqa maqolalarni yangilab turing iltimos!!!! Biz doim sizdan yangiliklar kutamiz.

  2. Salom Azamat aka butun gaplardi o’qish deganizga tushunmadim, uni qanday amalga oshirsa bo’ladi

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*