Bosh sahifa / Grammatik mavzular / Ikkichilar uchun perfect zamonlar haqida umumiy tushuncha

Ikkichilar uchun perfect zamonlar haqida umumiy tushuncha

Ingliz tilini ilk bor o’rganayotganlar uchun perfect zamonlarni tushunish ancha qiyin bo’lishi mumkin. O’rgatuvchi sifatidagi ish tajribamdan kelib chiqqan holda aytamanki, ingliz tili grammatikasini endigina o’rganayotgan yoshlar o’tgan zamon va tugallangan zamonlar o’rtasidagi farqni juda katta qiyinchilik bilan tushunib yetishadi. Ular uchun o’tgan va tugallangan zamonlardagi ish-harakatning tugaganligi bir xil bo’lsa-da, nima uchun o’tgan zamon ko’rsatilgan vaqtiga ko’ra, tugallangan zamon esa hozirda ko’rinib turgan natijasiga ko’ra farqlanishini tushunish qiyin kechadi. Quyida juda chalkashgan o’rganuvchilar uchun prefect zamonlarning umumiy mazmuni va ularning o’tgan zamondan farqi haqida imkon qadar oddiyroq usulda tushuntirib berishga harakat qilaman.

PRESENT PERFECT. Bu zamon o’zbek tiliga «hozirgi tugallangan zamon«, deb tarjima qilinadi. Present prefect zamonida ish harakat tugagan, ammo o’sha ish-harakat natijasiga bog’liq bo’lgan, yoki natija sababli yuzagan kelgan holat vaqti tugamagan bo’ladi. Qisqa qilib, ish harakat tugaydi, ammo vaqti tugamaydi, deyishimiz mumkin. Buni misollarda ko’ramiz:

I have bought a new car – Men yangi mashina sotib oldim (Sotib olganlish ish-harakatim tugab bo’ldi, ammo uning natijasi – menda yangi mashinaning borligi vaqti hali tugagani yo’q, menda hali ham o’sha mashina bor!).

They have had dinner – Ular tushlik qildi (Ovqatlanish, tushlik qilish ish-harakati tugadi, ammo uning natijasidagi to’qlik, ochlikning mavjud emasligi holati hali tugagani yo’q. Natijaning vaqti hozirda ham mavjud).

He has cleaned his shoes – U oyoq kiyimlarini tozaladi (Tozalash jarayoni, ish-harakati allaqachon nihoyasiga yetib bo’ldi, ammo uning natijasida kelib chiqqan oyoq kiyimlarning tozaligi hozirda ham mavjud. Uning oyoq kiyimlari hozir ham toza).

Endi yuqoridagi gaplarni Past Simple (O’tgan oddiy zamon)dan qanday farqlash mumkinligini ko’ramiz. O’tgan oddiy zamonda ham huddi hozirgi tugallangan zamonda bo’lgani kabi, ish-harakat to’liq tugallangan bo’ladi. Ammo birgina farqi – o’tgan oddiy zamonda ish-harakat ham, u bajarilgan yoki keltirib chiqargan natijasining vaqti ham tugagan bo’ladi. Bunday gaplarda odatda ish-harakat bajarib tugatilgan vaqt ko’rsatiladi. Quyidagi misollarga qarang:

I bought a car yesterday – Men kecha mashina sotib oldim (Mening mashina sotib olish ish-harakatim kecha tugadi, men bu gapda natijani, menda mashina borligini emas, ko’proq mashina sotib olganligimni ta’kidlayapman. Ish-harakat bajarilgan vaqt, «yesterday» ko’rsatilgan).

They had dinner at 7 o’clock – Ular soat 7 da tushlik qilishdi (Ularning tushlik qilish ish-harakati soat yettida bajarib, tugatildi. Bo’ldi, u vaqt o’tib ketdi! Biz ularning tushlik qilishi natijasida hosil bo’lgan to’qlik hissi haqida gapirmayapmiz, balki tushlik qilish ish-harakati haqida gapirayapmiz. Bu ish-harakat esa soat yettida bajarib, to’liq tugallanib bo’ldi).

