Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Nega dasturchi «har sohadan bir shingil» bo’lmasligi kerak?

Nega dasturchi «har sohadan bir shingil» bo’lmasligi kerak?

Dasturchilikni o’zimga kasb sifatida qabul qilganimga ancha vaqt o’tganligiga qaramasdan, sohaga kirish davrida qanchalik ko’p o’rganishimga to’g’ri kelgan bo’lsa, hozirgi kunda ham shunchalik ko’p o’rganishga majbur bo’layapman. Texnologiyalar hech qachon bir joyda to’xtab turmaydi. Yer aylanar ekan, quyosh nuri ketgan mamlakatlarda dasturchilar uxlashga yotishadi, quyosh nuri tushgan joylardagi dasturchilar esa uyqudan uyg’onib, texnologiyalar rivojiga o’z hissalarini qo’shishda davom etishadi. Bu jarayon hech qachon to’xtamaydi va bir daqiqagan ham uzilish bo’lmaydi. Demak, hayotimizning har soniyasida sayyoramizning qayeridadir qo’nim topgan qaysidir dasturchi siz va men ishlatadigan yoki ishlatmaydigan qaysidir texnologiyaga/dasturga o’zgartirish kiritib, uni rivojlantirayotgan bo’ladi.

O’rganishlarim davomida imkon qadar ko’proq texnologiya sohalariga e’tibor qaratishga harakat qildim. Iloji boricha turli xil dasturlash tillarini o’rganishni xohladim, har xil yo’nalishlardagi ishlarga qiziqdim va «bir yigitga qirq xunar oz» shiori bilan barcha sohada professional bo’lishga urindim. Natijada, hech bir yo’nalishni qoyillatib uddalay olmaganligimga amin bo’ldim. Xulosa esa dasturchi har sohadan bir shingilni emas, aynan o’zi tanlagan bitta sohani oxirigacha mukammal o’rganishi/uddalashi kerak, degan ma’noda bo’ldi. Ushbu maqola aynan shu haqida.

Internetda xorijiy davlatlar dasturchilarining ishlarini ko’p kuzataman. Ularning Twitterlariga a’zoman, bloglarini o’qiyman va ular chiqargan yangilikning imkon qadar har birini o’rganib borishga harakat qilaman. E’tiborimni tortgan jihatlardan biri – men kuzatadigan dasturchilarning hech biri «har sohadan bir shingil» qabilida ish tutmaydi. Muvaffaqiyatli dasturchi har doim qaysidir yo’nalishda, bitta sohada mukammal ko’nikmaga ega bo’ladi. Masalan, kimdir PHPning bir imkoniyatidan ustalik bilan foydalanib, hammanikidan yaxshiroq bir mahsulot yaratadi. Yana kimdir esa faqat CSS bo’yicha boshqalardan ustun ekanligini namoyish etadi. Biz full stack deb atashga odatlangan «har sohadan bir shingil»chilardan esa deyarli hech kim dunyo internetiga o’zining yagona ustun mahsulotini taqdim eta olmagan. Full stack dasturchi bo’lishga urinayotganlar, bu yo’nalishda ilm olayotganlar ko’p bo’lishi mumkin, ammo hozirgacha ularni tanitgan hech bir mahsulotiga duch kelganim yo’q.

«Full stack dasturchi o’zi ustunlik qiladigan bir sohada hammanikidan afzal bo’lgan bir mahsulotni taqdim etishi mumkin-ku?«, dersiz? Bo’lishi mumkin! Ammo full stack bilan faqat bitta yo’nalishga e’tibor qaratgan dasturchining bu boradagi imkoniyatlari qay darajada farq qilishi mumkin, deb o’ylaysiz? Albatta, har qanday mahsulotni dunyoga qoyilmaqom tarzda taqdim etishda aynan bir sohaga e’tibor qaratgan dasturchi ustunlik qiladi.

Gap bitta mahsulotni sifatli tarzda dunyoga tanitish haqida ketar ekan, bu mahsulot dunyo yuzini ko’rishi uchun dasturchidan minglab soatlik mehnat, minglab soatlik vaqt hamda juda ko’p bilim talab etilishini ham inobatga olishimiz kerak. Aynan bitta sohada ishlaydigan dasturchi ishga bor kuchini to’laligicha yo’naltira oladi. Har xil yo’nalishlarda faoliyat yuritadigan dasturchi esa u sohadan bu sohaga o’tish jarayonida juda ko’p diqqat, vaqt va hafsalani yo’qotib qo’yadi. Shuning uchun ham kichik bir sohaning ustasi bo’lgan dasturchilar har sohada ustalik qilishga urinayotganlarga nisbatan ko’proq muvaffaqiyatga erishadi.

Sizga qanday maslahat berishim mumkin? Agar Siz ham men kabi dasturchilikni o’rganayotgan bo’lsangiz, maslahatim o’zingizga ma’qul bo’lgan bitta sohani ushlab olib, faqat shu yo’nalish bo’yicha bilimingiz va ko’nikmangizni oshirib boring. Ham Javani o’rganib Android dasturlar yaratishga, ham PHPni o’rganib saytlar tayyorlashga, ham Swiftni o’rganib iOS dasturlar yaratishga harakat qilmang. Qaysi birida yaxshiroqsiz? Qaysi biriga qobiliyangiz va qiziqishingiz kuchliroq? Aynan shu sohani tanlang. Siz bitta yo’nalishda professional dasturchi bo’lib yetishishingiz kerak. «Har sohadan bir shingil» bo’lib texnologiya zamonidan ortda qolib ketmasligingiz kerak.

