Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Open source: nega dasturchilar tekinga ishlashadi?

Open source: nega dasturchilar tekinga ishlashadi?

Ko’pdan-ko’p ajoyib open source (ochiq kodli, bepul) dasturlar bor. Ulardan foydalanish uchun ko’p tomonlama erkinliklar qonun bilan kafolatlangan. Siz open source litsenziyasiga ega bo’lgan dasturni o’zingiz istagan usulda ishlatishingiz, o’zgartirishingiz, hatto dastur orqali pul ishlashingiz mumkin. Foydalanishingiz tekin bo’lgan bu dasturlarni yaratish, ularni rivojlantirish ustida dunyo bo’ylab ko’plab dasturchilar mehnat qilishadi. Ular open source dastur ustida ishlashadi, ammo evaziga hech qanday bevosita daromad ko’rishmaydi. Ko’ngilli sifatida open source dastur uchun tekinga ishlash, asosiy ishdan vaqt ajratib boshqalar manfaati uchun mehnat qilishga har kim ham qodir emas. Xo’sh, open source uchun ishlaydigan dasturchilar nega tekinga mehnat qilishadi? Boshqalar ko’p miqdordagi to’lov evaziga bajaradigan murakkab va qiyin ishlarni nega open source dasturchilari tekinga qilishadi? Ushbu maqolada nega dasturchilar open source uchun tekinga ishlashi sabablaridan ayrimlari haqida yozmoqchiman.

Foyda olish

Albatta, har bir faoliyatning diqqat markazida foyda olish turadi. Har qanday open source dasturni yaratishdan oldin dasturchilar aynan shu open source orqali foyda olishni reja qilishadi (hech bo’lmaganda shuni xohlashadi). Bu o’ziga xos biznes modeli. Misol uchun, Beeline kompaniyasi Sizga bitta telefonni tekinga berishi mumkin, ammo bu telefon yordamida faqat maxsus tarif asosida, faqat Beeline sim kartasi orqali so’zlashish mumkinligini belgilab qo’yadi. Bir martalik mahsulotni tekinga berib yuborish bilan doimiy, davomli foyda olish niyat qilinadi. Open source dasturlarda ham huddi shunday: Siz dasturni bepul olasiz, ammo undan foydalanish davomida ma’lum modullarni, qo’shimcha imkoniyatlarni harid qilasiz. Dasturchilar bundan manfaatdor, albatta. Dasturchi (yoki dasturchilar guruhi) bitta open source orqali o’zlarini davomiy bandlik va daromad bilan ta’minlashadi. Shunday qilib, open source yaratishga turtki bo’ladigan dasturchilarning birinchi motivatsiyasi bilvosita foyda olish hisoblanadi.

O’zini tanitish

Mashxur open source dasturni yaratgan jamoadan o’rin olish dasturchilarni dunyoga taniqli qilishi mumkin. Dasturchini qanchalik ko’p kishi tanisa, o’z sohasiga ta’luqli buyurtmalarni ko’proq olishga ham uning imkoniyati shunchalik yuqori bo’ladi. Bu ham aynan open source dastur orqali bilvosita daromad olishga bir misol bo’lishi mumkin. Dasturchining portfoliosida hech kim bilmaydigan o’nta loyiha bo’lgandan, ba’zan, dunyoga taniqli va mashxur bitta loyiha bo’lgani afzalroq hisoblanadi.

Hobbi

Bazilar uchun dasturlash hobbi hisoblanadi. Kod yozsa rohatlanadigan dasturchilar ham bor. Aynan shunday tabiatga ega dasturchilar uchun ajoyib loyihalarda qatnashib, dasturlash imkoniyatini qo’lga kiritish har qanday katta daromaddan ustun turishi mumkin. Dasturchilar open source dasturlarni yaratishda qatnashish orqali o’zlarining dasturlashdagi mahoratini zavq bilan namoyish etishadi.

Tanishish va aloqada bo’lish

Open source dasturlar odatda bir necha dasturchidan iborat guruhlar tomonidan yaratiladi. Bu guruhlarga qo’shilish orqali dasturchilar dunyo bo’ylab boshqa hamkasblari bilan aloqada bo’lishadi, yangi tanishlar orttirishadi va kasbiy muloqot orqali o’zlariga kerakli yangi bilimlarni olishadi. Umuman, dasturni yaratish jarayoni qatnashish dasturchi uchun keng doiradagi muloqot jarayoni bo’lishi mumkin.

O’rganish

Dastur yaratishga kirishga har qanday dasturchi, bilim va tajribasi darajasidan qat’iy nazar, albatta nimadir o’rganadi. Open source dasturni yaratishda qatnashish dasturchilar uchun yangi narsalarni o’rganish uchun ajoyib imkoniyat hisoblanadi. Dastur yaratish davomida xatolarga yo’l qo’yishadi, ularni tuzatish yo’llarini izlashadi, masalalarni hal qilishda yangi imkoniyatlarni izlashadi. Bularning barchasi dasturchi uchun juda zarur va foydali bo’lgan yangi bilimlar eshigini ochadi.

Yuqorida sanab o’tilganlardan tashqari ham open source dasturlarni yaratish va rivojlantirishda qatnashishning foydali jihatlari juda ko’p. Dasturchilar aynan shu va bu kabi boshqa jihatlar sababli open source dasturlar uchun tekin ishlashga rozi bo’lishadi.

Bugungi kunda dunyoga mashxur Linux, WordPress, Joomla, Android, Drupal, SMF kabi tizimlar open source litsenziyasiga ega va dunyo bo’ylab minglab (balki millionlab) dasturchilar ushbu dasturlarning rivojiga hamjihatlikda hissa qo’shib kelishmoqda.

Sizga ham dasturchilikda yuqori bilim va ko’nikmalarni egallab, dunyoga mashxur dastur hamda tizimlarga o’z hissangizni qo’shish darajasiga erishishingizni tilab qolaman.

Abituriyentlar uchun test formulalari

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*