He cleaned his shoes 15 minutes ago – U 15 daqiqa avval oyoq kiyimlarini tozaladi (Biz bu gapda uning oyoq kiyimlari qanchalik toza, yoki tozalash ish-harakatidan keyin oyoq kiyimlarda paydo bo’lgan natija haqida gapirmayapmiz. Biz o’sha oyoq kiyimlarning tozalash jarayonini, bajarilgan ish-harakatning o’zini hisobga olib, uning 15 daqiqa avval bajarilib, to’liq tugaganligiga urg’u berayapmiz).

PRESENT PERFECT zamonining natijadan tashqari yana bitta, «butun umri davomida» degan ma’nosi ham bor. Bunday gaplarda yana natijaga e’tibor beriladi, ammo bu natijaning butun umri davomida bajarilgan, bajarilmagan, yoki bir necha bor bajarilganligiga ahamiyat beriladi. Mana misollar:

I have been to London – Men Londonda bo’lganman (Umrim davomida, qachonligining ahamiyati yo’q, tug’ilganimdan to hozirga qadar men London shahrida bo’lib qaytganman. Bu natija butun umrga tatigulik voqea sifatida e’tirof etilayapti).

They have not seen this film – Ular bu filmni ko’rmagan (Hozirga qadar ularning umrlarida bu filmni ko’rish tajribasi mavjud emas).

Has he ever ridden a horse? – U biror marta otga minganmi? (Uning umri davomida, hozirga qadar otga minish tajribasi bormi?).

PRESENT PERFECT CONTINUOUS zamoni o’zbek tiliga «Hozirgi tugallangan davomli zamon«, deb tarjima qilinishi mumkin. Bu zamonda yuqorida o’rgangan Present perfect zamoni haqidagi bilimimiz kerak bo’ladi. Bu ham hozirgi tugallangan zamon, faqat bitta farqi – u «continuous», ya’ni «davomli», davom etib turadigan. Bunda ham o’tgan zamonda qaysidir ish-harakat bajarib tugatilgan bo’ladi va uning natijasida kelib chiqqan holat, uning natijasi hozirda ham mavjud bo’ladi. Ammo bu natija shunchaki mavjud bo’lib qolmasdan, davom etib turadi. Present Perfect Continuous zamoni natijasi davom etib turar ekan, demak u doimiy emas, balki vaqtincha natija hisoblanadi. Vaqtincha natija, degan iborani qanday tushunish kerak? Bunda natija ma’lum bir oz vaqt davom etadi va tugaydi, butkul yo’q bo’lib ketadi.

Present Perfect Continuous zamonidagi gaplarning yasalish formulasi ham zamon nomiga to’liq mos tushadi. Qarang:

EGA + HAVE/HAS + BEEN + FE’L + ING

Yuqoridagi yasalish formulasining EGA+HAVE/HAS+BEEN (ya’ni, TO BE fe’lining sifatdosh 2, past participle shakli) qismi Hozirgi tugallangan zamonga tegishli.

Formulaning BEEN (TO BE fe’lining shakli)+FE’L+ING qismi esa hozirgi davomli zamonning yasalishiga tegishli. Bu qism ish-harakatning davom etib turganligini bildirish uchun ishlatiladi.

Endi vaqtincha davom etib turib, keyin yo’qolib ketadigan natijaga ega bo’lgan ish-harakatlarni ifodalovchi gaplarga misollarni ko’rib o’tamiz:

He’s out of breath. He has been running – U tez-tez nafas olayapti. U yugurgan (Uning yugurganligi natijasi hozir ko’z o’ngimizda ko’rinib turibdi, ammo bu natija doimiy emas, u bir oz vaqt o’tirib, dam olsa bu natija, ya’ni uning tez-tez nafas olayotganlik holati butkul yo’qolib ketadi).

