Bosh sahifa / Abituriyentga / Ingliz tilida gapirishni rivojlantirish

Ingliz tilida gapirishni rivojlantirish

Ingliz tilida gapirishni o’rganish qiyin, hatto ingliz tilini bir necha yillar davomida o’rgangan kishilar ham tilni gapirishga kelganda ancha qiynalishadi. Ingliz tilini kirish imtihonlaridagi testlardan o’tish uchun, yoki gapirishdan boshqa sabablarga ko’ra o’rgangan kishilar til grammatikasini, qoidalarini yaxshi o’zlashtirgan bo’lishi mumkin. Ammo bunday o’rganuvchilar uchun ingliz tilida gapirish ko’pincha oson kechmaydi. Ushbu maqolada qanday qilib ingliz tilida ma’lum darajadagi bilimga ega bo’lgan holda tez va ifodali gapirish ko’nikmasini rivojlantirish haqida yozmoqchiman. Fikrimcha, ingliz tili grammatikasidan xabardor bo’lgan, ammo gapirishga qiynaladigan o’rganuvchilarning ko’pchiligi ushbu sohada o’z ko’nikmalarini imkon qadar rivojlantirishni juda xohlashadi.

Ingliz tilida gapirish ko’nikmasini rivojlantirish uchun eng avval talaffuzga e’tibor berishimiz kerak. Agar ingliz tilidagi so’zlarni to’g’ri talaffuz qila olmasak, nutqimiz boshqalar uchun tushunarsiz bo’lib qolishi mumkin. So’z boyligimizda mavjud bo’lgan barcha ingliz tilidagi so’z va iboralarimizning to’g’ri talaffuzini birma-bir tekshirib, o’rganib chiqishimiz kerak bo’ladi. So’zlarning to’g’ri talaffuzini o’rganish uchun ingliz tili fonetikasini to’liq o’zlashtirishingiz shart emas. Alohida so’zlarning qanday talaffuz qilishinishini bilish uchun lug’atlarda beriladigan so’zlarning transkripsiyasini o’rganib chiqishimiz yetarli bo’lishi mumkin. Bundan tashqari bugungi kunda internet orqali ingliz tilidagi barcha so’zlarning to’g’ri talaffuzini eshitish orqali o’rganib olishimiz mumkin. Misol uchun, www.dictionary.com saytiga kirib, istalgan ingliz tilidagi so’zni qidirsangiz, so’z ma’nosi bilan bir qatorda so’zning to’g’ri talaffuzini eshitish imkonini beruvchi kichik eshitish belgisi ham ko’rinadi. Bu orqali biz ingliz tilidagi barcha so’zlarning to’g’ri talaffuzini o’rganib olishimiz mumkin.

Ingliz tilida gapirish ko’nikmasini rivojlantirish uchun zarur bo’lgan yana bir mashg’ulot – bu ingliz tilidagi nutqni tinglash. Nuqt shaklining qanday bo’lishi ahamiyatsiz – dialog, monolog, qo’shiq, she’r, hikoya, kinofilmdan olingan audio nutq… Muhimi, nutq sof ingliz tilida bo’lishi kerak. Ko’pchincha o’rganuvchilar ingliz tilida gapirishni o’rganish uchun ko’proq o’qish kerakligi haqida bosh qotirishadi. Ingliz tilidagi matnlarni, kitob va jurnallarni o’qish so’z boyligingizni oshirishda yordam berib, gapirish ko’nikmasining rivojlanishiga ma’lum darajada ijobiy ta’sir qilishi mumkin. Lekin hech bir boshqa mashg’ulot gapirish ko’nikmangizni rivojlantirishga tingashdek yaxshi ta’sir ko’rsata olmaydi. Shunday ekan, gapirishni xohlasangiz kitoblarni chetga surib qo’yib ingliz tilidagi nutqni ko’proq tinglashga harakat qiling. Ingliz tilida filmlar ko’ring, qo’shiq, dialog va monologlarni tinglang. Tinglash orqali so’z boyligingizni oshirish bilan bir qatorda, so’zlarning to’g’ri talaffuzini ham o’rganib olasiz.

