Bosh sahifa / Muallif haqida

avatar-resizedXodjakov Azamat Baxtiyorovich

1988-yil 9-fevral kuni Surxondaryo viloyati, Termiz shahrida tug’ilgan.

Ma’lumoti – oliy. 2011-yil Termiz davlat universitetining Filologiya fakultetini ingliz tili mutaxassisligi bo’yicha tugatgan.

2011-yil noyabr oyidan 2015-yil noyabr oyiga qadar o’z mutaxassiligi bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Surxondaryo viloyati, Termiz tumani 4-umumiy o’rta ta’lim maktabida ingliz tili fani o’qituvchisi vazifasida faoliyat ko’rsatgan. Bugungi kunda o’z orzulari ro’yobi sari harakat qilib, to’liq vaqtini yangi internet texnologiyalarini o’rganishga va insoniyat uchun foyda keltirishi mumkin bo’lgan loyihalarni hayotga tadbiq etishga sarflamoqda.

Maqsadlari: Termiz shahrini ingliz tili va axborot-internet texnologiyalari sohalari bo’yicha O’zbekistonning birinchi raqamli shahriga aylantirish; Kelajakda ushbu sayt orqali O’zbekistonda faoliyat ko’rsatayotgan ingliz tili o’qituvchilarini dars o’tish metodlari almashinuvi, dars jarayonini takomillashtirish va ingliz tilini internet orqali online tizimda o’rgatishni rivojlantirish maqsadida birlashtirish; Ingliz tilini mustaqil o’rganuvchilar uchun global tarmoqda bepul, qulay va boy resursga ega bo’lgan sayt yaratish.

Muallif sayt haqida: Ingliz tilini internet orqali o’rganishga asoslangan ushbu sayt O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarini o’rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-1875-sonli qarori ijrosiga hissa qo’shish maqsadida yaratildi. Bu sayt orqali har qanday foydalanuvchi ingliz tili grammatikasini o’rganishi, video darslar orqali o’z bilimini mustahmalashi va jonli muloqot yordamida o’zini qiziqtirgan savollarga javob olishi mumkin.

Ushbu sayt to’liq o’rganishlarim va tajribalarim asosida yaratilgan. O’rganishda davom etayapman, tajribalarim esa ortib borayapti, demak sayt maqolalari ham ko’payib boradi. O’rgatish orqali o’rganish samaraliroq bo’lishini tushunib yetganimdan boshlab o’z tajribalarimni butun dunyo bilan www.azamat.uz sayti orqali baham ko’rishga ahd qildim. Bilim-tajribalarim juda cheklangan bo’lganligi sababli blogimda ham bo’limlar ko’p emas. Faqat o’zim qiziqqan, o’rganayotgan va boshqalar bilan bo’lishish darajasida bo’lgan sohalarim bo’yicha yozayapman.

Mutaxassisligim va kasbim ingliz tili bilan bog’liq bo’lganligi sababli blogimdagi asosiy resurslar va maqolalar ingliz tili bilan bog’liq. Tilni o’rganish va o’rgatish bo’yicha maqolalarim orqali kimgadir amaliy yordam bera olsam o’zimni xursand his qilgan bo’lardim. Bu blog faqat o’qishga yaroqli bo’lgan zerikarli gazetaga o’xshab qolmasligi kerak – blogda har bir maqola uchun fikrlar bildirish imkoniyati bor. Savol-javoblar asosida yangi bilimlarni o’rgansam yoki kimgadir bilmaganini o’rgatsam – demak, o’zimni saytimdan ko’zlagan asosiy maqsadimga erishgan deb hisoblayman!

Ingliz tilidan tashqari “shaxsiy rivojlanish” (Personal development) sohasiga juda qiziqaman. Ruhshunoslikni o’rganish jarayonida inson ruhiyati, shaxsiy rivojlanish va o’z-o’ziga emotsional yordam ko’rsatish sohalarini qiziqib o’rganganman. Bu sohada eng sevimli muallifim Deyl Karnegi. Shu sababli bu yo’nalishdagi maqolalarimda Deyl aka bilan fikrlarimizning mutanosibligini sezishingiz mumkin.

“Ham sayohat, ham tijorat” deganlaridek saytimdan ba’zi “to’lovli” resurslarni ham topishingiz mumkin. Saytimda to’lovli resurslarni sotib olish orqali Siz AZAMAT.UZ saytining kelajakda hali uzoq vaqtlar www tarmog’ida online bo’lib turishiga va ilm olishni xurmat qiluvchi kishilarni doim birlashtirib turishiga o’z hissangizni qo’shgan bo’lasiz.

Sayt qurilish jihatidan to’liq zamonaviy; Siz saytimizdan kompyuterda, iPhone yoki shunga o’xshash sensorli telefonlarda, planshet moslamalarda, internet tarmog’iga ulanish imkoniyati bo’lgan uy televizorlarida bemalol foydalanishingiz mumkin. Siz foydalanayotgan moslamaga qarab saytning dizayni ham qulaylik jihatidan moslashadi. AZAMAT.UZ sayti har doim, qayerda bo’lsangiz ham, Siz bilan birga bo’lishga harakat qiladi.

Xullas, bu sayt faqat Siz va sizning qimmatli fikrlaringiz tufayli o’z qadr-qimmatini oshirib boradi. Bu sayt kelajakda mening orzuimdagidek o’rganish va tajriba almashish sayti bo’lib yetishadi. Zero… Shu o’rinda gapimni Alisher Navoiyning ushbu so’zlari bilan tugatmoqchiman:

Bilmaganni so’rab o’rgangan olim, orlanib so’ramagan o’ziga zolim!

 

Saytda foydalanilgan ba’zi fotosuratlar www.uza.uz saytidan, boshqalari internetning turli saytlaridan olingan. Bu fotosuratlar mualliflik huquqlari ularning xurmatli egalariga tegishlidir.

Xalq ta'limi Vazirligi tomonidan berilgan faxriy yorliqEng yaxshi o'qituvchi veb-sayti nominatsiyasi bo'yicha 2015-yilda respublikada birinchi o'rin!

Milliy Internet Tanlov - 2015: birinchi o'rin!

faxriy_yorliq_rtmdiplom_tanlov_2014

step7

step6

step2step1

step3

step4

step5