Bosh sahifa / Internetda pul ishlash / Nega klass yig’ishadi va undan kimga foyda

Nega klass yig’ishadi va undan kimga foyda

Ijtimoiy tarmoqdan foydalanuvchilar orasida juda keng tarqalgan klass yoki like yig’ish, klass/like bosish va ularning qanchalik darajada ahamiyatga ega ekanligi to’g’risida, ularning asl mohiyati haqida juda kamchilik foydalanuvchilar o’ylab ko’rishadi. Avvalgi maqolamda Odnoklassniki orqali yolg’on ma’lumotlar asosida ham klass yig’ilishi mumkinligi to’g’risida yozgan edim. Bu maqolada esa nega ba’zilar klass yig’ishga buncha qiziqishi, nega klass yig’ish uchun hatto yolg’on ishlatishgacha borishlari to’g’risida yozmoqchiman.

Birinchi navbatda ijtimoiy tarmoqlarda yig’ilgan klass va likelar aslida internet orqali pul topishning bir usuli ekanligini unutmasligimiz kerak. Odnoklassniki tarmog’i dunyo miqyosida ishlatilish darajasi bo’yicha cheklangan tarmoq bo’lganligi sababli u yerdagi klasslar narxi qanaqa ekanligini bilmayman, ammo Facebook tarmog’idagi 100 000 dan ortiq like yig’a olgan sahifangizni kamida 200 dollarga sotishingiz mumkin. Ko’p miqdordagi like yig’ilgan sahifalarni yuqori narxlarda harid qilishga rozi bo’ladigan o’rta va katta bizneslar internetda ko’plab topiladi. Ularga bunday sahifalarni sotib olishdan nima naf ekanligini tushunishimiz esa kelajakda klasslar va likelardan unumliroq foydalanishimizga yordam beradi.

Bilmaganlar uchun klass va like haqida bir oz tushuncha bermoqchiman. Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar o’zlarining qiziqishlaridan kelib chiqib guruh va sahifalar ochish imkoniyatiga ega. Misol uchun, Siz latifalarga juda qiziqasiz, deylik. Latifalarga bo’lgan cheksiz qiziqishingiz natijasida ijtimoiy tarmoqda «Latifalar» degan guruh yoki sahifa ochasiz. U yerda o’zingizga yoqqan, eng kulguli latifalarni yozib borasiz. Tarmoqdagi latifalarga qiziquvchi boshqa foydalanuvchilar ham Siz tashkil etgan latifalar guruhiga qo’shilishadi yoki sahifangizni like / klass bosish orqali yoqtirishlarini izhor etishadi. Qanchalik ko’p foydalanuvchi guruh mavzulari yoki sahifaga klass / like bosishsa, Siz yozayotgan latifalar shunchalik ko’p kishining yangiliklar tasmasida ko’rinadi. Sahifaga bir marta like bosgan kishi kelajakda doimiy ravishda ushbu sahifada chop etiladigan yangiliklarni/yozuvlarni o’z tasmasida ko’rib boradi.

Odnoklassnikida KLASS, Facebook tarmog’ida LIKE deb nomlanuvchi, foydalanuvchilarning u yoki bu mavzuni, rasmni, qo’shiqni yoki videoni yoqtirganligini bildiruvchi kichik tugmachalar internetda faoliyat yuritayotgan bizneslarga o’z maxsulotlarini yanada ko’proq ommalashtirish imkonini berdi. Bu esa, o’z navbatida, tarmoqlarda like / klass yig’ish va ularning narxlari sohasini ham butkul o’zgartirib yubordi. Hatto WeSellLikes kabi like sotish bilash shug’ullanuvchi saytlar ham ochildi. «Click farm» deb ataluvchi, kun bo’yi kompyuter qarshisida o’tirib turli mavzular, sahifalarga like bosib o’tiruvchi odamlar jamoalari tashkil etildi.

