Bosh sahifa / Internetda pul ishlash / Nega universal saytga nisbatan niche sayt orqali pul ishlash imkoniyati kattaroq?

Nega universal saytga nisbatan niche sayt orqali pul ishlash imkoniyati kattaroq?

Universal portallar haqida ma’lumotga egamiz. Har sohadan bir shingil asosda ma’lumot joylanadigan, kino va kliplardan boshlab dastur va kitoblargacha topishingiz mumkin bo’lgan, daxshat.uz yoki oxo.uz saytlariga o’xshash portallarni «universal portal» nomi bilan atash urf bo’lgan. Bunday saytlar aynan bir yo’nalish yoki mavzuga e’tibor qaratmaydi, balki imkon boricha ko’proq yo’nalish va mavzularga asoslangan ma’lumotlar bilan saytni boyitishga harakat qilishadi. Niche sayt yoki bloglar esa universal portallarning to’liq aksi hisoblanadi.

«Niche» so’zi fransuz tilidan olingan. Britaniya ingliz tilisida bu so’z fransuz tilidagidek «nish» deb talaffuz qilinsa, Amerika ingliz tilisida «nich» deb talaffuz qilinadi. O’zim bu so’zni «nich» deb o’qiganim uchun ushbu maqolada bu atamani ijozatingiz bilan Amerika ingliz tili talaffuzi asosida ishlatmoqchiman.

Nich sayt yoki bloglar aynan bir mavzuga asoslanib ish yuritadi. Nich – bu saytning e’tibor qaratadigan asosiy mavzusi. Saytning faqat bitta emas, bir nechta nichi bo’lishi ham mumkin. Misol uchun, Azamat.uz saytining nichlari (muhimlik bo’yicha tartiblaganda): 1. Ingliz tili; 2. Sayt tayyorlash; 3. Internetda pul ishlash; 4. Shaxsiy rivojlanish. Sizning saytingiz universal bo’lishi, bitta nichga ega bo’lishi yoki mening saytimga o’xshab bir nechta nichni o’z ichiga olishi mumkin. Ushbu maqolada nima uchun bitta nichga asoslangan sayt bir nechta nichi bor yoki universal saytlarga nisbatan ko’proq pul ishlash imkoniyatiga ega ekanligi haqida yozmoqchiman.

Universal portallarda har qanday kishini qiziqtirishi mumkin bo’lgan mavzulardan hech bo’lmaganda bittasi bo’lganligi sababli bunday saytlar ko’pchilik orasida juda mashxur hisoblanadi. Universal portallarning foydalanuvchilari ham tashrif buyuruvchilari ham ko’p bo’ladi. Universal portallar hech shubhasiz, ko’p sonli tashrif buyuruvchilarni o’ziga jalb qilganligi sababli, saytda reklamalar joylashtirish bo’yicha yaxshigina pul ishlab olishlari mumkin va ular bu sohada nich saytlardan yuqori turishadi. Ammo gap reklamadan boshqa sayt orqali kelishi mumkin bo’lgan daromadlar haqida ketganda universal portallar nich blog va saytlarga o’z o’rnini bo’shatib beradi.

O’tgan yilgi O’zbekiston saytlariga reklama joylashtirish bo’yicha o’tkazilgan tajriba ham yuqoridagi fikrimni qisman tasdiqladi. Nich saytlarda reklama joylashtirish alohida yo’naltirilgan mos sohalar uchun katta traffikka ega saytlarda reklama joylashtirishga nisbatan bir necha barobar foydaliroq. Endi e’tiborni reklamadan tashqari boshqa sayt orqali pul ishlash mumkin bo’lgan sohalarga qaratamiz.

Saytga reklama joylashdan tashqaris ayt orqali qanday qilib pul ishlash mumkin? Ayni vaqtda aytishim mumkin bo’lgan sayt orqali pul ishlash usullari (reklamadan tashqari):

  • sayt orqali yetkazib beriladigan maxsulotlar sotish;
  • sayt orqali elektron maxsulotlar sotish;
  • sayt orqali online xizmatlar taklif qilish;
  • sayt orqali xizmat ko’rsatishni tashkil qilish;
  • saytda pulli a’zolik joriy qilish;
  • saytning ba’zi funksiyalarini pulli xizmat sifatida taqdim qilish;
  • hozir hayolimga kelmagan boshqa minglab pul ishlash usullari!

Yuqoridagi usullarda universal saytlar pul ishlashga harakat qilishi mumkin. Ammo, ularda ko’p sonli tashrif buyuruvchilar bo’lishiga qaramasdan, bitta nichga yo’naltirilgan saytdek katta foyda olisholmaydi. Bu fikrni bir nechta hali O’zbekistonda tashkil qilinmagan nich saytlar misolida tasdiqlashga harakat qilaman.

Keling, bir oyda 300 000 ta tashrif buyuruvchiga ega universal portalning bir oyda bor-yo’g’i 30 000 ta tashrif buyuruvchisi bor nich saytga nisbatan pul ishlash imkoniyatlarini taqqoslaymiz. Imkoniyatlar ichidan reklamani butunlay chiqarib tashlaymiz.

Internet orqali pul ishlash nichiga bag’ishlangan sayt tashkil qildik, deylik. Bu saytda faqat internet orqali pul ishlash usullari haqida yozamiz. Hozircha o’zbek tilidagi bunday nichni yagona yo’nalishiga aylantirgan mukammal sayt yo’q. Agar bunday saytni ma’lumotlar bilan boyitib, bir oyda 30 mingta tashrif buyuruvchini yig’a olsak, bu sayt orqali quyidagi usullarda pul ishlay olamiz:

1. Internet orqali pul ishlash haqida video darslar tayyorlab, uni DVD disk ko’rinishida sayt orqali sotamiz. Disklar pochta orqali yetkazib beriladi.

