Bosh sahifa / TOEFL va IELTS / IELTS imtihoniga tayyorlanuvchi yoshlar xarakteri

IELTS imtihoniga tayyorlanuvchi yoshlar xarakteri

IELTS imtihonini topshirishga ko’proq 16-20 yosh oralig’ida bo’lgan, xorijiy davlatlar oliy o’quv yurtlarida ta’lim olishni xohlagan yoshlar harakat qilishadi. Ularning erta balog’at davridagi yoshlariga oid xususiyatlari darslarni o’zlashtirish jarayoniga katta ta’sir ko’rsatadi. Imtihonlarga tayyorlanuvchi yoshlarga bilim berish sifatini yaxshilash, o’rgatilishi kerak bo’lgan tushunchalarni yaxshiroq rejalashtirish uchun o’rganuvchilarning o’zlari haqida kengroq tushunchaga ega bo’lish o’qituvchi uchun muhim hisoblanadi.

IELTS imtihonini topshirish uchun tayyorlanayotgan o’rganuvchilarning yoshi inson hayotida o’zini o’zi anglash, kelajak rejalarini tuzish, ulardan kelib chiqqan holda hozirgi hatti-harakatlarini amalga oshirish bosqichi hisoblanadi.

O’rganuvchilarning yoshga oid xususiyatlari imtihonga tayyorlanish jarayoniga sezilarli ta’sir ko’rsatadi. Bu yoshdagi o’rganuvchilar xarakteriga hos bo’lgan o’ziga ishonmaslik, ba’zan o’ziga ortiqcha ishonish niqobi ostida yashirin bo’ladigan ojizlik hissi, atrofdagilarning fikriga qarab o’ziga baho berish, yaxshiroq natijalarga ega bo’lish uchun har qanday raqobatga tayyorlik kabi chizgilar bilim olish jarayoniga salbiy ta’sir etishi mumkin. Bundan tashqari testlarga tayyorlanish jarayoniga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan quyidagi tashqi omillarni ham hisobga olish kerak:

  • bir yo’nalishdagi qiziqishga haddan ortiq berilib ketish natijasida boshqa zaruriy bilimlarni o’zlashtira olmay qolish (masalan, kompyuterga haddan ortiq qiziqib ketish va boshqa fanlarni o’rganishni to’xtatib qo’yish);
  • o’qituvchisi yoki ota-onasi tomonidan o’rnatilgan kuchli nazorat va qattiqqo’llikka nisbatan salbiy munosabatda bo’lish;
  • do’stiga taqlid qilish va uning hatti-harakatlariga ergashgan holda o’z kelajak taqdiriga aloqador jiddiy qarorlar qabul qilish;
  • qiyinchiliklarga duch kelganda iroda zaifligi sababli tez taslim bo’lish va maqsadga erishish yo’lida ichki ruhlanishning mavjud emasligi.

O’rta mahsus ta’lim bosqichidagi yoshlarning oliy ta’lim bosqichiga o’tishlari shaxsiyatlaridagi mustaqil qarorlar qabul qilishni boshlash, shaxsiyatning shakllanishi, o’z hatti-harakatlariga nisbatan avval mavjud bo’lmagan mas’uliyatning paydo bo’lishi jarayoni kabi o’zgarishlarning paydo bo’lishi davriga to’g’ri keladi. O’rta mahsus ta’limning oliy ta’limdan tubdan farq qilishini hisobga olsak, o’rganuvchilardagi o’zgarishlar bu davrga kelib keskinlashishini ko’rishimiz mumkin. Ko’plab ruhshunoslarning ta’kidlashicha ham, aynan mana shu bosqichdagi o’rganuvchilarda juda ko’plab o’zgarishlar bir davrda sodir bo’lishi natijasida oliy ta’limning birinchi bosqich talabalarida ko’plab ruhiy o’zgarishlar kuzatiladi. Hamma gap shundaki, oliy ta’lim tizimida har bir talabaning aynan individual, o’ziga hos xususiyatlari hisobga olinmaydi. Hamma bir hil sharoitda, teng muhitda ta’lim olganligi sababli har bir talaba o’z hayot tarzini, fikrlashini va xarakterini standartga moslagan holda o’zgartirishga majbur bo’ladi.