Klass yoki like yig’ilgan sahifalar, guruhlarni sotish bugungi kunda juda oson bo’lib qoldi. Agar Sizda Odnoklassnikida bir millionga yaqin foydalanuvchisi bor guruh, yoki Facebookda yuz mingdan oshiq like yig’ilgan sahifa bo’lsa – ularni o’zingiz istagan narxda sotuvga chiqarishingiz mumkin va hozirgi internet-biznes rivojlangan jamiyatda bu maxsulotingiz qisqa fursat ichida sotilib ketadi. Tarmoqlarda klass / like yig’ish bilan shug’ullanib, keyin uni o’zlari istagan narxga sotib yuborayotgan kishilarni tushunish mumkindir. Ammo bunday guruh va sahifalarni sotib olayotgan kompaniyalarga bundan nima foyda, deyishingiz mumkin.

Minglab klassga ega sahifalar yoki millionlab foydalanuvchini jamlagan guruhlarni harid qilgan kompaniyalar bir kunda sahifa yoki guruh ma’lumotlarini to’liq almashtirishadi. Ya’ni, guruh yoki sahifa nomi avval «Latifalar» bo’lgan bo’lsa, hariddan so’ng uning nomi kompaniya nomi bilan almashtiriladi. Avval guruh yoki sahifada latifalar haqida mavzular joylashtirilgan bo’lsa, endilikda ular korxona sotadigan maxsulotlar reklamasi bilan to’ldiriladi. Qarabsizki, latifalarga qiziquvchi guruhga a’zo bo’lgan millionlab foydalanuvchilar ham, sahifaga like bosgan kishilar ham o’z sahifalarida shu kompaniya maxsulotlarining reklamasini ko’ra boshlashadi. Kompaniya uchun bu juda yaxshi reklama usuli. Ular minglab dollar to’lab televideniya yoki radio orqali ololmagan minglab foydalanuvchilar e’tiborini 200-300 dollar to’lab olishadi va bu ular uchun juda uzoq vaqt reklama qilish imkoniyatini beradi. Chunki odamlarning ko’pchiligi bir marta qo’shilgan guruhlaridan kamdan-kam qaytib chiqishadi, yoki bir marta like qilingan sahifalarini kamdan-kam unlike qilishadi. Reklama uchun esa bu ayni muddao!

Mening fikrimcha Odnoklassnikidagi O’zbekistonlik klass yig’uvchilarning klass yig’ishga qiziqishlari – bu oddiy qiziqishdan boshqa narsa emas. Ularning birortasi klassni pul ishlab topish maqsadida yig’ishmaydi. Ammo ruslarning OKdagi guruhlari yoki mavzulariga e’tibor qilsangiz, ular klasslarni aniq yo’naltirilgan maqsadga ko’ra yig’ishadi.

Ba’zan yangiliklar tasmasida g’amgin sevishlanganlarning rasmini va kimlarningdir yuragini tilka-pora qiluvchi rus tilida yozilgan sevgi haqidagi satrlarni ko’ramiz 🙂 Satrlar oxirida esa albatta «Sen ham sevgan bo’lsang klass bos» degan joyi bo’ladi. Hayajonga berilib, ko’zimizda yosh bilan bu mavzuga klass bosamiz, ammo uning yuqori yoki pastki qismida biriktirilgan qimatbaho soat yoki atirning reklamasi borligini ko’rmaymiz. Natijada bizning 500+ do’stlarimiz biz klass bosgan mavzuni VA undagi reklamani ko’rishadi. Mana bu mavzuda rus yoki amerikalik xodim yaxshiligini taqqoslash bilan bir qatorda sotuvda bo’lgan telefon reklama qilinmoqda. Aslida mavzuni yozgan kishiga har ikkala xodimning ham ahamiyati yo’q, muhimi u reklama qilishi va telefonlarni sotishi zarur:

Yana boshqa bir usul bor: o’ta og’ir ahvolda yotgan kasal bolakayning rasmini chiqarishadi va «1 ta klass = 1 ta yordam» deb qo’yishadi. Huddiki Siz mavzuga klass bossangiz, shu rasmdagi bolachaning dardiga malham bo’luvchi yordamni berasiz. Odamlarning rahmini keltirish yoki ularning laqmaligidan foydalanish orqali yuz minglab klass yig’gan bu mavzu mo’may pulga sotilganidan so’ng butunlay o’zgartiriladi. Kasal yotgan bechora bola rasmi o’rniga qimmat qo’l soati reklamasi qo’yiladi. Bu mavzuga allaqachon yuz minglab kishilar klass bosishgan, demak bu reklamani endi yuz minglab kishilar o’z tasmalarida ko’rishadi. Bu sondagi foydalanuvchilarning sahifalariga tashrif buyurish orqali reklamani ko’ruvchilar soni esa son-sanoqsiz bo’ladi.

O’zbekistonlik foydalanuvchilarning ham «Onangni yaxshi ko’rsang klass bos», «Musulmon bo’lsang klass bos», «O’zbek bo’lsang klass bos» deydigan mavzulari juda ko’p.

Ammo ularning birortasi ham biz yuqorida fikr yuritgan, rossiyalik yoki boshqa xorijlik onlayn tijoratchilar kabi pul topish, klasslarini haqiqiy daromadga aylantirish uchun klass yig’ishmayapti. Har doimgidek, bekorchilik va maqsadsiz bema’nilik…

Yuqoridagilardan tashqari Siz bosgan klasslar va qo’shilgan guruhlarga qarab email marketing bilan shug’ullanuvchilar qiziqishlaringiz haqida bilib olishlari, Sizni o’rganishlari va shunga qarab Sizni qiziqtirishi mumkin bo’lgan reklamalarni Siz tomon yo’naltirishlari mumkin. Bu sohada Google kabi yirik kompaniyalardan boshlab kichish shaxsiy bizneslargacha bo’lgan harakatlar tinimsiz faoliyat yuritishadi. Bu, albatta, butunlay boshqa mavzu.

Klass haqidagi fikrlaringizni quyidagi fikr bildirish formasida yozib qoldiring va maqola uchun like bosishni unutmang! 😉

Abituriyentlar uchun test formulalari

9 ta fikr

  1. Azamat aka bularga tushunish qiyinda. Bunday hollar ko`p uchraydi. Ko`plari deyarli 90% lari SPOR (Garov) o`ynaydi ya`ni golosovaniya (ovoz berish). Bundan nima foyda qoladi hayronman. Yana o`lganni ustiga tepgan qilib hammani shaxsiy xabariga ovoz bervoring u qivoring bu qivoring deb yalinib yuradi. Bu qanaqasi bo`ldi…

  2. Xa lekin man O`zbekistondan 100 ming klas yiqqan odamni ko`rmadim xali

  3. Hmm fikirlarizga doim maqolalarizi oqiganimda qoil qolaman rostaman wunaqa aqillimisiz ?(hazil) qoyil sizga

  4. Lekin netda pul topiw zerikarli man iw topganimda 1ta reklamaga atigi 2 rubl tolamoqchi boliwga bu juda kam((((( internetda pul topiwga sabr kere

  5. Azamat Xadjakov face bookda masalan bir 100ming kishilik sahifa topdik deylik uni qanday sotamiz iloji bolsa so`mda

  6. Azamat Xadjakov klass yoki like ni 100 000 dan ortiq yig’sa, qanday qilib sotish mumkin?

  7. Tan olaman,sizni saytingizga bahor faslida tasodifan duch keldim,ammo ko’p narsalarni o’rgandim. Sizni saytingizga duch keldimu hayotdan qanchalik behabar ekanimni anglayapman. Sizga qoyil qolmay iloj yo’q. Barchasi uchun raxmat!

  8. Azamat Xadjakov klass yoki like ni 100 000 dan ortiq yig’sa, qanday qilib sotish mumkin va qanday saytni tafsiya qilasiz. Javob uchun oldindan rahmat!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*