Bu borada pul ishlash masalasini qanday baholash mumkin? Fikrimcha, full stack dasturchiga nisbatan bitta sohaga e’tibor qaratgan dasturchi ko’proq pul ishlashi mumkin. Ishoning, ikki-uch xil ishni o’rtameyona darajada bajaradigan dasturchilarga nisbatan buyurtmalari ancha kam bo’lsa ham, bitta ishni qoyillatib bajaradigan dasturchilarning topishi ancha yuqori bo’ladi. Tasavvuringizga kelishi mumkin bo’lgan har qanday sohada pul ishlash mumkin. Yagona sharti shuki, Siz bu sohada hammadan yaxshiroq bo’lishingiz shart! Oddiygina tugma (knopka, button) orqali pul ishlayotgan dasturchilar bor. Logoni boshqalardan yaxshiroq chizib katta foyda olayotgan dizaynerlar bor. Yoki shunchaki PSD dizaynlarni HTML/CSS asosida web sahifaga aylantirishni boshqalardan yaxshiroq uddalab shuhrat qozonayotganlar bor. Shunday ekan, o’zingizning tanlagan sohangiz qanchalik foyda keltira olishi, yoki pul keltira olmasligi haqida o’ylamang. Muhimi, bu sohaga Siz qiziqishingiz va uzoq yillar davomida minglab soat vaqtingizni bag’ishlay olishingiz kerak.

Dasturchilik (yoki har qanday kompyuter texnologiyasi) bo’yicha o’zingizning qiziqishingizni topib oling. Shunday bir sohani tanlangki, u bilan shug’ullanganingizda vaqt qanday o’tganini sezmay qoling. Sohada ishlash Siz uchun ish emas, dam olishga aylansin. Shunda bu soha bo’yicha yetuk mutaxassis bo’lib yetishishingiz mumkin.

Xulosa o’rnida mening qachonlardir yo’l qo’ygan xatolarimni takrorlab turli sohalarga aralashib yurmasdan, o’zingizga eng yoqadigan bitta sohada mukammal shug’ullaning, deb maslahat bermoqchiman. Chunki aynan shu usulda ishlash muvaffaqiyat sari eng qisqa yo’l ekanligini shaxsan anglab yetdim.

Mavzuga oid hazil rasm:

Abituriyentlar uchun test formulalari

5 ta fikr

  1. Juda foydali maqola chiqibdi, dasturlash sohasiga kirayotgan, o’zini har yonga urib, har narsani qilib ko’rmoqchi bo’lganlar uchun ayni muddao. Shahsan o’zim frontent dasturlashga judayam qiziqib, ish boshlaganimdan keyin backend qismini ham o’zim qilsam degan hohish uyg’ongan. Ammo backend dasturlashni o’rgana boshlaganimdan keyin ikkalasini ham bir maromda, mukammal tarzda olib ketolmasligimni tushundim va ko’p ikkilanishlar bilan backend dasturlash kursidan chiqib ketdim. Butun e’tiborimni frontent dasturlashni mukammal o’rganishga qaratdim, Allohga shukur hozir o’zim istagan sohada o’zim istaganimdek web studiyada ishlab kelyapman, ishlarimni ko’rgan boshqa bir-nechta web studiyalardan ham proyektlar olyapman. Asosiysi backend dasturlash kursini tark etganimga aslo afsuslanmayman. So’zim ohirida bir naqlni esga solmoqchiman, «Ikkita qayiqqa osilgan odamning cho’kib ketishi aniq!».

  2. salom Azamat men sizning «Nega dasturchi «har sohadan bir shingil» bo’lmasligi kerak?» nomli maqolangizni o’qib chiqdim. Albatta fikrlaringiz menga maqul. Bu jarayon mening boshimdan ham utgan lekin haligacha tan olishni xoxlamayman. Hamma yengi narsalarni urganishni xoxliman. Bunga erishganlar yuq deb yozibsiz lekin youtube.com dan Sorax kanalini qarab kurin manimcha fikringiz uzgaradi.

  3. Mashhur Brucee Lee ning bir gapi bor.
    «Men har kuni 100 lab usullarni takrorlab mashq qiladigan odamdan qo’rqmayman. Bitta usulni 100 lab, 1000 lab marta takrorlaydigan odamdan qo’rqaman.»

    Bu fikr hamma sohalar uchun to’g’ri.

    Masalan, men 3 ta tilda ishlaganman. Lekin C++ ni yaxshiroq bilaman chunki unda ko’proq vaqt sarflaganman. Biror sohada qancha ko’p shug’ullansangiz tajribangiz shuncha ortaveradi. Buning oxiri yo’q.
    Hatto «professional darajadagi bilim» tushunchasi ham nisbiy.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*