2. Sayt orqali internetda pul ishlash usullariga bag’ishlangan elektron qo’llanmalar, kitoblar yozib sotamiz. Video darslar seriyalarini chiqarib, yuklab olishni pulli xizmat sifatida taklif qilamiz.

3. Saytlarning pul ishlash imkoniyatini kuchaytirish bo’yicha SEO analizlar va optimallashtirish xizmatlarini taklif etamiz. Saytlarni reklama tizimlari bilan integratsiya qilib beramiz. Sayt tayyorlaymiz va pul ishlashga yo’naltirilgan saytlarga konsalting xizmatini ko’rsatamiz.

4. Saytimizda internet orqali pul ishlash klubini tashkil qilib, unga a’zo bo’lishni pulli qilamiz. A’zolar saytimizdagi yashirin maqolalar va video darslarni ko’rishlari, qo’shimcha bonuslarga ega bo’lishlari, forumda savol-javob qilishlari mumkin bo’ladi.

Bulardan tashqari ham bir necha yuzlab usulda pul ishlash mumkin bo’ladi. Endi o’ylab ko’rishingiz mumkin: bunday mavzudagi online tijoratni ko’p sonli tashrif buyuruvchisi bor universal portalda amalga oshirish yaxshi samara beradimi yoki aynan shu mavzuga yo’naltirilgan nich saytdami? Nich saytlarga oz sonli tashrif buyuruvchi kirsa ham, ular shu mavzuga qiziqadigan kishilar bo’lishadi. Universal portalda esa aynan bir sohaga qiziquvchi kishilarni ajratib olish qiyin bo’lishi mumkin.

Yuqoridagilarni hisobga olgan holda xulosa sifatida nich saytlar orqali pul ishlash imkoniyati universal saytlardagiga nisbatan bir necha barobar ko’proq, desa bo’ladi. Menimcha, bu fikr maqolamda ilgari surilgan asosiy fikrni munosib xotimalaydi.

O’zbek tilidagi saytlarda qaysi nichlar hali yo’q? Qaysi mavzularni asosiy nichga aylantirib sayt ochilsa kelajakda katta foyda ko’rish mumkin? Mening fikrimcha quyidagi mavzularni yagona asosiy mavzu qilib blog ochishsa, u orqali yaxshigina pul ishlab olish mumkin bo’ladi:

  • Ozish, vazn yo’qotish, ozqiruvchi sport va to’g’ri ovqatlanish to’g’risidagi blog;
  • Android telefonlarni mustaqil sozlash (dasturiy tomondan);
  • Xorijda o’qish va ishlash;
  • Vaqtni to’g’ri taqsimlash va samaradorlik;
  • Dasturlash tillari;
  • Kichik biznes boshlash va tijorat sirlari;
  • Ijtimoiy tarmoq (odnoklassniki, facebook) va messenjerlar (telegram, whatsapp);
  • Printerlar haqida (sozlash+foydalanish+xizmat ko’rsatish);
  • Erkaklarga oid (huddi AskMen.com saytiga o’xshash);
  • Avtoblog (avtomobillar haqida hamma narsa);
  • Samarali o’rganish (ta’limni optimallashtirish);
  • WordPress tizimi (umuman, har qanday CMS yoki tizim);
  • Men tavsiya etaman! (o’zingizga yoqqan narsalar va xizmatlarni tavsiya qilish blogi);
  • Koreys tili (yoki o’zingiz yaxshi bilgan biror xorijiy til);
  • Fotoshop darslari (yoki boshqa biror dasturni o’rganishga oid maqolalar);
  • Komik rasmlar blogi (Mushtum jurnaliga o’xshash);
  • Fazo va astronavtlik;
  • Eng eng eng! (dunyodagi barcha «eng» bo’lgan narsalar haqida blog);

Maqolani oxirigacha o’qigan har bir kishiga o’zi qiziqqan sohani nich sifatida tanlab olib O’zbekistondagi eng ajoyib blog yoki saytlardan biriga asos solishlarini maslahat beraman! Vaqtingizni bekorga sarflamang, ilmingizdan boshqalar ham bahramand bo’lsin! Sizning super-mashxur blogingizni 2017-yilning eng mashxur saytlari ro’yxatida ko’rishni kutib qolamiz!

Sayt tayyorlash bo’yicha yordam kerak bo’lsa +99893 798 22 00 (+ Telegram) raqami orqali menga murojaat qilishingiz mumkin.

Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

7 ta fikr

  1. Ko’p ruscha saytlarda shu «nich» so’ziga (в нише…) duch kelib, unchalik tushunmayotgandim. Maqolada tushunarli va lo’nda qilib yoritilibdi. Yana pitch so’ziyam, umuman bora bora IT bo’yicha to’liq ingliz tilida gaplashiladigan holat yuzaga kelsa kerak.

  2. Qoyil zòr chiqibdi.saytingizni muntazam kuzatib boraman yangi maqolalar tez tez yozib turishingizni sòrayman.

  3. Rahmat aka. Saytizda doim tashrif buyuraman. Beminnatdorman yordamlaringiz uchun rahmat.

  4. Men uchun juda kerakli maqola.

  5. Web masterlarga kerakli maqola ekan!

  6. Azamat aka sizga bir taklif bor. Sizni maqolalaringizni o’qib mazza qilaman mavzuni shunchalar aniq va tushunarli qilib yoritib berasizki bir marta o’qigandayoq tushunib olaman.
    Taklif shuki: agar ilojingiz vaqtiz bo’lsa Css3 va html5 ga oid darslar ni tashkil qilsangiz. Albatta yozma holda. Pulli bo’lsaham oladi ko’pchilik. Masalan men olaman.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*