Bosh sahifa / Sayt tayyorlash / Laravel yoki Yii: qaysi foydaliroq?

Laravel yoki Yii: qaysi foydaliroq?

Ushbu maqolada boshqalar tomonidan yetarlicha solishtirilgan, dasturchilar orasida yetarlicha mashxur bo’lgan ikkita PHP frameworklar – Laravel va Yii frameworklarini eng ko’p foyda keltirishiga ko’ra shaxsiy fikrimga asoslangan holda qisqacha taqqoslamoqchiman. Har ikki framework ham o’zining qulaylik va noqulayliklariga ega. Ikkalasiga ham yetarlicha kuchli. Dasturchilik faoliyatim davomida Laravel va Yii frameworklari bilan bir xil darajada ishlash baxtiga muyassar bo’lganman. Fikrimcha, ularning dasturchiga pul keltirishi jihatida katta farqi bor. Quyida shu jihatlarni ko’rib chiqamiz.

Yii framework

Asosan MDH davlatlarida (Osiyoda) ishlatiladigan bu framework sekin-asta g’arb davlatlariga ham yurish qilayotgani haqiqat. Amerika yoki Yevropada Yii ishlatadigan studiyalarni albatta topishingiz mumkin. U yerda bu framework asosida yaratilgan saytlar/tizimlar ham uchrab turadi.

Yii frameworkdan O’zbekistonda keng foydalanishadi. PHP dasturchilarimizning asosiy qismi aynan shu framework asosida ishlashadi. Olx.uz saytidagi dasturchi so’rab berilgan e’lonlarning asosiy qismida PHP dasturchilarga Yii framework asosida ishlash talabi qo’yilganligini kuzatish mumkin.

O’zbekistonda davlat saytlari/portallarning aksariyati Yii framework asosida yasalgan. PHP dasturchi sifatida O’zbekistonda ishlamoqchi bo’lsangiz, Yii framework ustasi bo’lishingiz maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Xorijdan buyurtma olib ishlashni istagan freelancer PHP dasturchilar Yii bilan bog’liq buyurtmalarni asosan Rossiya, Sharqiy Osiyodan olishlari mumkin. Osiyoda dasturchilarga g’arb davlatlariga nisbatan ancha kam haq bo’lashlarini hamda aynan shu hududda Yii dasturchilarning ko’pligini hisobga olsak, Yii framework asosida ishlaydigan dasturchilar Laravel dasturchilariga nisbatan kamroq haq olishadi.

Laravel framework

Asosan g’arb davlatlarida mashxur bo’lgan bu framework O’zbekistonda ham, Osiyo davlatlarida ham o’z o’rniga ega. Toshkentdagi studiyalarning aksariyatida Laravel dasturchilar bor. Olx.uz orqali berilgan e’lonlarda ham PHP dasturchilardan Laravelni yaxshi bilish talab etilgan joylarini ko’rishimiz mumkin.

Amerika va Yevropada ayni davrda PHP bo’yicha Laravel framework birinchi o’rindagi mashxurlikda turibdi. Upwork kabi masofadan ish izlashgan mo’ljallangan saytlardagi PHP dasturchi so’rab berilgan e’lonlarning aksariyatida Laravel ustalari e’tirof etilgan.

Agar Siz PHP dasturchisi bo’lsangiz va asosiy daromadni xorijdan, masofadan turib ishlagan holda olmoqchi bo’lsangiz, Laravel framework daromad olishingiz uchun eng qulay hisoblanadi. G’arb davlatlarida dasturchilarga nisbatan ko’proq haq to’lanishini, ayni davrda dollar narxining yuqori ekanligini hisobga olsak, Laravel Siz uchun dasturchilik asosida katta daromad olishning eng to’g’ri yo’li hisoblanadi.

Xulosa

Shaxsan menga Yii bilan ishlash ko’proq yoqadi. Laravelning esa ko’proq pul keltirish imkoniyatiga egaligi o’ziga ko’proq jalb qiladi. Siz har ikki frameworkni ishlatib ko’rib, o’zingiz uchun xulosa chiqarishingiz kerak bo’ladi. Shaxsiy fikrimga ko’ra esa: 1. Yii hech qachon g’arbni to’liq qamrab olib, Laravel darajasiga ko’tarila olmaydi; 2. Laravel yaqin kelajakda yo’q bo’lib ketmaydi.

Kelajakdagi rejalaringizga e’tibor qarating. Faoliyatingizning keyingi bosqichlarini qay holatda ko’rayapsiz? O’zbekistonda dasturchi bo’lib ishlamoqchimisiz? Buyurtmalarni asosan O’zbekistondan va bizga yaqin davlatlardan olishni xohlaysizmi? Unda Yii framework Siz uchun yaxshi tanlov bo’lishi mumkin!

Siz ingliz tilida yaxshi muloqot qila olasiz. PHP bo’yicha bilimingiz va malakangiz yetarlicha. G’arb davlatlari dasturchilari bilan bellasha olishingizga ishonasiz. Buyurtmalarni faqat o’zimizda emas, sohangizda bir pog’ona yuqoriga chiqqan holda butun dunyodan olishni istasangiz – Laravel framework Siz uchun eng ma’qul tanlov.

Unutmang, qaysi framework asosida ishlashingizdan qat’iy nazar o’z ishining ustasi hamma joyda ham qadrlanadi. Boshqalardan yaxshiroq qila olgan ishingiz uchun hamma joyda boshqalardan ko’proq haq olib ishlashingiz mumkin.

Abituriyentlar uchun test formulalari

Bitta fikr

  1. Yordam.uz saytida e’lon qilingan «Qanday PHP framework tanlagan ma’qul?» sarlavhali savolga bir necha kishi javob qaytargan ekan. Ularning fikrlarini ko’rib chiqishingiz mumkin: https://yordam.uz/1721/qanday-php-framework-tanlagan-maqul?show=1761

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*