Bu bosqichdagi yoshlarning shaxsiyati turli yo’nalishlar bo’yicha o’zgaradi. Bir jihatdan bu bosqichdagi yoshlar xarakteridagi qarama-qarshilik, bo’ysunmaslik xususiyati murosa qilish hamda muloqotga kirisha olish ko’nikmasi bilan almashadi.

O’smirlikdan erta kattalik yoshi bosqichiga o’tayotgan yoshlarda ta’lim olishni davom ettirish va ilm olish bilan bir qatorda o’rgangan bilimlarini haqiqiy hayotda qo’llashga harakat qilish, kitobdan bilib olganlarini amaliy hayotga hech qanday o’zgarishsiz tadbiq etishga moyillik juda yuqori bo’ladi. Ba’zan esa, nazariya va amaliyotning bir-biriga qarama-qarshi kelib qolishi, kitoblar asosida o’rganilgan bilimlarning hammasi ham haqiqiy hayotga to’g’ri kelmasligiga guvoh bo’lish o’rganuvchilarning ilm olishga nisbatan fikrlarini salbiy tomonga o’zgartirib yuborishi mumkin.

Qator ruhshunoslarning ta’kidlashicha, balog’atga yetish davridagi yoshlarda bir necha bosqichli psixofiziologik funksiyalarning shakllanishi kuzatiladi. Bu bosqichda fiziologik holatlarning barqarorligi juda kamdan-kam kuzatiladigan holatga aylanib qoladi. Harakatchanlikning haddan ortiq faollashuvi bilan bir qatorda, o’rganuvchilarda bilim olishga bo’lgan harakat eng quyi darajaga tushib qolishi ham kuzatiladi. Boshqacha qilib aytadigan bo’lsak, o’rganuvchilar bu yosh bosqichida deyarli har doim yoki o’ta harakatchan va shijoatli, yoki juda sustkash va tushkin holatda bo’lishadi. Ularning xarakterida barqarorlik kamdan-kam yuzaga keladigan holat bo’lishiga qaramasdan, oliy o’quv yurtlarida o’rganish jarayonining rejalashtirilishi aynan barqaror darajadagi o’rganish jarayoniga moslashtirilgan.

Ba’zan o’rganuvchilarimizning yozgan insholarini o’qib, ularning dunyoqarashlarida vaqtidan avvalgi voyaga yetish yoki aksincha, shaxsiyat rivojlanishining yoshga nisbatan ancha ortda qolganligini sezamiz. Ba’zi ruhshunoslar fikricha, bu davrda bo’lgan yoshlar imkon qadar tezroq o’z oilalaridan ajralib chiqib, mustaqil bo’lishga intilishadi. 16-20 yosh oralig’idagi 40 nafardan oshiqroq talabalarning “Baxt nima?” mavzusidagi insholarining mazmuni bilan tanishib, mavzuni og’zaki suhbat asosida tahlil qilishga majbur bo’ldik. Chunki insho yozgan yoshlar orasida faqat bitta qiz o’z inshosida baxtni sevgi, oila qurish va farzandli bo’lish timsolida ko’rishini yozgan. Deyarli boshqa barcha yoshlar baxtni oiladagi moliyaviy barqarorlik, yaqinlarining sog’ligi, ko’p miqdorda pulga, mashina, uyga ega bo’lish hamda dunyoning istalgan mamlakatiga sayohat qilish imkoniyatiga ega bo’lishda, deb bilishlarini yozgan. Og’zaki suhbatda esa bizni hayratlantirgan narsa shu bo’ldiki, suhbatda qatnashgan yoshlarning ko’pchiligi uchun oila birinchi o’rinda turar ekan. “Oilangizdan alohida, mustaqil bo’lib yashashni xohlaysizmi?”, deya berilgan savolga yoshlarning ko’pchiligi inkor javob berishdi.  Bundan tashqari ular o’z kelajaklarini juda yorqin tasavvur qilishlarini bildirishdi. Bizning fikrimizga ko’ra, oilaviy muhit va unga yoshlarning qay darajada bog’liqligiga qarab ularning mustaqilligi, yetukligi shakllanadi. Eng ko’p holatlarda yoshlar o’z ota-onalarining yordamisiz o’zlarining kasbiy kelajaklarini tasavvur qilisha olmaydi.