Ingliz tilidagi matnlarni ovoz chiqargan holda o’qing. Kimgadir ingliz tilida hikoya o’qib bering. Kitoblarda berilgan ingliz tilidagi she’rlarni ifodali o’qishga harakat qiling. Umuman, ingliz tilida gapirishni o’rganish uchun kitobni shunchaki o’qish bilan cheklanib qolmasdan, o’qish jarayonida nutqingizni ham ishga soling. Ingliz tilida gapirish jarayonida asosan ikki turdagi qiyinchilik yuzaga kelishi mumkin:

  • Aqliy qiyinchilik: qaysi so’z yoki iborani aytishni o’ylab qolish;
  • Jismoniy qiyinchilik: so’zlarni to’g’ri talaffuz qilish.

Matnlarni ovoz chiqarib o’qish ikkinchi turdagi qiyinchilikni birinchi turdagi qiyinchilik haqida o’ylamagan holda yengib o’tishingizda yordam beradi. Bu mashg’ulot lablaringiz va tilingizni ingliz tilini tabiiy tarzda talaffuz qilishga tayyorlaydi. Har bir matnni ikki marta o’qishingizni tavsiya etaman. Birinchi marta o’qishda sekinlik bilan o’qing va so’zlarning to’g’ri talaffuz qilinishiga ahamiyat bering. Bu jarayodan talaffuz qilinishi qiyin tuyulgan so’zlarni alohida belgilab ketishingiz ham mumkin. Ikkinchi marta o’qishda esa matnni tabiiy tezlikda, huddi gapirayotganingizdek o’qishga, shu bilan bir qatorda so’zlarni to’g’ri talaffuz qilishga harakat qiling.

Alohida so’larni emas, iboralarni yodlashga harakat qiling. Har bir yodlanayotgan yangi iboralar ishtirokida kamida 10 ta gap tuzing va ularni qayta-qayta o’qish orqali yodlanayotgan iboraning har birini eslab qolishga harakat qiling. Masalan, work so’zi ishtirokidagi iboralarni o’rganmoqchimiz. Mana bunday gaplar tuzishimiz mumkin:

  1. I was at work yesterday. – Kecha ishda edim.
  2. Do you have to work? – Ishlashingiz shartmi?
  3. He is out of work. – U ishsiz.
  4. We’ll work it out. – Biz buni hal qilamiz.
  5. I have a lot of homework. – Mening uyga vazifalarim ko’p.
  6. She’s doing the housework. – U uy ishlarini qilayapti.

Bu tarzda yodlash iboralarni tabiiy gap muhitida ishlatish imkonini beradi va shu tariqa ularni tezlik bilan eslab qola olasiz.

Ingliz tilida gapirishni imkon qadar gapirish orqali o’rganishga harakat qiling. To’g’ri, ingliz tilida gaplashish mumkin bo’lgan sherik topish har doim ham oson bo’lavermasligi mumkin, ammo izlangan kishi har doim imkon topishini unutmang! Balki ingliz tilida gaplashishni o’rganish ishtiyoqida bo’lgan tanishlaringiz, o’rtoqlaringiz bordir? Internet orqali xorijlik do’stlaringiz bilan ingliz tilida yozma suhbat qurishingiz mumkindir? Balki xorijdagilarga telefon qilish orqali ular bilan suhbatlashish imkoniyatingiz bordir? Qaysi usulda bo’lmasin, ingliz tilida gapirishni gapirish orqali o’rganishga harakat qiling.

Ingliz tilida erkin og’zaki muloqotga kirisha boshlar ekansiz, tilda gapirayotganingizda grammatika muloqotdan keyingi ikkinchi o’rinda turishini unutmang. Ingliz tilida gaplashganingizda Siz muloqot qilishingiz kerak bo’ladi, grammatik jihatdan to’g’ri gaplarni ishlatishingiz esa ikkinchi darajali muhimlikka ega bo’ladi. Misol uchun, ingliz tilini ona tili sifatida gaplashadigan Amerikali, Angliyalik, yoki Avstraliyalik kishiga Yesterday I go to party on beach desasangiz, u Sizning nima demoqchi ekanligingizni tushunib oladi. Bu gap grammatik jihatdan xato, ammo nima farqi bor? Muhimi muloqot! Muhimi, so’z grammatikasi xato bo’lgan bo’lsa ham, suhbatdoshingiz nima demoqchi ekanligingizni tushunib oldi. Bunday grammatika xatoga yo’l qo’yish Yesterday I… degandan keyin butunlay jim bo’lib to’xtab qolishdan yaxshiroq. Yesterday I… deganingizdan keyin qaysi fe’lni qaysi zamonda, qanday grammatik qoidaga asoslanib ishlatishingiz kerakligi haqida o’ylashingiz ingliz tilida muloqot qilishigizda jiddiy muammolarni yuzaga keltiradi. Shunday ekan, grammatikadan hovotir olmasdan, ingliz tilida gapirishga e’tibor qarating!

