Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Oddiylikdan boshlab, yulduzlik orzusida bo’lganlar uchun

Oddiylikdan boshlab, yulduzlik orzusida bo’lganlar uchun

Bundan bir yil oldin o’zim uchun musiqa olamida yangi qahramon – Ronald Jenkeesni kashf qildim. Uning klaviaturadagi mahoratiga qoyil qolasiz. Musiqaga bo’lgan qiziqishi, o’z ishini sevishi va qilayotgan ishiga o’zini bag’ishlay olishi Jenkees muvaffaqiyatining eng asosiy sabablari bo’lsa ajab emas. Kaminaga eng manzur bo’lgan Jenkees ijrosidagi musiqani tinglab ko’ring:

Ronald nimasi bilan boshqalardan ajralib turadi? Nega aynan u bugungi maqolamning mavzusiga aylandi? Ushbu musiqachi, bastakor va ajoyib inson oddiylikdan yulduzlikkacha bo’lgan yo’lni sabot bilan bosib o’ta olganligi sababli xurmatimni qozongan. U o’z ishini sevadi. Uning musiqaga bo’lgan qiziqishi shunchalik yuqori darajada-ki, insonlarga o’z mahoratini namoyish etishga bo’lgan xohishini hech narsa to’xtatib qo’ya olmaydi.

Jenkees faoliyatini oddiylikdan boshlagan. Uning 10 yil ilgari o’yinchoq pioninoni chalganligi, hatto o’yinchoq bilan ham o’z mahoratini ko’rsatib bera olgani hozirga qadar YouTube xotirasida saqlanadi:

U juda oddiy, kulguli va g’alati. Videolari va intervyulariga qaraganda u o’zi haqidagi boshqalarning fikri bilan hech ham qiziqmaydi. Ronaldni qiziqtiradigan va uning e’tiborida bo’ladigan yagona asosiy narsa – bu uning musiqasi. Balki shuning uchundir, u o’z yo’nalishi bo’yicha muvaffaqiyat qozonib, hozirgi kunga qadar ham o’z ustida tinimsiz ishlab kelmoqda.

Ronald haqida maqola yozishimning asosiy sababi – uni Sizga misol qilib ko’rsatish. Har qanday faoliyat bilan shug’ullanmang, har qanday ishning boshini tutmang, muvaffaqiyatga erishish faqat o’zingiz va tinimsiz mehnatingizga bog’liq. Bu yo’lda hech qachon boshqalarning Siz haqingizda nima deb o’ylashlari, Sizga qanday baho berishlariga e’tibor qaratmang. Siz kimgadir yoqishga majbur emassiz. Siz qilayotgan ish, agar u yugaringizdan chiqayotgan bo’lsa, Siz bu ishga o’zingizdagi bor mehr bilan yondoshayotgan bo’lsangiz, boshqalarning fikridan qat’iy nazar bu Sizning asosiy kasbingiz, faoliyatingiz bo’lib qolishi kerak.

Zamonaviy jamiyatdagi odamlarning kasb tanlashi va qaysidir ish bilan shug’ullanishiga undovchi ruhlantirishning 90% qismi pul ishlash bilan bog’liq bo’ladi. Ayniqsa hozirgi vaqtda hamma pul ishlab topishga shunchalik kirishib ketganki, 30 yil avvalgidek o’smirlardan «Katta bo’lsang kim bo’lishni xohlaysan?» degan savolga javobni «Kosmonavt» deb emas, balki asosiy qismi pul ishlash bilan bog’liq sohalarga oid javobni olasiz. Bu holatning qanchalik yaxshi, yoki yomonligi haqida bahs yuritmoqchi emasman. Ammo kishi o’ziga yoqqan sohada ishlasa, hatto bu sohada pul ishlab topish imkoniyati juda kam bo’lsa ham, kelajakda bu kishi o’z ishining ustasiga aylana oladi. Aksincha, o’ziga yoqmaydigan, ammo pul ishlash imkoniyati ko’proq bo’lgan ishda yurganlar esa doim o’zlarini majburlaydilar, hayotlarini qiyinlashtirishadi.

Ronald Jenkees musiqani sevardi. Uning sevimli mashg’uloti pioninosi qarshisida o’z mahoratini namoyish etib, yozib oligan videolarni YouTube orqali bepul tarqatish edi. O’ylab ko’ring, sevimli mashg’uloti bunday tarzda bo’lgan kishida pul ishlash imkoniyati qanchalik darajada bo’ladi? Hozirgi kunda Jenkees o’zining rasmiy saytiga ega. U sayti orqali CD va futbolkalar savdosi bilan yaxshigina pul ishlayapti. Uning millionlab tomoshabinlarga ega YouTube kanali bor. Hozirgi kunda Jankees o’zining sevimli faoliyati bilan shug’ullanishiga imkon beruvchi barcha sharoitlarni yaratib olgan: u hech qachon ishga bormaydi, o’zi istagan vaqtda o’zining eng sevimli mashg’uloti bilan shug’ullanish orqali pul ishlaydi, xohlagan joyida kamerani yoqib, dunyo bo’yicha millionlab muhlislariga yuzlana oladi. Ronaldning hayoti o’zi sevgan musiqalari bilan mazmunli va u o’z orzusini amalga oshirishga erishdi. Jenkees o’zi va faoliyati haqida aytib o’tgan intervyulardan biri bilan tanishing:

Qanday xulosa qilamiz? Hech qachon o’zingizga yoqmagan ish bilan shug’ullanib, vaqtingizni bekor o’tkazmang. Yuragingizga quloq soling va o’zingiz sevgan ish bilan shug’ullaning. Hech qachon sharoit yomonligi, boshlash qiyinligi yoki to’siqlarning ko’pligidan shikoyat qilmang. Kuchli odam imkon topadi. Kelajagingiz yaxshi bo’lishi uchun o’zingiz harakat qiling. Hech qachon hammasi bir kunda yaxshi bo’lib qoladi, deb kutmang. Har qanday muvaffaqiyat oylab, yillab tinimsiz mehnat qilish va o’z ustida ishlash orqali kelishini unutmang.

Ronald Jenkees musiqalari Sizga ham yoqadi degan umiddaman. U haqida ko’proq ma’lumot olib, uning muvaffaqiyat yo’lini o’zingizga ruhlantirish sifatida qabul qiling. Ronald qila olgan ishni o’z qiziqish sohangizda Siz ham albatta amalga oshira olasiz!

Abituriyentlar uchun test formulalari

Bitta fikr

  1. Xaa-a, bu insonni men sizning «liked videos» katologingizdan topgan edim. O’shanda men ham siz kabi bu insonni qilayotgan ishini ko’rib hayratda qolganman.

    Bu insonni musiqalarini doimo eshitaman!!!

    Xulosaga gap yo’q!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*