Xorijiy tillarda qanchalik darajada yaxshi suhbat qila olish xususida to’xtalsak, bu albatta birinchi navbatda kishining o’z ona tilida qanchalik yaxshi suhbatga kirisha olishiga bog’liq. Ruhshunoslar fikricha, bunday qobiliyat yoshlarda 10-12 yoshgacha to’liq shakllanib bo’lgan bo’lishi kerak. Faqat shu shart bilanki, suhbat mavzusi yoshlar uchun qiziqarli bo’lishi kerak. Aniqki, bu yoshdagilar savol berish hamda savollarga javob berish ko’nikmasini to’liq o’zlashtirgan bo’lishadi. Afsus bilan ta’kidlash joizki, so’nggi yillarda shaharlardan chetda, qishloq hududlarida joylashgan umumiy o’rta ta’lim maktablari bitiruvchilari nafaqat bu talablarga javob bera olmaydi, balki ularda aqliy mehnat talab qiladigan murakkab mavzular haqida bosh qotirish yoki qaysidir fan bilimlariga asoslangan fikrlashni amalga oshirishga nisbatan umuman qiziqish yo’q. Zamonaviy umumiy o’rta ta’lim tizimi afsuski ko’pchilik maktab bitiruvchilarini bu yo’nalish bo’yicha yetarlicha mukammal darajada tayyorlay olmayapti. Shuning uchun aslida avvaldan shakllanib ulgurgan ona tili ko’nikmalarini xorijiy tilga o’girib qo’yish o’rniga, xorijiy tilni o’rgatuvchilar tayyorlanuvchilarda bu sodda ko’nikmalarni boshidan shakllantirishga majbur bo’lishmoqda. Bizning holatimizda ingliz tilini yoshlarga IELTS imtihonlaridan o’tish uchun o’rgatishda sezilarli darajada muvaffaqiyatlarga erishilayapti. Buning sababini yoshlardagi IELTS testlarini topshirishga bo’lgan ishtiyoqning yuqori darajada ekanligida, deb bilish mumkin: IELTSdan yaxshi ball olib xorijiy oliy o’quv yurtlarida o’qish mumkin, xorijiy til yaxshi o’zlashtirilmaganda esa yaxshi balldan umid qilmasa ham bo’ladi. Bundan tashqari milliy o’rta mahsus va oliy ta’lim tizimidagi ingliz tili o’qituvchilarimiz ham o’z shogirdlarining IELTS imtihonlarida qay darajadagi ballni olishlariga qiziqishadi. Chunki, imtihon topshiruvchilarning erishgan ballari nafaqat o’zlarining bilimlari darajasini baholaydi, balki ularga dars o’tgan ustozlarning kasbiy mahoratlari, bilimlari hamda o’quv yurtining o’z talabalariga qay darajada bilim bera olishining inglizlar tomonidan haqqoniy baholanishi hisoblanadi.

Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, xorijiy tillarni o’rgatish va yoshlarni IELTS imtihonlariga tayyorlashni imkon qadar individuallashtirish kerak. Birinchi navbatda o’rganuvchilarni ingliz tilini bilish darajalariga qarab guruhlarga bo’lib olish zarur. Ammo bu jarayon o’rganuvchilarning har doim yuqori darajadagi bilimga ega bo’lganlar guruhida, yoki quyi darajadagi bilimga ega bo’lganlar guruhida muqim qolib ketishlarini anglatmaydi. O’rganuvchilar darslar davomida o’zlashtirgan bilimlarining darajasi, xorijiy til bo’yicha shakllangan ko’nikmalariga qarab qayta guruhlanishlari kerak.

Ta’kidlash joizki, bunday qayta guruhlash yoshlarning ta’lim olishlarida katta rol o’ynaydi. Tabiiyki, yuqori guruhdan quyi guruhga ko’chirilgan talaba o’zining yetarli darajada bilim olmayotganligini, o’rganmayotganligini his qiladi va o’zining avvalgi, yuqori guruhiga qaytish uchun o’z ustida ko’proq ishlaydi, o’tmish xatolarini to’g’rilab, yaxshiroq bilim olishga intiladi. Shuningdek, yoshlarni testlarga tayyorlash tajribamiz davomida o’rganuvchilar (ko’pincha qizlar) 5 yoki 6-guruhdan IELTS imtihonlarini topshirish davriga qadar 1-eng yuqori darajadagi guruhgacha ko’tarila olishgan.

