Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Nega Telegramni jiddiyroq o’rganishingiz kerak?

Nega Telegramni jiddiyroq o’rganishingiz kerak?

Kecha do’stlarimdan biri tasodifan suhbat asnosida menga Telegram messenjerining davlatlar bo’yicha ishlatilish statistikasini yubordi. Joriy yilning boshida O’zbekiston Telegram messenjeridan foydalanuvchilar sonining ko’pligi bo’yicha dunyoda uchinchi (!!!) o’rinda turgan ekan. Bu statistikani Siz ham ko’rishingiz kerak:

Bu rasm qayerdan olinganligini bila olmadim. Ammo O’zbekistonda Telegram muxlislarining qanchalik ko’pligini o’zingizning atrofingizda Telegramdan foydalanadiganlar soniga qarab tahmin qilishingiz mumkin. Shundan kelib chiqqan holda yuqoridagi rasm ma’lumotlarini haqiqiatda yaqin, deb qabul qilsak bo’ladi. Haqiqatdan ham O’zbekistonda boshqa har qanday messenjerga nisbatan Telegramdan ko’proq foydalanishadi.

Agar dasturchilik sohasiga qiziqsangiz va kelajakda faoliyatingizning oz bo’lsa ham qismini dasturlash bilan bog’lash istagingiz bo’lsa, Telegramni jiddiyroq o’rganishingiz maqsadga muvofiq hisoblanadi. Quyida nega Telegramni jiddiyroq o’rganishingiz kerak ekanligiga o’zim bilgan ba’zi sabablarni keltirib o’tmoqchiman. Ushbu sabablar Telegramni foydalanuvchi sifatida faqat muloqot uchun emas, balki dasturchi sifatida xizmatlar yaratish uchun o’rganishga oid.

MOBIL SAVDO. Tez orada O’zbekistonda Telegram orqali to’lovlar ommalashadi. Telegramdan chiqmagan holda mahsulotlar sotib olish, xizmatlarga haq to’lash odatiy holga aylanadi. Bu amaliyotlarni albatta Telegram botlari amalga oshirishadi. Yaqin kelajakda mobil savdo bo’yicha talabgir mutaxassis bo’lishni istasangiz, hozirdan Telegramning savdo va to’lov botlarini yasashni o’rganing.

MOBIL XIZMATLAR. Toshkent shahrida Telegramdan chiqmagan holda taksiga buyurtma berish mumkin. Bundan tashqari menga hozircha ma’lum bo’lmagan yana boshqa ko’plab xizmatlar Telegram botlari orqali mijozlarga xizmat ko’rsatayapti. Albatta yaqin kelajakda ko’proq kompaniyalar o’z xizmatlarini Telegram botlari yordamida taqdim etishga kirishadi.

DOIMIY ALOQA. Telegram foydalanuvchilari xizmat bilan doimiy aloqada bo’lishadi. Deyarli hamma Telegramiga kelgan xabarni darhol (yoki imkon bo’lgan zahoti) o’qishadi. Bu esa Sizni millionlab foydalanuvchilar (balki mijozlar) bilan doimiy aloqada ushlab turuvchi Telegramning yana bir ajoyib imkoniyatlaridan biri. Telegram xizmatlarini hozirdan yaxshi o’zlashtirsangiz, kelajakda ko’p sonli foydalanuvchilar bilan aloqani ta’minlovchi xizmatlarni yaratish chog’ida aynan Sizga murojaat qilishadi.

CHEKSIZ IMKONIYATLAR. Telegram ochiq kodli tizim bo’lganligi sababli dasturchilarda deyarli cheksiz imkoniyatlar mavjud. Telegramning kuchli APIsidan foydalanib o’zingiz istagan xizmatni tashkillashtirishingiz mumkin. Bundan keyin ham Telegram rivojlanishda davom etadi. Demak, Sizning imkoniyatlaringiz doirasi ham kengayib boraveradi.

Xulosa o’rnida dasturchilikka qiziqqan, real hayotga mos dasturlar va xizmatlarni tashkil etishni xohlovchi yoshlarni Telegram tizimini jiddiyroq o’rganishga da’vat etmoqchiman. Telegram Core orqali tizimning dasturlashdagi imkoniyatlari bilan tanishib chiqing. Google orqali Telegram botlariga aloqador har xil darslarni topib o’rganing. Imkon qadar amaliy natija beradigan bot yasashga urinib ko’ring.

Telegramni hozirdan jiddiy o’rganishga kirishing. Yaqin kelajakda o’rganishni aynan hozir boshlaganingizdan xursand bo’lasiz!

Abituriyentlar uchun test formulalari

2 ta fikr

  1. Maqolaga qo’shilaman, PHP dasturchilarga telegram bot yasashda yordam berishim mumkin, bunda ozmi-ko’pmi tajribaga egaman, albatta bepul! kerakli narsalar : PHPni bilish, hosting, va domen (domen .tk bepul domen bo’lsa ham farqi yo’q)
    Bog’lanish uchun telegramda @Kripton

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*