 Ingliz tilida gapirganingizda sekin tezlikda gapirishga harakat qiling. Tezlik bilan gapirish ingliz tilida yaxshi gapira olishingizni anglatmaydi. Ingliz tilida sekin gapirishga harakat qilishignizning ikkita foydali jihati bor:

  1. Gapirayotganingizda navbatdagi o’rinda nima demoqchi ekanligingizni o’ylab olish uchun yetarlicha vaqtga ega bo’lasiz;
  2. Sekin gapirilganda talaffuzingiz aniq bo’ladi va tinglovchi nutqingizni osonlik bilan tushuna oladi.

Ingliz tilida tezlik bilan gapirish ko’nikmasiga kelsak, bu ko’nikma vaqt o’tgan sari tinimsiz mashg’ulotlar va o’z ustingizda ko’proq ishlash bilan tabiiy ravishda shakllanadi.

Fikrlash va o’ylash jarayonida har bir kishi o’zi bilanmagan holda, ichidan o’ziga-o’zi gapiradi. Bu tabiiy hol. Hammamiz shunday qilamiz. Ingliz tilida gapirish ko’nikmangizni rivojlantirish uchun shu ichki o’z-o’ziga gapirish jarayoningizni to’liq ingliz tiliga o’tkazishga harakat qiling. Siz shu vaqtga qadar o’zbek tilida o’ylab kelgansiz, shuning uchun ingliz tilida o’ylashga ko’nikish bir oz qiyin bo’lishi va vaqt talab qilishi mumkin. Shoshilmang va o’zingizda ingliz tilida fikrlash, o’ylash odatini shakllantiring.

Ingliz tilida gapirish jarayonida aytmoqchi bo’lgan gapingiz uchun mos so’z topa olmay qolsangiz, o’zingizni yo’qotib qo’ymang va eslashga urinayotgan so’zingizning ma’nodoshini ayting, yoki shu so’zga ta’rif berib o’ting. Bunday qobiliyatga ega bo’lish uchun, albatta, sizda so’z boyligi yaxshi shakllangan bo’lishi kerak. Bundan tashqari, agar aytmoqchi bo’layotgan so’zingizni eslay olmasangiz, ma’nodosh so’zni ham topa olmasangiz, hech ikkilanmay suhbatdoshingizdan bu so’zning aytilishini so’rashingiz mumkin. Quyidagi misolda keltirilganidek:

– “What does your sister look like?”

– “She’s very tall, and… um… she’s… what’s the opposite of ‘fat’?”

– “Thin?”

– “Yes! She’s tall and thin.”

Bilmay turgan so’zingizni so’rab olib, suhbatni davom ettirib ketishingiz butunlay jim bo’lib qolishga nisbatan ancha yaxshiroq yechim hisoblanadi.

Ingliz tilida gapirishni o’rganish jarayonida o’zingizni erkin tuting va hayajonlanishsiz, butun e’tiborni gapirishga qarating. Gapirish jarayonida xatolarga yo’l qo’yish tabiiy ekanligini tushuning. Hech kim xatolarsiz o’rganmagan. Siz ham gapirishni o’rganishda xatolarga yo’l qo’yasiz. Muhimi, bu xatolarda to’xtab qolmasdan, gapirishning yuqoriroq, keyingi bosqichiga ko’tarilish va o’z ustida tinimsiz ishlash, ekanligini doim yodda tuting.

Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

18 ta fikr

  1. javobingiz uchun raxmat albatta. kechirasiz yana bir savol: grant yutib olinadigan programmalarni yoki tanlovlarni qanday yoki qaysi saytdan topsam boladi

  2. salom. yana bir narsa sorasam maylimi sizdan: chet elga ketish uchun grantlar yutib olinadigan programmalar yoki tanlovlarni qanday qilib yoki qaysi saytdan topsam boladi. qatnashishni judayam xoxlayman lekin qandayligini bilolmayapman.

  3. Assalomu alaykum. Iltimos shu so’zlani tarjima qiberin. Tug’ilgan kuning bilan tabrikliman. Doimo sog’ salomat bo’lgin. Yuzingdan samimiy tabassum arimasin. Seni yaxshi ko’rib qoluvchi … jamoasi.

  4. Iltimos jovob yozvorin zarilidi manga

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*