There’s water on the ground. It has been raining – Yerda suv bor. Yomg’ir yog’ibdi (Yerdagi suv, yomg’ir yog’ib o’tib ketganligining natijasi. Ammo bu doimiy natija emas, balki quyosh chiqib turganda bir oz vaqtdan so’ng yerdagi suv batamom qurib, yo’q bo’lib ketadi).

There is smoke in the room. Somebody has been smoking – Xonada tutun bor. Kimdir chekibdi (Kimdir allaqachon chekib bo’lgan va bu ish-harakatning natijasi, tutun hozirda davom etib turibdi. Bu vaqtincha natija hisoblanadi, chunki derazalarni ochsak, bir ozdan so’ng tutun xonadan butkul yo’qolib ketadi.

Hozirgi tugallangan davomli zamonning yana bitta ma’nosiga «o’tgan zamondan to hozirga qadar uzluksiz, yoki an’anaviy tarzda bajarilib kelinadigan ish harakatlarga nisbatan ishlatiladi», deb ta’rif berishimiz mumkin. Bu ta’rifni ikki hil davomiylikda bajariladigan ishlarga nisbatan, deb tushunish kerak.

Birinchidan, ish-harakat o’tgan zamondan to hozirga qadar hech bir uzulishsiz davom etib kelayotgan bo’lishi mumkin. Masalan: I have been doing my homework since 5 o’clock – Men uyga vazifamni soat 5 dan beri bajarayapman (Ish-harakat hozir ham bajarilayapti va u boshlangandan to hozirga qadar bajarilishdan bir daqiqa ham to’xtatilmagan).

Ikkinchidan, oraliq uzulishlar bo’lgan bo’lsa ham, an’anaviy tarzda bajarilib kelinayotgan ish-harakatlarga nisbatan ishlatiladi. Masalan: My uncle has been smoking for 7 years – Mening amakim 7 yildan beri chekadi (Bu degani, amakim 7 yil davomida chekmagan bo’lgan vaqtlari bor, masalan, u kishi dush qabul qilayotganda, ovqatlanayotganda yoki uxlayotganda sigaret chekmasdi, 🙂 ammo shunga qaramasdan bu ish-harakat, ya’ni chekish a’nanaviy tarzda hozirga qadar uzluksiz davom etib kelayapti).

PAST PERFECT o’zbek tilida «O’tgan tugallangan zamon«, deb yuritiladi. Bu zamon yuqorida tushuntirib o’tilgan hozirgi tugallangan zamon ma’nosidek ma’no anglatadi, faqat birgina farqi – o’tgan zamonda. Ta’rifi: O’tgan tugallangan zamon o’tgan zamondagi ma’lum bir ish-harakatgacha bajarib tugatilgan va natijasi o’sha o’tgan zamonda ko’rinib turgan ish-harakatga nisbatan ishlatiladi. Buni qanday tushunish mumkin? Qarang:

Tom had left when I came to the party – Men bazmga kelganimda Tom ketgan ekan (Men bazmga o’tgan zamonda bordim, ammo borganimda Tom allaqachon, men borishimdan oldin ketgan ekan. Ish-harakat men borishimdan oldin bajarib tugatilib, men borganimda natijasi ko’rinib turgandi. Ya’ni, Tom u yerda yo’q edi).

Before he came to London, he had sold his car – Londonga kelishidan avval u mashinasini sotdi (U Londonga kelishi o’tgan zamondagi ish-harakat edi, ammo shu ish-harakat sodir bo’lishidan avval u mashinasini sotish ish-harakatini yakunladi. Mashinasini sotganligi u Londonga borganida bajarib tugatilib, natijasi ko’rinib turgandi, ya’ni uning mashinasi yo’q edi).

PAST PERFECT CONTINUOUS (O’tgan tugallangan davomli zamon) biz yuqorida ko’rib o’tgan hozirgi tugallangan davomli zamonning har ikkala ma’nosini o’tgan zamonda ifodalaydi. Ya’ni, birinchidan, o’tgan zamondagi biror ish-harakatdan oldin bajarib tugatilib, vaqtincha natijasi o’sha o’tgan zamonda davom etib turgan ish harakatni ifodalaydi. Masalan:

There was smoke in the room. Somebody had been smoking – Xonada tutun bor edi. Kimdir chekkan edi.