Reja asosida o’tkaziladigan mashg’ulotlardan tashqari imkon qadar har bir o’rganuvchi uchun har qanday savol bo’yicha yakkama-yakka ishlash maqsadida vaqt ajratilishi zarur. Bundan tashqari o’quv mashg’ulotlari jarayonida zamonaviy texnologiyalar, multimedia va video-ko’rgazmali qurollardan ko’proq foydalanish, uyga vazifalarni bajarishda o’rganuvchilaning internetdan samarali foydalanishlari rag’batlantirilishi muhim ahamiyatga ega.

Abituriyentlar uchun test formulalari

14 ta fikr

  1. IELTSga tayyorlash darslari qanday o’tiladi. Shu xaqda kengroq yozaolasizmi? Bu yil jaxontillari ga garandga kirdim. Ingliz tilidan repititorga bormaganman. O’zim 2 yil tayorlandim. Grammar in use, test master ikkovidan. 32 ta yechdim. Bir marta repititorga borgandim. Boshimni qotirib tashadi qoidalar bilan. 3, 4 ta darsdan keyin bormay qo’ydim. Yani o’zim tayorlanishimni afzal ko’rdim. Tushunmagan narsam bo’lsa kitobdan yoki saytingizdan ko’ribolardim. Lekin asosan shartli refleks qilib o’rgandim. Qoidalarni unchalik bilmayman. Imtixonda umuman qiynalmadim. Mana endi institutga kirdim. Darslarga to’liq qantnashib bor kuchim bilan o’qimoqchiman. Endi aytingchi IELTS kurslariga borishim kerakmi? O’sha 7, 8 darajalariga yetkazishim,to’liq gaplasha olishim, yana bollarga o’rgatishim uchun kursga borishim kerakmi? O’shani o’zim institutda o’qish davomida qattiq kirishib o’rgansam 1 yilda eplasa bolarmikan nima deysiz? IELTS haqidagi maqolalaringiz uchun juda katta raxmat. Ko’proq shu mavzuda darslari qanday o’tilishi xaqidaxam yozsangiz xursand bolardim. Raxmat!

    • Agar mustaqil tayyorlanishga qobiliyangizgi shu darajada kuchli bo’lsa, IELTS imtihonlariga qo’shimcha darslarga bormasdan, o’zingiz mustaqil tayyorlansangiz ham bo’ladi. Deyarli barcha IELTSga tayyorlanish kitoblari mustaqil o’rganish uchun moslab yozilgan. Maslahatim, IELTSning biror moduliga mustaqil tayyorlanib, sinov testini internet orqali topshirib ko’ring. Natijalar Sizni qoniqtirsa, mustaqil tayyorlanishda davom eting. Aks holda qaroringizni qayta o’ylab ko’rasiz.

  2. sinov testini internet orqali topshirish u-n qaysi saytga kiriladi? ILtimos yozib yuboring.

  3. Kerakli maslahatlaringiz uchun minnatdorman Azamat oka

  4. Azamat aka IELTS haqida toliq malumot bersangiz

  5. Tajribangizda eng yuqori ball olgan o’quvchi necha olgan va u taxminan necha yil shug’ullangan?

  6. Men ingliz tilidan bir oydan to’garakka qatnayman. Ustozimiz bizga «Round-Up» degan kitobdan dars o’tadi. Lekin menga bu kitob yoqmaydi. Chunki uning ichidagi mavzular aralash – quralash yozilgan. Men esa o’zim «Murphy» Dan o’qimoqchiman. Shunga nima deysiz?

  7. 5oydan beri repititorga borayapman gramatika qoidalarini suvday ichib yuborganman chunki faqat gramatikani organib lug’at yodliman ln ingilizchada gaplashishga kelsak gaplasha ololmayman qanday qilib speakingimni oshirsam boladi internet orqali dost topib gaplashay desam normalniy sayt topa olmadim korib gaplashishga nima qilsam boladi yordam bervoring.

  8. 16 yoshdan oldin ham ielts topshirsa boladimi?

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*