Ikkinchidan, o’tgan zamondagi biror ish-harakatgacha uzluksiz, yoki an’anaviy tarzda davom etib kelgan ish harakatlarni ifodalaydi. Yana yuqoridagi hozirgi tugallangan davomli zamon misollarini o’tgan zamonga o’giramiz:

He was out of breath. He had been running – U tez-tez nafas olayotgandi. U yugurib kelgandi (Uning tez-tez nafas olishi – o’tgan zamondagi bir ish-harakat. Uning yugurib kelganligi esa o’sha o’tgan zamondagi ish-harakatdan oldin uzluksiz tarzda bajarib kelingan ish-harakat hisoblanadi).

My uncle had lung cancer. He had been smoking for 7 years – Mening amakimda o’pka saratoni kasalligi bor edi. U 7 yildan beri chekayotgan edi (Kasallikning bo’lgani – o’tgan zamondagi ish-harakat. Amakisining 7 yildan beri chekishi esa o’sha kasallik bo’lganiga qadar an’anaviy tarzda davom etib kelgan ish-harakat hisoblanadi).

FUTURE PERFECT (KELASI TUGALLANGAN ZAMON) kelasi zamonda ma’lum bir vaqtda biror ish harakatning bajarib tugatilgan bo’lishi va tugatilgan ish natijasi kelasi zamondagi o’sha vaqtda ko’rinib turishini anglatadi. Masalan:

I will have cleaned the room by the time you come home – Siz uyga kelguningizcha men xonani tozalab bo’lgan bo’laman (Siz kelasi zamonda uyga kelasiz va Siz kelganingizda men xonani tozalab qo’ygan bo’laman. Kelganingizda, kelasi zamonda, ishimning natijasi ko’rinib turgan bo’ladi, ya’ni kelasi zamonda xona toza bo’lib turgan bo’ladi).

FUTURE PREFECT CONTINUOUS (KELASI TUGALLANGAN DAVOMLI ZAMON) yuqorida aytib o’tilgan HOZIRGI TUGALLANGAN DAVOMLI ZAMON ma’nosiga o’xshash. KELASI TUGALLANGAN DAVOMLI ZAMON kelasi zamondagi ma’lum bir ish-harakatgacha qaysidir bir ish-harakatning uzluksiz yoki an’anaviy tarzda davom etib kelayotganligini bildiradi. Masalan:

I will have been doing my homework when you come home tonight – Bugun kechqurun uyga kelganingizda men uyga vazifamni bajarayotgan bo’laman (Sizning uyga kelishingiz bugun kechqurun, ya’ni kelasi zamondagi bir ish harakat. Mening uyga vazifamni bajarayotgan bo’lishim esa o’sha kelasi zamondagi ish-harakatgacha uzluksiz davom etib turadigan ish-harakat).

Odatda bunchalik ezilib tushuntirmasdim, ammo ko’p sonli o’rganuvchilarning aynan shu Perfect zamonlarini o’rganishda qiyinchiliklarga duch kelayotganligini hisobga olgan holda imkon qadar mavzularni shoshmasdan tushuntirishga harakat qildim. O’rganishingizda omad tilayman va yordam berishga har doim tayyorman! Zeriktirib yuborgan bo’lsam uzr 🙂

Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

21 ta fikr

  1. Conditionals (if sentences) 3ta type borakan shulani soddaro qib tushuntirib berin iltimos oldindan rahmat

  2. E szga raxmat.Tuwunolmasam kere db uylovdm lekin ozgina tuwungandeman gaplarzzi o’qb

  3. Judayam aniq va ravon yetqazib berilgan. Kattakon rahmat!

  4. Bulani organish osson ekan sizga rahmat juda osson tuwunyapman

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*